Odam savdosi — olam muammosi

Yigirma birinchi asr taraqqiyot asri bo‘lish bilan bir qatorda, ayrim jiddiy global muammolari bilan bashariyatni xavotirga solayotgani sir emas. Ularni yuksak aql-idrok, aniq va chuqur o‘ylangan amaliy chora-tadbirlar, taklif va tashabbuslar orqali hal etish bugungi kunda jahon hamjamiyati oldida turgan eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

 

Negaki, insoniyat tarixidagi eng mudhish qullik tushunchasi o‘tgan asrda qolib ketgani yo‘q, u hamon turli shakl-shamoyilda davom etmoqda. Endi kimningdir qo‘liga kishan solib, yelkasiga qamchi bilan urish shart emas. Zamonaviy qullar zo‘ravonlik, qo‘rqitish va tahdidlar ostida uy xizmatchiligi, fohishaxonalik, og‘ir sharoitlarda kemalarda baliqchilik bilan shug‘ullanishga majbur qilinmoqda. 2003 yili BMT ishchi guruhi majburiy nikohni, traffiking (odam savdosi) va jinsiy ekspluatatsiyani qullikning zamonaviy shakllari deb tan oldi.

Bugun dunyoda 45 million erkak, xotin-qiz va bola qul sifatida foydalanilmoqda. Ularning uchdan ikki qismi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yashamoqda. Bu raqamlar avstraliyalik milliarder va filantrop Endryu Forrestning “Walk Free Foundation” tadqiqotlarida ham keltiriladi. Hisobotda 167 mamlakatdagi ma’lumotlar umumlashtirilgan. Hindistonda 18,35 million, Xitoyda 3,39 million, Pokistonda 2,13 million, Bangladeshda 1,53 million kishi, Shimoliy Koreyada aholining 4,37 foizi qullik asoratida yashamoqda.

Ushbu xavfli tahdidlarga javoban 2000 yil 15 noyabrda BMT Bosh Assambleyasining 55-sessiyasi transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konventsiyasini to‘ldiruvchi odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqidagi protokolni qabul qildi. Ushbu hujjatlar xalqaro darajada davlatlarning odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha aniq majburiyatlarini belgilab beradi.

BMT Bosh Assambleyasining 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 4-moddasida bayon etilganidek, “hech kim qullikda yoki erksiz holatda saqlanishi mumkin emas; qullik va qul savdosining barcha ko‘rinishlari taqiqlanadi”. 

XMTning “Majburiy mehnatga qarshi global alyans” ma’ruzasiga ko‘ra, 12,3 milliondan ortiq kishi qul sifatida sotilgan. Yana 2,5 million kishi davlat yoki isyonchi harbiylashgan guruhlar tomonidan mehnatga majbur qilinmoqda. Majburiy mehnatdan foydalanishning yillik foydasi 30 milliard dollardan ortadi. 

Odam savdosi transmilliy uyushgan jinoyatchilik ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, undan olinayotgan daromad 2015 yili 10 milliard dollarga yetdi hamda asosan bolalar va xotin-qizlar keng jalb etildi. Millat genofondini buzadigan bu jinoiy biznes daromad manbai bo‘yicha giyohvand moddalar va qurol savdosidan keyin uchinchi o‘rinda bormoqda. 

Odam savdosi zamonaviy qullikning katta miqyosdagi hodisasi bo‘lib, u millionlab kishilarni ozodlikdan va tanlov huquqidan mahrum qilinishiga, majburlash va tahqirlash orqali jinsiy yoki mehnat ekspluatatsiyasidan tortib jinoyatchilikka undash va inson organlarini olishgacha yoki ekspluatatsiyaning biron-bir boshqa serdaromad turiga jalb qilishga olib keladi.

XXI asr boshida bu turdagi jinoyatchilik shiddat bilan o‘sib bormoqda. Jahonda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda, 600–800 ming ayol va bolalar turli aldov yo‘llari bilan chet ellarga olib chiqilib, qul sifatida sotib yuborilmoqda. 

Turli jinoiy guruhlar tomonidan xotin-qizlar g‘arazli maqsadlar uchun aldab olib ketilayotganiga qaramay, keyinchalik politsiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan javobgarlikka tortilmoqda. Shunday ham qo‘rquv va muhtojlik, murakkab ruhiy iztiroblar iskanjasida qolgan bu toifani jazolamaslik zarurligi xalqaro hujjatlarda ifoda etilmoqda.

Bu jihat BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyalarida, Odam savdosi oldini olish va kurashish bo‘yicha Bryussel Deklaratsiyasida va Odam savdosi tamoyillari bo‘yicha Mayami Deklaratsiyasida ham qaytadan e’tirof etilgan. 2014 yil 30 iyulda “Butunjahon odam savdosiga qarshi kuni” ilk bora nishonlandi.

Misol uchun, nigeriyalik juvon Belgiyada soxta pasportdan foydalanishga majbur qilindi. Uni fohishalikka jalb etib, yashash ruxsatnomasini olib qo‘yishdi. Politsiya tomonidan qo‘lga olingach, Bryussel jinoiy sudi uni jabrlanuvchi sifatida tan oldi. Ammo keyinroq yana hibsga olindi. Qalbaki pasportdan foydalangani uchun Antverpen sudi unga sirtdan hukm o‘qidi. 

Apellyatsiya davomida jabrlanuvchi o‘z xohishi bilan harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagani va uni soxta pasportdan foydalanishga majbur qilishgani oydinlashdi. Sudya ayolni javobgar deb topmadi, chunki u huquqbuzarlikni zo‘ravonlar tazyiqi ostida sodir etgan edi.

Bu kabi holatlarni ko‘plab uchratish mumkin. Mongoliyalik qiz (D) Niderlandlar Qirolligidagi do‘konda o‘g‘rilik qilgani uchun ushlandi. So‘roq chog‘ida D uni o‘g‘rilik qilishga majbur etishganini ta’kidladi. Biroq o‘sha shaxs haqida yetarli ma’lumot bera olmadi. Natijada politsiya tezkor-qidiruv harakatini olib borolmadi. D o‘g‘rilikka qo‘l urgani uchun jarima to‘ladi. D Niderlandlar Qirolligida noqonuniy istiqomat qilayotgani uchun repatriatsiya qilindi. Mamlakatga kirish-chiqish xizmati xodimi qiz bilan suhbat davomida odam savdosi alomatini sezib qoldi. Savol-javob chog‘ida bir jinoiy guruh D ni Niderlandlar Qirolligiga fohishalik va o‘g‘rilik qilish maqsadida olib kelgani fosh bo‘ldi. D oxir-oqibat odam savdosi qurboni deb topildi. U B9 tizimi (odam savdosi jabrlanuvchilariga vaqtinchalik yashash ruxsatini beruvchi qoida)ga o‘tkazildi. Ammo ijtimoiy xodim u do‘konda o‘g‘rilik qilgani uchun javobgarlikka tortilganini, shu sababli yashash ruxsatnomasi uzaytirilmasligini aytdi. 

Insonni o‘g‘irlash holatlari ko‘pligi bo‘yicha ro‘yxatni Meksika, Iroq, Braziliya, Janubiy Afrika Respublikasi, Venesuela, Ekvador, Pokiston, Nigeriya, Kolumbiya va Bangladesh davlatlari boshqarmoqda. Yiliga o‘rtacha hisobda 35 ming kishi, asosan, yoshlar o‘g‘irlab ketilmoqda, ularning atigi 10 foizi fosh qilinadi, xolos. Qolganlarining taqdiri o‘ta ayanchli yakun topmoqda, ularning ichki organlari olinib, katta pulga sotilmoqda.

“Organs Watch” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Osiyo, Yaqin Sharq, Sharqiy Yevropa, Janubiy Afrika, Lotin Amerikasining 50 mamlakatida bu qaltis tijorat bo‘yicha o‘ziga xos global raqobat kechmoqda. JSST har yili bu turdagi 10 ming operatsiyalar bajarilishini qayd etdi. Odam organlari sotuvi bilan bog‘liq mablag‘ aylanmasi 10 milliard dollardan kam emas, deb baholanadi. Bu mahalliy jinoiy guruhlarni global sindikatlarga birlashishiga imkon berib, ularning g‘oyatda xavfli tus olib, mobillashuviga xizmat qilmoqda. Ularni to‘liq kuzatib borish va to‘xtatib qolish yil sayin murakkablik kasb etayotir. Uyushgan tizim donor organlarini sotuvchi tarmoqlarni, yashirin operatsiyalarni juda tez o‘tkazuvchi jarrohlarni, vositachilar, patsientlar va sotib oluvchilarni qamrab oladi. Inson organlarining asosiy qismi uchinchi dunyo davlatlaridan rivojlangan mamlakatlar sari yo‘l olayotgani, “sotuvchi”lar orasida qashshoq va pulga muhtoj bolalar va ayollar ko‘pligi diqqatimizni tortmoqda. 

Afkor omma nazdida bu ishlar jinoyat va inson huquqlarining qo‘pol buzilishi hisoblanadi. Donor organlarga talabgor bemorlarning fikriga ko‘ra esa insonning yashab qolishi va tuzalishi uchun har qanday vosita o‘zini oqlaydi. Ammo ular bu o‘rinda o‘z sog‘lig‘i uchun boshqalar hayotiga tahdid solish ham yangi kasalliklar yaratishini va o‘zgalar sog‘lig‘iga tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazishlarini unutib qo‘yadilar. Aytish kerakki, AQShda inson organlarining savdosi 1984 yili noqonuniy deya tan olinganiga qaramay, u bu borada dunyoda yetakchilik qilmoqda. Janubiy Afrika Respublikasi esa uning ortidan quvib boryapti.

Bir so‘z bilan aytganda, yuqoridagi muammolar ularga qarshi keskin kurashayotgan, insoniyatning erkin va farovon hayoti uchun g‘ov bo‘lgan ana shu illatlarni tag-tugi bilan yo‘q qilish uchun harakat qilayotgan xalqaro tashkilotlarni jiddiy xavotirga solish barobarida muammoni samarali yo‘llar bilan bartaraf etishga undamoqda.

 

Laziz RAHMATOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − two =