Jurnalistning tayanch nuqtasi

Assalomu alaykum, aqli raso farzandim!

Sarlavhadan nimalar xayolingga keldi? Hoynahoy, mashhur olimning menga yerning tayanch nuqtasini topib bering, uni ag‘darib tashlayman qabilidagi fikrini yodga olgandirsan? Maktubimning maqsadi boshqacharoq. Ya’ni, yuborgan xatingdagi axborot xurujlariga qarshi kurashish immuniteti, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, “yomon jurnalistika” kabi tushunchalar haqidagi mavzularni alohida-alohida maktublarda kengroq, chuqurroq ochib berilishi borasidagi istagingni bajarishdir.

 

Mustaqillikning ilk yillarida har bir jurnalist, har bir tahririyat ozodlik, demokratiya talablarini o‘zicha talqin qilib faoliyat yurita boshladi. Masalan, tahririyatlardan biri yurtimizda bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarni yoritar ekan, betaraflik “printsip”iga “asoslanib”, xabar tepasiga “O‘zbekiston. Toshkent” deb yozadigan bo‘ldi. Aslini surishtirsangiz, boshqa tilda chop etiladigan viloyat gazetalaridan biri edi. Yana bir nashr esa jurnalistika hukumatga oppozitsiyada bo‘lishi kerak, deya o‘z faoliyatini shu g‘oyaga mosladi. Hukumat nashrlari biz hukumatni himoya qilishimiz lozim demasa-da, ishini shu tartibda yo‘lga qo‘ydi. Eng qizig‘i, ularning har biri o‘zini haq sanar edi. Lekin ularning bu “printsip”lari nimaga asoslangandi? Qolaversa, bu “printsip”lar qanday zaminda paydo bo‘lgandi? 

Avvalo, biz mudhish totalitar tuzum ongimizga singdirgan mafkura ta’siridan qutula olmayotgandik, ustiga ustak, demokratiyaning barcha printsiplarini hayotga tatbiq etish malakasi yo‘q edi bizda. Dunyo jurnalistikasi, ayniqsa, demokratik davlatlar ommaviy axborot vositalarining ko‘p yillik tajribasidan bexabar, asosan bir tomonlama (“mas’uliyatsiz matbuot”, “sariq matbuot” va hokazo) ma’lumotga ega edik. SSSR qulagach, ayrimlarimizning ko‘zimizga o‘arb, ayniqsa, uning jurnalistikasi benuqson va bizga mos ko‘rindi, unga goh tushunib, gohida oxirigacha anglamay ergasha boshladik. Bu ham tabiiy edi.

Savolga qaytamiz: yuqorida ta’kidlangan, demokratiyaga turlicha yondashgan bu nashrlarda ishlaydigan jurnalistlarning asosi — tayanch nuqtasi nima edi? 

Bu savolga har kim har xil javob berishi tabiiy: birov xalqaro jurnalistika “printsip”lariga tayanishini aytsa, boshqasi partiya manfaatlari uning tayanch nuqtasi ekanligini ta’kidlaydi. O‘zini chin demokrat-jurnalist hisoblaydigan boshqa bir hamkasbimiz esa “Xalq manfaati — mening jurnalistik pozitsiyamni belgilaydi”, deydi. Bu javoblarning qay biri to‘g‘ri?

Yana yuqoridagi iqror: ularning har biri o‘zicha haq. Axir, ijodkor erkin bo‘lishi kerak; partiya ham saylovchilari – xalqning ma’lum bir tabaqasi manfaati uchun harakat qiladi, shuning uchun partiya nashrining jurnalisti o‘z partiyasi siyosatini qo‘llaydi; xalq manfaatini o‘ylamagan jurnalistni haqiqiy jurnalist deb ayta olamizmi? Lekin bu javoblarga qarama-qarshi savollar berishimiz ham mumkin. Xalqaro jurnalistika “printsip”larini kimlar, nimalarga asoslanib ishlab chiqishgan? Hokimiyatga intilayotgan partiyalarning har biri jamiyatning barcha qatlamlari manfaatini himoya qila oladimi? Jurnalistning xalq manfaatini o‘ylayman, deya qandaydir bir guruhning manfaatini yoritmasligiga kim kafolat beradi? 

AQSh jurnalistlari o‘zlarini yurtning “sodiq itlari” deb biladilar. Nega shunday? Ular nimaga asoslanadilar? Qolaversa, o‘z yurtiga sodiq jurnalist qanday qilib jurnalistikaning xalqaro me’yorlariga amal qila oladi? Bu yurtda ham ozodlik, demokratiya kabi tushunchalar qadriyatga aylangan. Lekin Amerikaning milliy manfaati degan g‘oya ulardagi barcha qadriyatlarning asosida turadigandek, nazarimda. Jurnalistlar Amerikaning milliy manfaati uchun hukumatlariga qarshi bormaydilar (masalan, Iroqdagi harbiy harakatlarning yoritilishi), balki ushbu urushning zarurligini ta’kidlab, jamoatchilik fikrini shakllantirishda hukumatga yordam beradilar. Bunday paytda ular harbiylar tarafida turib faqat axborot tarqatish bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Bunday qilmaganlarning holini esa amerikalik jurnalist taqdiri misolida ko‘rishimiz mumkin. O‘shanda, ya’ni 2002 yili Iroq poytaxti Bag‘doddan o‘z mushtariylariga Saddam tuzumi mirshablari  jurnalistlarga yaxshi muomala qilayotganini, ya’ni narigi tomonda turib o‘z xalqiga xolis axborot yetkazgan jurnalist  vazifasidan ozod etilgandi. Amerikaning milliy manfaatiga putur yetkazgan bo‘lsa, jurnalistlar hukumatga ham qarshi chiqadilar. Bunga hayotiy misollar juda ko‘p. 

Bo‘lajak jurnalist bolam!

Amerikaning milliy manfaati haqida yuqorida gapirdik. Endi, nega O‘zbekistonning ham milliy manfaati bo‘lmasligi kerak, degan savolni o‘rtaga tashlamoqchiman. 

Yurtimiz ta’lim sistemasiga “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” fani kiritildi. Quyidagi so‘zlarni yoddan bilsang-da, yana bir bor e’tibor bergin: “Milliy istiqlol mafkurasining bosh g‘oyasi – ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishdir” (Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar. T.: “O‘zbekiston”, 2000, 80-bet). Asosiy g‘oyalar mana shu bosh g‘oyadan kelib chiqadi: Vatan ravnaqi, Yurt tinchligi, Xalq farovonligi. 

Ta’limdan boshqa sohalarda bu printsiplar odamlar, xususan, jurnalistlar hayoti va ijodiga ta’limot tarzida o‘rnashganicha yo‘q. Farzandlar maktabda bu saboqlarni tinglab, uylariga borganlarida ba’zi katta yoshdagilarning teskari fikrlarini eshitadilar, ya’ni ularning olgan bilimlari oiladagi fikr va munosabatlarga nisbatan boshqacha bo‘ladi. Deylik, farzandimiz maktabda iqtisodi rivojlangan davlat qurish haqida saboq olib qaytdi. Sobiq tuzum natijasi o‘laroq kasb-hunarsiz qolgan ota “E-e, qo‘ysang-chi, unisi bunday, bunisi unday, poraxo‘rlik, ish yo‘q”, deb yoki avzoyi buzilib norozilik kayfiyatini izhor etadi. Bolalar juda hushyor bo‘ladilar. Alaloqibat, farzand maktabda kelajak haqida olgan bilimlariga sarobga qaragandek qaraydi, boshqacha aytganda, ora yo‘lda qoladi. Aqlli, esli-hushli bola bo‘lsa, bu muammolarning yechimini izlashga harakat qiladi. Ba’zi ota-onalar “Yaxshi o‘qi, kelajakda bu muammolarni bartaraf etishda hissangni qo‘sh”, deya bolalarini tarbiyalamaydilar. Aksincha, o‘zlari bilib-bilmagan holda, farzandining ezgulikka maylini so‘ndiradilar. Agar shunday paytda bola chet mafkuraning sirtdan chiroyli ko‘rinadigan, lekin zamirida g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan to‘riga ilinib qolsa-chi?  Ilinib qolganlar esa yo‘q emas. Hatto xalq boshiga tashvish keltirib ulgurdi ham.

Fikrimcha, istiqlolning dastlabki yillarida jurnalistlarimizning turli xil qarashlariga aynan ushbu g‘oya bilan qurollanmaganlik sabab bo‘lgandi. Bugungi tahlillarimiz, tanqidlarimiz ham har doim ana shu g‘oyaga tayangan holda yozilmayapti. Bu fikr bilan jurnalistlarning shu yurtga xizmat qilayotganiga shubha bildirayotganim yo‘q. Barchamizning tayanch nuqtamiz har xil, ayrim hollarda o‘zimiz (tushunchamiz, tafakkurimizga mos) yaratib olgan printsiplarga asoslangan. 

Albatta, milliy g‘oyaga tayanmagan tahlillarimiz, tanqidlarimizning ta’siri ham sezilmaydi. Buning sabablaridan birini O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti jurnalistlarga yo‘llagan bayram tabrigida shunday ta’kidlaydi: “Yetmish yil davomida qon-qonimizga, suyak-suyagimizga singib ketgan odatlar, ya’ni hokimiyat faoliyatiga tanqidiy ko‘z bilan qarashning yo‘qligi, hayotda amaldorlarning aytgani-aytgan qabilidagi eskicha ko‘nikmalardan xalos bo‘lish og‘ir kechmoqda” (I.Karimov. O‘zbekiston matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga. “O‘zbekiston matbuoti”, 2003, 3-son). 

Darhaqiqat, tanqidga ko‘nikish, yangi fikrni eshitish, agar o‘rinli bo‘lsa, qabul qilish bizda juda mashaqqat bilan kechmoqda. O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinovning adabiyotshunoslik bo‘yicha aytgan fikrlari jurnalistlarga ham tegishli deb o‘ylayman: “Vatanni chin yurakdan astoydil yaxshi ko‘rgan odamgina uni har qanday qusurlardan, har turli kemtiklardan xoli ko‘rishni istaydi. Bunga esa faqat maqtov bilan erishib bo‘lmaydi” (O.Sharafiddinov. Fikr erkinligi — zarur ehtiyoj. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2004 yil 14 may). 

Nega og‘ir kechmoqda, degan savol tug‘iladi? Buning tub sabablari bor, albatta. Keyingi maktubda ana shu xususda gurunglasharmiz. Ushbu maktubimni esa davlatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yuborgan tabriklaridan birida dunyodagi o‘zgarishlar, xususan, informatsion “portlash” ro‘y berayotgan globallashuv sharoitida o‘zbek jurnalistlariga ishonch bildirgan quyidagi so‘zlari bilan yakunlamoqchiman: 

“Men ishonaman, o‘z Vatani va xalqiga sadoqatli bo‘lish, azaliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, el-yurtimizning kelajagiga ishonch bilan qarash masalasida bizning jurnalistlarimiz hech kimdan kam bo‘lmagan va hech kimdan kam bo‘lmaydi” (I.Karimov. O‘zbekiston matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga. “O‘zbekiston matbuoti”, 2003, 3-son). 

Hech kimdan kam bo‘lmaslik uchun esa taraqqiyotga erishgan demokratik davlatlar jurnalistikasining o‘zimizga mos afzalliklarini o‘rganib, o‘zlashtirishimiz, hayotga tatbiq etishimiz zarur bo‘ladi.

 

Halim SAYID,

“Oltin qalam” milliy 

mukofoti sovrindori

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =