FAN BIZNESMI YOKI ILM?

Bu maqolani yozishdan avval ko‘p o‘yladim, shuni yozishim kerakmi yoki yo‘q, degan savolga javob topish oson bo‘lmadi. Oxiri andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymaslik lozim, degan dono xalqimizning maqoli ustunlik qildi.

 

Dehqon ketmon chopib yoki chorvador mol boqib, xalqimiz ehtiyojini  qondirish uchun bozorlarimizni to‘ldirishga xizmat qilayotgan ekan yoki ishchi stanok yonida turib mahsulot ishlab chiqarayotgan ekan, deylik, yengil mashina bo‘ladimi, biror-bir ehtiyot qismmi, nima bo‘lganda ham ular Vatanga, elu yurtga, ota-onasiga xizmat qilishdek buyuk vazifalarini bajarayotgan bo‘ladi. 

Xo‘sh, olimlarimiz-chi? Ular fan sohasida mana shunday baxtga erishishmoqdami, degan savol har qanday ziyolini o‘ylantirsa kerak.

Mamlakatimizda zamon talablariga mos malakali fan va ta’lim tizimini shakllantirishning muhim vositasi deb e’tirof etilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi  “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida ta’kidlanganidek: “Ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning amaldagi ikki bosqichli tizimi (fan nomzodi va fan doktori) iqtisodiy rivojlangan demokratik mamlakatlarda qabul qilingan oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlashning zamonaviy, xalqaro tan olingan talablariga mos kelmaydi.

Nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish va fan nomzodi ilmiy darajasini tasdiqlovchi diplomni olish ko‘p hollarda fan va ilmiy-texnikaviy rivojlanish manfaatlaridan yiroq birdan-bir maqsad bo‘lib qolgan hamda dissertatsiyani tayyorlash va himoya qilishning turli bosqichlarida suiste’molchilik holatlariga olib kelmoqda.

Bugungi kunda amal qilayotgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi ta’lim jarayoni bakalavriat va magistratura standartlariga o‘tkazilgandan so‘ng nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish mohiyatan ortiqcha ekanligini ko‘rsatmoqda hamda fan doktori ilmiy darajasini olish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri dissertatsiyani himoya qilishni nazarda tutuvchi oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning bir bosqichli tizimini joriy qilish zarurligini taqozo etmoqda”.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish, kadrlar tayyorlash milliy Dasturining ustuvor vazifalarini va mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va demokratik islohotlarni, ilg‘or jahon tajribasi va ilmiy kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning xalqaro standartlarini hisobga olgan holda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, ayniqsa, dissertatsiya tadqiqotlarining sifatini, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishiga sharoitlar yaratish maqsad qilib qo‘yilgan ushbu farmon ijrosiga qaratilgan ishlar uning mazmuniga javob beradimi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi oliy attestatsiya komissiyasining qarori bilan tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 8 iyunda 2795-ro‘yxat raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning tegishli bandlarini tahlil qilish orqali bugungi kunda amalga kiritilgan Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi dissertatsiya tadqiqotlarining sifatini, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishiga sharoitlar yaratish kabi talablarga javob bermasligini yaqqol ko‘rish mumkin.

Ya’ni,  yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishiga sharoitlar yaratish bo‘yicha talabga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, nizomning 3-bobida dissertatsiya mavzusi bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy ishlarga qo‘yiladigan talablardagi “Dissertatsiyaning asosiy ilmiy natijalari davriy ilmiy nashrlarda e’lon qilinishi lozim. Dissertatsiya bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy ishlarning umumiy soni 15 tadan kam bo‘lmasligi va ulardan kamida 10 tasi OAKning doktorlik dissertatsiyalarining asosiy ilmiy natijalarini e’lon qilish uchun tavsiya etiladigan yetakchi ilmiy jurnallar va nashrlar, shu jumladan, elektron ilmiy-texnik jurnallar ro‘yxatiga kiritilgan ilmiy nashrlarda e’lon qilingan bo‘lishi kerak hamda dissertatsiya mavzusi bo‘yicha kamida 2 ta maqola tegishli fan tarmog‘i rivojlangan xorijiy mamlakatlarning Ro‘yxatga kiritilgan nufuzli ixtisoslashgan ilmiy jurnallarida, shuningdek 2 ta material (maqola, ma’ruza yoki ma’ruza tezisi) xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya materiallarida, shundan 1 tasi xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan konferentsiya materiallari to‘plamida e’lon qilingan bo‘lishi shartlari sanab o‘tilgan.

Endi ko‘z oldingizga bir chekka qishloqdan yoki oddiygina oiladan chiqqan har tomonlama iqtidorli va intellektual salohiyatli yosh mutaxassisni keltirib ko‘ring, 2 ta maqola tegishli fan tarmog‘i rivojlangan xorijiy mamlakatlarning Ro‘yxatga kiritilgan nufuzli ixtisoslashgan ilmiy jurnallarida ilmiy maqola e’lon qilish rasmiy 500 AQSh dollaridan 3000 AQSh dollarigacha bo‘lgan to‘lov evaziga amalga oshirilayotgan, mahalliy nashrlarda ham rasmiy va norasmiy to‘lovlar mavjud ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, bunday moliyaviy imkoniyatga ega bo‘lmaganligi uchun u o‘z ahdidan qaytishiga sababchi bo‘lib qolmaymizmi! 

Yana fanning kuni iqtidorli va intellektual salohiyatli yosh mutaxassislarga emas, balki tanish-bilishi bor yoki moliyaviy imkoniyati mavjud bo‘lgan fanga yetarli qiziqishi bo‘lmagan fuqarolar uchun qo‘l kelmaydimi, degan shubhaga asos bo‘ladi.

Aksincha, ana shunga o‘xshash bo‘lar-bo‘lmas, iqtidorli va intellektual salohiyatli yosh mutaxassisning o‘z fikridan qaytishiga sababchi bo‘ladigan to‘qlarni ko‘paytirmasdan, farmonda belgilab qo‘yilganidek, “…dissertatsiya tadqiqotlarining sifatini, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish…” masalasiga e’tibor ko‘proq qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lmasmikan degan savol bot-bot fan fidoyilarini qiynaydi desam  mubolag‘a qilmayman.  Fanga tasodifiy va maqsadli kelib qolganlar bundan mustasno! Chunki ularga baribir, ularni qiziqtiradigan yagona maqsad, qachonlardir va qaerdadir asqotib yoki kerak bo‘lib qolishi mumkinligini hisobga olib, haqiqiy olim bo‘lish emas, balki faqat va yana faqat ilmiy darajaga ega bo‘lishdir! Shu joyda yana  ikkita savol tug‘iladi, rivojlangan davlatlar amaliyotida bizdagiga o‘xshagan fan doktori darajasini olishda xorijiy mamlakatlar ilmiy jurnallarida maqola e’lon qilish sharti bor ekanmi, agar bor bo‘lsa, qaysi bir davlatda O‘zbekistonda nashr etiladigan jurnallar ana shu ro‘yxatga kiritilgan ekan? Bu talab, ochiqdan-ochiq aytish mumkinki, davlatimizda olib borilayotgan valyuta mablag‘larini chetga asossiz chiqarib yuborilishiga qarshi siyosatga zid bo‘lib, mamlakatimiz tomonidan o‘sha davlatlardagi ma’lum bir aholining bandligini ta’minlashga ko‘rsatilayotgan gumanitar yordam ekanligini esdan chiqarmasligimiz lozim!

Ikkilanmasdan aytish mumkinki, chet mamlakatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida maqola e’lon qilish farmonda belgilab qo‘yilgan “…dissertatsiya tadqiqotlarining sifatini, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish…” muammosini hal qilishga yordam bermaydi. Aksincha, ana shunday maqola chiqarish bilan ortiqcha ovora bo‘lish bevosita ilmiy ish bilan shug‘ullanishga imkoniyatni kamaytiradi, natijada mazkur talab ishning sifatini yaxshilovchi omildan, uning sifatini pasayishiga olib keluvchi omilga aylanib qoladi. Albatta, haqiqatda ham qaysidir mamlakatlarda shunday amaliyot mavjud ekan, majburiy nufuzli deb hisoblanayotgan maqola e’lon qilinishi lozim bo‘lgan jurnallar ro‘yxatidan voz kechish kerak!

Yuqorida qayd etib o‘tilgan holatlar fanni biznes ob’ektiga aylanib qolayotganligidan dalolat emasmikan, deb o‘ylab qolasan kishi.

Albatta, o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, nima qilish kerak? Kamchilikni ko‘rsatishdan oson narsa yo‘q, nima qilinsa farmon talablari bajariladi, ya’ni haqiqiy olimlar paydo bo‘ladi, fanning obro‘si joyiga tushadi yoki bajarilayotgan dissertatsiya ishlarini“dissertatsiya uchun dissertatsiya” yozish amaliyotiga barham beriladi qabilidagi savollarga baholi qudrat javob berishga harakat qilib ko‘ramiz!

Maqsadga erishishning eng birinchi va asosiy omillaridan biri dissertatsiya ishlari mazmuniga qo‘yiladigan talablarni  aniqlashtirish va ko‘proq ilmiylashtirish hisoblanadi. Talablarni aniqlashtirish va ilmiylashtirish deganda nimani tushunish lozim? 

Dissertatsiya ishi ilmiy tadqiqot ishi hisoblanar ekan, fan sohasining xususiyatlaridan kelib chiqib, ilmiy tadqiqot ishida kamida qancha ilmiy uslubiy (metodologik) ishlanmalar bo‘lishi va ulardan qanchasi aniq zamon va makonda amaliyotda qo‘llanilishi lozimligi aniq qilib belgilab qo‘yilgan bo‘lishi lozim! Aks holda olimlar ichida yuradigan  “suv muammosiga bag‘ishlangan tadqiqot ishi faqat suvdan iborat bo‘lmasligi lozim” mazmunidagi o‘ta muhim talabning ijrosiga erisha olmaymiz.

Dissertatsiyalar sifatini oshirishning ikkinchi eng muhim talabi, “chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin” degan  o‘zbek maqolidan kelib chiqib, talabgor tomonidan fan sohasini tanlashda uning tayanch ma’lumoti bilan bir xil bo‘lishi lozimligi tibbiyot, veterinariya va huquq sohalaridagi kabi qat’iy belgilab qo‘yilishi lozim. Chunki sohaning alifbosini chuqur bilmasdan turib mutaxassisligi boshqa bo‘la turib umuman boshqa soha bo‘yicha doktorlik  dissertatsiyasini himoya qilib, u “fan doktori”ga emas, balki “mavzu doktori”ga aylanishi mumkin.

Umuman xulosa qiladigan bo‘lsak, maqola mavzusi — fanni biznes ob’ektidan chiqarish yoki uni xalq va millat manfaatlari uchun xizmat qildirish umumiy ishimiz ekanligini eslatib qo‘yish edi. Bugungi globallashuv davri har bir yo‘qotilgan va behuda o‘tkazib yuborilgan vaqt uchun albatta tovon talab qiladi. To‘lanadigan tovon esa jamiyatga zarar keltirmasligi kerak.

Erkin YUSUPOV,

ToshDAU “Qishloq xo‘jaligida menejment” 

kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − 2 =