MEDIASAVODXONLIK

Reklamalar televidenie orqali takror-takror namoyish etiladi. Birinchi marta ko‘rganda ular odamning g‘ashini keltirishi, ikki-uch marta namoyish etilgach esa tomoshabin fikrini o‘zgartirishi mumkin. Undagi har qanday g‘ayriodatiy ko‘rinish yoki harakatga tomoshabin ko‘nikib boradi. Auditoriya esa o‘zi sezmagan holda reklamada yashiringan g‘oya ortidan ergashadi. Bu borada jurnalist O.Toshboevning: “…yarim-yalang‘och badaniga ko‘pik surayotgan oyimchaning nozli surati aks etgan iroqi sovunning o‘ziyoq milliy axloqqa “o‘lat” tushirish qudratiga ega ekani anglanmaydi ham. Bu hol esa asta-sekin milliy madaniyatga yot qadriyatga ko‘nikma hosil qildirishi, begona madaniyat bilan “emlanayotgan” odamning etini o‘ldirishi bilan xatarlidir. Bu emlashdan so‘ng “ommaviy madaniyat”ning “og‘ir formalari”dan ham seskanmaslik, begonasiramaslik kayfiyati hukmronlik qila boshlaydi” degan fikrini keltirish o‘rinlidir.

 

Taassufki, yurtdoshlarimizni ham chetlab o‘tmagan bu “yuqumli kasallik”ning asoratlari bugunga kelib sezilmoqda. Shunga qaramay, bunday axborotlar oqimini butunlay to‘xtatib qo‘yishning imkoni yo‘q, agar to‘xtatilsa ham, kutilgan natijani bermaydi.

Zero, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti ta’kidlaganidek, “Jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda bolalarimizning ongini faqat o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, deb bir tomonlama tarbiya berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning ezgu maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi”. Shunday ekan, bu masalaning hozircha yechimi bitta: yosh avlod oqni qoradan ajrata oladigan, mustaqil fikrlab, voqea-hodisalarni to‘g‘ri baholay oladigan qilib tarbiyalanishi lozim. Bunga mediata’limni rivojlantirish orqali erishish mumkin.

Mediata’lim hozirgi vaqtda yurtimizda o‘rganilib, qator izlanishlar olib borilayotgan, keyinchalik o‘quv dasturlariga kiritilishi rejalashtirilgan yo‘nalishlardan biridir. Mazkur dasturdan yot g‘oyalar singdirilgan reklamalarga qarshi “immunitet” hosil qilish yo‘llarining ham o‘rin egallashi maqsadga muvofiq. Bunda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish samara beradi, deb hisoblaymiz:

1. Yoshlarni mashhur shaxslar (san’atkorlar, sportchilar, siyosatshunoslar)ga ko‘r-ko‘rona ergashmaslikka o‘rgatish. 

Ayrim kishilar mashhur shaxslar tavsiya qilgan barcha mahsulotlar sifatli  ekaniga so‘zsiz ishonadi. Ular xorijlik “yulduz”lar kiygan liboslarni afzal ko‘radi, ularga taqlid qilishni istaydi. Oqibatda bundan nafaqat bir inson, bora-bora butun jamiyatga ma’naviy ziyon yetishi mumkin (tizzasi, keti yirtiq jensi shimlar bunga misol).

Aksincha, taniqli, madaniyatli kishilar ijtimoiy reklamalarga ko‘proq jalb etilsa, yaxshiroq natijalarga erishiladi.

O‘quvchilarda bu borada tasavvur uyg‘otish maqsadida ularga quyidagi savollar bilan murojaat qilinadi: “Nega reklamada mashhur shaxs xizmatidan foydalanilgan?”, “Reklama kimga, qanday foyda keltiradi?”, “Reklamada suratga tushgan taniqli shaxs, aslida, tavsiya etayotgan mahsulotidan o‘zi foydalanadimi?..”.

2. Har bir o‘quvchi mediasavodxonlik xususiyatini o‘zida shakllantirgunga qadar ota-ona va o‘qituvchi nazoratida bo‘lishi lozim. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar bir haftada o‘rtacha 27 soat televizor ko‘radi. 18 yoshga yetgan o‘smirlar hayotining ikki yarim yili, ya’ni 22 ming soati oynai jahon oldida o‘tgan bo‘ladi. Tabiiyki, bu muddat har qanday o‘g‘il-qizning ongini butunlay o‘zgartirib yuborish uchun yetarli. Shu bois ham o‘quvchilar bu borada kattalarning ko‘magiga muhtojdirlar.

3. Mediata’limga oid darslarda biror reklama namoyish etilib, uning tahlilini o‘quvchining o‘ziga qoldirish. Bu orqali o‘quvchida tanqidiy baho berish ko‘nikmasi shakllantiriladi. “Bu reklamani kim tayyorlagan?”, “Nima uchun tayyorlagan?”, “Reklama orqali u nima demoqchi?”, “Reklamada qanday vositalardan foydalanilgan?” singari savollar bilan o‘quvchiga murojaat qilish mumkin.

4. “Ommaviy madaniyat” targ‘ibotchilarining asosiy “quroli” reklama ekan, unga “qalqon” sifatida ham reklamalardan foydalanish, ya’ni ma’naviyatni shakllantirishga xizmat qiluvchi, ta’sirchan va sifatli ijtimoiy reklamalarni auditoriya e’tiboriga ko‘proq havola qilish kerak.

5. Yoshlar va bolalarga mo‘ljallangan mediasavodxonlikni rivojlantiruvchi kompyuter yoki mobil qurilmalar uchun o‘yinlar yaratish. Mediasavodxon bo‘lish uchun, avvalambor, media vositalarining faoliyat yuritish tartibi bilan yaqindan tanishish talab etiladi. Bolalar va yoshlarga nazariy bilimlarni amaliy tarzda, o‘yinlar orqali o‘rgatish yaxshi samara beradi.

6. Milliylikka, ma’naviyatni yuksaltirishga qaratilgan saytlar bilan tanishtirish. Yoshlarda bu turdagi saytlarga qiziqish uyg‘otilsa, bo‘sh vaqtlarida mazkur saytlar bilan yaqindan tanishadi. Bu esa, tabiiyki, ular ma’naviyatini rivojlantirishda muhim vositalardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Bunda saytlarning qiziqarliligi, kichik yoshdagilarga tushunarli bo‘lishiga ham alohida e’tibor qaratish lozim.

7. Mediata’lim yo‘nalishi orqali yovuzlikni targ‘ib etuvchi saytlarning xususiyatlari bilan tanishtirish. Biroq ularga misollar keltirmaslik. Bunday saytlarning elektron manzilini o‘quvchilarga taqdim etmaslik. Buning bir necha sabablari mavjud. Birinchidan, har qanday tanqidda targ‘ibot bo‘lishini unutmaslik kerak. Bu o‘quvchiga aks ta’sir ko‘rsatib, unda manbaga nisbatan qiziqish uyg‘otishi mumkin. Ikkinchidan, o‘quvchida internetga nisbatan qo‘rquv paydo bo‘lishi, foydali saytlar xizmatidan ham foydalanmay qo‘yishi mumkin.

Birinchi Prezidentimiz aytganlaridek, “Yoshlarimizning ma’naviy olamida bo‘shliq vujudga kelmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog‘lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘usini bolalik paytidan boshlab shakllantirishimiz zarur”. Yurtimiz kelajagi yoshlar qo‘lida ekan, ularning ma’naviy-madaniy, axloqiy tarbiyasiga har birimiz mas’ulmiz.

 

Dilshodabonu AVVALBOYEVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + fifteen =