IMO-ISHORA NIMALARNI ANGLATADI?

“Hurriyat”ning 2016 yil 30 noyabr sonida “Tana harakatlari nima deydi?” nomli maqolani o‘qib, menda ushbu mavzuga oid jurnalistika kasbi bilan bog‘liq mulohazalar tug‘ildi. Ilmiy dalillarga ko‘ra, ma’lumot almashish vaqtida muloqotning atigi yetti foizi og‘zaki nutqda ifodalanadi, o‘ttiz foizga yaqini turli  tovushlar yordamida yuzaga keladi. Insonlar bir-biri bilan oltmish foizdan ortiqroq holatlarda nutqsiz aloqa o‘rnatadi va nigohlar, imo-ishoralar yordamida suhbatlashadi. Bundan tana a’zolari harakatlari va imo-ishoralarning inson hayotida qanchalik muhim ekanligini ko‘ramiz.

 

Ilmiy nuqtai nazardan qaraganda, imo-ishora – bosh, qo‘l, tana orqali bajariladigan, biror ma’lumot beruvchi yoki his-tuyg‘u, ichki kechinmani ifodalovchi har qanday belgidir. o‘arb tadqiqotchilari ishora harakatlari va o‘zaro nutq munosabatlarining bir necha usullarini ajratib chiqishgan. Unga ko‘ra, ishoralardan turli maqsadda foydalaniladi. 

Ishora – kuzatuvchiga ko‘z bilan ko‘ra oladigan xabar berish harakatidir. Haqiqatdan ko‘pgina ishoralar his etib tushunilishi osondir. Biror narsani inkor etgan odam boshini bir tarafdan boshqa tarafga chayqatadi, qo‘rqqanida qoshlari ko‘tarilib, ko‘zlari katta-katta ochilib ketadi, qayg‘uga botganida odam bukchayib qoladi. Lekin shunday imo-ishoralar ham mavjudki, ularni maxsus o‘rganmay turib tushunish mushkul. Masalan, Rossiyada bosh barmoqni yuqoriga ko‘tarish “zo‘r” degan ma’noni bildiradi. Bangladeshda esa bu ishora axloqsizlikni ifodalaydi. Tibetliklar begona odamni ko‘rganlarida salomlashish niyatida tillarini ko‘rsatadilar. Xuddi shu ishora mayyaliklarda donolikni, hindlarda g‘azabni, xitoyliklarda tahdidni, yevropaliklarda masxaralashni ifodalaydi. 

Televidenie orqali biror ma’lumotni uzatayotgan jurnalistning imo-ishoralardan foydalanishi ham juda muhim ahamiyatga ega. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, tomoshabinlarning 65 foizi vizual o‘rganuvchilardir. Bunday tomoshabinlar eshitganlarini emas, ko‘rganlarini ko‘proq eslab qolishadi. Demak, tomoshabinlarning aksariyat qismi ma’lumotlarning aynan turli imo-ishoralar yoki harakatlar bilan urg‘u berilgan qismlarini yaxshiroq eslab qolishadi. Bundan tashqari, imo-ishoralar televizion dasturlarga tabiiylik olib kiradi. Jurnalist ma’lumot yetkazish chog‘ida umuman harakatlanmasa, bu holat notabiiylikni yuzaga keltiradi, auditoriya bilan hech qanday aloqa o‘rnatilmaydi. 

Jurnalistdan imo-ishoralarni qo‘llash vaqtini bilish ham talab etiladi. Keraksiz paytlarda ishlatilgan imo-ishoralar noprofessionallikdan dalolatdir. Masalan, amerikalik muxbir Jozelin Moys portlash joyidan reportaj olib borganda, dastlab voqelikni tushuntirib beradi, undan so‘ng esa portlagan joygacha yurib boradi va holatni teletomoshabinlarga namoyish etadi. Ko‘pchilik jurnalistlar bunday holatlarda voqea sodir bo‘lgan joyning o‘zidan turib gapiradi. Muxbir Jozelin Moys tomonidan amalga oshirilgan mazkur harakat esa tomoshabinlarni o‘ziga jalb qila olgan. 

Gap bilan hamohang tarzda uni ifodalovchi imo-ishoralar ham ko‘rsatib borilsa, tomoshabinlar matnni yaxshiroq tushunishadi va eslab qolishadi. 

Jozelin Moys yo‘llar muzlashi oqibatida avtohalokatlar ko‘paygani haqida xabar berayotganda qo‘liga muz parchasini ushlab olgan holda namoyon bo‘ladi. Gapini yakunlagach, muz parchasini kamera tomonga irg‘itib yuboradi. Muxbirning bu harakati ham tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olingan. 

Imo-ishoralar qo‘llashda faqat qo‘llarning harakati bilan cheklanib qolish kerak emas. Qo‘llar bilan birga bosh, ko‘zlar, qoshlar, yelkalar va tananing boshqa a’zolari ham mutanosib harakat qilishi lozim. Bitta ishorani qayta-qayta takrorlayverish, har bir so‘zni uni anglatuvchi belgilar orqali tinmay ifodalayverish katta xato sanaladi. 

Imo-ishoralarni qay tarzda ifodalash teledastur formatiga bog‘liq. Rasmiy ko‘rsatuvlarda imo-ishoralardan deyarli foydalanilmaydi. “Axborot”, “Davr” singari informatsion dasturlardagi boshlovchilarning harakatlarini bunga misol tarzida keltirish mumkin. Norasmiy ko‘rsatuvlarda esa shaxsiy ishora harakatlari ko‘proq namoyon bo‘ladi. 

Muxtasar aytganda, teleboshlovchi bilan teletomoshabin orasidagi muloqot qanchalik ta’sirli bo‘lsa, ko‘rsatuv shunchalik samara beradi. 

 

Dilshodabonu AVVALBOYEVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 4 =