Peshtoq bitiklari mazmuni

“Qudratimizni bilmoqchi bo‘lsangiz, biz qurdirgan binolarga boqing” degan so‘zlarni bugun barchamiz faxr bilan tilga olamiz. Darhaqiqat, yurtimizning har bir go‘shasida g‘ururlanishga arziydigan me’morchilik namunalari bor. Ammo, sohibqiron bobomiz bu gapni baland-baland va mustahkam imoratlar qurdirgani uchungina aytmagan, nazarimizda. Bu fikr zamirida tarixiy obidalarimizning yuksak san’at darajasida bezatilgani, betakror naqshlar orasidagi har bir bitik xalqning boy ma’naviyati mahsuli ekaniga ham ishora qilinganday.

 

Quvonarlisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi qadamjolarimiz peshtoqidagi yozuvlar mutaxassislar tomonidan o‘rganib, sharhlanmoqda. O‘tgan yili “UZBEKISTAN TODAY” nashriyoti o‘zbek, rus va ingliz tillarida ushbu tadqiqotlarni e’lon qildi. Alohida tomlardan iborat majmua  “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” rukni ostida chop etildi. Bu gal uning Andijon viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomini varaqlab, uning mazmuni bilan sizlarni tanishtirishga ahd qildik. Haqiqatdan ham tarixiy binolar nafaqat moddiy ahamiyat kasb etadi, balki tugal ma’naviy xazina hamdir. Ta’kidlash joizki, yurtimizning har bir viloyatidagi imorat bitiklari alohida xususiyatlari bilan ajralib turadi. Chunonchi, Andijon viloyati yodgorliklaridagi yozuvlar ko‘p hollarda me’moriy bezaklarning ajralmas qismi sifatida namoyon bo‘ladi. Ba’zi bitiklar naqshlar bilan shu qadar uyg‘unlashib ketganki, ularni ilg‘ash qiyin. San’atni nozik his qiluvchilargina ularni ko‘ra bilishi, zavqlanishi mumkin. Yana xattotlik namunalarida rang tanlanilishida ham o‘ziga xoslik bor. Ko‘p hollarda bu hududda qadamjolardagi matnlar yashil fonga oq bo‘yoq bilan yozilgan.

Viloyatda 50 ta masjid, 4 ta madrasa, 10 ta ziyoratgoh saqlanib qolgan. Obidalardagi bitiklar ko‘proq peshtoq, devor, eshik, mehrob, shift va ustunlarda uchraydi. Ular kufiy, nasx, suls, nasta’liq, devoniy, tav’amon kabi xat turlarida ifodalangan. Arab tilidagi matnlar, asosan, Qur’on oyatlari, hadis namunalari, turli duo kalimalaridan iborat bo‘lsa, she’riy parchalar, tarix-xronogrammalar, shuningdek, ustalarning ismi fors va o‘zbek tilida qayd etilgan. 

Mustaqillik yillarida tarixiy maskanlarni ro‘yxatga olish, saqlash va qayta tiklash borasida keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi. Chunonchi, Andijon shahridagi Devonaboy masjidining asosiy qismi 1960-yillarda ro‘y bergan yong‘in tufayli kuyib ketgan edi. U ko‘hna shakliga monand qilib, qayta tiklandi. Bugunki kunda mahobatli qiyofa kasb etgan. 

Avvalo, jome masjidi haqida ikki og‘iz ma’lumot. Mahalliy rivoyatlarga ko‘ra, katta yer-suv egasi bo‘lgan Devonaboy o‘z davridagi Andijon hokimi Nasriddinbek ibn Xudoyorxon roziligi bilan shahar markazida masjid va hammom qurishga kirishgan. Masjid 1870-yilda bitgach, uning bunyodkori Devonaboy ismi bilan atalgan. Inshootga yaqinlashar ekansiz, gumbazlarda kufiy xatida mahorat bilan yozilgan matnda azonning namozga da’vat e’tuvchi jumlasi ifadalangani diqqatingizni tortadi. Aytish joizki, imoratdagi barcha bitiklar mustaqillik yillarida binoni qayta ta’mirlash jarayonida yozilgan. Shunday ekan mazkur obidadagi matnlarni zamonaviy xattotlik sa’ati namunalari deya baholash mumkin. 

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joiz. Viloyatda eski holicha saqlanib qolgan tarixiy imoratlar ham bor. Ularni qayta ta’mirlash davr talabi, albatta. Ammo ta’mir jarayonida ko‘hna naqshlar va asl bitiklarni saqlab qolish dolzarb masala. Misol uchun, Shahrixon tumanidagi Qipchoqqo‘rg‘on (Usmon hoji) jome masjidi 19 asrning ikkinchi yarmi 20 asrning boshlarida ma’rifatparvar Usmon hoji sarmoyasiga bunyod etilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, bu saxovatpesha kishi yo‘llar, ko‘priklar qurgan, yoshlarning ilmli bo‘lishi tarafdori bo‘lgan. Sho‘rolar davrida masjiddan turli maqsadlarda foydalanilgan. Manbada keltirilishicha, hozirgi vaqtda ushbu bino buzilish holatida bo‘lganligi uchun yopib qo‘yilgan. Aytmoqchi bo‘lganimiz, bu kabi muqaddas joylar ko‘p vaqt e’tibordan chetda qolmaydi, albatta. Ularni qayta ta’mirlab foydalanishga topshirish ham xayrli, ham savobli ishdir. Ammo, ushbu dargohning naqshinkor devorlarida ham nazmiy, ham nasriy matnlar borki, ularni o‘z holicha saqlab qolish asl maqsad bo‘lmog‘i darkor. 

Masjid to‘rtburchak tarh asosida bunyod etilgan. Bugungi kunda yopiq xonaqoh va ayvon saqlanib qolgan. Ayvon shiftidagi to‘rtta hovuzak vassajuft usulida bunyod etilib, och yashil rangdagi qo‘shlola, islimi mehrob, shukufta kabi naqsh va hoshiyalardan mohirona foydalanilgan. Ayvon shiftining vassajufti orasidagi sarrovda nasta’liq xatida bino qurilishi tarixiga oid sakkiz misra masnaviy hamda xo‘jandlik naqqoshlar ismi bitilgan:

“Bunday dilga yoqimli masjidni ko‘rmaganman,

U kattayu kichik dilini o‘ziga tortadi.

Haram hojisi Usmon bino qildi,

Saxiylik sohibi(Alloh) roziligi uchun.

Iloho, o‘sha odamdan xushnud bo‘lgin,

Chunki undan bu go‘zal masjid yodgor bo‘lib qoldi.

Biror kishi uning go‘zal yili (tarixi)ni so‘rasa,

Aytgil: “Bir ming uch yuzu o‘ttiz uch”.

Mulla Muhammad Ashur naqqosh Xo‘jandiy ishi

Mulla Qori naqqosh Xo‘jandiy ishi

Sana 1333 (1914-15)”

Ammo, afsuski, yillar suroni va tabiat qor-yomg‘irlari ta’sirida bu xattotlik namunasi o‘z ko‘rkini yo‘qotayozgan. 

Xonaqohga kiraverishdagi eshik tepasidagi sarrovga ham sana va ustaning ismi nasta’liq xati bilan yozilgan: “Usta Rajabali hoji duradgor ishi. Sana 1333(1914-15)”.

Yuqorida ta’kidlanganidek, tarixiy obidalarni qayta ta’mirlanilishi juda quvonarli hodisa, ammo bu ishga sohaning mahoratli ustalarini jalb qilish masalasiga juda e’tiborli bo‘lish darkor. Yo‘qsa, ajdodlarimiz qalb qo‘ri mahsuli bo‘lgan moddiy-ma’naviy merosimizga putur yetishi mumkin. Fikrimizning isboti sifatida Shahrixon tumani Nayman qishlog‘ida joylashgan Gumbaz me’moriy majmuasi haqidagi dalillarni keltiramiz. 

Majmua peshtoqi alohida ko‘rinishga ega bo‘lib, uning yuqorisida kungura va oltita panjarali ravoq mavjud. Peshtoq ikki chetidagi burjlarida mezana va guldastalar ishlangan. Bu minorasifat burjlar hamda peshtoq girih naqshli koshin, ganch usulidagi islimiy naqshlar bilan bezatilgan. Aytish kerakki, majmuada 1914 yilda So‘fixon usta va mustaqillik yillarida davlat tashkilotlari tomonidan ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Biroq ta’mir jarayonida peshtoqdagi ba’zi bitiklar arxiv suratlaridagi matndan farqli o‘laroq noto‘g‘ri ta’mirlangan yoki butkul o‘zgartirilgan. Misol uchun, arxivdan olingan suratdagi peshtoq bitiklariga razm soladigan bo‘lsak, uning yuqorisidagi to‘rtburchak markazida tav’amon usulidagi bitik bo‘lsa, ikki chetiga “Kalimayi tamjid”dan olingan jumla sulsi mushakkal xati bilan yozilgan. Tagida esa sanalar qayd etilgan. Ta’mirlashlardan keyingi holatda, ya’ni hozirgi kunda peshtoqdagi to‘rtburchakning ikki burchagiga suls xatida yozilgan so‘zlar bo‘lsa, uning markazida “Gumbaz masjidi” jumlasini tav’amon usulida ifodalashga harakat qilingan, ammo ustaning mahorati yetarli bo‘lmagani tufayli matn noto‘g‘ri yozilgan.

Ichki peshtoqning mehrob qismi uchta ravoqqa bo‘linib, gulli qirma ganch uslubida bezatilgan. Ikki chetdagi ravoqqa mehrobi namoyon, o‘rtadagi ravoqqa aylana namoyon naqshlari ishlangan. Uchchala ravoq usti vos-vosi chorkalit nomli handasaviy shakllar zanjiridan iborat umumiy ravoq shaklidagi hoshiya bilan berkitilgan. Aynan mana shu hoshiyaning ikki chetiga tav’amon xatiga o‘xshovchi jimjimador yozuv o‘zaro simmetrik joylashtirilgan. “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar. Andijon” kitob-albomida to‘g‘ri ta’kidlanganidek, ustaning bu uslub bilan xat yozishda deyarli tajribasi bo‘lmagan. Taqlid shu qadar uquvsiz bo‘lganki, matn mazmunini to‘liq anglashning imkoni yo‘q.

Andijon viloyatidagi alohida e’tirofga loyiq bo‘lgan inshoot sifatida Jiddayi Muboraka jome masjidini keltirish mumkin. Ushbu inshoot istiqlolga erishganimizning dastlabki davrida, ya’ni 1992-1993 yillarda qurilgan bo‘lib, u qadimiy va zamonaviy me’morchilik an’analari uyg‘unligida bunyod etilgan. Masjid hovlisining g‘arbiy tomonida ayvonli xonaqoh, sharqiy tomonida ikki qavatli kutubxona, janubiy sahnida favvora bor. Xonaqohdan so‘ng davom etuvchi ayvonlar masjidning g‘arbiy va janubiy tomonlarini birlashtiradi. Imoratning peshtoqlari, mehrob va eshiklaridagi naqshlar orasida matnlar mavjud bo‘lib, unda Qur’oni Karimdan suralar va ayrim duolar bitilgan. Umuman olganda, ushbu go‘zal inshootning bezaklari va bitiklarini o‘rganar ekanmiz, o‘zbek milliy me’morchiligining bardavomligi va mahoratli ustalarimiz ajdodlarga munosib ekaniga amin bo‘lamiz.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Andijon me’moriy inshootlaridagi yozuvlar o‘lkaning tarixi va bugunidan, o‘ziga xos ma’naviyatidan so‘zlaydi. Umuman olganda, “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi har bir kitob-albom xalqimizning boy moddiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib etishda yaxshi ko‘makchi bo‘la oladi. To‘g‘ri, sohada hali tadqiq etishga muhtoj xazinalarimiz ko‘p. Umid qilamizki, bu boradagi izlanishlar davomli bo‘ladi.

 

Sitora SHAMSIDDIN qizi,

“Hurriyat” muxbiri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

1 thought on “Peshtoq bitiklari mazmuni

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + 11 =