Qadri baland qadriyatlarimiz

Uzoq asrlar silsilasida har bir xalq hayoti, mehnati, orzu-umidlari va ruhiy kechinmalarini ongu tafakkuri orqali madaniy qadriyatlariga jo qilgan. Uni avaylab-asrash, to‘laligicha avlodlarga yetkazish dolzarb masaladir. 2010 yil 7 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2010–2020 yillarida nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Davlat dasturining qabul qilinishi yuqoridagi masala yuzasidan ijobiy natijalarga zamin yaratdi.

 

Qashqadaryo viloyat xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi direktori Fotima Jumaeva bilan suhbatimiz ayni shu mavzuda bo‘ldi.

O‘lkamizda har bir hududning o‘ziga xos qadriyat va an’analari mavjud. Jumladan, Qashqadaryo vohasining ham. Shunday ekan, ularni avaylab-asrash va targ‘ib qilish, o‘rganish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Eldoshlarimizning tanti va mardligi, yashash tarzi, tabiati bilan chambarchas bog‘liq holda yaratilgan qadriyatlari va an’analari bor. Viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tasarrufida faoliyat ko‘rsatayotgan xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi tomonidan xalq ijodiyotining o‘ziga xos jihatlari inobatga olingan holda bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli ishlar tashkil etilgan. Ayniqsa, milliy qadriyatlarni o‘rganish, saqlab qolish va yosh avlodga yetkazish borasida turli metodik uslublar yaratilgan.

Markazda hududlarning nomoddiy-madaniy merosini o‘rganish va hujjatlashtirish yuzasidan xarita ishlab chiqilib, unda har bir hududga xos saqlanib kelinayotgan meros unsurlari joylashtirilgan. Nomoddiy-madaniy merosning ro‘yxatlari shakllantirilib, doimiy yangilanib boradi. Shuningdek, viloyatdagi madaniyat va dam olish markazlarida 25 ta “xalq” va “namunali” unvonga ega badiiy havaskorlik jamoalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular 13 ta ashula va raqs ansambli, 6 ta folklor-etnografik ansambli, dorbozlar guruhi, xalq teatri, bolalar maqom ansambli, badiiy kinoijodkorlik jamoasi, karnay-surnaychilar hamda an’anaviy tsirk guruhlaridir. Ushbu jamoalar xalq ijodiyotining turli janrlarida izlanishlar olib borib, milliy qadriyatlarimiz yuksalishiga hissa qo‘shib kelmoqda.

— Qashqadaryo baxshilari do‘mbirasini olib doston aytishni boshlasa, ovozlari tog‘lar bag‘ridan aks-sado beradi. Tinglovchilar tuyg‘ularini junbushga keltiradi. Bundan tashqari, voha o‘ziga xos folkloriga ega. Shu o‘rinda folklor jamoalari faoliyati haqida so‘zlab bersangiz.

— Purviqor tog‘lar bag‘rida yashayotgan dehqonobodlik baxshilar do‘mbira chertib, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Tohir va Zuhra” kabi yurtga sadoqat, mardlik va mehr-muhabbat kabi sof tuyg‘ular kuylangan dostonlarni aytib, ochiq chehra bilan  sizni qarshi oladi. Sohir ovozi va o‘z uslubiga ega besh nafar  xalq baxshisi – Shomurod baxshi Tog‘aev, Qahhor Rahimov, Mahmatmurod Rajabov, Abdumurod Rahimov va Ochil Chorshanbievlar Qamay va Dehqonobod dostonchilik maktabi vakillaridir. Ularning davomchilari bo‘lmish o‘ttizdan ortiq yosh doston ijrochilari ustozlar izidan borib, xalq dostonlarini kelajak avlodga yetkazmoqda.

Viloyatda bugun 20 dan ortiq folklor-etnografik jamoalar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ulardan Qarshi tumanidagi “Momogul”,  Chiroqchi tumanidagi “Chiroqchi chiroqlari”, Muborak tumanidagi “Zanjirsaroy”, Nishon tumanidagi “Nishona”, Qarshi shahridagi “Nasaf”, “Oydinoy” folklor ansambllari “Xalq havaskorlik jamoasi” unvonlariga sazovor bo‘lib, nomoddiy-madaniy merosimizning noyob durdonalari bo‘lgan xalq qo‘shiqlarini kuylab, ularga qayta umr bag‘ishlashmoqda. “Chiroqchi chiroqlari” folklor-etnografik ansamblining faoliyatiga nazar tashlasak, jamoa o‘tgan chorak asr davomida tumanning o‘ziga xos xalq qo‘shiqlarini, milliy an’analarini o‘rganib, ularga qayta sayqal bermoqda. Ansambl repertuaridagi “Oy kelinim”, “Qalqamaning qirlari”, “Omongul”, “Urchug‘im”, “Oyimcha”, “Qoqindiqman”, “Gulli kigiz”, “Do‘mbiram” kabi xalq qo‘shiqlari  aholi tomonidan iliq kutib olindi. Jamoa yetakchi ijrochisi X.Murodovaning odamlar og‘zidan yozib olgan qo‘shiqlari, o‘lan, laparlari asosida “Moziy javohirlari” deb nomlangan to‘plam nashr etildi.  Uning samarali mehnatlari qadrlanib, davlatimiz tomonidan 2015 yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

— Bayram tantanalari, to‘y marosimlarida saqlanib qolgan rasm-rusumlar namoyishi va an’analarni jonlantirishda markazning o‘rni qay darajada? 

— Ajdodlarimiz o‘z ota-bobolari tomonidan yaratilgan bebaho milliy folklor an’analarini o‘z badiiy tafakkuri mahsuli bilan boyitib, yanada rivojlantirgani uchun bu an’analar avloddan-avlodga o‘tib, takomillashib kelmoqda. Ayniqsa, o‘zbek to‘ylari xilma-xil rasm-rusumlar va folklor materiallariga boyligi bilan xalq maishiy hayotida alohida o‘rin tutadi. Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlari ilmiy metodik markazimiz Navro‘z umumxalq bayramini tashkil etishda alohida jonbozlik ko‘rsatadi. Milliy taomlar, xalq o‘yinlari bu bayramning asosidir. Viloyatda o‘tkaziladigan to‘yu tantanalardagi ko‘pkari, kurash kabi milliy o‘yinlar bayramlarga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi. 

— Qashqadaryo vohasining o‘ziga xos xalq  amaliy san’at va hunarmandchilik durdonalari hamda hunarmandlari haqida so‘zlab bersangiz. 

— Nomoddiy madaniy merosimizning ajralmas bo‘lagi bo‘lgan xalq amaliy san’ati va hunarmandchiligi viloyatimizning etnografik tuzilishi bilan chambarchas bog‘liq holda tarqalgan. Xalq amaliy san’ati va hunarmandchiligining pichoqchilik, kosiblik, duradgorlik,  temirchilik, do‘ppido‘zlik, zardo‘zlik, quroqchilik, gilam to‘qish, kigiz bosish, yulg‘un va tol shoxlaridan savat to‘qish, kashtachilik, bo‘z, kulolchilik, naqqoshlik, yog‘och o‘ymakorligi  kabi turlari qadimdan yaxshi rivojlangan. Kulolchilik va tandirsozlik turi azaldan  Kasbi tumani vakillariga xos bo‘lib, tandir yasash, ko‘za, oftoba, xum, tuncha, guppi, xurmacha, sut tovoq, osh tovoq va boshqa kulolchilik mahsulotlari bilan mashhur hisoblanadi. Gilam to‘qish san’ati, asosan, Chiroqchi tumanida rivojlangan bo‘lib, uning qadimiy turlari jo‘lxurs, naprach, bo‘g‘jama, xoli, terma gilamlarni to‘qish odat bo‘lsa, Mirishkor tumanining Jeynov, Alato‘n qishloqlarida Arabi gilamlar to‘qish an’anaga aylangan. Viloyatimizning tog‘li Dehqonobod tumanida qadimdan kigiz bosish hunari yaxshi ravnaq topgan. Qamashi tumanining Mang‘it qishlog‘ida bo‘yra to‘qish hunari davom etib kelmoqda. Qarshi shahrining ba’zi mahallalarida yulg‘un shoxlaridan savat va boshqa buyumlar to‘qish saqlanib qolgan. Koson va Qarshining bigiz kashtalari o‘zining shaklu shamoyili bilan ajralib turadi. Shahrisabz va Kitob tumanlari iroqi kashtalari nafaqat respublikamizda, balki butun dunyoda mashhur. 

— So‘nggi yillarda respublikamizda ko‘pgina madaniyat va aholi dam olish markazlari zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Viloyatda bu masalaga qay darajada e’tibor qaratilmoqda?

— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 dekabrdagi “2011—2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatda 12 ta madaniyat va istirohat bog‘i aholining mazmunli dam olishi uchun qaytadan ta’mirlandi. Qarshi shahridagi “Yoshlar” madaniyat va istirohat bog‘i, Muborak, Chiroqchi, Nishon tumanlari markazlaridagi madaniyat va istirohat bog‘lari tubdan o‘zgartirilib, aholining barcha qatlamlari uchun hordiq oladigan maskanlarga aylantirildi.   

Ulkan madaniy meros bo‘lmish necha ming yillik urf-odat va an’analar bugunni o‘tmish bilan bog‘lab turuvchi mustahkam rishtadir. Ularni asrab-avaylab avlodlarga o‘z holicha yetkazish barchamizning burchimizdir. 

 

Sanjar ESHMURODOV suhbatlashdi. 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 2 =