Kasbga sadoqat timsoli

O‘zbek jurnalistikasi, xususan, milliy telejurnalistikamiz haqida so‘z borsa, Galina Melnikova nomi chuqur hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi.

 

Esimda, bundan yigirma yillar muqaddam “O‘zbekiston” telekanalining “Axborot” dasturida ko‘rinishidan o‘zbek opalarimizdan farq qilmaydigan lobar ayol chiqib, so‘nggi yangiliklardan boxabar etardi… Qarangki, o‘shanda bu suxandon allaqachon qirq yillik mehnat tajribasiga ega bo‘lgan ekan! 

Oliy toifali suxandon, “Oltin qalam” xalqaro mukofoti sohibi, Galina Melnikova 1936 yilning 23 dekabrida tavallud topgan. Televidenieda 1956 yil 26 dekabrdan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ustoz uzoq yillik faoliyati davomida ko‘p yillar O‘zbekiston televideniesining “Axborot” ko‘rsatuvida suxandonlik qilgan, tantanali tadbirlarda boshlovchilik qilgan, qiziqarli reportajlar tayyorlagan. 

Galina Melnikova timsolida yurtdoshlarimiz telejurnalistikamiz qiyofasini ko‘radi, dedik. Aslida mazkur ta’rif bu inson faoliyatining bir qirrasinigina ifodalashi mumkin. Zero, yurtimizdagi juda ko‘p kishilar, turfa kasb egalari uchun Galina Vitalevna professionallik, o‘z kasbiga sodiqlik timsoli. Xoh shifokor, xoh muhandis, xoh maktabda muallim bo‘lsin, minglab yurtdoshlarimiz bir sohada oltmish yillik sadoqatli mehnat faoliyatiga ega insonga ehtirom bilan qaraydi. Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida xizmat qilayotgan ko‘plab yosh jurnalistlar, ehtimol, Galina opa bilan ko‘rishib, yuzma-yuz suhbatlashib, o‘gitlarini olmagandir, ammo kasb mahorati, ishdayu kundalik hayotdagi tutumlariga boqib, u kishini o‘zlariga ustoz hisoblaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 23 dekabrdagi farmoniga ko‘ra “Do‘stlik” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibi Galina Melnikovaning O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidagi ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati, diktorlik san’atini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlanishi minglab muxlislarini quvontirdi. 

Xo‘sh, shunday fayziyob kunlarda qahramonimiz dilidan qanday gaplar o‘tayotir?

— Kamtarona mehnatlarim davlatimiz tomonidan shunday yuksak baholangani meni juda mamnun etdi, — deydi Galina Melnikova. — O‘zbek xalqida shunday naql bor: “Keksalarni e’zozlagan, o‘zi ham e’zoz topadi”. Ulug‘ yoshimda meni samimiy qutlagan Prezidentimizdan minnatdorman. Istagim, tinch, osoyishta yurtimizning baxtli kunlari bardavom bo‘lsin. Vatan tinch bo‘lsa, biz jurnalistlar, san’atkorlar, xalq xo‘jaligining barcha jabhalaridagi yurtdoshlarimiz xotirjam yashab, mehnat qilaveramiz.

Biz ham u kishiga barcha muxlislari va shogirdlari nomidan uzoq umr va tani sog‘lik tilaymiz.

 

Elmurod NISHONOV,

“Hurriyat” muxbiri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + 16 =