RUHIYAT FASLLARI

Bugungi o‘zbek she’riyatida hissiy tafakkur hayotni,inson tabiatini  anglash va tushuntirish borasida alohida tamoyil sifatida ko‘zga tashlanmoqda. Shu ma’noda o‘tgan yili “O‘zbekiston” NMIUda chop etilgan shoira Halima Ahmedovaning “Yashil” deb nomlangan kitobi she’rxonlarga ajoyib tuhfa bo‘ldi, desak xato qilmaymiz.

 

Shoira  ijodida Haq ishqi adolatning beqiyos, benazir, buyuk timsoli sifatida poetik tadqiq etilayotgani, ayniqsa, diqqatga molik. U lirik qahramon dilida ildiz otgan haqiqatning bir bo‘lagi sifatida bo‘y tortadi (“Axir, Haq xayolin sevaman beshak”). E’tibor bersak, Alloh mehri-muhabbati yonida axloqiy qadriyat (ishonch, e’tiqod) qaddini rostlayotir. 

Toki parvardigor haqqi hurmati

Ishonch yoshartirsin bu charxi dunni.

Ko‘zlarda ochilib osmon eshigi – 

Sadoqatli yorday kutaylik 

Tongni, kunni, har bitta tunni.

Lirik qahramon dilidagi Haq ishqining cheksizligiga ishonadi. U o‘zini anglash orqali ko‘nglining tub-tubida ko‘kargan, gullayotgan ishonchni taniyotir. Ishonch, mehr, e’tiqod ham yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyat sifatida ezgulikka kamarbasta; ezgulik xizmatida. Banda Haq ishqiga suyanib o‘zligini topmoqda; botinidagi ma’naviy tayanch kuchlarini yuzaga chiqarmoqda, namoyon etmoqda.

Shoira  talqiniga ko‘ra inson komillikka muhtoj. Ma’nan takomilga hamisha tashna. Haq ishqi banda tabiatidagi kemtiklar o‘rnida ma’naviyat chechaklarini ko‘kartiradi; axloqiy qadriyatlar (ishonch, mehr, muhabbat, oqibat, e’tiqod va hokazo) deb atalgan mevalarni undiradi. Bu qay tariqa vosil bo‘lg‘usi?! Bu – inson ruhidagi Haqqa — haqiqatga bo‘lgan sog‘inchdan suv ichadi, unib-o‘sadi, ko‘karadi. Inson doimo haqiqatga intilib yashaydi. Ushbu mayl ruhoniyatidagi ustuvor xususiyatdir.

Shoira Haqni haqiqatning buyuk timsoli sifatida talqin qilarkan, u iroda erki, ruh erkinligi bilan tutash, bog‘liq holda anglashiladi. Bozorlar shovqini, mozor jimligi Dunyoni to‘ldirib turgan bir chog‘da. Nega sen o‘zingni ko‘rmaysan axir, Ko‘ngling ichidagi qop-qora dog‘da, deydi lirik qahramon. Demak, banda tor-shaxsiy mayllaridan, xohish-istaklaridan yuksalgan taqdirdagina haqiqatni xolis izlashga, anglashga qodir. Negaki, u aldamchi tasavvur-tushunchalar bilan o‘zini chalg‘itib, ovutib yashashni xush ko‘radi.  Qolaversa, yana boshqa jihati,  oliy qadriyat deb atalgan mutloq haqiqatning tusi, mazmuni mana shunday, deya aytishga qiynalasan. Boisi burnidan narini ko‘rishga ojiz nafs bandalari uchun qorin to‘yg‘azishdan ortiq haqiqat bo‘lmasligi mumkin. Bu – ma’naviy qashshoqlik, ruhiy mutelikning ko‘rinishlaridan biri, xolos. Insonning shaxslik darajasi rost bilan yolg‘onni, badbinlik bilan nafosatni, do‘stlik bilan makr-riyoni ajratib beruvchi, farqlay biluvchi bosh mezon.

Shoira Salom quyosh, salom mening ey sodiq do‘stim” she’rida oftobni Biru Borning hamisha porloq nazari sifatida talqin qiladi. Derazadan mo‘ralamay ichkariga kir, Ko‘rgin qanday raqs etmoqda qalbimda nuring, der ekan, Haq ishqiga juda-juda zoriqqanligini ta’kidlaydi (“…Men tirildim bir hovuch nur ichib tirildim”). Quyoshni sodiq do‘stim, deyishi bejiz emas.

Anglashiladiki, mehr-muhabbat ezgulikdadir. Yana ezgu amallarda mehr-oqibat mujassamlashgan ekan. Bu o‘rinda mehr, muhabbat, sadoqat, e’tiqod, yaxshilik, pokdomonlik ma’naviy-axloqiy qadriyatlar enagasi sifatida ham talqin etilayotir. Ezgulik tabiatidagi haqiqat Haq ishqining tajallisidir. Demak, ezgulik va adolatning yaxlit uyg‘unlikda namoyon bo‘lishi beqiyos go‘zallikning bo‘y ko‘rsatishidir. 

Ranglar (yashil, oq, pushti, sariq, moviy, qora va hokazo), dov-daraxtlar, qushlar, maysa-o‘simliklar, tuproq, shabboda ramzi Halima she’rlari badiiyatining muhim xususiyatlaridan biri. Shu ma’noda yolg‘iz yashil rangning mazmun qirralarini ko‘zdan kechirish kifoya. Yashil rang, bo‘yoq har bir she’rda yangi-yangi ma’nolarni anglatishiga ko‘ra o‘ziga xosdir. (Yam-yashil daryo, yashil nigoh, ishqday yashil, yalpizlar xayoli yam-yashil, yam-yashil nafas tafti, xayol kengliklari yashil, “qachonlardir men ham yam-yashil edim, Daryoga talpingan jilg‘aday yashil”, “Yashil kundan qolgan gardman ehtimol”, “Haqiqatning rangi yam-yashil”, “Va yana kimdir aytgan edi: avval va oxirni to‘ldirar yashil”, “Yashil sog‘inch bilan tirikman bu chog‘”, “Havvoning yam-yashil tomirlarida”, “Suvlardan ajralib qolgan sog‘inchni, Yupatib to‘ldirdim yam-yashil hisga”, “Men boqqan ko‘zguda yashildir olam”, “Yam-yashil iforlar kelmoqda qaydan”, “Borliq va yo‘qlikning yashil ovozi”).

Anglashiladiki, ezgulik, adolat zamiridagi mehr-oqibat tuyg‘ularidan go‘zallik balqib chiqayotir. Inson fe’li-tabiatida namoyon bo‘lguvchi aynan ana shu mehr-muhabbatga ko‘ra odamiylik xususiyatlarini, shaxslik darajasini o‘zaro farqlash mumkin.

Shoira she’rlarida (“Yashil”, “Boshim aylanadi, aylanadi yer”, “Bir qush bo‘lsam, qanotlari zumrad bo‘lsam”, “Osmon moviylanar…” “Iddao” va hokazo) yam-yashil rang zimmasiga yuklanayotgan ma’nolar ma’naviy-axloqiy qadriyatlar maqomida cho‘ng va rangin. Bir o‘rinda haqiqatni qo‘llayotgan fikr tariqasida aqlga kuch bag‘ishlasa, boshqa o‘rinda yaxshilik, ezgulik ramzi sifatida irodamizni quvvatlantiradi. Ko‘pgina she’rlarida Oftob Rabbining oliy nazari sifatida talqin etilgan (“Salom quyosh, Salom mening ey sodiq do‘stim”). “Yashil” she’rida Rabbi nigohining hayotdagi tajallisi, Olam jilvalariga fusun va mazmun bag‘ishlayotgan go‘zallikning jilvalari sifatida suratlantiriladi.

Bu lahza ko‘nglimning yamoqlariga 

Oshiq etgim kelar har bir yaproqni.

Xayol kengliklari yashil va qo‘ng‘ir,

Sog‘inch bog‘larida mudraydi kunlar.

Yashillik – Haq nigohi sehrli jozib ovoz shaklida lirik qahramon vujudini yashash zavqi-sururi, hissiyotlari bilan chulg‘aydi. Yashillikning go‘zallik mohiyati shundan iboratki, u hamisha ma’naviy-axloqiy qadriyatlar maqomida yuz ochadi. Xususan, birda mehr-muhabbat ko‘rsatsa, boshqa holatda tanish ovoz bo‘lib yuragiga cho‘g‘ soladi. Hayotning ma’nosini uqib yashashga undaydi. Estetik qadriyatning iroda kuchlarini ezgu amallar sari yo‘naltirish barobarida mushohada yuritishga, atrof-tevaragida kechayotgan jarayonlarni, mulki borliqni kuzatishga, mazmun o‘qishga undaydi. Mahliyo bo‘lish bilan birga o‘z fikri-xayoliga cho‘mish asnosida mulki borliq xossalaridan hikmat uqishga da’vat qiladi.

Lirik qahramon dilidagi Haq ishqini topgunga, ismini tanigunga qadar ma’naviy zulm aldovlarida chalg‘iydi. 

Shayton – yolg‘onning otasi, deb bejiz aytishmagan. U hiyla, aldov, chalg‘itishlar vositasida inson ko‘nglini o‘ziga og‘dirib oladi.  Lirik qahramon Haq ishqini yashil sog‘inch, deya ataydi.

Va qor bosgan jonim ichida nogoh,

Sabza yodi bilan tirilar osmon…

So‘rayman: 

Haqqa qaysi yo‘ldan boraman,

Va qaerda mening yashil ko‘ylagim?

Ko‘zimni ochaman, yashil boqar tong,

Dardlarim uloqib ketgan qaygadir.

Derazadan shirin jilmayib boqib,

Sening manzilingni aytadi yomg‘ir.

Ma’naviy zulmning asosiy qilmishi – bu insonning havasini keltirib yo‘ldan uradi; ezgu amallardan chalg‘itib, asosiy muddaosidan ozdiradi. Lirik qahramon ko‘ngliga she’r shavqi asasasini solib, g‘azallar bitdiradi. Va lekin, ularda ruh, jon yo‘q. U yalpiz shoxchasida qurigan dilni o‘lik g‘azallarga etadi ehson. Axir, “avval va oxirni to‘ldirar yashil”. Ezgulikka – Haqqa talpingan lirik qahramon borlig‘i (aqli, shuuri, iroda kuchlari, e’tiqodi) Rabbimni topadi. Aql va ehtiroslari birlashib, ko‘nglining tub-tubida qad rostlagan O‘zini taniydi. Zero, Robbining oliy masnadi arshi-a’lo esa-da, u bandalari ko‘nglida yashaydi.

Hayot tomirida oqaman yana,

O‘zimga sig‘maydi o‘zimdagi dil.

Jonimga nafasing tekkan chog‘ida

Rabbim, nigohlaring naqadar yashil.

Yashil rang Haq xayoli, Haq jamoli, haqiqat-ezgulikning timsoli tariqasida talqin etilayotir. Lirik qahramon oliy nazar sharofati bilan yana hayotga qaytdi. Ezgulik – adolatni yuzaga chiqarar ekan. U esa o‘z navbatida haqiqatni qaror toptiryapti. Haqiqatning asl maqsadi esa go‘zallikning tasdiqlashga qaratilyapti. Shoira she’rlaridagi badiiy kashfiyotning mohiyati shundan iboratki,  ezgulik, adolat, go‘zallik jilvalaridagi ma’nolar Haq nigohining mulki borliqdagi tajassumidir. 

 

No’mon RAHIMJONOV, 

filologiya fanlari doktori, professor

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − eleven =