«SARBADORLAR» QORAQALPOQ TILIDA

O‘zbek tarixiy romanchiligining sara asarlaridan biri — «Sarbadorlar» yaqinda qoraqalpoq tilida chop etildi. Avval «Amudaryo» jurnalida, keyin kitob holida bosilgan romanni o‘zbek tilidan qoraqalpoqchaga shoir va nosir, publitsist va noshir, tarjimon Abulqosim O‘tepbergenov o‘girgan.

 

«Sarbadorlar»day epik asarni qoraqalpoq o‘quvchisiga yetkazish uchun bel bog‘lagan tarjimonning zimmasida ulkan mas’uliyat turardi — romanni mehr, mahorat va matonat bilan tarjima qilish. Keling, shu o‘rinda tarjimon haqida qisqacha ma’lumot berib o‘taylik.

Abulqosim O‘tepbergenov — taniqli shoir va nosir. 

Ijodkor tarjimachilik bilan ham muntazam shug‘ullanib keladi, o‘zbek, turkman, qozoq  tillaridan tarjimalar qiladi. U Guliston Matyoqubovaning «Izlaganlarim» nomli publitsistik to‘plamini, Jamoliddin Muslim she’rlarini, Jo‘ra Fozil, Qo‘chqor Norqobil hikoyalarini ona tiliga o‘girgan. Asarlari qoraqalpoq zaminidagi turkman maktablari uchun chiqarilgan darsliklardan ham o‘rin olgan. Bir so‘z bilan aytganda, Abulqosim O‘tepbergenov «Sarbadorlarni» qoraqalpoqchaga qoyillatib tarjima qila olgan. 

Ma’lumki, roman — shaxs hayotining eposi, Belinskiy iborasi bilan aytganda, «insonlarning shaxsiy hayoti va ichki olamining, tuyg‘ularining, ehtiroslarining keng ko‘lamli tasviri»dir. Shu bilan birga, romanda shaxs va jamiyat hayoti bir-biriga xalal bermagan holda tasvirlanadi. Tarixiy mavzuda qalam surayotgan adibning esa mahorati ham, diqqat-e’tibori ham, jasorati ham boshqa ijodkorlarga qaraganda o‘n chandon, yuz chandon ortiq bo‘lmog‘i lozim. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, tarixiy asarni tarjima qiladigan qalamkash ham o‘ta ziyrak, bilimli va mas’uliyatli bo‘lishi shart. 

Muhammad Ali tarixiy asar qahramonining portretini chizishda, davrning ruhini berishda, holatlar tasvirida, personajlarning kayfiyatini yoritishda so‘zni nihoyatda ustalik bilan, o‘rni-o‘rnida qo‘llaydi. Bu mahorat endi muallifning tarixga hurmati, ixlosi, bilimdonligi bilan bog‘liq. (Shu o‘rinda aytib o‘tish o‘rinli bo‘lardi: Muhammad Ali ishlatgan, topgan, qo‘llagan istorizm, arxaik so‘zlar, ularning asarga olib kirilishi alohida, maxsus tadqiqotlarga mavzu bo‘la oladi!) Uning romanlarini o‘zbekchadan boshqa tilga o‘girmoqchi bo‘lgan tarjimon ana shu mas’uliyatni zarracha ham unutmasligi kerak. Ya’ni tarjimon bilimda, so‘zni his etishda, mahoratda muallifga tenglashishi yoki tenglashishga intilishi shart. Yo‘qsa…

Keling, yaxshisi, tarjima-kitob bilan yo‘l-yo‘lakay, ot usti tanishish mobaynida ko‘zimiz tushgan ba’zi sahv-xatolar, o‘tib ketgan nuqsonlar borasidagi fikr-mulohazalarni aytib o‘taylik. Bu — asarning keyingi nashrlari uchun foydadan xoli bo‘lmas. O‘zbekcha nusxada (asliyatda) muallif yozadi: «Ko‘proq «taroq-turuq» ko‘cha nomi bilan mashhur bu ko‘chada tiyrgarlar, tirkishduzlar, kamongarlar, shamshirgarlar, pichoqchilar, temirchilar, turli jibachilar oilalari yashashar, qurol-aslaha, temirchilik buyumlari yasashar edi». Qoraqalpoqchada esa tarjimon bu kasblar qatorini «…temirchilar, o‘q-yoy so‘quvchilar, qilich so‘quvchilar, pichoqchilar shangg‘araqlari bilan yashardi» — deb o‘tavergan. Bizningcha, tarjimon bu kasb egalari qatorini asliyatdagi kabi, aytilishi bo‘yicha berib, keyin ularga izoh ifodalab, o‘tganida — ham asardagi tarixiy-etnografik ruh, manzara saqlanib qolgan, ham o‘quvchining o‘sha kasblar borasidagi tushuncha-tasavvuri kengaygan bo‘lardi. Qolaversa, «shangg‘araq» so‘zi qoraqalpoq tilida hozirgi zamonga kelibgina «oila» ma’nosigacha o‘sib chiqqan, bundan 500-600 yillar bu so‘z (chang‘aroq, chambarak — o‘tov-uyning tarkibiy bir qismi) qoraqalpoq tilida ham, o‘zbek tilida ham «oila» ma’nosida emas, asl ma’nosida faol ishlatilgan.

Yoki Muhammad Ali asarda tungi poyloqchini shunday gapirtiradi: «—Og‘zingga qarab gapir, musofir! Yetti jallod, murg‘u salovat, qilichim burro, zabonim go‘yo, kimning ajali yetdi? Shu tobda oftobni soyaga yetkazmay, saharni choshgohga o‘tkazmay boshingni olaymi?»

Tarjimada esa bu holatning ma’nosi shunday chiqibdi: «Og‘zingga qarab so‘yla, musofir. Qilichim qindan chiqib turibdi, u hech kimni ayamaydi! Shu vaqtda quyoshni soyaga yetkazmay, saharni tushlikka olib bormay boshingni olayinmi?»

Ko‘ramizki, asliyatda muallifning sajga o‘rab bergan fikri, personaj gapidagi ohang (dag‘dag‘a), haybat davr ruhini, manzarasini o‘quvchining ko‘z oldida shundoqqina gavdalantirgan bo‘lsa, tarjimada shu ruhning so‘nib, gapning ohori to‘kilib qolgan, shirasi ketgan.

Yana bir misol. Asar qahramoni Xudabanda bir xonadonga (bobilxona — lazzat uyiga) borganida xizmat qilib yurgan kanizakka may quyib berishni buyuradi, o‘zini ham ichishga taklif qiladi. Shunda kanizak iymanib — ikkilanib: «— Ichmak kaminai ojizaga noravodir», — deydi (asliyatda). Qoraqalpoqchada esa shu ibora «bizga ruxsat etilmagan» bo‘lib chiqibdi. Bu yerdagi tafovut shundan iboratki, «ruxsat etilmagan» gapidan «ruxsat etilgan bo‘lsa edi, ichardim» degan ma’no lop etib chiqadi. Vaholanki, «kaminai ojizaga noravodir» iborasida qizning qismati, tarbiyasi, hayosi, turmush tarzining zayli tufayli yuzaga kelgan holat, ojizalik belgisi mujassamlashgan. Shu yerda yigit kanizakka yemakxonaga o‘tib «ozgina o‘tirish»ni taklif qiladi (asliyatda). Qoraqalpoqchada esa bu iltimos «ozgina ovqatlanaylik» bo‘lib chiqibdi. Holbuki, yigitning o‘sha paytda kayfiyati «ovqatlanish» darajasida emas edi. Ba’zi o‘rinlarda zabardast muharrirning qunt bilan qilinadigan mehnatiga muhtoj so‘z va iboralar uchraydi. Bular bari chuqur tanishmasdan, shunchaki varaqlab chiqilganda ko‘zga tashlangan nuqsonchalar, zabardast muharrirning kuchli qalami bilan bartaraf etish mumkin bo‘lgan «g‘alatlik»lardir.

Xulosa qilib aytganda, qoraqalpoq o‘quvchilari endilikda muhtasham bir tarixiy roman tarjimasiga, haqqoniy o‘qilsa, badiiy zavq-shavq olsa bo‘ladigan kitobga ega bo‘ldilar. Qoraqalpoq kitobxonlarini bu ajoyib sovg‘a bilan tabriklash barobarida, tarjimon Abulqosim og‘aga ham kuch-quvvat, sihat-salomatlik, zahmatli sa’y-harakatlarining mevasini totib yurishdek baxt nasib etishini tilab kolamiz!

 

Muzaffar AHMAD,

Qoraqalpog‘iston xalq shoiri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × one =