Tahrir san’ati haqida yangi kitob

Yuzini suv o‘pmagan olmani ko‘rganmisiz? Xira tortib turadi-a? Ustini artsangiz, bir pasda yaltillab ketadi. Tahrir qilinmagan matn ham shunday… 

Biz o‘qib turgan asar qog‘ozga tushishi jarayonida muallif qancha mashaqqat cheksa, uni o‘quvchiga chiroyli yetkazishda muharrirning ham xizmati kam bo‘lmaydi.

 

 

Tahrir bir qaraganda oddiy ishdek ko‘rinar, aslida unday emas. Gohida bir jumla emas, bitta so‘z ustida ustozlarimiz qanchalar ter to‘kishlarining guvohi bo‘lamiz. O‘rniga tushmagan jumlani to‘g‘rilash uchun ular ozmuncha zahmat chekishmaydi. Oddiy ko‘z o‘n karra tikilib topolmagan xatoni muharrir nigohi bir qarashda ilg‘ashi mumkin. Ba’zan bitta so‘zni almashtirish yoki olib tashlash bilan butun bir matn jilolanib ketadi. Jumla ustida jangga kirishgan tahrir ustasi nimalarga e’tibor qaratishi kerak, muallif bilan ishlashning jurnalistikada qanday ahamiyati bor, degan savollar sizni qiziqtirsa, Zoir Tohirovning yaqinda chop etilgan “Tahrir mantig‘i” kitobini bir mutolaa qilib ko‘ring.

“Har bir asar, u xoh adabiy bo‘lsin, xoh publitsistik, yaxlit bir butunlikda bo‘lishi lozim. Yaxlitlik matnni boshdan to oxirigacha go‘yo bog‘lab turuvchi ip bo‘lib hisoblanadi”, deya qayd etiladi kitobda. Ha, jurnalist dilidagi gaplarni boricha auditoriyaga taqdim etishni xohlaydi, ammo buning iloji yo‘q. Yozilganlardan ayrimlari matn uyg‘unligiga begonalik qiladi. Shu begona jumlani topish muharrir mahoratiga bog‘liq.

Jumla qancha cho‘zilsa, mantiq buzilib boraveradi. Gapning egasi, kesimini aniqlash mushkul bo‘lib qoladi. Bugun qisqalikka, lo‘ndalikka intilish qalam ahli oldida turgan talabga aylangan. Muallif uchun yozgan asari farzandidek aziz bo‘ladi va u ijod mahsuliga zarar yetkazilishini istamaydi. Muharrir esa matnni sayqallashi lozim. Agar matn tahrir qilingach, asl holatidan umuman o‘zgarib ketsa, muallif va muharrir o‘rtasida nizo kelib chiqishi tabiiy. Bunday vaziyatda nima qilish kerak? Ushbu masala yuzasidan kitobning “Muharrir va muallif hamkorligi” qismida keng mulohaza yuritilgan. 

Nashrning puxta, kamchiliklardan xoli chiqishi uning muharririga bog‘liq, albatta. Agar muharrir asarni ham uslubiy, ham mantiqiy nuqtai nazardan yaxshilab tahrir qilsa, o‘z-o‘zidan ushbu ommaviy axborot vositasida faoliyat yurituvchi xodim yoki mualliflar puxtaroq yozishga harakat qiladi. 

Matn tahriri juda nozik jarayon. “Har qanday to‘qima matoning birgina ipini uzish unga putur yetkazganidek, matn to‘qimasiga ham ehtiyotsiz bir harakat bilan zarar yetkazish mumkinligini muharrir doimo yodida tutishi lozim”, deya ta’kidlaydi muallif. 

Ha, har bir ijodkor o‘z “men”i asosida asar yaratadi, uslubiga tayanib ijod qiladi. Uslub yozuvchining pasporti, deb ta’kidlaydi ustozlarimiz. Shunday ekan, tahrir jarayonida muallifning uslubini saqlab qolishga harakat qilish kerak. Bu haqida fikr yuritganda kitobning “Uslub va adabiy tahrir” qismiga murojaat qilishiniz mumkin. 

Shu o‘rinda mazkur kitob nomi bilan bog‘liq kichkina mulohazamizni bildirsak.

Muallif kitobni aslida “Tahrir mantiqi” deb nomlagan. O‘zbek tili qoidalariga ko‘ra, “oziq”, “qoziq”, “mantiq” singari otlarga uchinchi shaxs egalik qo‘shimchasi (-i) qo‘shilganda, oxirgi harf, ya’ni “q” “g‘” ga aylanadi. “Yaxshi so‘z — jon ozig‘i, yomon so‘z — bosh qozig‘i” maqolidagi “ozig‘i” va “qozig‘i” so‘zlari bunga misol. Shu qoidadan kelib chiqib xulosa qilsak, “Tahrir mantiqi” emas, “Tahrir mantig‘i” bo‘lishi kerak (edi). (Maqolamizda kitob nomining to‘g‘ri shaklini ishlatganimizni muallif ham, o‘quvchilarimiz ham  to‘g‘ri tushunadilar, degan umiddamiz). 

Qalam ahli uchun tahrir san’atini bilish muhim. O‘ylaymizki, “Tahrir mantig‘i” bu masalada sizga yordam beradi.

 

Shohsanam KOMILOVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 14 =