ONAM DERMAN
JaK: — Manavi baqaloqqa qarang. Kindigini ko‘rsatib qiyshanglashini qarang… O‘tgan payshanba kuni avtobusda ko‘rib qoldim. Molday ichgan. Haydovchining radiosidan “Lazgi” jaranglab qolgan edi, baqaloqbegim begemotga o‘xshab lapanglab ketdilar-ey!.. Bo‘ldi kulgi!
Esh: — Raqqos ekanlar-da?
JaK: — Raqqos bo‘lmay ketsin. Begemot!
Esh: — Boshiga do‘ppi qo‘ndirib olganiga o‘laymi! Ko‘rinib turibdi: soch-soqoli patakka o‘xshaydi, qorin deganing — bo‘g‘oz sigirniki. O‘l-a! Shuncha odamning oldida ishtoning tizzangga tushib ketsa nima qilasan!
JaK: — O‘zing ellikni urib qo‘ygan bo‘lsang. Xotin, bola-chaqang, mahalla-ko‘ying bordir, galvars! Ichibsan, pista qilibgina-a yotmaysanmi, uyingda! “Lazgi”niyam harom qildi, to‘nka!
Sher: — Bu mamlakatda ichib ham, ko‘chib ham bo‘lmaydi.
Esh: — O‘-o‘v! Mamlakatga til tekkizma! Xo‘pmi? O‘zing kimsan? Bizdan nima yomonlik ko‘rding?.. Ayt!
JaK: — Ishi yurishmagan alamzadalardan bo‘lsa kerak.
Sher: — Hammaning ishi menikiday yurishsin!
Esh: — Unda nimaga “ichib ham, ko‘chib ham” deysan? Qaysi kovaklarda jannat qidirib yuribsan?
JaK: — Gapir!
Sher: — Kim bo‘lardim. Odamman. Bashar farzandi, janob “prokuror”.
Jak: — E-e, shAirga o‘xshaydimi bu – “bashar farzandi”. Og‘ziga o‘afur o‘ulom tupurganmi deyman. Bo‘ladigan gapdan gapiring, aka Sher!
Shon: — Tillaring shu darajada g‘arib, shu darajada qashshoqki, sal adabiyroq so‘z eshitsanglar, shaytonlab qolasilar!..
Esh: — Obbo! Bu kishim endi kim bo‘ldilar? Axtun-axtun! Otiga qaraganda — irlandiyalik. Yo zanjimisiz, Shon aka? Ha-ha-a!
JaK: — Yo‘q. “Shon” — laqabi.
Shon: — Birovga laqab ilishdan Xudo asrasin. Ismim. Ota-onam qo‘ygan. Zanji emas, panjiman. Beshinchi farzand.
JaK: — Qaysi muzofotda umrguzaronlik qiladilar, Shon aka?
Shon: — Bostonda.
JaK: — Vey, Esh! Qarasang-chi, o‘rtoq? Bu dono Jizzaxdagi Bo‘ston qishlog‘i bilan Amriqoning Boston shahrining farqiga bormasa… Mengina nima qilay? Ayt, nima qilay?..
Esh: — Hiringlama! “Chidagin, bolam-a, chidagin”. (Usmon Azim).
JaK: — Tilingni hakka cho‘qimasin sening!..
Shon: — Sirka masalasi chatoqroq, shekilli… Suv ko‘tarmaydi.
Esh: — Uzr! Peshin bo‘p qopti. Men ketdim! Jumaga kech qolaman…
Sher: — O‘risning arog‘ini yaponning sakesiga aralashtirib ichsangu, Vladivostokning sho‘r balig‘ini gazak qilsang, tilingni hakka narida tursin, mushgir ham cho‘qiy olmaydi. Sirka deydi-ya!
JaK: — Ana, xolos. Uzr, o‘rtoq. Men seni Ach-chavotdan yozyapsan deb o‘ylabman. Vladi+Vostokda nima qilib yuribsan?
Sher: — Rizq-nasiba. Kranchiman. Konteyner tushiraman. Yuklayman. Kemalarga.
JaK: — Ancha bo‘ldimi? Haligi… ketganingga.
Sher: — Ikki yilu yetti oy. 11 kun, uch yarim soat.
Jak: — Bechoragina. Kun sanab o‘tiribsanmi?
Sher: — O‘tiribmiz! Uch o‘g‘lon.
JaK: — Qiyin ekan.
Sher: — Ish-ku pisand emas. Oyligi ham binoyigina. Sog‘inch yomon. Kecha do‘ppidekkina osh qildik. Devziradan. Ozginadan otdik. Jo‘r bo‘lib ashula ham aytdik. “Bu olamda ulug‘ zot kim desang, doim onam derman…” Eshitganmisan?
Jak: — Hayotim ustuni sinmas,
Madadkorim onam derman.
Sher: — …bir payt eshik qattiq taqillab qolsami. Ochsam, qo‘shni chol. Rang-quti uchgan. Titrab-qaqshab turibdi. “Chego tak oryote?”deydi. “Ashula aytyapmiz, — dedim. — Kiring. Palov bor”. Ensasini qashlab turdi-da. Eshikni yopdi. So‘ng bir pasdan keyin bir shisha aroq ko‘tarib chiqdi. Yana oz-ozdan oldik. “Chol nima haqida ashula aytyapsizlar? Buncha mungli?” — deb so‘radi. Uchalamiz ham birdan yerga qaradik. Ko‘zlarimiz jiqqa yoshga to‘ldi. “Vatan haqida, — dedim men. — O‘zbekiston haqida!”
JaK: — Uzr, o‘rtoq! Bilmasdan…
Sher: — Mayli. Qo‘yaver… Musofir bo‘lmasdan, musulmon bo‘lmas… Shon bilan gurungimiz uzilib qoldi-ku. Endi Siz Amriqodan oling, Shon aka.
Shon: — Men bu yonda o‘qishdaman. Amriqoliklarga paxta ekishni o‘rgatyapman.
JaK: — Voy, tavbangdan keta-ay, Shon! Ismingga qarasam, irlandga o‘xshaysan, tilingga qarasam — o‘zbekka,…
Sher: — …paxtangga qarasam — amriqolikka, yurtingga qarasam — yahudiyga…
JaK: — Kimsan o‘zi, Osh+Na?
Shon: — Sabri yo‘qning — iymoni yo‘q.
JaK: — Uh-h! Bunaqa aqlli gaplarni qaerdan olishadi, bular-a. Qancha kutaylik? Ayt-qo‘y-da: kimsan? Amri ma’rufning fursatimi hozir.
Sher: — Gap deganing Amriqoda dehqonchilik bo‘lsa kerak-da.
Sevinch: — Yoo-om-mon maydalashdinglar-ey!
JaK: — Amriqolik mulla kamlik qiluvdi. Bunisi yaponiyalik otinoyiga o‘xshaydimi, Sher? Nikoh o‘qishni bilsang, o‘rtoq, ikkalasining boshginasini qovushtirib qo‘y. Iltimos!
Sher: — Bilmayman-da. Lekin boya aytdim-ku, xirgoyini qotiraman. “Yorima o‘xshaydi, ovozing saning!”
JaK: — Zo‘rsan-u! Konservatoriyani tugatganmisan?
Sher: — Qaydam…
Sevinch: — Yigitlar! Anavi video lavhani forumdan olib tashlanglar. Iltimos!
JaK:— Innankeyin-chi?
Sevinch: — Hazrat Rumiy aytganlarki, birovning xatosini yashirishda kecha bo‘l. Gunohga botmaylik!
Sher: — Kecha? “Gunohlardan eng og‘ir gunoh — kechasi ayolni yolg‘iz qoldirmoq”.
JaK: — Diqqat! Mamlakatimiz poytaxti Toshkentda kun endi qiyomga kelmoqda. Tungacha hali a-ancha bo-or!
Sevinch: — Bizda tong otay deb qoldi.
JaK: — Nima-a? Rostan ham hozir Japandamisiz?
Sevinch: — Yo‘q. San-Paulodaman. Soat — 04:45.
Shon: — Bizda sal ertaroq. Yana ikki soatu o‘n besh minutdan keyin madhiyamiz yangraydi.
JaK: — …va siz “O, sa-ay” – “Qani ayt” deb o‘rningizdan turasiz…
Shon: — Adashdingiz, inim, adashdingiz!
JaK: — Nega? A-qe-she-ing madhiyasi shunday boshlanmaydimi?
Shon: — Amerikani qo‘ying. O‘zimizning madhiyamiz: “Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot” deb boshlanadi. Bobom hammamizning telefonimizga O‘zimizning Madhiyamizni gudok o‘rnida yozdirib qo‘ygan. Uch o‘g‘il, uch qiz, o‘n ikki nevara. Hammasiga!
JaK: — Balli! Bobongga balli, oshna! Ey, o‘zbekning, O‘zbekistonning bobolari, bolalari! Shonning bobosidan ibrat olinglar, Shonning!
Shon: — Rahmat, JaK! Keling, do‘stlar, tanishaylik. Men –Shonazar Egamberdiev. Chiroqchilikman.
JaK: — Voy-voy! o‘irt o‘zbekcha, qishloqcha ism ekan-ku. Qoyil, Shon!
Sher: — Qishloqcha ham emas. Qip-qizil jonqovulcha!
Shon: — Ajablanarlisi, inglizcha “Shon”ning ham, o‘zbekcha “ShoNazar”ning ham ma’nosi bir xil: Yaratganning marhamati.
JaK: — Hech ajablanarli joyi yo‘q. Sohibqiron bobomiz Ovrupaga qarab ot surganlarida lashkarlaridan birortasiga ingliz xonimlarning ko‘ngli sust ketgan bo‘lsa ketgandir-da. To‘g‘rimi, Sevinch!
Sevinch: — Balki!.. San-Pauloda qaysi kafega kirsangiz, Umar Xayyomning ruboyilariga duch kelasiz. Devori to‘la she’r: “May ichsang, bir aqli dono bilan ich…” Ispancha, inglizcha, frantsuzcha…
Sher: — Yoniga o‘zbekchasini ham qo‘shib qo‘yish kerak.
JaK: — Aslo! O‘zbek bo‘lsang, bo‘zadan ham, ko‘zadan ham qoch! Baqaloq begimning holiga tushma.
Shon: — Amerikada ham ko‘p bunaqa mayxonalar… Tanishmadik-ku?
JaK: — Men — Jamshid Keldiyorov.
Sher: — Men — Sherali Hamidov.
Sevinch: — Sevinch Samadova. She’r yozasizmi, Sherali?
JaK: — Braziliyaga Sizni qanday shamollar uchirdi, singiljon? Sahifangizda rasmingiz ham yo‘q ekan…
Sevinch: — O‘zbek jang san’ati. Jahon chempionati.
Sher: — Ha, ba’zan she’r mashq qilib turaman. O‘zingiz san’atshunosmisiz, Sevinch?
JaK: — Ob-bo, xudo bexabar-ey! Jang san’atiniyam bilmaydi-ya. Hazir bo‘l, Sher. Qizgina bir turtib, belingni sindirib qo‘ymasin, tag‘in!
Sevinch: — Qo‘ysangiz-a!.. Kecha oltin medal olishimizga bir bahyagina qoldi.
Sher: — Qizg‘ana boshladilarmi, deyman, JaK aka?
JaK: — “Qilurman rashk o‘zimdan ham!..” Tabriklaymiz! Qutlaymiz, Sevinch! Kumushi ham teshib chiqmaydi. Kumushga ham yetganlar bor, yetmaganlar bor. Uyqungizning qochgani shundan ekan-da! Qaytishingizda o‘zimiz kutib olamiz!
Sevinch: — Rahmat! Lekin, oldin anavi videoni olib tashlang. Iltimos! Manglayiqora bir ichsa-ichibdi-da.
JaK: —“Lazgi”ni harom qilgani-chi?
Sevinch: — Qo‘ysangiz-a! Ochig‘ini aytsam, o‘sha baqaloq — qarindoshimiz. Rassom. Polotnasi xalqaro ko‘rgazmada oltin medal olgan ekan. Yigirma yil jonini berib chizgan kartinasi! O‘shani “yuvgan”, manglayi qora…
JaK: — Tavba! Men biror betayin piyonistami, deb o‘ylabman. Uzr! Bu yoqda Siz kumush medalni ko‘z-ko‘z qilib turibsiz!.. Qoyil! Xo‘p, olib tashlaganim bo‘lsin!.. Faqat bir shart: Braziliyadan qaytishingizda aeroportga gul ko‘tarib chiqaman. Maylimi?
Sevinch: — Mayli-ku… Lekin, nesha etib shiqasiz! Yanimda shalim bilan kumush medal olgan nevaram bo‘ladi-ku… Gerakmeydi.
Jonqobil JUMA