BUGUNGI O‘SMIR ERTAGA KIM BO‘LADI?
Bu savol o‘zini farzand tarbiyasiga, uning kamoliga mas’ul deb bilgan har bir ota-onani chuqur o‘ylantirishi tabiiy. O‘zbek oilasida bola dunyoga kelsa, avvalo, unga go‘zal ism qo‘yiladi, beshikka belanib, momolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan dilga xush yoquvchi allalar aytiladi. Qarabsizki, bola go‘daklik chog‘idan ma’naviyatimizning boqiy chashmalaridan bahramand bo‘lib ulg‘ayadi. Bunday betakror va umrboqiy an’analarimizning farzand tarbiyasidagi o‘rni beqiyos ekanligiga shak-shubha bo‘lishi mumkin emas.
Biroq ayrim oilalarda farzand tarbiyasiga yetarlicha e’tibor berilmayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Kelajagimiz egalarining taqdiriga e’tiborsizlik tufayli ayrim oilalarda gohida ko‘ngilsiz voqealar sodir bo‘lib turgani ham bor gap. Bir misol keltirsam. Poytaxtimizning Chilonzor tumanida mo‘’jazgina bir kompyuterxona bor. Bu yer doimo bolalar, o‘smirlar va yoshlar bilan gavjum. U yerdan kechki soat o‘n-o‘n birlarda o‘tib qolsangiz, bir-birini beparda so‘zlar bilan ayovsiz haqoratlayotgan maktab yo kollej o‘quvchilarining shovqinini eshitasiz.
Yaqinda kechki sakkizlar chamasi ana shu kompyuterxona yonidan o‘tib borayotsam, ikkinchi yo uchinchi sinfda o‘qiydigan bir bolakay yopgan nonni tishlagancha o‘sha yerga chopqillab kirib ketdi. Hoynahoy, bu uning kechki ovqati bo‘lsa kerak, degan xayolga bordim. Yog‘ingarchilik bo‘lgani uchun havo ancha sovuq, bolaning esa ust-boshi yupun edi.
Ish tartibiga muvofiq, 21:00 da yopilishi shart bo‘lgan bu maskan negadir yarim tungacha ishlayveradi. Undagi mijozlar kompyuterdagi har xil o‘yinlarga azbaroyi berilib ketib, bir-birini mazah qiladi, ba’zan atrofga shovqin-suron soladi. Tashqaridan o‘tib borayotgan yo‘lovchilarning esa parvoyifalak. Eng qizig‘i, ana shu zaldan 200 metrcha nariroqda militsiya tayanch punkti bor. Ular ham, mahalla posbonlari ham o‘sha yerdan kunda-kunora o‘tib-qaytishsa-da, hadeganda tartib o‘rnatilmaydi.
Bu ham mayli. Lekin o‘z farzandining tarbiyasi, yurish-turishi bilan qiziqmay qo‘ygan, allamahalda kompyuterxonada o‘tirgan bolasining taqdiridan xavotirga tushmayotgan ota-onani qanday tushunish mumkin? Bola bu vaqtda dars qilishi yoki kitob mutolaasi bilan shug‘ullanishi, televizorda biron foydali ko‘rsatuvni ko‘rishi ming marta yaxshi emasmi?
Kompyuterxona joylashgan hududdagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga mana shu savollarni bermoqchi bo‘lib borgandim, kotibami yo maslahatchimikin, bilmadim, undan “Bizda voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan komissiyaning o‘zi yo‘q. Tekinga mushuk ham oftobga chiqmaydi-ku” degan antiqa javobni oldim.
Taajjub, meni qiziqtirgan savolga mushukning nima aloqasi bor ekan? Yoki u kamina yuqorida misol qilib keltirgan bemahalda non tishlab yurgan bola o‘zining farzandi, qarindoshi yo qo‘shnisi emasligiga kafolat bera olarmikan? Boshqacha aytganda, MFYda ishlaydigan xodimning bu savolga kaltabinlarcha javob berishga haqqi bormi o‘zi? Mahalla raisi-chi? Bunday holatlar bilan qiziqib ko‘rishi kerak emasmi? Yoki profilaktika noziri-chi? Qachongacha janjal oqibatida biron noxushlik sodir bo‘lishini kutib o‘tirish kerak?
E’tibor bergan bo‘lsangiz, ushbu maqolani yozish jarayonida voqealar kechayotgan mahalla yoki aholi punktlari manzilini ko‘rsatmadik. Chunki bu kabi munosabatlar barcha mahallalarga xos.
Vazirlar Mahkamasining 2013 yilda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida fuqarolar yig‘inining voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha komissiyasi to‘g‘risida alohida band bor. Unda har bir fuqarolar yig‘ini qoshida tashkil etilishi shart bo‘lgan komissiyaning maqsad-vazifalari, majburiyatlari aniq ko‘rsatilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2010 yil 30 sentyabrda qabul qilingan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunida voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasini amalga oshirish bilan bog‘liq moddalar belgilab qo‘yilgan. Demak, shunday ekan, qandaydir bahonalarga o‘rin yo‘q.
Nima uchun bu haqda qayg‘urayapmiz?
Bu bejiz emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2016 yilda jinoyat sodir etgan yoshlarning 62,2 foizi aynan bo‘sh vaqtini ko‘chada o‘tkazishi oqibatida qonun oldida javob berishlariga to‘g‘ri kelgan. Voyaga yetmagan farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaydigan ota-onalar, mahallalar ko‘p bo‘lganida, raqamlar bunchalik yuqori bo‘lmasdi. Yoki hali hayotda o‘rnini topib ulgurmagan qancha yoshlarning peshonasiga “sudlangan” degan tamg‘a muhrlanmagan bo‘lardi.
Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan bezorilikka oid bir ish ko‘rib chiqildi. Ushbu jinoyat ishi bilan tanishish chog‘ida ma’lum bo‘ldiki, Nodir (ismlar o‘zgartirilgan) ismli maktab o‘quvchisi kasb-hunar kollejida o‘qiydigan Mansurni kaltaklab, unga qattiq tan jarohati yetkazgan. Sababi, Mansur Nodirning opasini internetdagi “Telegram” tarmog‘i orqali haqorat qilgan. Bunga chiday olmagan uka kechalari to‘yxonalarda operatorlik qiladigan Mansurni izlab topib, opasidan kechirim so‘rashni talab qilgan. Qarangki, so‘kong‘ichda ham oriyat bor ekan, qiz bolaga bo‘yin egishni istamagan. Ana to‘polonu, mana to‘polon. Kamiga guvohlar ham qo‘shilib, Mansurni o‘rtaga olib rosa do‘pposlashgan.
Sud jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan Nodirga nisbatan bir yil ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi. Endi u tungi 22:00 dan tonggi 6:00 ga qadar uydan ko‘chaga chiqolmaydi. Muayyan joylarga – kafe, bar, restoran va choyxonalarga borolmaydi. Mamlakatimiz hududidan tashqariga chiqmaydi. Qonunbuzarni nazorat qilish tuman ichki ishlar bo‘limiga va jamoat tarbiyachisi etib tayinlangan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi zimmasiga yuklatildi.
Shu o‘rinda tabiiy savollar tug‘iladi: avvalo, bunday noxush voqeaga sharoit yaratib bergan qiz telefonida “Telegram” tarmog‘ini nima maqsadda ochgan? U telefoniga yuborilgan beparda so‘zlarni nega onasiga emas, ukasiga ko‘rsatgan? Ona bilan qiz o‘rtasida ishonch rishtalari uzilganmi?
Atoqli adibimiz Tohir Malik aytmoqchi, “Qaysi maktabda yoki mahallada, yoki uyda zerikish kasali mavjud bo‘lsa, o‘sha yerda o‘g‘richalarning, yolg‘onchilarning, zulm sari og‘ayotgan o‘zga shumliklarning tug‘ilishini kutmoq kerak”.
Darhaqiqat, agar bolada zerikish paydo bo‘lsa, uning xulq-atvorida g‘ayritabiiy o‘zgarishlar yuz beradi. Masalan, hech narsani xushlamaydigan bo‘lib qoladi. Kitob o‘qigisi kelmaydi, teatr, muzeylar haqida gapirsangiz, yuragi siqiladi. Buning o‘rniga uch-to‘rtta o‘rtog‘i bilan kechalari kompyuterxonada o‘tirib olib har xil o‘yinlar o‘ynashni, ko‘cha sang‘ishni afzal biladi. Qarabsizki, o‘smir bolalar orasida beboshliklar, bezoriliklar, jinoyatlar yuzaga keladi.
Nima uchun shunday?
Kuzatgan bo‘lsangiz, bunday bolalar ulg‘ayayotgan oilaning o‘zida muhit izdan chiqqan bo‘ladi. Ota-ona faqat tirikchilik g‘amida, farzandining o‘qishi bilan esa zarracha ishi yo‘q. Yoki bo‘lmasa, er-xotin o‘rtasida har kuni janjal, bolaning bir daqiqa ham uyda o‘tirgisi kelmaydi. Albatta, bunday paytda o‘yinqaroqlik bolani tashvishdan qutqaruvchi eng yaxshi choraga aylanadi.
Qimmatbaho kitoblar sotib olib bergan bilan farzandlarimiz o‘qimasa, bundan ne foyda? Avvalo, “o‘qishga vaqtim bormi?” deganga o‘xshash gaplarni dastak qilib olgan ota-onalarning o‘zlari kitob o‘qimasa, bolasini ham shunga da’vat qilmasa, muammoni bartaraf etib bo‘lmas. Bu toifadagi ota-onalar kunda-kunora to‘y-hashamlarga, choyxona va oshxo‘rliklarga, qo‘shnilar bilan soatlab g‘iybatlashishga, xorij seriallarini tomosha qilishga vaqt topishadi. Lekin farzand uchun ajratilgan kundalik lahzalar kelajakda yillarga tatigulik quvonchli va baxtli voqealarga aylanishini anglab yetishmaydi.
Shukrki, mamlakatimizda yosh avlod uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Buning natijasida ko‘plab o‘g‘il-qizlarimiz fan-ta’lim, madaniyat va sport sohalarida yuksak cho‘qqilarga erishmoqda. Bu nafaqat bir oilaning, balki butun xalqimizning yutug‘i, faxridir. Bas, shunday bo‘lgach, hech birimizning farzand tarbiyasiga befarq bo‘lishga aslo haqqimiz yo‘q.
Go‘zal MALIKOVA,
“Hurriyat” muxbiri