«ILIK UZILDI»NING SHIFOBAXSH TAOMLARI
Bahor kelishi bilan kunlar isiy boshlab, ba’zida bir kecha-kunduz yilning to‘rt faslini eslatadi. Ob-havoning bunday o‘zgarishi sog‘lom odamga ham ta’sir qilib, organizmda immun holatining pasayishi, vitaminlar va mikroelementlar tanqisligiga sabab bo‘ladi. Bunday fasliy charchash, holsizlanish, toliqish va ayrim kasalliklarning avj olishi dono xalqimiz orasida: «ilik uzilish davri» degan ibora bilan ta’riflanadi.
Bahor faslida yurak-qon tomir, nafas, hazm a’zolari kasalliklari va boshqa xastaliklar avj oladi, chunki o‘zgaruvchan ob-havo ta’sirida qon bosimi keskin o‘zgaradi, yurak faoliyati moslashish qobiliyati kamayadi. Shuningdek, modda almashinuvi jarayoni me’yorida kechishi uchun zarur vitaminlar, minerallar, aminokislotalar, mikroelementlar yetishmaydi. Bu yetishmovchiliklarni bahorgi ne’matlar bilan sog‘lom ovqatlanish tamoyillari asosida bartaraf etish mumkin. Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino, bahor – inson umrining shifobaxsh fasli, deb bejiz aytmagan va yuqoridagi fasliy o‘zgarishlarni yengish uchun bahorda turli xil don, ko‘kat, giyohlar, meva va sabzavotlar hamda ulardan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilishni tavsiya etgan. Chunki ularning tarkibida tana faoliyati uchun foydali vitaminlar, oqsil, efir moylari, temir, fosfor, kaltsiy kabi elementlar va boshqa biologik faol moddalar mavjud.
Avitaminoz (organizmda vitaminlar yetishmovchiligi) sababli ba’zan bahorda mushaklar tarangligi susayib, kishida behollik, ruhiy toliqish, tushkunlik, loqaydlik kuzatiladi. Bu holatlarni yengishda bizga ko‘klam ne’matlari — jag‘-jag‘, ismaloq, yalpiz, momaqaymoq (qoqigul), otquloq, hilol, mador, ko‘kpiyoz, shovul kabi shifobaxsh ko‘katlar yaxshi foyda beradi. Ulardan ko‘k somsa, manti, chuchvara, xonim, qatiqli taomlar hamda halim va sumalakni iste’mol qilish nihoyatda foydalidir.
Xalq tabobatida jag‘-jag‘ qon to‘xtatuvchi va qon bosimini tushiruvchi omil sifatida qo‘llanilgan. Uni chayon chaqqan joyga ezib bog‘laydilar hamda o‘simlikning yer ustki qismini qaynatib, bod, suyak og‘rig‘ida bug‘laydilar. Jag‘-jag‘ o‘z tarkibida organik kislotalar, xolin, atsetilxolin, oshlovchi moddalar, tiramin kabi manbalar, S, K, vitaminlari, inozit, karotin, saponinlar, zarra singari ma’danlar majmuasini saqlashi aniqlangan.
Yalpizning shifobaxshligini Abu Ali ibn Sino quyidagicha ta’riflaydi: «Bir necha kungacha uni yeb, ketidan suzma zardobi ichib turilsa, venalarni kengaytiradi. Yalpizda efir moylari, organik kislotalar, flavonoidlar, vitamin S, karotin, ramnoza, glyukoza, rutin, mineral tuz va boshqa moddalar mavjud.
Cumalak taomini tayorlash xalqimiz tomonidan an’anaga aylangan va Navro‘zi olam bayrami bilan bog‘langan bo‘lib, unda inson a’zolariga osonlik bilan singiydigan, qon va limfa suyuqliklariga so‘riladigan hayotbaxsh ozuqalar mavjud. Qayd etish kerakki, bug‘doy 1936 yilda Emerson va Evans ismli nemis olimlari tadqiq etilib, unda «tokoferol» nomi bilan yuritiluvchi Ye vitamini mavjudligini aniqlashgan. Bu vitaminlar ayollarda homilaning rivojlanishini ta’minlaydi. Erkaklarda jismoniy baquvvatlikni oshiradi. Tokoferol odamning gipofiz hamda buyrak usti bezlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, a’zolarda oqsil, karbon suvlar hamda yog‘lar almashinuvida, nukleoproteidlar sintezida qatnashadi. Sumalak quvvatbaxsh bo‘lish bilan birga xafaqon xastaligiga ham shifodir. U qon tarkibini yaxshilaydi, uni suyultiradi.
Go‘ja oshi. Uni hududlarda turlicha tayyorlaydi. Go‘ja osh juda to‘yimli, insonga quvvat bag‘ishlashda jenshen va sumalakdan keyin turadi hamda uni tayyorlash uchun ota-bobolarimiz haftalab tayyorgarlik ko‘rishadi. Turshak, no‘xat, loviya, bug‘doy, arpa, jo‘xori, moshdan tayyorlangan ushbu taom xalqqa barobar tarqatiladi. Ota-bobolarimiz: «Omonlik, somonlik, hech ko‘rmaylik yomonlik», deya taom yeyishni boshlab beradilar. Haqiqatan ham go‘ja oshini yegan odam yil bo‘yi bardam yuradi. Go‘ja oshi tarkibidagi dukkaklilar oqsil, aminokislotalar, vitaminlar tutsa, jo‘xori esa lipotrop moddalarga, bug‘doy, arpa esa biofaol moddalarga boy bo‘lib, ular shifobaxsh xususiyatga egadir.
Halim. Halimni tayyorlashdan maqsad, qishdan horib-tolib chiqqan kishi tanasida vujudga keladigan ozuqaviy moddalarni tiklashdan iborat bo‘lib, uni tayyorlashda qo‘llaniladigan mahsulotlar bug‘doy, yog‘, go‘sht hisoblanib, ular oqsil va aminokislotalarga juda boydir. Olimlarning ta’kidlashicha, oqsil inson organizmida «gavda g‘ishtlari» vazifasini bajaradi. Bug‘doy tarkibidagi makro va mikro elementlar, go‘shtdagi aminokislotalar va oqsillar organizmning kasalliklarga kurashishda immun qobiliyatini oshiradi. Xalq tabobatida halim tarkibidagi ekstraktiv moddalar me’da-ichak faoliyatini yaxshilashi, markaziy asab tizimiga ijobiy ta’sir qilishi, miya, yurak harakatini faollashtirishga yordam berishi isbotlangan. Bahorgi yangi ko‘katlar, sabzavotlardan tayorlangan taomlar shifobaxsh xususiyatiga ega va inson salomatligini saqlashda ahamiyatli. Piyozdoshlar oilasiga mansub ko‘kpiyoz oqsil, pektin, organik kislotalar, A, V1, V2, S, Ye vitaminlari, folat kislotasi, kaliy, kaltsiy, magniy, fosfor, temir, kobalt, marganets, rux kabi oziq moddalarga boy. Ko‘kpiyoz yanada foydali hisoblanadi. Frantsiyalik olimlarning olib borgan tadqiqotlari ko‘kpiyoz va sarimsoqpiyoz tarkibidagi biologik faol moddalar ko‘krak saratoni xavfini kamaytirishini ko‘rsatgan. Shuningdek, ko‘kpiyoz bosh miya hujayralarini zararli illatlardan tozalaydi. Tarkibidagi biologik moddalar organizmga tez singib qonga tushgach, xotira va hissiyotlarni boshqaradigan markazlar ishini tezlashtiradi. Xotirani mustahkamlash uchun tushlik va kechki ovqat paytida bir piyola qaymoq bilan aralashtirib ikki bo‘lak qora non iste’mol qilish foydali hisoblanadi. Salat bargi ham tarkibida qand moddasi, yengil hazm bo‘ladigan oqsillar, kaliy, kaltsiy, magniy, fosfor, A, V1, V2, V6, Ye, S, RR, R, K vitaminlarni tutuvchi ko‘katlardan biri. Nonushtada 1-2 dona salat bargini non va pishloq bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi. Salat bargi ovqatning tez hazm bo‘lishiga yordam beradi, asab tizimini tinchlantiradi.
Ravoch iste’moli me’da-ichak, jigar va boshqa a’zolarni sog‘lomlashtiradi, qusishni to‘xtadi, ko‘ngil aynishining oldini oladi, qon bosimini me’yorlashtiradi. Tarkibida kaliy tuzi ko‘p bo‘lgani uchun ham bargbandi yurak faoliyatini yaxshilashga hamda organizmdagi suv-tuz almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xuddi shunday ismaloq barglari gastrit, enterokolit bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya qilinadi. Ichi yaxshi yurishmagan va qorin dam bo‘lgan paytlarda 10 gramm ismaloq bargini bir litr suvda qaynatib, vaqti-vaqti bilan ichib turilsa, ichaklar faoliyatini yaxshilab, dam bo‘lishni yo‘qotadi.
Bahorgi shifobaxsh sabzavotlardan biri bo‘lgan sabzida 10-12 foiz qand, 9,2 foiz uglevodlar, 1,1 foiz azotli moddalar va S, V, V2, RR vitaminlari, 9,0 (20-25 gacha) mg karotin bor.
Undan yurak, qon-tomir, jigar kasalliklarini va yo‘talni davolashda keng foydalanilgan. Bugungi kunda sabzi kamqonlik, me’da-ichak yo‘llari, yog‘ bosgan organizm, buyrak kasalliklari va boshqa qator illatlarni davolashda muolajaviy ovqatlanish tarkibida asosiy o‘rinlardan birini egallaydi.
Sabzi karotin moddasiga juda boy bo‘lgan sabzavotdir. Organizmni bu modda zapasi bilan 2 kunga yetarli ta’minlash uchun o‘rtacha kattalikdagi bitta sabzini iste’mol qilish yetarli bo‘ladi. Xom sabzini iste’mol qilish soch va tirnoqlarning sinuvchanligida, ko‘rish qobiliyati pasayganda juda foydali. U organizmning kasalliklardan himoyalanish kuchini ko‘paytiradi, yuqumli kasalliklardan muhofaza qiladi.
Karam inson salomatligi uchun juda ham foydali mahsulotdir. Karam tarkibida qandlar, organik kislotalar, vitaminlar (S, R, V, V2, RR, K, Ye) va karotin, pantoten va folat kislotalar, yog‘, fermentlar, fitontsidlar, kaliy, kaltsiy, yod, marganets, temir va boshqa elementlarning tuzlari bor. Bevosita ovqatga ishlatiladi, tuzlanadi va konserva holida iste’mol qilinadi. Karam xalq tabobatida turli kasalliklarni davolashda ishlatiladi, organizmdan xolesterinning chiqib ketishini tezlatadi. Karamda biriktiruvchi modda ko‘p. Unda kaliy, qand, oltingugurt, kaltsiy, fosfor, yog‘lar, laktoza mavjud. Karamdagi ichaklar faoliyatini yaxshilovchi biriktiruvchi moddalar organizmni turli xiltlardan va xolesterindan tozalaydi.
Karam sharbati asab qo‘zg‘alish illatini kamaytiradi, tomirlar aterosklerozini davolashda yordam beradi, ortiqcha vazndan xalos etadi va turli shishlarni ketkazishda yordam beradi. Qondagi qand moddasi miqdorini kamaytirish uchun karam sharbatiga iliq suv qo‘shib, ovqatlanishdan yarim soat oldin chorak stakandan ichiladi. Karam sharbati ichish yuzga toshgan sepkildan forig‘ bo‘lishga sabab bo‘ladi. Sariq kasali bilan og‘riganda, qabziyatda, bavosilda, gastritda, oshqozon shirasi me’yoridan past yurganida, bepushtlikda, disbakteriozda va doimiy charchoq his qilishda karam sharbati ichish tavsiya etiladi.
Yuqoridagi fikrlarimizga xulosa qiladigan bo‘lsak, bahorning shifobaxsh ne’matlari inson salomatligi uchun nihoyatda zarur. Ushbu moddalarni o‘z vaqtida iste’mol qilsakkina har qanday kasallikning oldini olgan bo‘lamiz.
Sherzod ZOKIRXO‘JAEV,
Respublika Dietologiya o‘quv-ilmiy markazi direktori,
Iroda MAHMUDOVA, ordinator