RASHIDOVNING DASTXATI 2
Gupponning savlati boru bilimi o‘ziga yarasha. Ammo, “lagan”likni qoyilmaqom o‘zlashtirgan. Bundan kelajakda ustasi farang bakovul, dasturxonchi chiqadiganga o‘xshaydi…
— Lekin Xudo qo‘llasa bandasi ojiz qolarkan, zo‘rning zarbidan har qanday g‘araz, yomonlikning yo‘li to‘silarkan, — davom etdi Jonpo‘lat Said chehrasi birdan yorishib. — Masalam obkom byurosida ko‘rilishi arafasida oblastdagi bir guruh chorvadorlarga davlat mukofotlarini topshirish uchun Sharof Rashidov kelgan ekanlar. Farishtaday yashagan onaginamning duolari ijobat bo‘ldimi, ruhlari qo‘lladimi, Olloh Sharof akaning ko‘ngillariga soldimi, u kishi tadbir tugagandan so‘ng obkomning birinchi sekretaridan “Jonpo‘lat ko‘rinmadi, qaerda, topinglar”, debdilar. Men ruhan cho‘kib, buyog‘i nima bo‘lishini bilmay uyda o‘tirgandim, Sharof akaning tashriflaridan ham xabarim yo‘q edi. Majid Zuhriddinovich darvozadan chaqirib kelib hoziroq o‘zi bilan birga yurishimni, Sharof Rashidovich yo‘qlayotganini aytdi. Muomalasi butunlay o‘zgargan. Bu gapni eshitib tamoman boshim qotdi. Shunday katta rahbar menga nima deyishi mumkin? “Jonpo‘lat aka, Sharof Rashidovich biz to‘g‘rimizda fikringizni so‘rashlari mumkin, tag‘in yomonlamang, iltimos. Biz partiyaning topshirig‘ini bajaradigan odammiz. O‘tgan gapga—salovat”, deya yaltoqlandi. Es-hushini yo‘qotib qo‘ygan odamday turli xayolga bordim. Har ehtimolga qarshi “Qudratli to‘lqin” romanlarini oldim. Birga mashinaga o‘tirib obkomning dachasiga bordik. Sharof aka dacha yo‘lagida obkomning birinchi sekretari bilan gaplashib turgan ekanlar. Menga ko‘zlari tushgach, bosh irg‘ab yonlariga imladilar va “Ha, shoir, qaerlarda yuribsiz?”, deb ochiq chehra bilan qo‘l berib ko‘rishdilar. Keyin obkomning birinchi sekretariga qarab “Jonpo‘lat yurt nomini uzoq-uzoqlarga taratayotgan, faxrimiz sanalgan katta shoir, bunday qalami o‘tkir ijodkorlar har kuni dunyoga kelavermaydi, bunday iste’dod egalarini ayashimiz, qadrlashimiz kerak”, dedilar. Ochig‘i, shunday ulug‘ insonning mutlaqo kutilmagan bunday munosabati, mehribonligidan hayajon bosib, quvonganimdan ko‘zimga yosh keldi. Bo‘g‘zimga qora bir narsa tiqilganday yig‘lab yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiydim. Sharof aka bilagimdan tutib, dacha yo‘lagida birga biroz yurdilar. “Sharq yulduzi”da chiqqan dostonimni o‘qiganlarini aytdilar, ijodiy rejalarim bilan qiziqdilar. “Kitoblaringiz nashriyotda turib qolgan bo‘lsa, boshqa biror talabingiz bo‘lsa, ayting”, dedilar. O‘zim nolib yuradigan kishini yoqtirmaganim uchun Sharof akaga boshimga yog‘ilgan malomat xususida og‘iz ochmadim. Yo‘qlaganlari, suhbatlashishni lozim topganlari uchun astoydil minnatdorchilik bildirdim. Qo‘limdagi “Qudratli to‘lqin”ga bir qur nigoh tashlab, undagi voqealar, asar qahramonlari xususida fikrimni so‘radilar. Bildirgan mulohazalarimni diqqat bilan eshitdilar. Nihoyatda vaqtlari tig‘iz bo‘lishiga qaramay xorijiy mamlakat hayoti haqida yangi asar ustida ishlayotganlarini aytdilar. “Ijodkordan kelajak avlodga yaxshi asarlari qoladi. Ruhingizni tushirmasdan, ko‘tarinki kayfiyat bilan ijodni davom ettiravering, Jonpo‘lat. Sizdan hali ko‘p xalqchil, elga manzur asarlar kutamiz”, dedilar. Kitoblariga ana shu dasxatni yozib berdilar.
Keyinchalik eshitishimcha, Sharof aka mukofot topshirish marosimida nazarlariga tashlanmaganim sababli tadbirdan so‘ng meni so‘ragan ekanlar. Obkomning birinchi sekretari “xatmi-qur’on” voqeasini aytgan ekan. Sharof aka bu masala qanday, kim tomonidan ko‘tarilganligi bilan qiziqibdilar. Tafsilotni eshitgach, “Bunaqa masalada tashabbuskorlik ko‘rsatish, sallani ol desa, kallani olish kerakmas. Olamdan o‘tgan ota-onamiz ruhini yod etish, shod qilish hammamizning zimmamizdagi qarz. Tiriklarning qo‘lidan o‘tgan avlod-ajdodlarini eslash, qabrini obod etishdan boshqa nima keladi. Millatimizning qancha-qancha peshqadam ziyolilari, iste’dod sohiblari taqdiriga ko‘r-ko‘rona yondashish oqibatida qatag‘on yillarida xalqimiz boshidan kechirgan yo‘qotishlar kammi? Ijodkorlarimizni ayash, qo‘llab-quvvatlash sizu bizning burchimiz. Jonpo‘latning o‘zini ko‘rmoqchiman. Bu yerda qadr topmayotgan bo‘lsa, Toshkentga olib ketamiz”, debdilar. Obkomning birinchi sekretari uzr so‘rab, yo‘l qo‘ygan xatosini tuzatishiga va’da bergan ekan.
Shu tariqa Sharof akaning sharofatlari bilan muhokama ham qolib ketdi. Obkomning birinchi sekretaridan boshlab butun faollarning, “Viloyatchorva” rahbarlarining munosabati bir yuz sakson darajaga o‘zgardi. Ertasi kuni obkomga chaqirib, ishimni davom ettiraverishimni aytdilar. …
— Domlalarimizdan akademik Ibrohim Mo‘minovga ham “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” asari uchun qattiq hujumlar uyushtirilganida Sharof Rashidov himoya qilganini eshitganmiz, — dedi Haqnazar mavzu mavridi kelganligi bois.
— To‘g‘ri, bu gapdan mening ham xabarim bor. Millatimizning teran ildizlarga egaligini ko‘rolmaydigan tarixchilar, siyosatchilar buyuk Amir Temur shaxsini kamsitib, bosqinchi, qonxo‘r sarkarda, shoh sifatida qayd etishgan. Amir Temurning adolatparvarligi, ma’rifatparvarligi, bunyodkorligi, davlatni taraqqiy ettirishdagi buyuk xizmatini baralla aytish, ulug‘ bobokalonimiz shaxsini ilmiy o‘rganish g‘oyasini ilgari surish albatta siyosatga, katta akalarga yoqmasdi. Markazdagi qarshi kuchlar Ibrohim Mo‘minovning qarashlari va xulosalarini qattiq qoralash, shu tariqa o‘zini “sindirish” harakatiga tushganlar. Bunda ham o‘zimizdan chiqqan ayrim hasadgo‘y, shaxsiy adovati bo‘lgan, zarba berish uchun imkoniyat, payt poylab yurgan olimlarning qo‘li bor. Sharof Rashidovich aralashganlaridan so‘ng hammasining dami ichiga tushgan.
— Yaxshiyam, baxtimizga Sharof Rashidovday xalqparvar, senu menga o‘xshaganlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, millatimizga chetdan qilinadigan hamlalarga ko‘ksini qalqon qiladigan ulug‘ insonlar bor. Xullas, gapirsak — gap ko‘p. Sen bola, meni chalg‘itib yubording. O‘tir, o‘qiganlarimni sen ham bir nazar qarab chiq. Xato ko‘zimdan qolgan bo‘lishi mumkin.
Jonpo‘lat Said shunday deb bir dasta she’rlarni Haqnazarga uzatdi va o‘zi yana mashinkalangan nusxalarni o‘qishga tutindi….
Jahongir ISMOILOV