Kattaqo‘rg‘on sahnasida

Teatr – bu tarbiya, ibrat, mo‘’jizalar maskani.

Buyuk ma’rifatparvar adib, alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomizning san’atning o‘lmas turiga nisbatan bildirgan ta’rifu tasniflari hech qachon dolzarbligini yo‘qotmasligi tabiiy.

 

Chunki, sahnalashtirilgan badiiy asarda ko‘tarilgan mavzu tomoshabinni mulohaza yuritishga undaydi, ayrim illatlarning ildizini ochadi, tomoshabin asardagi holatlarni kuzatish asnosida o‘zi, yaqinlari, tanish va notanish insonlarning xatti-harakati, so‘zi va amali, yutug‘i va kamchiliklariga xolis baho beradi, hayotdan to‘g‘ri xulosa chiqaradi. 

Shu bois yurtimizda milliy madaniyatimizning muhim sohasi hisoblanmish teatr san’atini rivojlantirish, mazkur soha faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, iste’dodli, professional kadrlar tayyorlash masalasiga hukumat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Pirovardida respublikamizdagi, shu jumladan, chekka-chekka hududlarimizdagi teatrlarimizning repertuarlari yanada boyimoqda, milliy va umumxalq qadriyatlar tarannum etilayotgan durdona asarlar sahna yuzini ko‘rmoqda.

Qadimdan o‘z an’analariga ega bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on drama teatri ham tomoshabinni o‘ylashga, yovuzlik, jaholat, ilmsizlik va adolatsizlikka qarshi kurashishga qaratilgan asarlarni sahnalashtirib kelmoqda. 

Kezi kelganda ta’kidlash lozim, o‘tgan yili mazkur teatr tashkil topganiga 95 yil to‘ldi. 2016 yil davomida U.Shekspirning “Romeo va Juletta”, U.Azimning “Bir qadam yo‘l”, T.Yunusning “Niso xolaning hisobi”, Sh.Rizaevning “Ona”, T.Malikning “Zaharli tomchilar”, N.Qobulning “To‘da” kabi asarlari asosida o‘nlab spektakllar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Qolaversa, o‘tgan yili teatrning binosida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, yangi ko‘rinish oldi. Natijada teatr binosining old qismi, foyesi, tomosha zali, sahna qismi, isitish tizimlari, sahna qurilmalari, yoritish, ovoz kuchaytirish moslamalari to‘liq yangilandi. Zamonaviy garderob va bufet ishga tushirildi. Bundan tashqari, milliy teatr san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan san’atkorlar mehnati munosib e’tirof etildi. Xususan, teatr artisti Gulbahor Mamedova “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.  

– Xalqimizni, ayniqsa, yosh avlodni o‘zbek va jahon adabiyotining nodir asarlaridan bahramand etish, turli mavzu va janrlardagi spektakllar orqali ular ma’naviyatini boyitishda teatr sohasining ahamiyati katta, – deydi teatr direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Davron Qodirov. – Soha rivojlanishiga qaratilayotgan e’tibordan biz ham bebahra qolmayapmiz. Teatrimiz binosi kapital ta’mirlanishi, jamoamiz mehnati yuksak darajada e’tirof etilganidan behad mamnunmiz. O‘tgan yilgi faoliyatimizni 2017 yilda yanada jonlantirishga harakat qilmoqdamiz. Jumladan, Navro‘z ayyomi arafasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi, yosh dramaturg Sardor Hamroev qalamiga mansub “Oqpadar” asari asosida teatrimizning bosh rejissyori Habib Abdullaev tomonidan sahnalashtirilgan spektakl premerasi bo‘lib o‘tdi. J.Ahmatov, R.Niyozov, T.Xalilov, N.Salimov, U.Tillaev, Q.Rasulov singari yosh aktyorlar jamoasining mohirona ijrosi spektaklning  muvaffaqiyatli chiqishiga sabab bo‘ldi. 

“Oqpadar” spektaklida dunyoning goh u, goh bu chetlarida islom dinini niqob qilib olgan buzg‘unchi oqimlar targ‘ibotchilari hali ongi shakllanmagan yoshlarning fikrini chalg‘itib, o‘z tomonlariga og‘dirib olishlari jarayoni ochiq-oydin ko‘rsatib berilgan. Ular kishi ongi va qalbini egallash, yosh avlod dunyoqarashiga g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish yo‘lida kompyuter, elektron pochta, internet singari zamonaviy vositalardan foydalanishga harakat qiladi. Yoshlar ongiga go‘yoki ular yashayotgan jamiyat “adolatsiz”, “dindan uzoqlashgan” ekanligi chalg‘ituvchi so‘zlar yordamida “singdiriladi”. 

“Oqpadar” spektaklining qahramonlari ana shunday mafkuraviy xurujga nisbatan qanday javob beradi? Ularning asl maqsadini qay tarzda va qachon ilg‘ay oladi? Umuman, yoshlarimiz diniy aqidaparastlarning nayrangiga uchmasligi uchun kattalar nimalarga e’tibor qaratishi lozim? Shu kabi savollar “Oqpadar” spektakli tomoshabinlarini yana bir bor o‘ylantirishi muqarrar.

 

A.MAMASODIQOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 5 =