OLTIN TAXTNI O‘ZIMIZ YARATAMIZ

Rivoyat qilishlaricha, jannatda bir oltin kursi bo‘lib, u eng yaxshi qaynonaga atalgan emish. Biroq, qarangki, odamzod paydo bo‘lgandan buyon bu kursiga munosib qaynona topilmabdi. Hatto Havvo onamiz, payg‘ambarlarning, avliyolarning, solih bandalarning onalari ham bu oltin kursiga ega bo‘lisholmabdi.

 

Imonim komil, bu ko‘hna zaminning qaysi burjida millati, dini, irqidan qat’i nazar yurtga osh berib o‘g‘lini uylantirayotgan, kelin tushirayotgan ona borki, ich-ichidan, Xudo xohlasa o‘sha kursi meniki bo‘ladi, men mehribon qaynona bo‘laman. Kelinim bilan apoq-chapoq yashaymiz, deb niyat qiladi. Niyat yaxshiyu, biroq…

Ha, ana shu biroqda gap ko‘p. Ko‘pdan buyon «Yaxshi qaynona bo‘lish sirlari» degan kitob yozishni dilimga tugib qo‘yganman. Bu haqda dugonalarimga aytsam:

– Baraka topgur, yozing, men ham sizga yordam beraman, dedi biri. 

– Lekin avval «Yaxshi kelin bo‘lish sirlari» degan kitob yozing. Bu kitobni maktabda dars sifatida o‘tishsin, chunki qars ikki qo‘ldan chiqadi, – dedi boshqasi.

Onam rahmatlik, qaynonalar nuqul kelinlaridan shikoyat qilishadi Uchta kelinim bilan yashab bildim, o‘zing yaxshi bo‘lsang, kelin ham yaxshi bo‘lar ekan, degan edilar qaysidir qo‘shninikida bo‘lgan qaynona-kelin mojarosidan chiqqach. – Xatirasi tushmagurga shu tushuntiraman qani murosaga kelsa, faqat o‘zinikini ma’qullaydi-ya.

Biroq nonni katta tishlasang tishla, gapni katta gapirma, deganlari rost ekan. Kenja ukamga kelinni tushirganimizga yarim yil bo‘lmasdan onamning hasratidan chang chiqib qoldi.

– Buving rahmatli qizim, kelinni tushunish Bedilni tushunishdan ham qiyin ekan, deganlarida haq bo‘lgan ekanlar. Shuncha urinsam ham kenja kelinning tilini topolmayapman. Biror narsa yoqmasa, qovog‘ini solib miq etmay yuraveradi. Nimaligini bilgunimcha, dilim xufton bo‘lib ketyapti.

– Ie, oyijon, kelinimiz onasiga o‘xshabdi-da, quda xola hozirgachayam shunaqalar-ku, – dedim.

– To‘g‘ri aytasan, qizim, mashoyixlar bekorga, arqog‘ini ko‘rib bo‘zini ol, onasini ko‘rib qizini ol, demagan ekan. Sara solib qarasam, hamma kelinlarimning fe’li ham onasiga o‘xshaydi. Hechqisi yo‘q, sabr tagi rahmon, kenjam ham insofga kelib qolar, degandilar o‘shanda.

Chindan ham ko‘p o‘tmay kenja kelin ham onamning yo‘rig‘iga tushib ketdi. Ro‘zg‘ordagi hamma ishda onamning ko‘makchisiga aylandi.

– Bolam, xonadoningda uch o‘g‘il voyaga yetyapti. Hademay kelin olasan. Endi senga bir sirni aytaman. Shu sir sabab men mahallada yaxshi qaynona nomini oldim. Qudalarim bilan opa-singilday qadrdon bo‘ldim. Kelin bilan munosabatda hamisha sabrli bo‘l. Darrov izmimga bo‘ysundirib olaman desang, xato qilasan. Yigirma-yigirma bir yil boshqa xonadondagi boshqa bir sharoitda o‘sib, tarbiyalangan qiz darrov sening oilangdagi muhitga moslashib ketolmaydi. Birdaniga sening ko‘nglingdagiday taom pishirolmasligi, shu choqqacha sen ro‘zg‘orda ushlagan tutumni tutolmasligi tabiiy. Ana shunda sen shaytonga hay ber, jahlingni jilovla. Bilmaganini yaxshi gap bilan o‘rgat, kamchiligini kulib turib tushuntir. Uni hech kimga o‘g‘lingga ham dasturxon qilma. Ammo yutug‘ini hammaga to‘lib-toshib maqta. Hosilini keyin ko‘rasan. Yana bir gap, zinhor-bazinhor bir keliningni ikkinchi keliningga yomonlama. Ishidan ko‘ngling to‘lmasa, o‘ziga ayt. Betga aytganning zahri yo‘q. Ammo shu kamchilik haqida u ovsinidan eshitsa, sendan ko‘ngli og‘riydi. Oraga darz tushadi.

– Oyijon, qachon kelsam, kelinlaringizni maqtaysiz. Nahotki sirayam kamchiliklari bo‘lmasa, – so‘radim hayratimni yashirmay.

– Beayb Parvardigor. Mendan keyin keladigan eshigingni qattiq yopma, deymanda, – jilmaydilar oyim. Oradan yillar o‘tdi. O‘g‘illarim bo‘yi yetdi, uylantirdik. Hozir ayni qaynonalik paytimda onajonimning o‘gitlari qo‘l kelyapti…

Hovliga chiqsam, kelinim bir dor kir yuvib, yoyib qo‘yibdi. Lekin yaxshi siqolmabdi, shekilli, chakillab suv oqib turibdi. Avvaliga, nahotki kirni yaxshilab siqish kerakligini onasi o‘rgatmagan bo‘lsa, deb g‘ashlandim. Keyin xayolimga, baraka topgur, tong sahardan turib kir yuvibdi, nonushtaga bo‘tqa, quymoq tayyorlabdi. Hamma yoqni chip-chinni qilib qo‘yibdi. Bilib-bilib ishini qilayotgan, yana davlat ishiga ham ulgurayotgan bo‘lsa, bitta yaxshi kelin bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi-da, degan fikr keldiyu, dordagi ikkita-uchta kirni qaytadan siqib yoydim. Sezdim, kelin buni ko‘rdi. Demak …

Ochiq chehra bilan ishga otlandim. Kichik kelin darvozagacha kuzatib qo‘ydi. Yo‘lda qo‘shnim Zubaydaga uchradim. Men bilan arang so‘rashdi. Qovog‘idan qor yog‘yapti. 

– Qo‘shni, chap tomoningiz bilan turdingizmi, bu nima turish, oching chehrangizni, hammayoqni bulut bosib ketibdi, – dedim.

– Qiziqsiz-a qo‘shni, hozir kuladigan zamonmi? Jizg‘inagim chiqib turibdi-yu, siz kuling deysiz.

– Nima bo‘ldi, kim xafa qildi?

– Kim bo‘lardi, qalamqosh kelinimda. Na tinimi bor, na ishida unumi bor, xuddi biror yoqqa ketayotganday tong sahardan kir yuvibdi.

– Buning nimasi yomon yoki sizning kiyimlaringizni yuvmabdimi?

– Nega yuvmas ekan, lekin yuvmay qo‘li sinsin. Esiz sovun, esiz kukun. Tavba, ikkita bolali ayol kir yuvishni bilmaydi. Yuvgan kirining rangi ochilmaydi, kiyim yoyishni ham bilmaydi.

– Qizishmang, qo‘shni. Bilmasa, nega avvalroq o‘rgatmadingiz. Bir-ikki marta birgalashib yuving, kamchiligini ko‘rsating edi. Shunga shuncha asabiylashish shartmi? Hozir menga gapirayotganingizni eshitib qolsa, keliningiz xafa bo‘ladi. Qolaversa, menga aytganingiz bilan men kiringizni yuvib berarmidim yoki keliningizni yaxshi qilib berarmidim? Bekorga gapingiz ko‘chaga chiqqani qoladi. Nega uyning atrofini devor bilan o‘raymiz. Oila sirlari o‘sha devor ichida qolishi uchun. Qarang, Gulnoraxonning uchta, Hakimaxonning ikkita kelini bor. Biror marta ular sizga yoki menga kelinini yomonladimi? Nima,  yettita nabira, qo‘sh kelinli uyda yaxshi-yomon gap o‘tmaydi deysizmi, o‘tadi albatta. Biroq ular qo‘shniga aytsang qo‘shadi, ovulga aytsang oshadi, degan maqolni yaxshi bilishadi.

– To‘g‘ri aytasiz, uch kun burun Zaynabxonga, kelinim xamir yoyishni bilmaydi, degandim darrov kelinga yetkazibdi. Rosa xijolat bo‘ldim. Mayli, siz ham yo‘ldan qolmang, men ham uyga kiray. Nabiram yig‘lab qolgandir. Onasi oshxonada, eshitmaydi, – Zubayda shoshilib uyga kirib ketdi. Men uning ortidan qarab qolarkanman, ich-ichimdan onamdan mamnun bo‘lib qo‘ydim. To‘g‘ri, ba’zan yaxshi qaynona bo‘lish uchun faqat shirin so‘zning kuchi yetmay qoladigan vaqtlar ham bo‘ladi. Chunki yeb to‘ymas ro‘zg‘orni har doim ham to‘la tutib bo‘lmaydi. Hali u, hali bu kam. Shunday damlarda yo‘qdan yo‘ndirishni eplay olmaydigan kelin bilib-bilmay hasrat qiladi, ba’zan arazlab onasinikiga ketib qoladi. Shu yerda qaynona aybsiz aybdor bo‘lib qoladi. Ro‘zg‘orni to‘ldirishda butun oila mehnat qilishi, tejamkorroq bo‘lishi kerak. Pulni topish emas, uni joy-joyiga sarf qila bilish san’at. Bu san’atni faqat qaynona emas, uy bekasiga aylanib borayotgan kelin ham bilishi kerak. Ba’zan kamchiliklardan ko‘z yumishi, sabrli bo‘lishi, kerak bo‘lsa, gohida turmush o‘rtog‘ini ham bozor-o‘charda, sarf-xarajatlarda ota-onasiga kamarbasta bo‘lishga o‘rgatishi kerak. Axir, topish erdan, tutish xotindan bo‘ladi-da.

O‘ylanib qolaman, gazeta sahifalarida ham, radio yoki teleko‘rsatuvlarda ham qaynona-kelin munosabatlari haqida gap ketdimi, albatta, qaynonaning yomon jihatlari ko‘rsatiladi. Oqibatda turmushga chiqish arafasida turgan qizlar o‘zi sevgan yigitning onasidan ich-ichlaridan qo‘rqib qolishadi, bundan ham battari ular qaynonani umuman yaxshilikni bilmaydigan jodugar deb tasavvur qiladi. Iloji bo‘lsa… Shu o‘rinda meni o‘ylantiradigan, aniqrog‘i, iztirobga solgan ikkita voqea haqida gapirmoqchiman. Farmatsevtika instituti qoshidagi litsey o‘quvchi qizlari «Oila mening tasavvurimda» mavzusida insho yozishgan ekan. Ulardan biri «Men katta, qaynota-qaynonali oilaga kelin bo‘lish, tong saharlab turib, ular xizmatini qilish, xuddi ibtidoiy qabila davridagiday ularga yetti bukilib ta’zim qilish, bir etak bola bilan o‘ralashib qolishni istamayman. Chunki men ham hayotga bir marta kelaman. Ota-onam umid bilan o‘qityapti, o‘z o‘rnimni jamiyatdan topishni istayman. Qolaversa, ayol ham o‘zi uchun yashashga haqli», deb yozibdi.

Zamonaviy bir qo‘shnimizning jiyani bor. Yoshi allaqachon turmushga chiqish paytidan o‘tib qolgan. 

– Nabira, oyday qizsiz, nega turmushga chiqmayapsiz yoki sovchilar kelmayaptimi? – so‘radim bir kuni xolasinikiga mehmonga kelganda.

– Sovchilar ko‘p. Biroq mening “shkalam”ga to‘g‘ri keladigani yo‘q, – jilmaydi u.

– Shkalangizni ayting, shunga qarab harakat qilamiz, – dedim kulib.

– Qiynalib qolmasmikansiz, – deb kuldi u ham so‘ng beparvogina shartlarini aytdi. – Men o‘qigan, baland bo‘yli, kelishgan, o‘ziga to‘q, biroq onasi yo‘q yigitga turmushga chiqmoqchiman.

 Bu gapdan vujudim muzlab ketdi. Qarang, shunday “ketvorgan” yigit o‘z-o‘zidan yetilib qolmaydi-ku. Uni bir mushtipar ona ming bir azobda dunyoga keltirib, yemay yedirib, kiymay kiydirib, o‘qitib odam qilib, endi og‘zi oshga yetganda, bir oyimcha uchun qoldirib, o‘zi u dunyoga ketvorishi kerak ekan-da. Shunchalik ham xudbinlik bo‘ladimi? Hayotda bir marta yashashini o‘ylayotgan yoki boyvachcha yetimga turmushga chiqishni o‘ylayotgan bunday qiz yaxshi rafiqa, yaxshi ona bo‘lishi mumkinmi? Aslo yo‘q. Bunday qizlar tushgan joyini ham, o‘zini ham qiynaydi, gapi ko‘chaga chiqadi, ota-onasini va qaynota-qaynonani ham boshini egadi. 

Tanganing ikki tomoni bo‘lganidek, qaynona-kelin munosabatlarining ham ikki tomoni bor. O‘zlari uchun aziz Inson – ona uchun o‘g‘il, kelin uchun umr yo‘ldoshi bo‘lgan yigitning baxtli, xotirjam bo‘lishini istagan bu ikki ayol bir-birini tushunishi, hurmat qilishi, bir-birining ba’zi kamchiliklaridan ko‘z yuma olishi kerak. Biz ayollarning zuvalamizga sabrdan ham bir chimdim qo‘shilgan. Sabr qilsak, uning ortidan sariq oltin topishimiz aniq. Bugun yaxshi kelin bo‘lib qaynonasi duosini olgan kelin xudo xohlasa, yaxshi qaynona bo‘lib rohat ko‘radi. Ehtimol, oltin kursi egasi bo‘la olmasmiz. Biroq, aziz qaynonalar, sabr bilan xonadonimizdan ikki-uchta yangi oilani shakllantirib jamiyatga qo‘shsak, yurtga nafi tegadigan nabiralarni voyaga yetkazsak, farzandlarimiz xotirjamligini ta’minlab, mahalla-ko‘y oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lsa, shuning o‘zi ulkan baxt, oltin taxt-ku! Shunday emasmi?! 

 

 Muhabbat HAMIDOVA

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + fourteen =