TUNGI MUXBIR REPORTAJI yoxud “ommaviy madaniyat” tomirini oziqlantirayotgan go‘shalar
Yarim tun. Manzilimga tezroq yetib olish uchun taksiga o‘tirdim. Mashinada ikki ayol bor edi. Ularning suhbatini eshitib, “obbo, hazilkashlar-e…”, dedim beixtiyor. Asta-sekin bu hazillar o‘rnini kurakda turmaydigan ehtirosli so‘zlar egalladi. Erkaklardan andisha qilmay aytilayotgan gaplar, og‘zidan anqiyotgan aroq hididan ularning “shaytonlar makoni”(tungi klub)dan qaytayotganini sezish qiyin emas edi.
Chamasi 23:45 da oila bag‘rida, balki shirin uyquda bo‘lish o‘rniga, o‘z sha’niga dog‘ tushirayotgan bu ayollar yarim kechasi tungi klublarda nima qilib yuribdi? O‘zi tungi klublar kimlar uchun? Shu kabi savollar poytaxtimizning ba’zi go‘shalarini kezishga, faoliyatini tonggacha yuritayotgan “podval”larni qidirib topishga, kuzatishga, umuman jurnalistik tekshiruv olib borishga undadi.
Birinchi manzil.
Sport kiyimida bo‘lmasangiz, bas!
24 aprel, soat 23:00 da “shaytonlar makoniga”ga yo‘l oldim. Soat 23:24 da Uchtepa tumani “Cho‘pon ota” mahallasi Lutfiy ko‘chasida joylashgan “Pandora” tungi klubiga yetib keldim. Kirish joyi kuchli nazorat ostiga olinganini eshik yonida turgan barzangi yigitning shijoatidan ham bilsa bo‘ladi. Unga yaqinlasha boshladim. Ichkariga kirmoqchi bo‘lgandim, u yo‘limni to‘sdi:
– Aka, kimning oldiga?
– Hech kimning, bir o‘zim dam olish uchun keldim.
– Sizni ichkariga qo‘yolmayman.
– Nima uchun?
– Egningizdagi kiyim to‘g‘ri kelmaydi. Bunga xo‘jayin ruxsat bermagan, – deya meni ichkariga kirgizmadi. Eh, sport kiyimidaligim shu yerda pand berdi. Kechasi turli ko‘ngilsiz holatlar bo‘lib qolishi mumkinligini hisobga olib, buning ustiga o‘zim uchun qulay kiyim kiygan edim-da.
– Klub soat nechigacha ishlaydi?
– Soat 4:00 ga qadar yopilmaydi (jiddiy nigohda qaraydi).
Eshik oldidagi soqchining sovuq muomalasiyu jiddiy nigohlaridan meni baribir ichkariga yo‘latmasligiga ishonch hosil qilganimdan so‘ng bir chetda turib kirish eshigini kuzatishga qaror qildim. Klubga turli yoshdagi yigit-qizlar, ayol, erkaklar kirib-chiqib turardi. Bemalol kirib-chiqib yurganiga qaraganda, ularga ust-boshi xalaqit bermayotgan edi(!).
Sahargacha bu yerda xohlagan kishingiz bilan xohlagan ishingizni qilishingiz mumkin: ichish, chekish, o‘yin-kulgi, maishat, bu yog‘i o‘zingizga ma’lum. Xullas, tun uzoq. Faqatgina bu yerga tashrif buyurganlar “dress cout”, ya’ni tungi klub belgilab bergan kiyimda bo‘lsa bas(!). Buni qarangki, birgina mening sport kiyimda kelganimga e’tibor berishibdi-yu, zir qatnab turgan yigit-qizlarning yoshi, voyaga yetgan-etmagani ularni umuman qiziqtirmabdi. Bu yoshlar kim o‘zi? Kimning farzandi? Kattalar-chi, oila davrasida bo‘lish o‘rniga “tungi kapalak”lar bilan klubda nima qilib yuribdi? Shu kabi savollar haligi barzangining ta’biri bilan aytganda, “xo‘jayin”ning xayoliga kelmabdi-da! To‘g‘ri-da, kim ham bu kimsalar ortidan kelayotgan million-million daromad oldida bunday savollar bilan boshini og‘ritgisi kelardi.
Endi boshqa bir kun klubga ular xohlagan kiyimda kelib, ichkaridagi ahvolni o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni ko‘nglimga tugib, u yerdan uzoqlashdim.
Ikkinchi manzil.
Dunyoning ajralgan bo‘lagi
Shu kuni soat 23:54. Birinchi manzilimdan unchalik uzoqda bo‘lmagan masofada joylashgan, oliy dargohning ro‘parasidagi “JAGUAR” nomli klubga keldim. U yerda ham “barzangi”lar kirish-chiqish eshigini nazorat qilib turar edi. Xayriyatki, bu gal kirishimda hech qanday muammo tug‘ilmadi.
Ichkari kirar ekanman, bu yerdagi muhitni ko‘rib ko‘ylagim yoqasini ushlash uchun qo‘l uzatgandim, uni topa olmadim. Axir, sport kiyimidaman-ku! Klub ichi shinam, turli yevropa musiqalari quloqni batang qiladigan darajada yangrab turibdi, turfa xil rangli chiroqlar chaqmoqdek o‘chib yonayotir, kimdir ichgan, kimdir chilimkashlik qilgan, yana kimlardir maymunga o‘xshash harakatlar bilan raqs uchun ajratilgan joyda sakrardi. Turli hid va tutunlar dimog‘ingizga urilaverishidan mast bo‘layozasiz. Xullas, bu yerda toza havoning o‘zi yo‘q. Ko‘zim bilan ko‘rib turgan muhitning ahvoli kishini esidan og‘dirar darajada. Bu yerni dunyoning ajralgan bir bo‘lagi deb tasavvur qilaverasiz.
Hayratdan qotib qolganimni ko‘rgan ofitsiant qiz stolga o‘tirishni taklif qilib, buyurtmalar daftarini yonimga qo‘yib ketdi. Oziq-ovqatlar, ichimliklarga qo‘yilgan narxlar ham esingizni chiqaradigan darajada qimmat. Misol uchun 1 litr kola ichimligi 10.000 so‘m, birinchi ikkinchi taomlar narxi 35.000 so‘mgacha, balki undan ham ziyod. Bu endi xohishingizga bog‘liq. Eng arzon salat 5.000 so‘m. Xohlaysizmi-yo‘qmi, stolni band qilganingizdan so‘ng qiymati 40-50.000 so‘mlik mevalar yoki shunga o‘xshash mahsulotlarni oldingizga majburiy olib kelib qo‘yishadi. Uch-to‘rt kishi “maza” qilib dam olaman desangiz, o‘rtacha 200.000 so‘mdan ziyod pul sarf qilasiz. Mana sizga dam olishu ana sizga pul sovurishning yo‘li! Bularni ko‘rib, qiziqchi Avaz Oxunning “u vas yest insof” degan gapi yodimga tushdi.
Narx-navoni ko‘rgan bo‘lib klubni kuzatishda davom etdim. Klubning aksar qismini yigit-qizlar (ba’zilari voyaga yetmaganlar) tashkil qilarkan. Birovni kamsitish niyatim yo‘g‘u, lekin ular ko‘zimga manqurt bo‘lib ko‘rinardi. Qilayotgan amallari aqlga sig‘mas darajada xunuk bo‘lgan bu yigit-qizlarni shu soatgacha eslaydigan, so‘rab-surishtiradigan kishisi topilmaganiga hayronman. Bular ham kimningdir farzandi, suyukli bolasi bo‘lsa kerak? Ularni bunday joylarda tentirab yurishlari uchun kunduzni kunduz demay, kechani kecha demay, ming bir azoblarni chekkan ota-ona mehnatining qadri shu bo‘ldimi?! Bolasining bunday xulq egasi bo‘lib voyaga yetishida nimalar sabab bo‘ldi ekan? Yigitlarni-ku, mayli yigitchilikka yo‘yarsiz, ammo, bizning nazdimizda iboli-hayoli, or-nomusli, iffatli o‘zbek qizi yarim tunda begona erkaklar orasida, yarim-yalang‘och kiyimda, ming xil nozu karashmalar qilib, bir uning, bir buning yelkasiga osilib, iffat pardasiga tupurib, qilayotgan ishini qanday izohlash mumkin? Men “astahfurulloh”dan boshqa so‘z topolmadim. Ular orasida bir qizni kuzatib turib ko‘nglim buzildi. Tan olish kerakki, u juda chiroyli, qaddu qomati kelishgan edi. Hayf senga shunday go‘zallik, dedim beixtiyor.
Bu jinnilar makonida bundan ham dahshatliroq manzaralar bor ekan. Bir tomonda fahsh botqog‘iga botgan erkak-ayollar, bir tomonda butun bir oila: er-xotin, do‘st-yorlar bilan birga hali dunyo yuzini ko‘rganiga ko‘p bo‘lmagan go‘dakning ham shular safida ekaniga nima deysiz? O‘zbek bolasi “shaytonlar makoni”da katta bo‘lsa-ya!!!
Aqalli bog‘cha nimalagini bilmagan go‘dak ayni uyqu paytida aqlini yo‘qotadigan musiqa jarangi ostida qulog‘i bitib ulg‘aysa, u ertaga kim bo‘lib yetishadi? O‘zi tarbiya nima ekanligini anglamay, ertaga u “tarbiyalagan” farzand kim bo‘ladi?
Bunga ham mayli ko‘z yuming, hali tirikligini-da anglamagan chaqaloqning har kimning qo‘lida jovdirab, o‘yinchoq bo‘layotganini qanday izohlaysiz? Qulog‘idan hali azon jarangi ketmagan (agarda aytilgan bo‘lsa, albatta) go‘dakni mana shu davraga olib kelgan “ona”ga kim deya ta’rif berasiz?! Uni shu paytga qadar so‘ramagan, buvi yo buvalariga-chi, qirqqa kirganda ham quyulmay kechki davralarda o‘zini sollagan “kampirlar”ga-chi?
Chetdan qaraganda, bu yerda hammaning kayfi chog‘, ko‘ngil qo‘shig‘u raqsdan boshqasiga ko‘nmaydi. Kim kuylagan, kim sakragan, kim o‘ynagan, kim ichgan, kim yana nima balolar qilgan, o‘zi biladi… Xullas, hamma o‘zicha yettinchi osmonda. Qo‘shiqlarning jarangidan quloq tugul, miya larzaga keladi. Odam har o‘n daqiqada bir ko‘chaga chiqmasa, qolgan o‘n daqiqa ichida lug‘atingiz butun umrga yetadigan so‘z “san’ati” bilan boyishi hech gap emas.
Bunday davradagi “o‘yin-kulgi”, “raqs”u “quvonch” deb baholangan qiliqlar aslida ovozsiz tasvirda tomosha qilinsa bormi, ko‘rgani ko‘zi cho‘chiydi kishining. Dunyoda qancha bachkana qiliq borki, ularning bari shunda mujassam go‘yo. Hamma jazavada, ko‘zlar ola-kula, kim nima qiliq qilayotgani, nima deyayotganiyu, qanday musiqaga o‘ynayotganini butkul unutgan. Xuddiki, butun dunyo klub eshiklari sirtida qolganu, bu yerda jamiki, harakatlar aql ixtyoridan butkul soqit…
Siz dunyoda eng go‘zal va eng ma’suma deb bilgan qizlar, rangdor chiroqlar yorug‘ida chaqaloqlarning tushiga kirib qo‘rqitib chiqadigan alvasti qiliqlarini qilib raqsga tushib tursayu, unga yana sizni-da chorlasa, o‘zingizni g‘alati his qilar ekansiz…
Mendan boshqa hammaning kayfi taroq, qilayotgan ishlaridan mamnun va xursand. Hech narsadan xavotirga tushayotgani ham yo‘q. Bularga qo‘yib bersang, ko‘ngilni keng qilib ertalabgacha shu muhit dengizida suzadi. “Bo‘ldi bas! Ortiq bu yerda qolib bo‘lmaydi”, degan shahd miyamda qayta-qayta aylandi, shunday bo‘lmaganida ushbu magnit maydonidan chiqish mushkul edi.
Uchinchi manzil. Mana sizga ayol
iffati-yu, mana sizga erkak g‘ururi!
26 aprel sanasi tungi soat 23:36. Uchtepa tumani 21 mavzeda joylashgan “PANTYeRA” tungi klubi ham o‘z faoliyatini qizg‘in olib bormoqda. Lekin bu yerda ko‘p qolishni ep ko‘rmay, ba’zi hamshaharlarimiz ko‘p bor tilga olishgan shu tumanning 25-mavzeyida joylashgan “LYeGION” klubiga soat 00:01 da kirib bordim. U yerda odamlar soni kamroq, aksariyati o‘rta yoshdagi erkaklar va ayollardan iborat edi. Ichkariga kirib bo‘sh stolga o‘tirdim. Birdan davra o‘rtasi yorishib, arab musiqasi yangray boshladi. Chamasi, yoshi qirqlarni qoralagan, oppoq kiyimi tanasiga yopishib turgan ayol davra o‘rtasiga chiqib musiqa ohangiga mos ravishda misli ilon kabi tanasini tebrata boshladi. Atrofda ko‘rinishidan yaxshi joylarda ishlaydigan, kostyum-shim kiygan erkaklar davra o‘rtasidagi “ilon”ning harakatlariga mahliyo bo‘lib o‘tirar edi. Ming xil hayvoniy qarashlar bunda mujassam edi. Mana sizga ayol iffati-yu, mana sizga erkak g‘ururi!
Bu yerda ham ahvol shu ekan-da, deb chiqib ketmoqchi bo‘lganimda, ofitsiant qizning gapi o‘tib tushdi. Nima emish odamlar endi kelar ekan, o‘tirib turar emishman. E, yo‘q, rahmat! Bir necha kundan buyon bunday davralarda yuraverib, ko‘zlarim ko‘rishi mumkin bo‘lmagan narsalarni ko‘raverib, qulog‘im eshitishi kerak bo‘lmagan gaplarni eshitaverib, qancha gunohlarga botdim, bu faqat yaratganga ayon…
To‘rtinchi manzil.
Tungi kapalaklar qo‘nalg‘asi
21 may kechasi soat 22:00 da yuqorida ta’kidlab o‘tilgan “PANDORA” tungi klubiga kirishga muvaffaq bo‘ldim. Xayriyat sal bo‘lsa ham tartib bor ekan-ku, deya xursand bo‘lgandim, afsuski, bir necha soat o‘tgandan so‘ng, ya’ni 00:00 dan keyin tomosha boshlandi, naq jahannamning o‘zi! Klubda uch soatdan ziyodroq vaqtimni o‘tkazgan bo‘lsam, shu vaqt oralig‘ida ko‘p voqealar guvohiga aylandim. Agarda ularni boricha yozadigan bo‘lsam, qalam uchi sinib, qog‘oz yirtiladi. Shunday bo‘lsa-da, boshqa klublardan farqli o‘laroq bu yerda e’tiborimni tortgan ba’zi jihatlarni aytib o‘tmasam bo‘lmas.
Kechasi klubga kelganingizdan so‘ng, aniqrog‘i, soat 11:00 gacha u yerdagi muhit sizda yaxshi taassurot uyg‘otadi. Shinamgina bino, yumshoqqina o‘rindiqlar, yoqimli musiqa, rangli chiroqlar jilosi, ofitsiant qizlarning yoqimli muomalasi va albatta stolingiz ustida ta’bingizdagidek yeguliklar. Bir qaraganda, hammasi joyida. Keyingi manzaralar esa butkul boshqacha tus oladi. Yoshi 20 dan to 35-40 gacha bo‘lgan qiz va ayollar gohida to‘p-to‘p bo‘lib, gohida yakka tarzda kirib kela boshlaydi. Ustilariga kiyib olgan allambalo kiyimlari(aslida ularni kiyim deb ham bo‘lmaydi)ni ko‘rib, og‘zingiz lang ochilib qoladi. “Nima balo, bularga kelganda bozorda material qolmabdi-da”, deb o‘ylaysiz. Avvaliga ular stol band qilib alkogol mahsulotlari qabul qiladi, tamaki chekib, shayton bazmini uyushtiradi (bu bazmda erkaklar ham bo‘ladi, albatta). Ana raqsu, mana raqs. Inson zotidagi barcha hayvoniy hirslar birgina shu raqsda mujassam go‘yo. Nomusini sotgan bu “raqqosa”ning musiqaga hamohang qimirlayotgan tana harakatlari do‘zax olovidan yonayotgan ayol timsoliday gavdalandi ko‘z o‘ngimda. Olov battar kuchaygandan kuchaydi, tafti esa do‘zax sharoblaridan mast bo‘lgan jamiki erkaklarning vijdoni, g‘ururi, or-nomusi va nafsini kuydirib kul qildi. Buni ularning yuzida aks etib turgan hayvoniy qarashlarda shundoqqina aks etdi.
Shu zaylda tun yarmidan o‘tib, aniqrog‘i, soat 1-2 dan so‘ng ta’bi bir-biriga o‘tirgan, ikkalasi ikki tomondan kelib, bir tomonga ketayotgan juftliklar ko‘zlagan manzillari tomon ketishdi.
Buning nimasi hayratlanarli deb o‘ylayotgandirsiz. Xulosa qilishga shoshilmay turing. Masalaning tub mohiyati shundaki, ayni paytda qo‘shmachilik, fohishabozlik kabi illatlar qoralanib, profilaktika inspektorlari tomonidan qattiq nazoratga olingani, tekshiruvlar natijasida ko‘pgina qo‘shmaxonalar fosh qilingani va hozirda ular faoliyatiga umuman chek qo‘yilayotgani barchaga ayon. Qo‘shmachilar o‘z faoliyatlarini davom ettirishi qiyin bo‘lib qolgan bir paytda turli yo‘llarni qidirishga tushib qolishdi. Endi ular “PANDORA” kabi tungi klublarda qo‘nim topib, u yerlarni o‘zlarining xufiya maskanlariga aylantirishdi. Bu yerda hammasi oson: kelasan, yeb-ichasan, o‘yin-kulgi, xotirjam o‘z “ish”ingni qilasan. Birov mushugingni pisht demaydi. Xullas, bunday maskanlarda fohishalarning oshig‘i olchi. Qalay, puxta o‘ylangan ish-a?
Shu o‘rinda bir mulohaza. Xo‘sh, bu qiz va ayollar kim? Ular qaerdan kelib qolgan? Va nima uchun bunday noma’qulchiliklarga qo‘l urdi ekan? Ular tug‘ilib o‘sgan shahar, tuman, qishloqlarida ahvol qanday? Oila a’zolari, mahalla-ko‘y hamda o‘sha yerning nozirlari ularning qay yerlarda va qanday ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib yurishganidan xabardormi? Yoki buning aksimi? Shahrimiz mutassaddilari ularning kim ekaniyu, qaerdan kelgani, nima ish qilayotgani va qaysi uylarda yashayotganini bilisharmikan? Agar bilishsa, nega bu borada nazorat sust? Shahar bedarvoza emaski, bu yerga xohlagan odamingiz kelib, xohlagan noma’qulchiligini qilishsa?
Bir ayol menga yaqinlashib, 10.000 so‘m pul so‘radi. Nima emish, musiqa “zakaz” qilib o‘ynar ekan. “Ko‘ngillari yana nimani istaydi”, dedim kesatiq ohangida. Bu gaplarimni jiddiy qabul qildi, chog‘i, yonimga kelib o‘tirib oldi. “Avval yeb-ichamiz, so‘ng “Novza” metrosi yaqinida uyim bor, xohlasangiz dam olamiz”, dedi bezrayib. Ayni damda, maqsadim yo‘lida u bilan gaplashish o‘rinli edi. Suhbat orasida uning qaerdan kelgani, bu yerlarda yurishiga uni nima majbur qilganini, oilasini ham so‘rab ko‘rdim. Ismi Zamiraxon (ismi o‘zgartirildi), … viloyati … tumanidan kelgani, yoshi 29 da ekanini aytdi. Aytishicha, oilasining iqtisodiy ahvoli yomon emish. Turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ishlash uchun ketgan, bir-ikki bor pul jo‘natib, keyin umuman yubormay qo‘ygan. Ikki farzandi, nafaqadagi qaynota va qaynonasi bilan ancha qiynalib qolgan Zamiraxon endi tirikchilik o‘z bo‘yniga tushganini his qilib, pul topish yo‘llarini qidira boshlagan. Bir necha bor qarindoshlari, qo‘shnilaridan pul qarz olib turgan. Ammo olarda kirar jonim, ketarda chiqar jonim deganlaridek, qarzlarni to‘lash masalasi ancha qiynab qo‘ygan. Qaynota va qaynonasi ancha keksayib qolganidan ulardan najot kutolmaydi. Qarindoshlariyu, oshna-og‘aynilar, qo‘shnilar ham pulni supurib olayotgani yo‘q. Ulardan ham umidini uzib, mahalla qo‘mitasiga kam ta’minlangani haqida ma’lumotnoma so‘rab boribdi. Ma’lumotnoma ham ha deganda chiqavermagani, oiladaga yetishmovchiliklar, qarzlarini o‘ylab boshini ushlagan bir paytda uning anchadan buyon Toshkentda ishlab yurgan dugonasi Surayyoning taklifi joniga ora kirib, ko‘nglini ravshanlashtiribdi.
…Avvaliga ular kafelarda idish-tovoq yuvish, farroshlik kabi ishlarni qilib yuribdi. Ora-orada kafeda bo‘ladigan jarayonlarga ko‘zi tushib turar, o‘zi tengi ayollarning maishat orqasidan osongina pul topayotganini ko‘rgan dugonalar halol topayotgan puliga qoniqmay nomusu, iffatidan kechib, g‘aflat sharobini ichib, ayol degan nomni bulg‘ay boshlaydilar. Shu zaylda kelib turgan joyi ekan.
Ayolning oz fursatda bo‘lib o‘tgan va ayni damda davom etayotgan bu tarixi oddiy jarayon emas. Bunda kimni ayblagan bo‘lardingiz? Kelinining nima qilayotganidan bexabar qaynota-qaynonanimi? Ikki bolasi va ayolini boqa olmagan noshud otanimi? Qarindosh-urug‘larni qo‘ya turing. Kam ta’minlangan, oilaviy sharoiti og‘ir oilalarning ahvolidan xabar olmagan, ularga o‘z vaqtida yordam bermagan mahalla raislari-chi? Boriga shukr qilmay, halol yo‘lda yurolmagan, nomusini sotgan ayolning o‘zi aybdordir, balki?
Vaqt allamahal bo‘lib qolganini bilib suhbatni yakunladim. Klubni tashqarida turib biroz kuzatdim. Ana xolos, ayollarning klubdan chiqishini “intizor” kutib o‘tiradigan erkaklar ham tayyorgina ekan. Hatto ularni talashib, bir-birlari bilan jiqqamusht bo‘layotganlariga ham guvoh bo‘ldim. Ko‘cha tilida aytganda, “razbor” qilishib o‘zining kimligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lishardi. Shu tobda “ey, g‘ofil banda, shu qilayotgan ishingni chekkadan turib bir tomosha qilsang edi, kimligingni ko‘rib o‘zingdan, qilayotgan ishingdan jirkanib ketar eding” degim keldi.
Gazeta sahifasida ismini oshkor qilishga rozilik bildirmagan talaba yigit so‘zlarini ham ushbu mulohazalarim isboti va guvohi sifatida oraga “qistirib” o‘tishni lozim topdim.
– Adashmasam, 2015 yilning 21 dekabr sanasi edi, – deydi u. – Kursdoshlarimiz bilan Uchtepa tumanidagi “Million” (Pandora) kafesiga bordik. Yangi yil kayfiyatini buzmagan holda bayramni ajoyib tarzda nishonlay boshladik. Kafe shinam, keng, yorug‘ edi. Eng qizig‘i, u yerda bizdan bo‘lak hech kim yo‘q. Kech kirgandan so‘ng kursdosh qizlarga ruxsat berib, yigitlar yolg‘iz qoldik. Oradan hech qancha fursat o‘tmay, bu yerga keluvchi xo‘randalar ko‘paygandan ko‘paydi. Hammasi “allambalolar” kiyib olgan. Bu dunyoning ust-boshi emas. Biz ham qizlar bilan yeb-icha olmagan yeguliklarga buyurtma bera boshladik. Buyog‘i yigitchilik! Shu yo‘sinda tungi kayf-safo boshlandi, hamma ajabtovur kiyimlarda biz esa oq ko‘ylak, kostyum-shimda. Keyin yigitlarning ham uylaridan qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshladi. Ular ham ketadigan bo‘lishdi. Kuzatdik. Men Murod do‘stim bilan qoldim. Mayda-maydalab deganday, jamiki rohat shu yerda jamdek. Soat ham 22:00. Kunduzi shinam, ko‘rkam ko‘ringan “Million”da odamlar jahannam olovida yonayotgan gunohkorlardek sakrashni boshladi. Qiyqiriqlar. Xuddi jahannamga tayyorgarlik ko‘rishayotgandek edi. Biz ham gunoh-savobni unutib, olomon ichiga o‘zimizni urdik. Qanday harakatlar qildik bilmadimu, ko‘zimni bir ochib qarasam, o‘sha olovda biz ham yonayapmiz. Atrofda “qizlar”, yosh-yalanglar, bir-biriga yopishgan, aldagan. Yonib-o‘chayotgan chiroqlar ostida shunaqangi manzara paydo bo‘lganki, jinnixonaning o‘zginasi. Eng qizig‘i, bir-bir oynada o‘z aksimni ham ko‘rib qolaman. Soat tungi 00:30. Talaba sifatida u yerda bo‘lishimiz bizga g‘alati tuyula boshladi. Chunki “Million” endi fohishaxona sifatida gavdalanayotgandi. Aqlu hushimizni yig‘ib, hisob-kitobni joyiga qo‘yib, u yerdan urra qochib qoldik…
Agar o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganimda, talaba do‘stimning gaplariga ishonmagan bo‘lardim. Kiygan bilan kovushimni, qilolmaysan yurishimni deganlaridek, nom o‘zgartirilsayu, qiladigan ishlari eskicha bo‘lib qolaversa, hammasi bir pul. Balki ishonmassiz, afsuski, o‘qiganlaringiz bor haqiqat!
…Besh, olti, yettinchi va yana ko‘plab manzillarda o‘z faoliyatini olib borayotgan tungi klublar haqida ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Chilonzor tumanidagi “DON”, “DINARA”, “BLACK STAR”, Yunusobod tumanidagi “TYeT A TYeT”, “RYeLYeS”, Yashnobod tumanidagi “777”, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “ShAMBULA”, “ALIS” va hokazo boshqalari ham shular jumlasidan. Bugun shahrimizning ko‘plab go‘shalarida shu va boshqa nomlar ostida yuzlab tungi klublar o‘z faoliyatini bemalol olib boryaptiki, ularning har biri bilan alohida shug‘ullanish, bu borada jiddiy nazoratni olib borish, kerak bo‘lsa, ko‘pchiligining faoliyatiga chek qo‘yish kabi jiddiy masalalar oldimizda ko‘ndalang turibdi.
Jurnalistik tekshiruvning asosiy maqsadlaridan biri yashirilayotgan, sir tutilgan axborotni oshkor etishdan iborat bo‘lsa-da, ammo yuqorida ko‘tarilgan dolzarb masala mohiyatan boshqacharoq bo‘lib, qorong‘i tun pardalari ortiga yashiringan, lekin omma ko‘rib, bilib, bevosita o‘zlari ham bunda ishtirok etayotgan ba’zi jarayonlarni o‘rganishga va ularga ko‘zgu tutishga harakat qildik.
Bundan ko‘zlangan maqsad shuki, hali hayotning achchiq-chuchugini tatib ko‘rmagan, oila olaxurjuni yelkasiga tushmagan yigit-qizlarimizning, yurtimiz kelajagi bo‘lmish yosh avlodning hozirdanoq miyasi zaharlanib “ommaviy madaniyat” qurboni bo‘lishining oldini olish, hali turmush qurganiga ko‘p bo‘lmagan yosh oilalarning buzilishi kabi holatlarni kamaytirish, er-xotin o‘rtasidagi xiyonatlarga yo‘l qo‘ymaslik, qo‘shmachilik, fohishabozlik, ichkilikbozlik, nashavandlik kabi illatlar tomirini qirqish va sodir bo‘lish ehtimoli kutilayotgan turli jinoyatlarning oldini olish, oila, mahalla umuman jamiyatimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash kabi ezgu niyatlarni olg‘a surishdan iborat.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, jurnalistlar o‘z vakolat doiralaridan chiqmagan, nizomlarda belgilangan qoidalarni buzmagan holda muammoni har tarafdan izchil o‘rganib, aniq dalillar asosida ish olib bormoqda. Muammo va maqsadlari aniq va ravshan bo‘lgan tanqidiy-tahliliy materiallar gazeta yuzini ko‘p bor ko‘rmoqda. Lekin ularning hammasi ham yechim topyaptimi? Aytmoqchimanki, yuqorida ko‘tarilgan masala ham shunchaki qog‘oz qoralash emas, balki jiddiy ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan og‘riq nuqtadir. Bu borada tegishli mutasaddi tashkilotlar mulohaza qilib, zarur chora-tadbirni qo‘llaydilar, degan umiddamiz.
Muhammadjon XO‘JAYEV