Yoshlik, shijoat, g‘alaba va qat’iyat musobaqasi

Uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari minglab sportsevar yoshlarning orzularini ro‘yobga chiqaradigan, hayot yo‘lini belgilab beradigan muhim sport bayramiga aylangani hech kimga sir emas. Mazkur tizim maktab, litsey, kollej va oliy ta’lim muassasalarining o‘quvchi va talabalarni qamrab olib, ularda sport bilan doimiy shug‘ullanish ko‘nikmasini shakllantirmoqda.

 

Yosh sportchilarning irodasini toblash, g‘alaba sari qat’iyat bilan kurashish fazilatlarini shakllantirish uchun xizmat qilmoqda. Shuningdek, o‘g‘il-qizlarimizni ezgu g‘oyalar yo‘lida birlashtirish va o‘zaro do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda ham ushbu sport bayramlarining o‘rni beqiyos. Turli viloyatlarda musobaqalarning o‘tkazilishi hududlar sport infratuzilmasini takomillashtirilmoqda, yangi va zamonaviy sport inshootlari barpo etilib, zarur sport inventarlari bilan ta’minlanayotir. Bu o‘z navbatida dunyoga kirib kelayotgan bolajonlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.  

25-27 may kunlari Jizzax viloyati akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlarining Respublika final bosqichiga mezbonlik qildi. “Barkamol avlod” sport o‘yinlari ilk marotaba 2001 yil 30 aprel – 7 may kunlari Jizzaxda o‘tkazilgan edi. Shundan so‘ng, mazkur o‘ziga xos “kichik olimpiada”ga Andijon, Chirchiq, Nukus, Termiz va Namangan shaharlari mezbonlik qilgan. “Barkamol avlod” sport bellashuvlarini o‘tkazish tartibi ham yillar o‘tgan sayin takomillashdi. Birinchi marta  Jizzaxda o‘tgan musobaqada sportning 7 turida bellashuvlar o‘tgan bo‘lsa, bugungi kunda olimpiada dasturiga kiritilgan 17 ta tur bo‘yicha bellashuvlar uyushtirildi. 

Bu galgi mezbon “kichik olimpiada”ni munosib o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlarini ishga soldi. Amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida Jizzax shahrining qiyofasi butunlay o‘zgarib, qayta chiroy ochdi. Yangi ijtimoiy ob’ektlar barpo etilib, mavjud sport maydonlari va inshootlar, o‘quv yurtlari binolari ta’mirlandi, ko‘cha va xiyobonlar obodonlashtirildi. Xususan, qariyb 14 kilometrlik ichki yo‘llarda 12 milliard so‘mlikdan ziyod ishlar bajarildi. 1 million 375 ming dona gul ko‘chati, 4 ming 815 tup manzarali daraxt ko‘chati, 698 ta  ko‘p yillik o‘simliklar ekildi. Tadbirning tantanali ochilish va yopilish marosimlari o‘tkazilgan “So‘g‘diyona” markaziy stadioni esa xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilish uchun barcha talablarga javob beradigan holatda barpo etilgan. 

25 may kuni ana shu muhtasham stadionda “Barkamol avlod — 2017” sport o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim maydonga yig‘ilgan va televizor qarshisida turgan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Barkamol avlod” sport o‘yinlariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Mamlakatimizning taniqli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga bayramona shukuhni taqdim etdi. “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari olovini boks bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Xurshid Tojiboev va dzyudo bo‘yicha Osiyo chempioni Iroda Abdurahmonova yoqdi.   

 Jizzaxda o‘tkazilgan final bahslariga yo‘llanma olgan yoshlarning aksariyatini sport bilan muntazam shug‘ullanib, yuksak marralar sari intilayotgan, katta sport pillapoyasida turgan iqtidorli o‘g‘il-qizlar tashkil etdi. Bu yilgi musobaqalarning yakuniy bosqichida jami 898 nafar (shundan 328 tasi qizlar) sportchi va 236 murabbiy qatnashdi. Bellashuvlarni 159 oliy toifali hakamlar boshqarib bordi.

Sport bahslari shahardagi to‘rtta ob’ektda o‘tkazildi. “So‘g‘diyona” universal sport majmuasida boks, badiiy gimnastika, suzish, yengil atletika bo‘yicha, Jizzax olimpiya zaxiralari kollejida gandbol, basketbol, badminton, stol tennisi, erkin va yunon-rum kurashlari, dzyudo, taekvondo, og‘ir atletika, tennis bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi. Jizzax politexnika institutida voleybol, futbol, Jizzax politexnika instituti qoshidagi akademik litsey sport zalida esa yoshlar shaxmat bo‘yicha musobaqalashishdi.

Sport bayrami ishtirokchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun  tashkilotchilar tomonidan alohida dastur qabul qilindi. Badiiy-musiqiy kechalar, milliy kino va hujjatli filmlar namoyish etildi.  Taniqli shoir, yozuvchi, san’atkor va sportchilar bilan uchrashuvlardan yoshlar bir olam taassurot olishdi. Jizzax shahrining diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtirildi. 

Musobaqaning so‘nggi kunida barcha sport turlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Ta’kidlash kerakki, barcha sport turlarida bellashuvlar shiddatli va kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Atletlarning aksariyati xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini himoya qilib kelayotgan yoshlar ekani bunda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu esa  medallar uchun kechgan bahslar shiddatini yanada oshirdi. 

Jumladan, og‘ir atletika musobaqalari mutaxassislar va tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Sportning ushbu turida o‘z viloyatlari sha’nini himoya qilgan tosh ko‘taruvchilar xalqaro turnirlarga beriladigan yo‘llanmalar uchun bir necha marotaba raqobatga kirishgan. Bu gal ham bundan mustasno bo‘lgani yo‘q. 69 kilogramm vaznda supaga ko‘tarilgan Namangan viloyati vakili, o‘smirlar o‘rtasida olimpiada va jahon chempioni Ahmadjon Ergashev Jizzaxda jiddiy qarshilikka uchradi. 

— Raqiblarimning imkoniyatlarini avvaldan yaxshi bilardim, — deydi u. — Biroq ular bugun katta ishtiyoq bilan menga qarshilik ko‘rsatishdi. Andijon og‘ir atletika maktabi tarbiyalanuvchisi X.Tohirov ikki marotaba men ko‘targan og‘irlikdan oshiqroq toshni o‘ziga bo‘ysundirdi. Yakunda murabbiylarim bilan tavakkal qilishga majbur bo‘ldik. Oxirgi imkoniyatda dast ko‘tarishda 129 kilogramm toshga buyurtma berdim. Barcha diqqatimni ushbu og‘irlikni ko‘tarishga safarbar etib, toshni muallaq havoda ushlab turish nasib etdi. O‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro olimpiadada dast ko‘tarishda 125 kilogramm og‘irlikdagi toshni ko‘tarib barcha raqiblarimni ortda qoldirgan edim. Jizzaxda esa ancha kuch sarflashga to‘g‘ri keldi. Bu o‘z navbatida kelgusida mashg‘ulotlarda yanada ko‘proq ter to‘kishim lozim ekanini bildiradi. “Barkamol avlod — 2017”da oltin medalni qo‘lga kiritganimdan juda xursandman. Bizga berilgan katta imkoniyatlardan unumli foydalanib, dunyo olimpiadalarida O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilamiz. 

Shu kuni  soat 19:00da “So‘g‘diyona” sport majmuasi yana  mehmonlar va tomoshobinlar bilan to‘ldi. Uch kun davomida manejlar va maydonlarda bir-birlariga qarshi kurashgan sportchilar bir joyga jamlandi. o‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.  

Umumjamoa hisobida kuchli uchlikka kirgan viloyat jamoalariga Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomashinasi topshirildi.  Avvalgi musobaqalarda bo‘lgani kabi Jizzaxda ham Toshkent terma jamoasiga teng keladigani topilgani yo‘q. “Barkamal avlod” musobaqalari o‘tkazilayotganidan bo‘yon  bosh sovrin faqat poytaxtliklarga nasib etmoqda. Albatta, mamlakatimiz poytaxti Toshkentda boshqa hududlarga nisbatan sportga keng imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilgan. Viloyatlarda sportning dastlabki sir-asrorlarini mukammal o‘rgangan, kelajagini sportga bag‘ishlagan  o‘smirlarning aksariyati o‘qish va mashg‘ulotlarini poytaxtga ko‘chiradi.  Shu bois, Toshkent terma jamoasini nafaqat Barkamol avlod o‘yinlarida, balki Universiada musobaqalarida ham ortda qoldirish mushkul. Shunday bo‘lsa-da, viloyat jamoalari bu gal, poytaxtliklarga, og‘ir atletika, futbol, basketbol sport turlarida jiddiy qarshilik ko‘rsatib, oltin medallardan mahrum etishni uddalashdi. Musobaqaning ikkinchi o‘rni va Prezident sovg‘asi Andijon viloyati sportchilariga nasib qildi. Bronza medal bilan Samarqand kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan o‘smirlar taqdirlandilar. 

Sportda g‘alaba va mag‘lubiyat yonma-yon yurishini atletlar juda yaxshi bilishadi.  Mag‘lublar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kamchiliklarni mashg‘ulotlar orqali bartaraf etadilar. Oldindagi ichki va xalqaro musobaqalarda ulardan yanada yuqori natijalarni kutib qolamiz. 

Ta’kidlash joizki, Jizzax shahri ikkinchi marotaba  mezbonlik salohiyatini yuksak darajada namoyon eta oldi. Bunday fikrni musobaqa ishtirokchilari, murabbiylar va mehmonlarning barchasidan eshitish mumkin. Musobaqa tashkilotchilari navbatdagi “Barkamol avlod” o‘yinlari estafetasini Qashqadaryo viloyatiga topshirishdi. Uch yildan so‘ng yangi avlod sportchilarini Qarshi shahri munosib kutib olishga bugundan yeng shimarib ishga kirishgan. 

 

Jobir XO‘JAQULOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × one =