Bitim imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi joriy yilning o‘zida bir necha chet davlat birjalari bilan manfaatli hamkorlik shartnomalarini imzoladi. Ana shunday bitimlardan biri 31 may kuni Belorussiya universal tovar birjasi OAJ bilan tuzildi.

Ma’lumki, Belorussiya universal tovar birjasi Belarus Respublikasida tashkil etilgan tovar bozorining negizini tashkil etadi. Ayni vaqtda BUTB ning mijozlar bazasi 16 mingdan ortiq bo‘lib, ularning 3700 dan ziyodi jahonning 56 ta mamlakati kompaniyalari vakillaridir.
Tadbirda O‘zRTXB AJ boshqaruv raisi v.v.b Faroxiddin Ibragimov boshchiligidagi mahalliy mutaxassislar hamda Belorussiya universal tovar birjasi OAJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Irina Narkevich ishtirok etdi.
O‘zRTXB AJ boshqaruv raisi o‘z so‘zida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish o‘zaro savdolarning o‘sishiga xizmat qilishini hamda ikki mamlakat uchun ham manfaatli bo‘lishini  ta’kidladi.
Tadbirda Belorussiya va O‘zbekiston tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, elektron savdolarni tashkil etishning yangi uslublari va shakllarini o‘rganish, axborot va marketing xizmatlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni o‘rnatish masalalarini muhokama qilishdi.
O‘zRTXB AJ faoliyati to‘g‘risidagi taqdimotda savdo platformalari, birja savdolarini o‘tkazish mexanizmi, hisob-kitob kliring palatasi orkali bitimlarni kafolatlash tizimi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, avtoraqam va xarid tizimlari kabi elektron tijoratning V2V, V2S hamda B2G modellari alohida ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Irina Narkevich ikki birja o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishiga umid bildirib shunday dedi:
— Avvalo, mehmondo‘st O‘zbekistonga kelganimdan juda mamnunman. Maqsadimiz ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatish va tajriba almashishdan iborat. Safarimiz kutilganidan ham samarali bo‘lganini alohida ta’kidlamoqchiman. Birjangiz faoliyati bilan tanisharkanmiz, ikkala birjalar o‘rtasida o‘zaro o‘xshashlik jihatlari ko‘pligiga amin bo‘ldik. Biz Yevropada tez sur’atlarda rivojlanayotgan bo‘lsak, sizning birjangiz ham Osiyoda jadal taraqqiy etib, o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Tizimda zamonaviy texnologiyalarning keng joriy etilgani yutuqlar garovi bo‘lmoqda. Bu o‘z navbatida elektron savdolarning o‘sishiga xizmat qiladi. Qolaversa, avtoraqamlarni birja orqali sotishning yo‘lga qo‘yilishi o‘rgansa bo‘ladigan tajriba ekan. Safarimiz chog‘ida o‘zbekistonlik hamkorlar bilan bir necha yo‘nalishlarda tajribalarni o‘rtoqlashdik. Hamkorligimiz kelgusida savdo aloqalarining yanada mustahkamlanishi va o‘sishiga ishonaman.
Muzokaralar yakunida  O‘zRTXB AJ va BUTB OAJ o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolandi. Unga ko‘ra, qo‘shma ishchi guruh tashkil etildi. Mazkur guruh hamkorlikni kuchaytirish va aloqalarni rivojlantirish takliflarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.

B.MUHAMMADIYEV

SH.SHOXIDOYEV (foto)

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − fifteen =