Shaxmat vatani — O‘zbekiston. Kirsan ILYUMJINOV:

Inson tafakkuri va aqlini charxlaydigan sport o‘yini sanalgan shohmotning Vatani qaerda? Uni dastlab qay zamonda, qaysi yurtda kimlar o‘ynagan? Umuman olganda, “shaxmat” iborasining “shoh” va “mot” so‘zlaridan tashkil topganini nazarda tutsak, bu o‘yin o‘zimizga tegishli ekanini payqash mushkul emas.

Ammo inson qavmida har qanday kashfiyot, yangilikka egalik qilish, uni o‘zinikiga aylantirib olish kabi ishtiyoq ham bor. Shu ma’noda bu qadimiy o‘yinni hindlar yoki forslarniki deb biluvchilar ham anchagina. Ammo biz — o‘zbeklar yetarli tarixiy dalillar va faktlarga tayanib, shaxmatni o‘zimizniki deyishga to‘la haqlimiz.
Xususan, buni kuni kecha O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining navbatdan tashqari qurultoyida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Xalqaro shaxmat federatsiyasining prezidenti Kirsan Ilyumjinov ham yana bir bor e’tirof etdi. Darvoqe, ushbu anjuman haqida. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqarmasi milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Li O‘zbekiston shahmat federatsiyasi prezidenti etib saylandi. Shuningdek, tadbirda ishtirokchilar tomonidan Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDYe)ning  prezidentligiga K.Ilyumjinovning nomzodi ko‘rsatildi.
Mazkur saylov joriy yilning oktyabr oyida Botumi shahrida bo‘lib o‘tadi.
— Yuksak ishonch uchun O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga samimiy minnatdorligimni bildiraman, — dedi K.Ilyumjinov o‘z so‘zida. — Jahonda shaxmatni rivojlantirish va ommalashtirish dasturini amalga oshirish borasida olib borayotgan ishlarni davom ettiraman. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasini dunyoda yaxshi bilishadi. Keyingi yillarda uning vakillari eng nufuzli turnirlarda g‘olib bo‘lishdi. Bunday yutuqlar va g‘alabalar kelgusida yanada ko‘payishiga imonim komil. Chunki O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan kelasi yildan boshlab shaxmat darslari maktablar dasturiga ham kiritildi.
Shuningdek, K.Ilyumjinov qurultoy minbaridan turib, O‘zbekistonni shaxmatning vatani deb, rasman tan olinishini taklif etdi.
FIDYe rahbari ta’kidlashicha, “shaxmatning asl vatani Pokiston, Hindiston yoki Eron emas, aynan O‘zbekiston hisoblanadi. Bu shunchaki gap emas, bu tarix ilmi vakillari xulosasi hamda ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida isbotlangan”.
Milliy olimpiada qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ayni paytda FIDYe O‘zbekistonni shaxmat vatani deb rasman tan olinishi borasida Xalqaro olimpiada qo‘mitasiga maxsus xat tayyorlamoqda.
Shu o‘rinda biroz ortga chekinib, shaxmatning tarixiga qaytsak. Tarix fanlari nomzodi, shaxmat fidoyisi Mamajon Muhiddinovning yozishicha, 819 yilda Xurosonda shatranji oliyalari(grossmeyster) o‘rtasida o‘tkazilgan ilk nufuzli musobaqada yurtdoshimiz Abu Bakr As-Suliy g‘olib chiqqan. Buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniyning shatranj haqida kitob yozgani tarixiy manbalardan ma’lum. Sohibqiron Amir Temur hazratlari davrida Samarqand shahri shatranjning markazi hisoblangan. Alisher Navoiy bobomiz ham shatranj majlislarida ishtirok etib, dona surganlar.
1972 yilda Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi Dalvarzintepada olib borilgan arxeologik qazishmalar vaqtida I-II asrlarga mansub, 1977 yilda Afrosiyob xabarlarida olib borilgan qazishma ishlarida VII-VIII asrlarga mansub  shaxmat donalari topilgan.  Dalvarzintepadagi qazishma ishlarida faol ishtirok etgan qadimshunos olim Bahodir Turg‘unovning aytishicha, fil suyagidan yasalgan shaxmat donalarining Surxondaryo zaminidan topilgani katta voqea bo‘lgan. Buning sababi shundaki, aksariyat ilmiy doiralar o‘sha paytgacha shaxmatni eramizning VI-asriga mansub deb hisoblashgan.
B.Turg‘unov 1973 yilda “Shaxmatы v SSSR” jurnalining 5- sonida bu haqida maqola ham e’lon qilgan. Xususan, muallif unda Dalvazintepa xarobalaridan tashqari Afrosiyob kentidan 7, Munchoqtepadan bir va Qumqo‘rg‘ondan 32 ta qadimiy shaxmat donalari topilgani chindan ham shaxmatning vatani O‘zbekiston ekanligini isbotlaydi.
Aytish kerakki, mustaqillik yillarida  shaxmat ustalarimiz jahon, olimpiada bellashuvlarida  yuksak natijalarni qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, mamlakatimiz terma jamoasi 1992 yilda Manilada o‘tkazilgan Butun jahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi o‘rinni ishg‘ol etgani fikrimizni tasdig‘idir. Qolaversa, 2004 yilda Tripolida o‘tkazilgan jahon chempionatida hamyurtimiz Rustam Qosimjonov shaxmat bo‘yicha 17-jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi.
Rustamning ko‘plab izdoshlari, jumladan, Nodirbek Abdusattorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov, aka-uka Sindorov singari yoshlar nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishmoqda. Ular orasidan ham kelgusida shaxmat bo‘yicha jahon chempionlari chiqib, shaxmatning asl vatani O‘zbekiston ekanini yana bir karra tasdiqlashiga shubha yo‘q.

Abdumajid AZIMOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 8 =