Fikrlaydiganlar mamlakati

Shunday gap bor — taraqqiyot manzili sari oshiqayotgan jamiyatda inson aqlu zakovatisiz o‘z o‘rniga ega bo‘lishi amri mahol. Rivojlangan mamlakatlarning taraqqiyot yo‘liga nazar tashlasak, ularning aksari ilm-fan rivoji va iqtidorli yoshlari bilan shu darajaga yetganiga guvoh bo‘lamiz.  Zero, buyuklar aytishganidek, bugun katta moddiy boyliklarga ega o‘lkalar emas, iqtidorli va salohiyatli yoshlari bor davlatlargina chinakam farovonlikka erishmoqda.

BOYLAR QAYDADUR?

Yurtimizda so‘nggi yillarda, ayniqsa o‘tgan ikki yil mobaynida ta’lim sohasida ro‘y berayotgan yangilanishlarni aytib adog‘iga yetolmaysiz. Avvalo, farzandlarimiz kelajagining poydevori bo‘lmish maktabgacha ta’lim muassasalari Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidan chiqarilib, Maktabgacha ta’lim vazirligiga biriktirilganining o‘zi — katta voqea. Kuni kecha esa Prezidentimizning “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan mazkur Vazirlik negizida Axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazi, Ixtisoslashtirilgan loyiha-izlanish instituti, Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi hamda Maktabgacha ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladigan bo‘ldi. Yaqin orada mazkur bo‘g‘inda yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgan Integratsiyalashgan monitoring elektron tizimini ham ko‘pchilik qiziqish bilan kutmoqda. Chunki mazkur elektron tizim davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ta’lim-tarbiyamizning asosi, o‘ziga xos oynasi bo‘ladi. Undagi ma’lumotlarni kuzatish, tahlil qilish orqali ta’lim-tarbiyada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va bu borada nimalarga e’tibor qaratish zarurligi aniqlanadi.
So‘nggi davrda o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘si, malakali kadrlar masalasi  va ta’lim sifati borasida e’tirozlar ancha-munchaga yetgan edi. Ommaviy axborot vositalarida ko‘tarilgan masala  — oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari oshirildi
Keling, yaxshisi bu tizim ilg‘or xorij mamlakatlarida, masalan Germaniyada qanday yo‘lga qo‘yilgan? Shu haqdagi mulohazalarimni siz bilan baham ko‘ray. Xulosani o‘zingiz chiqaring.  

GERMANIYADA O‘QIGANMI? DEMAK, ZO‘R!

Germaniyada ta’lim — davlat va jamiyat tomonidan doimiy e’tibor berilayotgan soha mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga barakali hissa qo‘shib kelmoqda. 
Germaniya jahon ilm-fani va madaniyati o‘choqlaridan biri sifatida tilga olinadi, ta’lim va kasbga yo‘naltirish, ilm va ilmiy tadqiqotlar davlati, deya e’tirof etiladi. Sababi ushbu mamlakat Gyote, Gegel, Betxoven, Eynshteyn singari mutafakkirlarni kamol toptirgani hamda ildizi asrlarga borib taqaluvchi ilmiy maktablari bilan mashhur.
Rus shoiri Pushkin aytgan edi:  “Fikr! Buyuk narsa! Insonning ulug‘vorligi ham fikrdan bo‘lmay nimadan?” Olmon ta’lim dargohlarining bosh yutuqlaridan biri ham mana shunda, ya’ni  ular o‘quvchilarni avvalo, mustaqil fikrli va keng dunyoqarashli bo‘lishiga e’tibor qaratadi. Ushbu millatga xos tartib-intizom, birso‘zlilik, qat’iyat xislatlari ham ta’lim muassasalarida shakllanadi.
O‘qitish tizimi yangi usullar va so‘nggi axborot texnologiyalariga asoslangan.

“TAFAKKUR USTAXONALARI”

Germaniyada bolalar bog‘chalari shunday — “tafakkur ustaxonalari”  deb ataladi. Boisi hali aqlini tanib ulgurmagan, nutqi yaxshi rivojlanmagan go‘daklar bog‘chadayoq o‘z fikrini ifoda etish, tengdoshlari va kattalar bilan muloqotda bo‘lish ko‘nikmalarini o‘zlashtiradi.
Maktabgacha tarbiya Germaniya ta’lim tizimida muhim bosqich hisoblanadi. Uning 100 yildan ortiq tarixi bor. Sababki, 1840 yilda nemis pedagogi Fridrix Fryobel dunyodagi ilk maktabgacha ta’lim, ya’ni bolalar bog‘chasiga asos soldi. Shundan so‘ng bunday ta’lim turi  qisqa vaqt ichida butun dunyo bo‘ylab tarqaldi.
Mazkur mamlakatda maktabgacha ta’lim muassasalari davlat qaramog‘ida emas. Aksincha, xayriya jamg‘armalari, mahalliy hokimiyatlar, cherkovlar hamda turli korxona va tashkilotlar bog‘chalarni o‘z vasiyligiga olgan. Shuning uchun 24 mingdan ortiq bog‘chani mablag‘ bilan ta’minlash ular zimmasidadir. Lekin ota-onalar ham ancha-muncha  bog‘cha puli to‘laydi. Masalan, Berlin va Bavariyada bog‘chalar bepul bo‘lsa, Quyi Saksoniyada uning oylik to‘lovi 250 yevroni tashkil etadi. Kam ta’minlangan va serfarzand oilalar uchun mamlakatning barcha hududlarida bog‘cha to‘lovida chegirmalar mavjud.
Bog‘chalar qamrovi — 3 yoshdan 6 yoshgacha. Bu yosh oralig‘idagi bolalarning 80 foizi bog‘chaga qatnaydi. Biroq ayrimlariga 6 oylik chaqaloqlar ham qabul qilinadi. Bunga faqat  bolaga qarovchisi yo‘q, eri ham, xotini ham ishlovchi oilalargina haqli.
Ko‘p sonli immigrant bolalar esa 4 yoshdan va nemis tili bo‘yicha imtihondan o‘tkazilgach, bog‘chaga qabul qilinadi. Agar ular vazifalarni bajarishda qiynalsa, ixtiyorida bepul darslarga qatnash imkoniyati bor.
Aytish joizki, bog‘cha mashg‘ulotlarining bari o‘yin shaklida o‘tadi va asosan, bolalarning tengdoshlari bilan tez til topishishlariga, nutqiy va ijodiy fikrlashlariga alohida e’tibor qaratiladi.     
Germaniya bog‘chalarida bolalar, odatda, tushgacha tarbiyalanadilar. Biroq kuni uzaytirilgan bog‘chalar ham mavjud.
     
ISTE’DODSIZNING O‘ZI YO‘Q!

Bizning ta’lim tizimimizda bo‘lgani kabi Germaniyada ham bog‘chadan so‘ng boshlang‘ich ta’lim boshlanadi. Farqi — ularda o‘quvchilar boshlang‘ich ta’limni tugatishi hamonoq kelajak yo‘lini aniq tanlab olishi kerak. Shunga qarab yana bir turdagi maktabda o‘qishini davom ettiradi.
Germaniya Konstitutsiyasiga muvofiq, maktab ta’limi davlat nazoratidadir. Shuningdek, majburiy va bepul hamdir. 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar majburiy tartibda ta’lim olishi shart. Maktab ta’lim tizimi boshlang‘ich (Grundschule), o‘rta va yuqori bosqichlarga bo‘linadi. Mamlakatda 16 federal hudud mavjud bo‘lsa, ularning har biri o‘zining ta’lim to‘g‘risidagi qonuniga ega. Shu sababli federal hududlarning maktab ta’lim tizimida ayrim farqlar bor. Masalan, aksariyat hududlarda boshlang‘ich ta’lim 4 yil (birinchi sinfdan to‘rtinchiga qadar), poytaxt Berlin va Brandenburgda esa — 6 yil. Ammo bu kabi farqlarga qaramasdan, barcha hududlar uchun umumiy tartib-qoidalar amal qiladi.

BOSHLANG‘ICH TA’LIM. Boshlang‘ich ta’limning dastlabki ikki yilida o‘quvchilar baholanmaydi. Bizga tanish baholash tabeli o‘rniga ularga o‘zlashtirish tavsifnomasi beriladi. O‘quvchilarga 3-sinfdan baho qo‘yila boshlaydi. Germaniyada 6 ballik baholash tizimi qabul qilingan. Ajabki, bizning maktablarda “5” baho a’lo bo‘lsa, ularda  “1” baho shunday izzatga munosib. “2” — yaxshi, “3” – qoniqarli, “4” — yetarli, “5” — yetarli emas, 6 — qoniqarsiz. O‘quvchilar fanlarni kamida “4” bahoga o‘zlashtirishi kerak. Boshlang‘ich bosqichda bolalarga matematika, nemis tili, tabiatshunoslik, musiqa, estetika fanlari o‘tiladi.
5-6-sinf bosqichida o‘quvchilar keyingi ta’lim turiga yo‘naltirilishi uchun kuzatuvda bo‘ladi. Bolaning boshlang‘ich sinflardan keyin qanday maktabda o‘qishni davom ettirishi boshlang‘ich maktab tavsiyasi, o‘quvchining o‘zlashtirishi hamda ota-onasining xohishiga bog‘liq.
Xullas, boshlang‘ichdan so‘ng o‘quvchilarni navbatdagi maktab — asosiy, maxsus (rivojlanishda kechikkan bolalar uchun), aniq fanlar — matematika va tabiiy fanlar o‘qitiladigan o‘rta o‘quv yurti hamda gimnaziyalar qarshi  oladi. 

ASOSIY MAKTAB. Bolalarning qariyb 20 foizi o‘qishni asosiy maktablarda (Hauptschule) davom ettiradi. Bunday maktablarda o‘quvchilar to‘qqizinchi sinfgacha o‘qitiladi. Qisqacha tushuntirganda, asosiy maktablarda oliy ta’lim muassasalarida o‘qish niyati bo‘lmagan, biror kasb etagidan tutishni ko‘zlagan o‘quvchilar ta’lim oladi. Ularda asosiy e’tibor amaliy mashg‘ulotlarga qaratiladi. Asosiy maktabni tugatgan o‘smirlar tugallanmagan o‘rta ta’lim haqida shahodatnoma oladi. Ushbu hujjat bilan kasb-hunar maktablariga kirishi mumkin. Bizdagi kasb-hunar kollejlariga o‘xshab ketadigan mazkur maktablarda talaba muayyan kasb-hunar bo‘yicha bilim va tajriba oshiradi. Asosiy maktab dasturi yilma-yil tahlil qilinganda, o‘qishga talab to‘xtovsiz oshib borayotgani kuzatilgan.

ANIQ FANLAR MAKTABI. Aniq fanlar maktabida (Realschule) o‘quvchilarga kengaytirilgan umumiy ta’lim beriladi. Odatda ta’lim 6 yil davom etadi, so‘ngra o‘quvchilarga o‘rta ta’lim to‘g‘risida guvohnoma beriladi. Ushbu guvohnoma asosida bitiruvchilar boshqa o‘quv yurtlarida ta’lim olishni davom ettirishi mumkin. Masalan, gimnaziyaning yuqori sinflarida.

GIMNAZIYA. O‘quvchilar o‘rta ta’limning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan ushbu bilim maskanida to‘qqiz yil — 5-sinfdan 13-sinfgacha ta’lim oladi. Aniq fanlar maktabining 10-sinfini tamomlagan yoshlar gimnaziyada uch yil o‘qiydi. Odatda, gimnaziyada ta’lim 9 yil bo‘lib, bolalarga chuqurlashtirilgan umumiy ta’lim berishga mo‘ljallangan. Gimnaziyaning yuqori sinflarida (11-13-sinflar) ta’lim bosqichi tizimi kiritilgan. Gimnaziyaning yuqori sinflarini bitirish imtihonlari 4 yoki 5 fandan o‘tkaziladi va yetuklik shahodatnomasini (Abitur) berish bilan tugallanadi. Aytish kerakki, yetuklik shahodatnomasi oliy o‘quv yurtlariga kirish imkoniyatini beradi.

UMUMIY MAKTAB. Ushbu maktabga ham boshlang‘ich ta’limdan keyin o‘tiladi va uni bitirgan o‘quvchilarga yuqoridagi tartibda  guvohnoma beriladi. 
Shu o‘rinda, nemis pedagoglari haqida ikki og‘iz so‘z. Ular iste’dodsiz o‘quvchining o‘zi yo‘q, degan aqidaga amal qiladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, pedagoglar o‘quvchining ochilmagan qirralarini kashf etish hamda ularni yangilik yaratish ruhida tarbiyalashga intiladi. O‘qituvchi o‘quvchisining fikrlari xato bo‘lsa-da, ularni tinglaydi, hurmat qiladi, sababi shu orqali yoshlarda mustaqil fikr shakllantiriladi. Bu mashhur faylasuf Rene Dekartning “Fikrlayapmanmi, demak, yashayapman” naqlining amaldagi ifodasi.

ASLZODALAR ORZUSI

Germaniya — Geydelberg, Kyoln, Frayburg, Tyubingen kabi qadimiy universitetlar vatani. 1386 yilda asos solingan Geydelberg universiteti ko‘hna qit’aning ilk nufuzli oliy ta’lim dargohlaridan. O‘rta asrlardayoq, ushbu universitetga kirish yevropalik aslzodalarning orzusi bo‘lgan. Germaniyaning Geydelberg shahrida joylashgan mazkur universitetning nufuzi hozir ham baland. Bu yerdan Gegel, Yaspers kabi jahon tanigan olimlar, o‘nga yaqin Nobel mukofoti sohiblari yetishib chiqqan. Aytish kerakki, bugungi kunda mazkur dargohda 25 ming talabaning 12 foizini xorijliklar tashkil etadi.
Mamlakatda yangi, maxsus oliy o‘quv yurtlari ham borki, ular tobora ommalashib bormoqda. Amaliy yo‘nalish bo‘yicha olib boriluvchi muhandislik, iqtisod, ijtimoiy ta’minot, dizayn, qishloq xo‘jaligi kabi mutaxassisliklarga tayyorlovchi ushbu ziyo maskanlarida diplom olish uchun imtihon topshiriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda institutga kiruvchi yoshlarning har uchtadan bittasi shu tipdagi oliy o‘quv yurtini tanlamoqda.
Germaniyada umumiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlari kam. Sababi, ushbu model keng tarqalmagan. Mazkur tipdagi oliy o‘quv yurtlari mamlakatdagi ikki federal viloyatda bor, xolos.
Mamlakatda Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda bepul oliy ta’lim olish imkoniyati ko‘proq. Nodavlat jamg‘armalar hamda hukumat grantlari asosida xorijliklar ham nemis universitetlarida tahsil olishlari mumkin.
Mahalliy gimnaziyalarni bitirib, imtiyozli shahodatnomaga ega bo‘lganlar imtihonsiz universitet talabasiga aylanishadi. Xorijlik talabalar o‘qishga kirish uchun  nemis tili bo‘yicha imtihondan o‘tadilar. Universitetlarda bakalavr bosqichi to‘rt yarim yilgacha, magistratura bir yildan to‘rt yilgacha, doktorantura ikki yildan besh yilgacha davom etadi. Odatda, bakalavriat va magistratura talabalari o‘qish yakunida davlat imtihoni topshiradi va dissertatsiya ishini himoya qiladi. Talaba o‘qish uchun qishki yoki yozgi o‘quv mavsumini tanlash huquqiga ega. Yozgi mavsum aprel-sentyabr, qishkisi esa oktyabr-mart oylarini o‘z ichiga oladi.
Olmon oliy ta’lim muassasalari ayrim sohalarda yetuk kadrlarni tayyorlashi bilan ham e’tirofga loyiq. Xususan, Myunxendagi Lyudvig-Maksimillian universiteti Yevropani tibbiyot bo‘yicha yetuk mutaxassislar bilan ta’minlaydi. Muhandis, iqtisodchi, dizayner kabi mutaxassislarni va mashinasozlik, ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlariga zarur kadrlarni yetkazib berishda ham Germaniya universitetlari peshqadam.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Germaniyaning uch yuz yetmishdan ortiq oliy ta’lim muassasasida 2 millionga yaqin talaba, jumladan, 246 ming xorijlik tahsil olmoqda. Olmon yurti chet ellik talabalar soni bo‘yicha dunyoda AQSh va Buyuk Britaniyadan keyingi o‘rinda turadi.
Talabalar o‘qishi erkin tashkil etilgan. Vaholanki, ko‘p sonli o‘quv bosqichlari bilan birga o‘quv rejalari taklif etiladi va talaba sinovdan o‘tkaziladi, ammo o‘qishning ko‘pchilik bosqichlarida talabalarning o‘zlari fanlar va o‘quv yurtlarini tanlaydilar. O‘qishga haq to‘lanmaydi. Agar talabalar yoki ularning ota-onalari oziq-ovqat xarajatlarini ko‘tara olmasalar, o‘qish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi federal qonunga muvofiq moliyaviy yordam oladilar. Bu yordamning yarmi stipendiyaga qo‘shib berilsa, ikkinchi yarmi qarz tariqasida beriladi. O‘qish tugab, mehnat faoliyati boshlangach, mablag‘ to‘xtatiladi.

BEPUL

Mamlakatda o‘quv yurtlari laboratoriyalari, ustaxonalarini jihozlash, ularni xomashyo va materiallar bilan ta’minlash ishbilarmonlar yoki korxonalar tomonidan bepul amalga oshiriladi. Chunki bozor iqtisodiyotining tamoyillaridan biri shundan iboratki, tadbirkorlar o‘quv yurtlarini yangi, zamonaviy texnologik jihozlar bilan ta’minlashdan manfaatdordirlar. Buning sababi, birinchidan, o‘z mahsulotlarini reklama qilish maqsadi bo‘lsa, ikkinchidan, tezroq yangi turdagi jihozlarda ishlay oladigan mutaxassislarga ega bo‘lishdir.
Hunar-texnika ta’limining ustuvor yo‘nalishlari istiqbollarini belgilash va amalga oshirish Federal ta’lim va madaniyat vazirligining vazifasidir.

O‘QIMAGAN O‘QITMAYDI

Germaniya Federativ Respublikasida har bir maktab uchun maxsus tayyorlangan o‘qituvchilar bor. Ularning hammasi oliy maktabni tugatgan bo‘lishlari shart. Boshlang‘ich va asosiy maktabning bo‘lajak o‘qituvchilari olti semestr o‘qiydilar. Aniq fanlar maktabi, maxsus maktab, gimnaziya va hunar-texnika bilim yurtlarining o‘qituvchilari ancha uzoq muddat o‘qishlari kerak. O‘qishni tamomlagandan keyin o‘qituvchilikka nomzodlarning hammasi imtihon topshiradilar. Keyin maktabda amaliyot o‘tkazadilar va ikkinchi imtihon topshiradilar. O‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lgandan keyin, qoidaga ko‘ra, umrbod lavozimga tayinlanadi.
Bo‘lajak o‘qituvchilar 3 yil o‘qiganlaridan keyin aniq fanlar  maktabida ikki yillik amaliyotni o‘taydilar, bunda haftasiga 10-12 soatdan dars beradilar.
Bu davrda ularga maxsus murabbiylar belgilanadi, bu murabbiylar ularning faoliyatini nazoratda tutadilar, amaliyot tugagandan keyin shogirdlariga tegishli tavsifnomani beradilar. Shundan keyin maktab kengashi yuqori tashkilotlar bilan birgalikda bo‘lg‘usi o‘qituvchilardan imtihon oladi va ularning kelgusi ishlarini baholab, tegishli tavsiyalarni beradilar. Bu jarayonning yana o‘ziga xos tomoni shundaki, imtihon va tavsiyalardan keyin bo‘lg‘usi o‘qituvchi bir yilga sinov muddati bilan ishga olinadi. Bu sinov muddatini muvaffaqiyatli o‘tgandagina unga o‘qituvchi martabasi beriladi. Amaliyotchi-talabalar qo‘yilgan talablarni bajara olmasa, maktabga qo‘yilmaydi. Attestatsiyadan o‘tkazish va litsenziya berish keng rasm bo‘lganini e’tiborga olsak, o‘qituvchi o‘z malakasini muntazam oshirib borishga majbur. Aks holda, u o‘qituvchilik lavozimidan mahrum bo‘lishi mumkin.

Go‘zal TURSUNPO‘LATOVA
sharhlovchi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =