Adolat g‘alaba qilishi zarur. Chingiz Aytmatov — jurnalist va publitsist

Taniqli yozuvchilar odatda taniqli publitsistlar ham bo‘lishadi. Mashhur yozuvchilarning ko‘pjildlik kitoblarini varaqlab ko‘rsangiz, keyingi jildlarini publitsistika — maqola, taqriz, intervyu, suhbat, esse, ocherk, feleton, nutq, xat, kundaliklari egallaganiga ishonch hosil qilasiz.

TAHLILGA KAM TORTILGAN

Ulug‘ adib Lev Tolstoy to‘rt jildlik epopeyasi — “Urush va tinchlik”ka so‘nggi nuqta qo‘yishdan oldin yana nimadir, juda muhim narsa qo‘shish zarurligini botinan chuqur his etgan va o‘ziga xos falsafiy-didaktik, badiiy-publitsistik traktat yozib, kiritgach ko‘ngli joyiga tushgan. 92 jildlik to‘la asarlar to‘plamining bir necha jildi “sof” publitsistikani tashkil etadi. Hikoya, qissa, roman, dramalarining ko‘pchiligi publitsistik ruh bilan yo‘g‘rilgan. Mashhur yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning yaqinda nashr etilgan besh jildligining to‘rtinchi jildi publitsistikadan iborat bo‘lsa, beshinchisi uning ijodi, hayoti, taqdiri aks etgan maqola, esse, xotiralarni o‘z ichiga olgan.  

Mashhur yozuvchining boy va rang-barang publitsistikasi va munaqqidligi — maqola va taqrizlari, intervyu va suhbatlari, ocherk va esselari, nutq va xatlari, kundalik va qaydnomalari, jurnalistlik va muharrirlik faoliyati nisbatan kam o‘rganilgan, tahlilga tortilgan. 

 UCH SOHA UNSURI

Chingiz Aytmatov mashhur so‘z san’atkori, iste’dodli publitsist bo‘lishi barobarida ayni chog‘da nozik va teran munaqqid ham edi. Kasb-koriga ko‘ra adabiyotshunos, tanqidchi emasligini pisanda qilgani holda maqola, suhbat, xat, tadqiqot, kitoblarida madaniyat, ma’rifat, adabiyot, san’at, kino, televidenie, fotografiya, matbuot, tarjima, tanqidchilikning tub, dolzarb masala, muammolari xususida shunday muhim fikrlar, nazariy qarashlar bildirar, teran tahlillar qilar, e’tiborga loyiq dalil, misollar keltirar ediki, ular tezda tilga tushar, kitob, tadqiqotlardan o‘rin olardi. Muhim bir jihatni alohida qayd etish joiz. Adib tanqidiy asarlari publitsistik ruh bilan sug‘orilar, badiiyat unsurlari bisyor, ayni chog‘da publitsistikasida tanqidchilik, adabiyot, san’atning muhim masalalari qalamga olinar, har uch sohaning unsurlari o‘zaro uyg‘unlashib ketardi.

Jurnalistika — publitsistika — badiiyat — falsafa — tarix. Chingiz Aytmatov ijodiy takomilini pog‘onama-pog‘ona, bosqichma-bosqich shunday ta’riflash mumkin. Bo‘lg‘usi adib ilk ijodini jurnalistikadan boshlagan edi, qirg‘iz qishloq xo‘jalik institutida o‘qigan kezlari gazetalarga xabar, hisobot, taqriz, maqola, ocherklar yozib qalamini charxlab borardi. “Sovetskaya Kirgiziya” gazetasining 1952 yil 24 yanvar sonida uning “Qirg‘iz tili terminologiyasi haqida” maqolasi bosilib chiqadi. To‘rtinchi kurs talabasining ushbu maqolasi mavzusining dolzarbligi, fikrlarining dadilligi bilan jamoatchilik e’tiborini tortadi. Xususan, qirg‘iz maktablari 5-6-sinflari uchun rus tili darsligi, “Ruscha-qirg‘izcha lug‘at” ko‘pgina imloviy tarjimaviy xatolar, mantiqiy noaniqliklar bilan chiqqanini ko‘rsatadi, aniq misollar keltiradi.  “Asliyatdan uzoq tarjimalar” maqolasida (1953) A.Nekrasov asarlari tarjimasida uchragan saktalik, xatoliklarni aniq misollar bilan ko‘rsatib beradi.

 ALAM

Badiiy adabiyot talaba Aytmatovni ohanrabo yanglig‘ o‘ziga torta boshlaydi, qirg‘iz va rus adiblarining asarlarini qo‘ymay o‘qib boradi, tengdoshlarining xotirlashicha, uni harbiy mavzuda, ura-vatanparvarlik ruhidagi qissa, romanlar, soldat, partizan, razvedkachilar jasorati ko‘proq qiziqtirarkan. Talabalik kezlari, tarjima qonun-qoidalari, sir-asrorlaridan yaxshi xabardor bo‘lmasa-da, o‘z bilganicha, tavakkal qilib, V.Kataevning “Polk o‘g‘li”, M. Bubennovning “Oq qayin” asarlarini ona tiliga o‘giradi, qo‘lyozmalarini qo‘ltiqlab nashriyotga borsa, ular tarjima qilingani, yaqin orada kitob bo‘lib chiqishini aytishadi. “O‘shanda xo‘p alam qilgan edi, lekin shu narsa ijodiy faoliyatimning boshlanishi bo‘lgan, bu ishga qattiq bel bog‘lagandim”, — deb eslaydi keyinchalik adib. Jurnalistika adabiyot dargohiga o‘tishida o‘ziga xos ko‘prik bo‘ladi. “Gazetachi Dzyuydo”, “Ashim”, Sepoyachi”, “Olg‘a borayotibmiz” kabi ilk hikoyalari bu yo‘lda qo‘yilgan ilk qadamlar bo‘lib, ularda taqlidchilik, bayonchilik kabi nuqsonlar ko‘zga tashlanadi. Masalan, “Gazetachi Dzyuydo” hikoyasida yapon bolasi gazeta sotayotib tinchlikni saqlash bo‘yicha Stokgolm chaqirig‘iga imzo yig‘adi, “Olg‘a borayotibmiz”da o‘sha paytlarda buyuk qurilish deb hisoblangan Volgo-Don kanali qazilishi bayon qilinadi, ushbu yuzakiroq bitiklar keyinchalik adib kitoblaridan joy olmagani boisi shunda.

1956-1958 yillarda Moskvada Oliy adabiyot kurslarida o‘qishi Chingiz Aytmatov ijodiy faoliyatida burilish davri bo‘ldi. Ijodiy muhit: taniqli so‘z ustalari seminarlari, maroqli uchrashuvlar, institut dargohi va yotoqxonasida adabiyot, san’at, matbuot mavzuida qizg‘in bahs-munozaralar, nomdor yozuvchi, munaqqid, tarjimon, publitsistlar bilan tanishuv, gazeta, jurnal tahririyatlari bilan aloqa o‘rnatish, “Yuzma yuz”, “Raqiblar”, “Jamila” singari asarlari ustida ishlash, markaziy nashrlarda ilk chiqishlar yosh adibga juda ko‘p tajriba beradi.

Yurtiga qaytib kelgach “Adabiy Qirg‘iziston” jurnalini boshqaradi; “Jamila” “Novыy mir”da e’lon qilinib, Lui Aragon sevgi haqida dunyodagi eng zo‘r qissa deya baland baho berib, frantsuz tiliga o‘girgach, boshqa tillarga ham birin-ketin tarjima qilina boshlagach, yosh adib tez orada favqulodda mashhur bo‘lib ketadi. Yurtida, sobiq ittifoqda, chet ellarda chiqadigan ko‘pgina e’tiborli gazeta va jurnallarning, radio va televideniening doimiy, ardoqli, orziqib kutiladigan mualliflaridan biriga, “Literaturnaya gazeta”, “Drujba narodov” kabi nufuzli nashrlarning tahririyat a’zosiga aylanadi.

1959-1960 yillarda “Inostrannaya literatura” jurnalini boshqaradi. E’tiborlisi, tahririyat jamoasi 17 nomzod ichidan bosh muharrirlikka sirtdan Chingiz Aytmatovni saylaydi. Gazeta muxbirining “Jurnalga, ba’zilar kabi, o‘z komandangizni olib kelasizmi?” degan savoliga: “Bunday rejalarim yo‘q, tahririyat xodimlari o‘z ishiga sadoqatli, professionallar, muharrirga bundan boshqa yana nima kerak? Rus tarjima maktabi hamisha yuqori saviyasi bilan ajralib turgan, jahon adabiyoti tajribasi ko‘pmillatli adabiyotimiz rivoji uchun havodek zarur, jahon noshirlik amaliyotida bu o‘ziga xos, betimsol jurnal, boshqalar kabi men uchun ham dunyoning haqiqiy ko‘zgusi, bu nashrni doimo qiziqib o‘qib kelganman”, — deb javob beradi.

 “BU SIZNING AYBINGIZ, YURTDOSHLAR!”

1961-1964 yillarda “Pravda” gazetasining O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalari bo‘yicha o‘z muxbiri bo‘lib ishlaydi. Markaziy nashrlarda, Qirg‘iziston matbuotida maqola, taqriz, intervyu, suhbat, ocherk, esselari tez-tez bosilib turadi. “Novыy mir”, “Oktyabr”, “Drujba narodov”, “Znamya”, “Voprosы literaturы” kabi qalin jurnallarda hikoya, qissalari, adabiy-tanqidiy maqolalari e’lon qilinadi. Chingiz Aytmatov ijodining keng bilimdoni, teran tadqiqotchilaridan biri, filologiya fanlari doktori, professor Abdildajon Akmataliev o‘z “Tanlangan asarlari”ning mashhur adib ijodiga bag‘ishlangan birinchi jildida o‘tgan asr 50, 60-yillarida jurnalistika, publitsistika, muharrirlik bilan shug‘ullanish yozuvchiga ko‘p narsa berganini ta’kidlab yozadi: “Bu yillarda uning turli muammolar qalamga olingan yorqin publitsistik maqolalari chiqdi, u hamisha xalq hayotining ichida bo‘ldi va  jurnalistik bitiklari personajlari keyinchalik badiiy asarlari prototipiga aylandi”.

Bu o‘rinda, mavzu doirasida, uchta nuqtaga alohida e’tibor berishni lozim topdik. Birinchidan, har-har zamonda, zavqi, hushi kelganda, bayram, sana kezlari yo boshqa munosabat bilan to‘yxat, maqola, taqriz, esse yozib qo‘yadigan, intervyu beradigan, suhbat-muloqotda qatnashadigan yozuvchilardan farq qilaroq, Chingiz Aytmatov publitsistikani fuqarolik burchi, vijdon, imon da’vati, zamonaviy ong, sayyoraviy tafakkur, jamoatchilik fikrining kuchli quroli, vositasi deb hisoblagan, mavzu, muammo zudlik bilan bong urish, zarur so‘z aytishni taqozo etganda darhol shu ishga kirishgan, butun ijodiy faoliyati davomida jurnalistika, publitsistika qozonida qaynab kelgan, hamisha sergak, safarbar, sermahsul adiblardan edi. Ikkinchidan, Chingiz Aytmatovning badiiyati bilan publitsistikasi bamisoli et-tirnoq, o‘zaro kirishib, singishib ketadigan, bir birini to‘ldiradigan, boyitadigan, taqozo etadigan mahsullar.

Hikoya va qissalari, serqatlam romanlari, drama va stsenariylari, nutq va xatlari  publitsistik ruh bilan yo‘g‘rilgani yakdil e’tirof etilgan. “Jamila”, “Somon yo‘li”, “Oq kema” qissalari, “Asrni qaritgan kun” “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi”, “Tog‘lar qulaganda” romanlari, “Fudziyamaga chiqish”, “Suqrot eslangan tun” dramalari, adabiy-tanqidiy maqola va suhbatlarida publitsistik ruh ayniqsa bo‘rtib ko‘zga tashlanadi, ularda quyma tasvir, yorqin xarakterlar bilan birga yolqin, ehtirosli monolog va dialoglar, qahramon, personajlarning otashnafas nutq-hayqiriqlari, muallifning o‘ychan falsafiy mulohazalari, vazmin, sokin mantiqiy muhokamalari bilan uyg‘un holda keladi. Alohida ta’kidlash joizki, ehtiros, hayajon publitsistik uslub uzvlaridan biri. Zohiriy va botiniy publitsistika bor, uning ro‘y-rost, oshkora va vazmin, pardali-mulohazali uslublari bor (sohaga bahishlangan kitoblardan biri “Dangal so‘z” (“Pryamaya rech”, deb atalgani bejiz emas).

Odamda qon bosimining ortiqligi kasallik alomati bo‘lsa, ba’zan oshkora publitsistikada “qon bosimi”ning baland bo‘lishi bardamlik, mavzu-muammo taqozosiga ko‘ra, tetiklik belgisidir. “Aziz yurtdoshlar, cho‘rtkesarligimni, boshdan oxirigacha ochiq, achchiq gaplarimni ko‘nglingizga olmaysizlar, qishlog‘imizda ro‘y bergan sharmandali hol bo‘yicha o‘ylaganlarimni to‘la to‘kib solmoqchiman”, — deya boshlanadi “Bu sizning aybingiz, yurtdoshlar!” maqolasi. Yettinchi sinfda o‘qiydigan, otasi frontda halok bo‘lgan Asilgulni maktabdan qaytayotganda yalanglikda Diyqonboy degan to‘ng‘iztabiat yigit bir o‘rtog‘i bilan uyiga olib qochib keladi, zo‘rlab xotin qilib oladi, ko‘p o‘tmay ko‘ngilsiz, zolim eridan qochib kelgan, o‘qishini davom ettirmoqchi bo‘lgan qizni bobosi va tog‘asi yana qaytarib yuboradi, yo‘lda xo‘jayini qattiq kaltaklaydi, ichib kelib urishlar davom etgach yana qochib keladi, berahm qarindoshlar yana qaytaradi. Birin ketin ikki o‘g‘illi bo‘lishsa ham johil er quyulmaydi, yolchitib ishlamaydi, ichadi, qarzga botib uyini sotadi, och-nahor qiynalib yerto‘lada yashashga majbur bo‘lishadi, mastlikda bir ayolni kaltaklagani uchun er olti yilga qamalib ketadi. 

Asilgul qadrdon kolxoziga kelib sut sog‘uvchi bo‘lib ishga kiradi, mashinada sog‘ishni o‘rganadi, o‘zi, bolalariga bir xona ajratib berishadi, radio, elektr o‘tkazishadi. Qamoqdan qaytgan er xotiniga uyga qaytishni talab qiladi, berahm qarindoshlar yana yonini olmaydi, aksincha, tog‘asi kuyovni quchoq ochib kutib oladi, qo‘y so‘yib, shisha-shisha araqlar qo‘yib mehmon qiladi, uyiga qaytmasa bog‘lab qo‘yaman deya dag‘dag‘a qiladi. Qat’iyatli ayol rozi bo‘lmagach, qariyalarni ishga solib ko‘ndirmoqchi bo‘ladi, ayol ahdidan qaytmagach, ishidan bo‘shatishga erishadi, qochishga majbur bo‘lgan jiyanini mototsiklda quvadi, sho‘rlik ayol qishloq chetida, yolg‘iz onasinikiga yashirinadi, onaizor qizini somon orasiga yashirib qo‘yadi, yigirma kun somon orasida yashiringan ayol ovulni tashlab shaharga qochmoqchi bo‘ladi, izg‘irinli yarim tunda uni sut fermasi shofyori, sofdil yigit Anorboy stantsiyaga chiqarib qo‘yadi. Biri biridan dahshatli voqealardan xabardor bo‘lgan adib g‘azablanmasligi, bong urmasligi mumkinmidi? 

Muallif artel raisi, qishloq soveti raisini, kolxoz partorgini, maktab o‘qituvchilarini, Asilgul otasining frontdosh tengdoshlarini, o‘zining maktabdoshlari — biri selsovet raisi, biri xo‘jalik raisi o‘rinbosarini ayab o‘tirmaydi, dilidagi achchiq so‘zlarni befarq, loqayd kishilarga to‘kib soladi, “ushbu xatimdan keyin ba’zi qishloqdoshlarim men bilan gaplashmasliklari, ko‘rishmasliklari ham mumkin, bu — ularning ishi, lekin shuni bilamanki, haqiqat g‘alaba qilishi lozim va bu — eng muhimi” deydi maktubida. O‘ta ayanchli voqealarni eshitib, bilib adibning g‘azablanishi, harakatga tushishi, ochiq, achchiq xat yozishi tabiiy va mantiqiydir.

 “YIG‘LAGANDA TIZ CHO‘KIB, NAFRATDA TIK TURIB”

 Xirosima va Nagasaki fojialariga bag‘ishlangan “Yig‘laganda tiz cho‘kib, nafratda tik turib” maqolasi, shahvoniy lavhalar bilan to‘lib-toshgan, zararli, zaharli asarlar muallifi Markiz de Sad haqidagi fikrlari ehtirosli, g‘azabnok bitilganini tushunish mumkin. O‘ta ehtirosli, hayajonli publitsistika bamisoli chopag‘on, tutqich bermas ot, agar tizginini mahkam tutib, tortib turilmasa yo‘ldan (mavzudan) uzoqlashib, yo‘lni boshqa tomonlarga solib yuborishi hech gapmas. Ayrim yoshlarning publitsistika deb taqdim etgan, oxiri qo‘sha-qo‘sha undov bilan tugallanadigan dabdabali, balandparvoz maqtovlari, qator-qator so‘roq alomati qo‘yilgan dag‘dag‘ali, hukmfarmo tanqidlarini janrning yaxshi namunalari deb bo‘lmaydi. Aytmatov publitsistikasi sokin oqadigan chuqur daryo, undagi ehtiros zohiriy emas, botiniy, matn bag‘rida, dalil, detal, misollar ichida bo‘lib o‘qigan, ta’sirlangan o‘quvchi, tomoshabin qalbiga o‘tadi, junbushga keltiradi.

Chingiz Aytmatov publitsistikasi, badiiy asarlari singari, maftunkor va jozibador, qamrovli va huzurbaxsh, maroqli va purhikmat, dadil va dalilli, bir so‘z bilan aytganda, mahorat va jasorat hosilasi. Adib ijodining asosiy janrlari hikoya, qissa, roman ekanligi, drama va kinostsenariylar ham yozgani, adabiy-tanqidchilik bilan ham shug‘ullangani ma’lum. Publitsistikaga doimiy, muntazam murojaat etganligining boisi nimada? Bu soha bilan deyarli shug‘ullanmay, faqat badiiy asarlar yaratadigan yozuvchilar ham bor-ku. Aytmatov ham biri biridan o‘tkir qissa, romanlar, drama va stsenariylar yozib yuraversa bo‘lardi-ku. “Jamila”ning o‘zi unga qancha katta shuhrat keltirdi, dunyoga tanitdi. Buning boisi, jiddiy asoslari bor, albatta. Adib nemis munaqqidi Xeynts Plavius bilan suhbatida “ko‘pjanrlilik” bir shartga rioya qilingandagina yaxshi. Yozuvchi o‘z saviyasining tushishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak… Menga kelganda, ijodiy ish turlarini o‘zgartirishga alohida moyilligim bor va bu borada ustasi farangman, deya olmayman. Lekin nimaga qo‘l urmayin, uni maromiga yetkazib bajarishga harakat qilaman”, degan edi.

 CHO‘NG VA CHO‘G‘DOR FIKR

 Chingiz Aytmatovning ocherk va esselari, maqola va xatlari, suhbat va nutqlari, adabiy-tanqidiy naqshlari qamrovining kengligi, ma’nosining teranligi, ohori to‘kilmagan dalil va misollar, bosiq va ehtirosli, cho‘ng va cho‘g‘dor fikrlarga, kutilmagan qiyoslarga, san’atkorona mushohada, falsafiy muhokama, publitsistik mulohazalarga boyligi, tilining soddaligi, shiradorligi, obrazliligi, rangdorligi, so‘z va iboralarining aniq-tiniqligi, mantiqan dalillanganligi hamda ishonarli, maftunkorligi va yana ko‘p fazilatlari bilan ajralib turardi va bu fazilatlar birdaniga, g‘oyibdan paydo bo‘lib qolgan emas. Bu publitsistika hayotiy va ijodiy tajribasi katta, bilimi, saviyasi juda keng, jahon adabiyoti xazinasini ko‘p va xo‘p o‘qib, uqib, mag‘zini chaqqan, fuqarolik tuyg‘usi kuchli, xalq taqdiriga chuqur daxldor, dunyo voqealaridan yaxshi xabardor, olam zarbini yuragi qa’ridan o‘tkazgan, voqea, jarayonlarga zamonaviy ong, sayyoraviy tafakkur yuksakligi hamda teranligidan qarab hukm chiqaruvchi, baho beruvchi yozuvchi asarlari edi. Eng avvalo, mavzu ko‘lami, muammo doirasining kengligi, rang-barangligini alohida ta’kidlash joizki, bu, o‘z navbatida, muallif saviyasi, qiziqishi, tafakkuri ufqining kengligi, grajdanlik tuyg‘usining o‘tkirligi bilan izohlanadi.

 

Saydi UMIROV

O‘zbekistonda xizmat 

ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 9 =