Sudlar faoliyatida ochiqlik qay darajada?

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi  Huquqiy jurnalistlar kengashi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda  viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar, markaziy va hududiy OAV vakillari ishtirokida “Sudlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda OAVning o‘rni” mavzuida  videokonferentsiya shaklida davra suhbati o‘tkazildi. 

 

 Unda Oliy sud sudyalari va xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vakillari, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura axborot xizmati xodimlari, markaziy tele va radiokanallar, bosma va elektron nashrlarda sud-huquq sohasini yorituvchi jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov boshqargan ochiq muloqotda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan farmon va qarorlar sudlarning mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirishda dasturulamal bo‘layotganini ta’kidladi.

Prezidentimizning shu yil 2 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan 2019-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirish dasturining 6-bandida “Sud organlari bilan respublika jurnalistlari o‘rtasida izchil hamkorlikni o‘rnatish, ularning sud majlislaridagi ishtirokini ta’minlash, ochiq sud materiallarini yoritishda OAVdan keng foydalanishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar” belgilandi. Dasturning mazkur bandini amalga oshirish bo‘yicha Oliy sud  jurnalistlar uchun barcha tadbirlarni tashkil etishga harakat qiladigan bo‘ldi.

— Jurnalistlarning sudlarda ishtirok etishi bo‘yicha barcha sharoitlarni yaratib beramiz — dedi Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov. — Lekin ayrim sud jarayonlarida, xususan Fuqarolik sudlarida esa aksar ishlar oilaviy mojarolar ekani sababli sud ishtirokchilari o‘z muammolarini oshkor etishni xohlamaydi. Biz ham bunga qarshilik qila olmaymiz. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki,  Fuqarolik sudida juda og‘ir masalalar ko‘riladi. Oilaviy nizolar ko‘rib chiqiladi. Tasavvur qiling, eng yaqin insonlar bir-biridan norozi va siz ularning muammosini hal qilishingiz kerak.  Bizda rasmiy bo‘lmasa ham yarashtirish instituti shakllangan, desam bo‘ladi. Ayniqsa, oilalarning ajrashishini sudda ko‘rish og‘ir masala. Axir ko‘z oldingizda oilalar ajralib ketishi, bolalarning arosatda qolishi juda yomon-ku?! 

Biz ajralish to‘g‘risidagi ishlarni imkoni qadar sudgacha hal qilishimiz kerak. Biz ajralishlar haqda film ishladik va uni ko‘rib, ko‘z o‘ngimizda yarashib ketganlar bo‘layapti. 2018 yilda sudlar tomonidan  26 ming oilani yarashtirishga erishdik. Bundan tashqari Fuqarolik sudlarida aliment va meros masalalari bo‘yicha ham arizalar juda ko‘p. Lekin baribir oilalardagi mojaroning sudgacha chiqishi juda xunuk. Oilada otalar so‘zining qadri kamaygani ana shunday muammolarga keltirmoqda. Bir oila vakillarining meros talashishini qanday izohlash mumkin? Ommaviy axborot vositalari jamiyatimizda mavjud shu kabi illatlarni ochib berishi va ularning sudgacha yetib kelmasligiga ko‘maklashishi kerak.

Muloqot davomida sudlarning elektron vositalardan foydalanayotganiga alohida urg‘u berilib, bu borada jurnalistlar xalqqa to‘liqroq ma’lumot berishlari so‘raldi. —Ushbu davra suhbatini tashkil etishdan maqsad — mamlakatimizda sud-huquq tizimini liberallashtirish va demokratlashtirish masalasini ommaviy axborot vositalarida yoritishda jurnalistlar ixtisoslashuvi, jurnalist surishtiruvini o‘tkazishda kasb etikasi qoidalariga rioya qilish, sudlar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi samarali hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishdan iborat, — dedi tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi huquqiy jurnalistika kengashi raisi Olimjon O‘sarov. — Davra suhbatida Oliy sud vakillari sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha jurnalistlarga  batafsil ma’lumot berdilar. 

 

Jobir XO‘JAQULOV.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × two =