Odamlar bizdan rozi bo‘lishi uchun harakat qilyapmiz. Ruslanbek DAVLETOV:

Har bir inson tinch-osoyishta jamiyatda, qonunlar orqali tartib o‘rnatilgan davlatda, to‘kin hayotda yashashni istaydi. Shukrki, tinchlik-osoyishtalikka erishganmiz, aholining turmush darajasi yaxshilanib bormoqda. Fuqarolik jamiyatini barpo etishni maqsad qilgan mamlakatimizda kishilar o‘z huquq va burchlarini qanchalik anglab yetdi? Fuqarolarning qonunga munosabati, ishonchi qay darajada?

 

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek DAVLETOV bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.

— Ruslanbek Quroltayevich, bugun barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar qonunchilik tizimida ham jadal davom etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasining besh tamoyilidan biri qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga qaratilgan. Yillar davomida tizimda to‘planib qolgan muammolarga qanday yechimlar izlanmoqda? Huquqiy nigilizm illatlardan xalos bo‘lish uchun ishga yangicha yondashuv nimalarda va qanday o‘z ifodasini topmoqda?

— Avvaliga huquqiy nigilizmga qisqa ta’rif berib o‘taylik. Soddaroq aytganda — bu qonunni inkor qilish, kundalik nigilizm esa qonunni bilmaslikdir. Huquqiy nigilizmning illatlaridan xalos bo‘lish uchun dastlab joylardagi muammolarni o‘rgandik. Odamlarni bugungi kunda qiynayotgan masalalar nimalardan iborat? Ular tegishli sohalarda o‘z huquqlarini nega bilmaydi, degan savollarga javob topishga harakat qildik. Vazirlik tashabbusi bilan “manzilli targ‘ibot” g‘oyasi ilgari surildi. Masalan, ijtimoiy sohani olaylik. Ijtimoiy nuqtai nazardan himoyalanmagan, huquqlari nisbatan ko‘proq poymol bo‘lgan soha vakillari — shifokorlar, o‘qituvchilarning muammolarini tahliliy o‘rganish asnosida ularga mos targ‘ibot yo‘llarini ishlab chiqdik. Xususan, mehnat huquqlariga rioya etilishi, oylik va boshqa qator masalalar bo‘yicha huquqiy bilimni oshirishga qaratilgan tarqatma materiallar tayyorlanib, manzilli targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda.

Shu asnoda, muammolarning mazmuni qaysi yo‘nalishda huquqiy bilimsizlik ko‘proqligini ko‘rsatdi. Bunday huquqiy bo‘shliqni to‘ldirish uchun vazirlik nima qila oladi? Odamlarda qanday ma’lumotlarni olishga va bilishga ehtiyoj ko‘proq? Ular qanday shaklda, qachon va qanday yetkazilishi kerak? Bu kabi savollarga javoban huquqiy bilim berishning yangicha usullarini yo‘lga qo‘ydik. Ya’ni, biz, adliyachilar xohlagan emas, balki odamlar, fuqarolar xohlagan, ular uchun zarur huquqiy ma’lumotlar, biz xohlagan paytda emas, aholi istagan paytda yetkazilishiga erishildi. Axborot tarqatish usullarini va mazmunini kengaytirdik. Innovatsion platforma yaratildi. Internet — ko‘pchilikni birlashtiradigan yagona manzil. Shuni hisobga olib, bugungi kunda huquqiy bilimlar internet orqali qulay usullarda yetkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Odamlar o‘z muammolaridan kelib chiqib, uning yechimiga oid ma’lumotlardan istagan vaqtida foydalanishi mumkin.

Shu bilan birga, biz mobil ilovalar, ijtimoiy tarmoqlar va “Telegram” messenjeridan ham maqsadli foydalanyapmiz. Boshqacha aytganda, bugungi kunda o‘ziga xos axborot agentligi vazifasini ham bajarayapmiz. Ya’ni ma’lumot, yangiliklar tarqatayapmiz. Ayni paytda “Huquqiy axborot” “Telegram” kanalimiz 150 mingdan ziyod foydalanuvchiga ega, davlat veb-resurslari ichida eng yirigi. Rejalarimiz ko‘p. Qisqa emas, uzoq istiqbolli aniq strategiyamiz bor. Jamiyatda huquqiy ongni rivojlantirish kontseptsiyasi asosida harakat qilyapmiz.

 — Adliya vazirligi va uning quyi tizimlari — jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonunlarimizni himoya qilishga mas’ul idoralardan hisoblanadi. Sohada boshlangan islohotlardan ko‘pchilik mamnun, ammo bu hali mamlakatda qonun ustuvorligiga to‘la erishildi, degani emas. Odamlarimizda qonunga ishonch, hurmat ruhini shakllantirish, davlatimiz rahbari aytganlaridek, ular hayotidan har tomonlama rozi bo‘lib yashashi uchun vazirlik va uning quyi tizimlari yana qanday ishlarni amalga oshirishi zarur? Ayni paytda bunga nimalar xalaqit beryapti?

— To‘g‘ri, qonun ustuvorligini ta’minlashda vazirlikning o‘rni katta. Bevosita shu sohaga mas’ul davlat organlari qatoriga kiramiz. Yana ham aniqroq aytsak, vazirlik qonun ustuvorligini ta’minlash, qonunbuzilishlarning oldini olish bilan shug‘ullanadigan, profilaktikasini olib boradigan organ. Nega qonun buzilishiga yo‘l qo‘yiladi? Qonunlar qanday amal qilishi kerak, ularga rioya etilishida nimalar zarur? Ushbu savollarga javob berish zimmamizdagi asosiy vazifalardan.

Ikkinchidan, davlat tashkilotlari fuqarolarga bo‘lgan munosabatda qanday qilib qonunni markaziy darajada joyiga qo‘yib, uni qadriyat sifatida ulug‘lab, Prezidentimiz qo‘yayotgan talablar va vazifalardan kelib chiqib, ishlay olish kerak, degan savollarni oldimizga qo‘ydik. Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari tasdiqlab bergan yangi tuzilmamizda tegishli boshqarmalar tashkil etildi. Ular bevosita huquqni, qonun ijrosini o‘rganib va tahlil qilib boradi. Masalan, qaysi viloyatda kadastr, mehnat yoki nafaqa qonunchiligi qanday bajarilayotganini aniqlashda bizning o‘rnimiz namoyon bo‘ladi. Fuqarolar va davlat bilan munosabatlarni tahlil qilib, shu asosida qonun ustuvorligini ta’minlash, kamchiliklarni yo‘qotish bo‘yicha tizimli takliflar, zarur o‘rinlarda davlat organlariga taqdimnomalar kirityapmiz.

Uchinchidan, eng asosiy vazifamiz — tizimli tahlil asosida sohani rivojlantirish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. Bu qonun ustuvorligi bo‘yicha birinchi yo‘nalish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish, ta’kidlaganimdek, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalashdagi markaziy o‘rnimizda ko‘rinadi. Siz aytgan huquqiy nigilizm ham shundan kelib chiqadi. Biz xalqimizga yetkazayotgan ma’lumotlar, ya’ni huquqiy ongning yuksalishi odamlarda o‘z huquqlari va burchlari uchun mas’ullik hissini oshiradi. Ammo bularning hammasi qog‘ozda qolib ketsa, ya’ni biz fuqarolarning huquqlarini ularga yetkazib, qulog‘iga quyganimiz bilan hayotda uning teskarisiga duch kelsa, qonunlarga ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham qonun hayotda o‘z ijrosini topishiga ahamiyat berishimiz kerak. Vazirlik buni amalga oshirishga harakat qilyapti. Albatta, biz hamma sohani tartibga solishga vakolatimiz yo‘q, lekin ijtimoiy-iqtisodiy sohada bo‘layotgan qonunlar ijrosi masalasida vakolatlimiz. Real hayot bilan qonunlarni bir-biriga yaqinlashtirish, qonun tili, mazmun-mohiyati bevosita real hayotda ishlashi uchun harakat boshlangan. Ayni paytda yangi boshqarmamiz buni tahlil qilib o‘rganyapti. Asosiy muammolarni tuman darajasida o‘rganish uchun tuman va shaharlarda tashkil qilingan adliya bo‘limlari — yangi bo‘g‘inlarimiz mas’ul. Jamiyatda qonun ustuvorligiga erishishda ko‘p narsa kadrlarga borib taqaladi. O‘z ishiga sadoqatli, halol, pok, shu yurt, shu xalqning tashvishini his qila oladigan, odamlar mendan, adliya tizimidan rozi bo‘lishi kerak, deb fikrlaydigan kadrlarni shakllantirishimiz zarur. Hozircha bunga halaqit qilayotgan omillar, afsuski, hali  ko‘p. 

Bundan tashqari, uzoq tuman, qishloqlardagi bo‘limlarni, resurslarimizdan kelib chiqib, to‘liq ta’minlay olmayotganimiz ham maqsadga erishishga xalaqit bermoqda. Bularning bariga vaqt va mablag‘ kerak. Fuqarolarimizning faolligini, o‘z muammosini butun jamiyat, davlat oldiga ko‘ndalang qo‘yayotganini ko‘ryapmiz va bu, albatta, yaxshi. Qaerda qonunbuzarlik bo‘lsa, darrov ommaga yetkazilyapti, shunga intilish kuchaymoqda. Davlat organlari ham bunga munosabat bildirayapti. Bugun qonunlarimizning to‘la amal qilishiga xalaqit qilayotgan omillardan yana biri — korruptsiya. Oldimizdagi eng katta to‘siq shu va unga butun jamiyat birgalikda qarshi kurashishi zarur.

 — Prezidentimiz notarial idoralarida odamlarning ortiqcha vaqtini olib, asabbuzarlikka sabab bo‘layotgan sansalorlik, byurokratiyaga barham berish haqida gapirgan edilar. Ana shu haqli talab vazirlik tomonidan qanday hal qilinmoqda? Notarial idoralar faoliyatini sifat jihatdan har tomonlama yaxshilash, jahon talablari darajasida aholiga xizmat qiladigan idoraga aylantirish ham juda dolzarb masalalardan…  

— 2018 yil 25 mayda qabul qilingan notariat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan Prezident qaroridan keyin sohada bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Mazkur qaror bilan fuqarolardan talab qilinadigan aksariyat hujjatlarni endi notariuslar boshqa davlat organlaridan elektron shaklda o‘zlari mustaqil olayapti. Masalan, kommunal xizmat tashkilotlari, kadastr, soliq va ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan ma’lumotlar uchun fuqarolar endi ovora bo‘lib, idorama-idora yurmaydi. Tadbirkorlik sub’ektlaridan ham ularning ta’sis hujjatlarini talab qilishga chek qo‘yildi. Ushbu hujatlar hozir Davlat xizmatlari agentligining elektron axborot tizimlari orqali mustaqil olinmoqda.

Bundan tashqari, majburiy notarial tasdiqlanishi talab etiladigan hujjatlar soni qisqartirildi. Hujjatlarning nusxalarini tasdiqlash, ko‘chmas mulk ijara va tekin foydalanish shartnomalari bekor qilindi. Natijada o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan notarial harakatlar hajmi, 2017 yilga nisbatan 28 foizga kamaygan. 

Aholi sonining ko‘payishi va notarial xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olib, respublika bo‘yicha jami 703 ta qo‘shimcha shtat birligi joriy etildi, xususan 146 notarius, 383 notarius yordamchisi, 137 notarius kotibi va 37 notarius stajyori shtat birliklari belgilandi. Bu esa notarial idoralarda navbatlarning keskin kamayishiga yo‘l ochdi. Xodimlar sonini oshirish hisobiga xizmat ko‘rsatish tezkorligi va sifatini yanada oshirish imkoni paydo bo‘ldi.

Notarial idoralarda xizmat ko‘rsatishni jahon talablari darajasiga ko‘tarish borasida amalga oshirilgan ishlardan yana biri ish yuritishning to‘liq yuz foiz elektron ko‘rinishga o‘tkazilganidir. Avvallari har bir notarial idorada 15 dan ortiq ro‘yxatga olish kitobi yuritilgan bo‘lsa, endi ularning barchasi elektron ko‘rinishga o‘tkazildi.

Mazkur idoralarda undiriladigan to‘lovlarni mobil ilovalari orqali (Upay, Click, Payme) elektron shaklda to‘lash imkoniyati yaratilgani ham xalqimiz uchun qulaylik bo‘ldi. Bunday imkoniyat ayrim nopok xodimlar tomonidan ortiqcha to‘lovlar undirilishining oldini olishga xizmat qiladi.

2018 yil davomida 23 826 sayyor tartibdagi notarial harakat tasdiqlandi va bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 145 foizga o‘sdi. Ya’ni, notariuslar xalqning ichiga kirib boryapti, uyma-uy yurib notarial harakatlarni tasdiqlamoqda. Yana bir muhim o‘zgarish — fuqarolar ovoragarchiligining oldini olish maqsadida, notarial harakatlar eksterritorial tamoyil asosida ko‘rsatilmoqda, ya’ni notarial harakatni amalga oshirish uchun tizimdagi istalgan idoraga murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

 — Vazirlikning quyi bo‘g‘inlari, viloyat boshqarmalari faoliyatida bunday o‘zgarishlar har doim ham sezilavermaydi. Ular o‘z vakolatlari doirasidagi ishlar – qonunlar targ‘iboti, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirishda targ‘ibot vositalari bo‘lmish — OAV bilan hamkorlikni kengroq yo‘lga qo‘yishi zarur emasmi? Bu masalada ko‘proq internet tarmog‘idan foydalanilayotgandek…

— Men bu e’tirozga qo‘shilmagan bo‘lardim. To‘g‘ri, internet tarmog‘ida juda faolmiz. Chunki aksariyat foydalanuvchilarga internet orqali ma’lumot olish qulay. Biz shundan kelib chiqib, internet tarmog‘ida ham faollashdik, lekin bu boshqa OAVlarda chiqishlar qilmayapmiz degani emas. Hattoki uyma-uy yurib targ‘ibot tadbirlarini tashkil etayapmiz.

Umuman olganda, 2018 yilda barcha tashkilotlar faoliyatida juda ijobiy jarayon faollashdiki, u ham bo‘lsa, aholining muammolarini uyma-uy yurib o‘rganish va hal etish, fuqarolarga joylarga chiqib xizmat ko‘rsatish. Huquqiy targ‘ibot ishlari ham shu asnoda bevosita mahallalarga va joylarga ko‘chdi. Adliya organlari tomonidan o‘tgan yili 284 mingdan ortiq xonadonga borib, huquqiy maslahatlar berildi. 329 mingdan ortiq manzilda targ‘ibot tadbirlari tashkil qilindi. Tuman bo‘g‘inlarimiz o‘z faoliyatini boshlashi munosabati bilan targ‘ibot ishlarimiz oldingi davrga nisbatan to‘rt barobar ko‘paydi. Davlat notarial idoralari 17 400 marotaba, davlat xizmatlari markazlari esa 94 mingdan ortiq sayyor tartibda xizmatlar ko‘rsatdi, huquqiy tushuntirishlar berildi. 

Aholi qayta-qayta ko‘tarayotgan muammoli masalalar — migratsiya, moddiy yordam, yer, uy-joy olish, kommunal xo‘jalik, imtiyozlar, aliment, ishga joylashish, ta’lim olish va boshqalar bo‘yicha huquqiy targ‘ibot jadallashtirildi. Bosma OAV bilan ham ishlar davom ettirilayapti. Ko‘plab gazetalarda maxsus huquqiy axborot ruknlari mavjud. Televidenie orqali ham chiqishlar sifati va ko‘lami anchagina kengaygan. 

O‘tgan yili davlat va nodavlat telekanallari orqali huquqiy mavzuda davlat organlari tomonidan 31 mingdan ortiq ko‘rsatuv, reportaj, lavha, intervyu-suhbatlar va roliklar namoyish qilindi. Bu oldingi yilga nisbatan 30 foiz ko‘p demakdir.

Bundan tashqari, har haftada jurnalistlar uchun yangi qonun hujjatlarining mohiyatini tushuntirish maqsadida hududlarda ham brifing va press-konferentsiyalar tashkil qilish amaliyoti joriy etildi.

 — Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, qonun ustuvorligini ta’minlashga mas’ul shaxs yoki huquq-tartibot organi xodimi bo‘la turib, qonunlarni chetlab o‘tadigan, o‘z vazifasini suiiste’mol qiladigan kadrlar ushbu tizimda ham uchrab turadi. Vazirlik kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalasida qanday yo‘l tutmoqda?

— Ha, buning uchun, avvalo, korruptsiyaga qarshi kurashishda tizimli ish olib borilishi kerak. Vazirlikning korruptsion holatlarga qarshi kurashish va korruptsiyaning oldini olish maqsadida 2018 yil 7 iyundagi buyrug‘i bilan qisqa muddatli tekshirish (reyd) va “sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish tartibi joriy qilindi. 2018 yili davlat notarial idoralarida o‘tkazilgan reydlar hamda “sirli mijoz” monitoring tadbirlari natijasida 7 nafar notarius, 6 nafar notarius yordamchisi, 7 nafar notarius kotibi jami 20 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. 234 nafar xodimga nisbatan hayfsan va jarima intizomiy jazo choralari qo‘llandi.

Joriy yilning I choragi davomida o‘tkazilgan reyd va “sirli mijoz” tadbirlari natijasida esa bir  notarius, 2 notarius kotibi, bir notarius yordamchisi jami 4 xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Davlat notarial idoralarining 85 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llandi.

Yana bir yaxshi tadbir — notarial harakatlar qalbakilashtirilishining oldini olish maqsadida ularni tasdiqlashda fuqarolarning barmoq izlarini skaner qilish amaliyoti joriy etildi. 

Sudlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan ayrim turdagi notarial harakatlarda o‘zgarishlar qilindi. Ya’ni vasiyatnomalar va o‘zi imzolay olmagani uchun boshqa shaxslar tomonidan imzolangan notarial harakatlarni majburiy tartibda audio va video qayd etish amaliyoti joriy etildi.

2018 yil 1 avgustdan boshlab, respublikamizdagi barcha davlat notarial idoralari notariuslariga undirilgan pullik xizmatning 80 foizigacha miqdorida rag‘batlantirish bo‘yicha ustamalar berib kelinayotgani ham korruptsion holatlarning oldini olish uchun ijobiy natija beradi.

Bundan tashqari, notariuslik lavozimiga nomzodlarni tanlash tartibi qayta ko‘rib chiqildi. Endilikda notariuslik lavozimiga tanlov o‘tkazish jarayonlari ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilmoqda. Onlayn translyatsiya qilish yo‘li bilan nomzodlar barchaning e’tiboriga havola etilmoqda. Bu esa jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasida amalga oshirilgan ishlardan biridir.

 — Vazirlik tomonidan korruptsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ishlab chiqilgan maxsus dasturda nimalar nazarda tutilgan va qanday natijalar kutilmoqda?

 — Adliya organlarida korruptsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan toqatsizlik e’lon qilindi va idoraviy dastur qabul qilindi. Dasturda adliya organlarida korruptsiyaga qarshi kurashishga doir qator amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Avvalo, ushbu dasturimizning nazorati Jamoatchilik kengashi qo‘liga topshirildi. Ya’ni korruptsiyaga qarshi kurashning o‘zidan korruptsiya elementlarini umuman soqit qilishimiz lozim. Xodimlarimiz va mansabdor shaxslarning faoliyatini ochiq baholash tizimi ishlab chiqildi. 

Bundan buyon barcha bo‘g‘indagi adliya organlari xodimlarining attestatsiyadan o‘tkazilishi jamoatchilik vakillari kuzatuvi ostida amalga oshiriladi hamda bu videotasmaga tushiriladi. Attestatsiya jarayoni onlayn translyatsiya qilinadi. 

Endilikda adliya organlari va muassasalari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan korruptsiyaga oid xatti-harakatlar haqida xabar bergan shaxslarni mukofotlash tartibi joriy etiladi. Ma’muriy binolarimizda (notariat idoralari, davlat xizmatlari markazlari, Intellektual mulk agentligida) ish jarayonini fuqarolarga video va audioga yozib olish huquqi berildi. 

Davlat notarial idoralari va Davlat xizmatlari markazlarida elektron navbat, shuningdek, davlat notarial idoralari va davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiluvchilar tomonidan ko‘rsatilgan xizmat sifatini baholash tizimlari joriy etiladi. Toshkent Davlat yuridik universitetidagi yakuniy davlat attestatsiyasi jarayoni esa onlayn tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri internetda translyatsiya qilinadi.

Ichki tartib-intizom qat’iy nazoratga olindi. Xususan, adliya mansabdorlarining qo‘l ostidagi xodimlariga shaxsiy topshiriqlarini bajartirish holatlarini aniqlash yuzasidan muntazam monitoring olib boriladi. 

Muassasalarda byudjet mablag‘laridan maqsadsiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik uchun choralar kuchaytirildi. Xususan, adliya organlari xodimlarining xizmat safarlari va boshqa xarajatlari faqat qat’iy hujjatlangan holda moliyalashtiriladi. Boshqacha aytganda, xarajatlarni oshirib yozib, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Tovar-moddiy boyliklarini va ularning sarfini hisobga olish bo‘yicha yagona elektron tizim ishlab chiqildi.

Ushbu dasturni amalga oshirish orqali adliya organlari va muassasalari xodimlarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatdagi odob-axloqini yuksaltirish, shuningdek, tizim faoliyatida korruptsiyaning oldini olishga doir tadbirlarning samaradorligini ta’minlash kabi yuksak natijalar kutilmoqda.

 — Rivojlangan mamlakatlar adliya tizimi bilan tanishsiz, albatta. Bu borada qaysi davlatlar bizga o‘rnak bo‘larli darajaga erishgan? Ularning qaysi tomonlarini o‘zimizda qo‘llash ijobiy samara beradi, deb hisoblaysiz? 

— Haqiqatan, chet ellarda modellar ko‘p. Aslida, butun dunyoda adliya tizimi qonunchilik nuqtai nazaridan, adolat nuqtai nazaridan, yagona modelni olishi qiyin. Masalan, AQShni oladigan bo‘lsak, adliya tizimi bilan Bosh prokuratura tizimi bir qilingan. Janubiy Koreya modeli ham shunga o‘xshash. Butun boshli FBR ham, monopoliyaga qarshi kurashish tizimi ham adliya tarkibiga kiradi. Biz hamma modellarni o‘rganib ko‘rdik. Shu asosda tizimda rivojlanishning besh yillik strategiyasini belgilayapmiz. Strategiyada besh yildan so‘ng adliya qaerda bo‘lishi kerak? Insonlarning hayotida qanday rol o‘ynashi lozim, degan savollarga javob olish mumkin. Albatta, adliya tizimining insonlar hayotidagi o‘rni oshib borishi zarur. 

Neytral organ sifatida sud ekspertizasi vazirligimizga berilgan. Ulardan chiqayotgan xulosaga adliya umuman qiziqish bildirmaydi. Chunki biz u yoki bu ishdan manfaatdor emasmiz. Shuning uchun ham xolis tomon sifatida tizimni o‘zimizga qabul qilganmiz.

Xuddi shunday Intellektual mulk agentligi ham vazirlik tasarrufiga o‘tkazildi. Davlat boshqaruvi tahlili va huquqni qo‘llash bo‘yicha yangi boshqarmalar tashkil etildi. 

Qisqasi, muayyan modelni eng ma’qul, deb tanlash noo‘rin bo‘ladi. Ularning hammasidan ma’lum jihatlarini olib, o‘zimizning O‘zbekiston davlat organlari munosabatidan kelib chiqib, eng ma’qulini tanlaymiz.

 — Ruslanbek Quroltayevich, yangi davr rahbari, ziyoli inson sifatida qaysi nashrlarni ko‘proq o‘qiysiz? Ularning orasida “Hurriyat” gazetasi ham bormi? Bizga qanday takliflaringiz bor? Mushtariylarga tilaklaringiz?..

— Axborot olish usullari kengaygan, qulaylashgan zamonda yashayapmiz. Internet bunga keng sharoit yaratgan. Lekin, yetkazilayotgan ma’lumotlarga mas’uliyat nuqtai nazaridan, to‘g‘rilik, ishonchlilik, xolislik borasida matbuotga yetadigani yo‘q deb hisoblayman. Chunki matbuot bu — tarix. Unda bosilgan materiallarni tahrir qilib, o‘zgartirib yoxud o‘chirib tashlab, internetdagidek, hozirgina qo‘yilgan ma’lumotni olib tashlab bo‘lmaydi. Uning taxlamlari, kerak bo‘lsa, bir umr kutubxonalarda saqlanadi. Men matbuotni muntazam kuzatib boraman. Bunga, albatta, vaqt ajrataman. Taklifim — gazetalarimiz birxillikdan qochishga harakat qilishsa, yaxshi bo‘lardi. Nazarimda, matbuotda dadillik yetishmaydi. Ammo yaxshi tomonga o‘zgarishlar ko‘p. “Hurriyat” gazetasini esa ma’rifatga intilgan har bir inson muntazam o‘qishi zarur deb hisoblayman. Gazetangiz doim adolatga xizmat qilsin.

Suhbatni “Hurriyat” muxbiri 

Xolida FAYZIYEVA 

uyushtirdi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 5 =