“Ziyo”dan umid katta

Mamlakatimizda ko‘p yillik orzular ushalib, musulmonchilik farzlarini to‘la-to‘kis ado etishga keng yo‘llar ochildi. Diniy va dunyoviy ta’lim beradigan ta’lim va targ‘ibot dargohlari faoliyatida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Bugun dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar, ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahlili ushbu sohada ham jiddiy islohotlar zarurligini taqozo qilmoqda.

 

Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili 16 aprelda qabul qilingan “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada dasturilamal bo‘lmoqda. Farmonda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi ishini samarali tashkil etish bo‘yicha ham dolzarb vazifalar belgilangan edi. Ushbu markaz endilikda keng qamrovda ish olib bormoqda. Muassasa shaklidagi asosiy mazkur media tuzilma  bugun islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini, ajdodlarimizning islom va jahon tsivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi — boy merosini targ‘ib qilish, diniy-ma’rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan.

— Mamlakatimizda jadallik bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va bunyodkorlik ishlari bilan aholini yaqindan tanishtirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan chuqur falsafiy va ibratga yo‘g‘rilgan ilmiy-ommabop va badiiy ko‘rsatuvlar tayyorlash bugunning muhim talablaridandir, — dedi qayta tashkil etilgan “Ziyo” media markazining taqdimotida  O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, professor Shuhrat Yovqochev. — Hozirgi globallashuv davrida insoniyat hayotiga xavf solayotgan muammolar hamda oilaviy, odob-axloq va yosh avlod tarbiyasining dolzarb masalalariga oid tok-shoular, soha mutaxassislari, olimlari, diniy idoralar vakillari bilan davra suhbatlari, bahsu munozaralar, uchrashuvlar tashkil etish va ularni teleradiokanallar orqali efirga uzatish ko‘zda tutilmoqda. Markazga yuklangan mas’uliyat zalvorini shundan ham anglash mumkinki, ularga O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq qilinadi. Bu esa markaz imkoniyatlarini yanada kengaytirish, professional mutaxassislarni ishga jalb etish imkonini beradi.

Ayni paytda “Ziyo” media markazida mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni va milliy qadriyatlarni o‘zida aks ettiruvchi diniy-ma’rifiy, ilmiy-ommabop va ijtimoiy yo‘nalishlarda o‘nlab ko‘rsatuv va filmlar tayyorlanmoqda.       

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, media markazga zamonaviy televizion va ovoz yozish uskunalari bilan jihozlangan telestudiya hamda ovoz yozish studiyasini tashkil etish uchun zarur mablag‘ ajratiladi. Bunday imkoniyat kelgusida yurtdoshlarimizni diniy-ma’rifiy sohadagi media mahsulotlarga bo‘lgan talabini yanada kengroq qondirishda muhim o‘rin tutadi. 

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur (suratda) ulug‘ ajdodlarimizning bebaho va boy merosi bizgacha  ziyo, ya’ni nur bo‘lib yetib kelganini ta’kidladi. Ulardan “Ziyo” media markazi unumli foydalanishi kerak. Bu meros jamiyatimizdagi og‘riq nuqtalarga, yoshlar tarbiyasiga asqotadigan, iymon-ixlos, e’tiqod jihatdan, ilmga targ‘ib qiladigan nodir manbadir. O‘z vatani, ajdodlari tarixi har bir vatandoshimiz uchun qiziq. Yangicha kuch-g‘ayrat bilan ish boshlagan “Ziyo” media markazi faoliyatidan umid katta. Shakllangan yangi jamoa  hamma intiqlik bilan kutadigan ko‘rsatuvlar tayyorlaydi, deb ishonamiz.

Xolida AHMADJONOVA.

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − two =