«O‘zim ham bir o‘tmoqchi edim…»

Shoir va tarjimon, kichkintoylarning katta do‘sti, bir necha avlod bolalar shoirlarining g‘amxo‘r ustozi Tursunboy Adashboev “adabiyotimiz jonkuyari” degan ulug‘ sharafga munosib edi. She’rlaridek sodda va samimiy inson salkam 60 yil adabiyotga halol xizmat qildi, zamonaviy o‘zbek  bolalar adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdi.

 

Biz O‘zbekiston radiosida ustoz bilan uzoq yillar ijodiy hamkorlik qildik. Tursunboy aka bolalarcha samimiyatni saqlab qolgan olijanob inson edi. Qachon radioga chaqirsak, bizni xursand qilib, “o‘zim ham sizlar tomonga bir o‘tmoqchi edim”, derdilar. Qo‘llaridagi biroz uringan, kattagina portfellarida doimo viloyatlik bolalar shoirlarining ro‘yxati, yashash manzillari va qo‘lyozmalari bo‘lar, “men bilan hamisha suhbatlashishga ulgurasizlar”, deb xorazmlik Sodiqjon Inoyatovning yoki Erpo‘lat Baxtning she’rlaridan o‘qib berardilar yoki Nurulla Ostonning yangi tarjimalarini maqtab, o‘zlarining she’rlarini o‘qigandan ham ko‘proq zavqlanardilar… 

Bir kuni qo‘ng‘iroq qilib, “Xorazmdan Qo‘zi Ismoil kelgan. Uning kichkintoylarga atalgan tarbiyaviy she’rlari, manzara yaratish uslubi nihoyatda o‘ziga xos”, dedilar. Oqsoqolning fikrlarini tushundik, ularni radioga taklif qildik. Tursunboy og‘a xuddi farzandining muvaffaqiyatidan quvongan otadek, Respublika xalq ta’limi a’lochisi, o‘zining yoshi ham oqsoqolga yaqinlashib qolgan Qo‘zi Ismoilni boshqa muharririyatlarga ham tanishtirib chiqdilar. Keyinchalik ham, “Qo‘zi Ismoil Xorazmdan she’r yuboribdi”, deb daftar-daftar yozmalarni radioga olib kelardilar. Shundayin bag‘rikeng, muruvvatli, shogirdparvar ustoz edilar Tursunboy aka…

Bolalarning sevimli shoiri Hamza Imonberdiev avtohalokat tufayli vafot etganida jigaridan ayrilgan insondek rosa kuyingan edi. Hamza akani xotirlab, radioda “Yodnoma” degan eshittirish tayyorladik. “Men uning zo‘r shoir bo‘lishiga ishonardim, inson sifatida ham uni juda yaxshi ko‘rardim”, dedilar yig‘i aralash Tursunboy og‘a. Hamza akaning onasi Farida aya, o‘zidek iste’dodli farzandlari Dilorom, Dilafro‘z, Sherzodlar haqida, shoirning “Alifbe”ga kirgan she’rlari xususida to‘lqinlanib so‘zladi. Bu ahil va iste’dodli oilaga bag‘ishlab yozgan she’rlarini o‘qiyotib, yig‘lab yuborgandi:

“Otajonim” qo‘shig‘ini,

Sherzod sho‘x sha’n ayta boshlar.

Hamza chalar rubobni,

Tomoshabin ko‘zin yoshlar…

…2002 yilda mening turmush o‘rtog‘im, taniqli shoir A’zam O‘ktam 41 yoshda vafot etdi. Farzandlarimiz hali yosh edi. Qizim To‘maris xalqaro jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdi. Birinchi yili qiynalib bo‘lsada, kontrakt pulini o‘zimiz to‘ladik. Ikkinchi yili A’zam akaning birodarlari yordam berishdi. Uchinchi yili kontraktni qanday to‘lashni o‘ylayverib, charchab ketdim. Birovdan yordam so‘rab o‘rganmaganman. Osmon uzoq, yer qattiq… Shunday kunlarning birida shogirdlarining she’rlarini olib, radioga Tursunboy aka kelib qoldilar. Qaynona qaynotamni, ota-onamni, bolalarning o‘qishlarini so‘radilar. To‘maris va Temurxonning gazetalarda bosilayotgan maqolalarini maqtadilar. Kutilmaganda “kontraktni to‘lashga qiynalmayapsizmi”, dedilar. Sir boy bermaslik uchun “Xudoga shukr, bo‘ladi”, dedimu, ovozimdagi ishonchsizliknimi, ilojsizliknimi sezib qoldilar, shekilli, “A’zamjon “Sharq” nashriyotida ham ishlagan, uning direktori Bobur Alimov juda olijanob yigit, yordam so‘rasak, yo‘q demaydi”, deb menga tasalli bergan bo‘ldilar. Ertasi kuni qo‘ng‘iroq qilib, “biz Tohir Malik bilan Boburjonning oldiga kirdik, sharoitni tushuntirdik, yordam beradigan bo‘ldi”, deya mamnun bo‘ldilar. Og‘aning sharofatlari bilan, “Sharq” nashriyot matbaa kontserni To‘marisning kontrakt pulini to‘lab berdi. Avgustning oxirida o‘g‘lim Temurxon uchun bir paket maktab darsliklarini ko‘tarib radioga keldilar. Shundayin hojatbaror, oliyhimmat inson edilar Tursunboy aka…  

…Bundan 14 yilcha muqaddam O‘zbekiston radiosidagi ba’zi bir rahbarlarning e’tiborsizligi tufayli “Hamroh”, “O‘smir”, “Har bola bir dunyo”, “Yodnoma” kabi millionlab yurtdoshlarimizning mehrini qozongan dasturlar qatorida 80 yillik an’anaga ega, kichkintoylar uchun beriladigan “Bor ekan-da…” eshittirishi ham efirdan olindi. O‘rniga zamonaviy dasturlar qo‘yildi. Ko‘pchilik singari mening ham bolaligimning eng nurli lahzalari kechqurun radio orqali yangraydigan, biz oilaviy tinglaydigan ertaklar bilan bog‘liq edi… Ko‘z oldimga oqshom ertaklarini kutayotgan go‘daklar kelaverdi. O‘ylab-o‘ylab bolalar adabiyotining ikkita katta oqsoqollari — Tursunboy Adashboev bilan Anvar Obidjonga dardimizni aytdik. Tursunboy og‘a yonib ketdilar. “Axir, hammamizni tarbiyalagan, xalq og‘zaki ijodiga oshno qilgan, ko‘nglimizga shoirlik havasini solgan shu ertaklar edi. Cho‘pchaklarni bir oqshom Lutfixon aya aytsalar, ertasi kuni Razzoq Hamroevning salobatli ovozi yangrardi. Bu ertaklar o‘zbek xalqining, O‘zbekiston radiosining oltin xazinasi-ku.” Og‘aning tovushida o‘kinch bor edi. “Hozir Anvarjon bilan gaplashdim, ertadan qoldirmay hal qilamiz. Bolalarni ertakdan judo qilish mumkin emas”,  dedilar bir ozdan so‘ng dadillik bilan. Kechasi bilan uxlamay, qog‘oz qoralabdilar. Ertalab rahbarlarning qabuliga ustoz shoirlar kelib, “Bor ekan-da” ni tiklab ketishdi. Bolalar adabiyoti, ma’naviyatiga oid har qanday muammoning yechimini topishda shundayin shijoatli edilar Tursunboy og‘a…

…2009 yilda men tahsil olgan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 17-umumta’lim maktabining qo‘shimcha ikki qavatli yangi binosi qurildi. Shu ilm maskanining direktori bo‘lgan singlim Yulduz: “barcha o‘quvchilarimiz Anvar Obidjon va Tursunboy Adashboevning yuzlab she’rlarini yodlashgan. Maktabimizni aynan shu ikki ulug‘ shoirlarimiz ochib berishini orzu qilamiz. O‘zingiz ham, farzandlaringiz ham shu maktabda o‘qigansizlar, shoirlarimizni taklif qilmoqchimiz, yordam bering. O‘quvchilarimiz necha yillardan beri uchrashishni orzu qilishadi. Tursunboy akaning 70 yillik yubileyini ham nishonlaymiz”, deb qoldi. Nima deyishga hayron edim… Avvalo Mustaqillik bayrami, keyin o‘sha yili 2 sentyabr ramazon kunlariga to‘g‘ri kelgan, yo‘l esa uzoq… Lekin, menga dunyoni tanitgan dargohga yo‘q deyish mumkinmi? Buning ustiga ustoz shoirlar bilan oilaviy qadrdonligimiz borligini singillarim, ukalarim yaxshi bilishadi… Ming xijolat bilan ustozlarga sim qoqdim. Rozi bo‘lishganda boshim ko‘kka yetguday quvongandim. Bora-borguncha adabiyot haqida suhbatlashdik. Anvar akam Samarqandda texnikumda o‘qigan yillarini esladilar. Ko‘ngilli sayohat bo‘lgandi. Yangi maktabning ramziy kalitini Tursunboy Adashboev va Anvar Obidjon o‘quvchilarga topshirishdi. Bu — Kattaqo‘rg‘on tumani va maktab hayotida tom ma’nodagi tarixiy voqea edi. Ilm maskanidagi uchrashuvni ta’riflashga til ham, qalam ham ojiz. O‘qituvchilar, o‘quvchilar, ularning ota-onalari … odamlar xuddi dengizdek to‘lqinlanardi. She’r — she’rga ulanar, guldastalarning oxiri ko‘rinmasdi. Bu oddiy uchrashuv emas, adabiyotning, she’riyatning haqiqiy bayrami edi. Ustozlar maktab kutubxonasi uchun kitoblar sovg‘a qilishdi. Yuztadan ortiq she’r yodlagan o‘quvchilar dastxat yozilgan asarlar bilan taqdirlanishdi. Hamma xursand, ayniqsa, Tursunboy aka yosh boladay quvonar, goh o‘quvchilarga she’r o‘qisa, goh parodiyalaridan o‘qib, ularning ota-onalarini ham kuldirardi. Juda ochiqko‘ngil edilar, har qanday suhbatdoshning diliga yo‘l topib, bir pasda inoqlashib ketardilar. Orada menga va Anvar Obidjonga, shifokor ukam Hamzaxonga “bunaqa zo‘r uchrashuvni umrimda birinchi ko‘rishim” der, shodligini yashirolmasdi. Keyinchalik ham o‘sha uchrashuvni mamnuniyat bilan ko‘p eslar, “bizning yurtimizga Yulduzxonga o‘xshagan jonkuyar direktorlar kerak”, deb ta’kidlab qo‘yardilar. Shundayin ochiqko‘ngil, bolafe’l, davralarning fayzi edi Tursunboy aka…

…Juda ko‘p bolalar shoirlarining she’rlari aynan Tursunboy Adashboevning tashabbusi bilan maktab darsliklariga kirgandi. Yangi avlod “Adabiyot” darsliklarining zamon talablariga mos, yuqori saviyada yaratilishida jonbozlik ko‘rsatdilar. Ayniqsa, ijodkor o‘qituvchilarga hurmatlari baland edi. “Ular bolalar bilan ishlaydi-da, kichkintoylarning qalbini, ruhiyatini, qiziqishlarini yaxshi biladi”, derdilar ishonch bilan. Ustoz 2 jildlik “O‘zbek bolalar adabiyoti antologiyasi”ning mualliflaridan biri sifatida bu to‘plamlarga eng sara asarlarning kirishiga sababchi bo‘ldilar. Rustam Nazar, Nurullo Oston, Ma’mur Qahhor, Zafar Isomiddinov, Abdurahmon Akbar, Erpo‘lat Baxt, Sodiqjon Inoyatov, Qo‘zi Ismoil, Xudoyberdi Komilov, Muqimjon Qodirov, Dilshod Rajab, Ne’mat Dushaev, Orif To‘xtash… Bu ro‘yxatni hali uzoq davom ettirish mumkin. Tursunboy aka ularning ijodini va sha’nini qadrlar, yangi kitoblarining radio taqdimotini o‘tkazishga bosh-qosh bo‘lar, bolalar adabiyotining ertasi uchun tinimsiz qayg‘urardi. Tadbirlarga ko‘p taklif qilardik, biron marta yo‘q deganlarini eslolmayman. Toshkent Davlat agrar universitetida, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutida, Yashnobod tumanidagi 244-maktablarda o‘tgan uchrashuvlar hamon yodimda… Tinib-tinchimas ijodkor, g‘amxo‘r murabbiy Tursunboy Adashboevning she’rlari rus, belarus, latish, tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillariga tarjima qilingan. U Abdulla Avloniy nomidagi mukofot, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi unvoni, “Do‘stlik” ordeni hamda Qirg‘iziston Respublikasining “Manas” ordeni bilan mukofotlangan edi. Eng muhimi, yurtdoshlarimizning mehri, shogirdlarining ehtiromi, muxlislarining ixlosi nasib qilganidan, umrining yetuklik fasli farzandlari va nabiralarining ardog‘ida kechayotganidan mamnun, har bir kuniga shukr qilib yashaganligi bilan bizga ibrat edi Tursunboy og‘a. “Yilt” etgan iste’dodni ko‘rsa, dunyolarga sig‘may quvonadigan, uni yuzaga chiqarishga urinadigan murabbiy edi… Anvar Obidjon ikkalalari doimo yangi kitoblari nashr etilganda avvallari farzandlarimizga, endi esa nabiralarimizga nomma-nom yozib berishadi. Yillar davomida bu xayrli ish an’anaga aylandi. Kitob javonimizning asosiy qismini shundayin e’zozli hadyalar to‘ldirib turibdi. Ular bilan bog‘liq aziz va armonli xotiralar ham bor.

75 yoshga to‘lganlarida turkum eshittirishlar tayyorladik. Navbati bilan yillar davomida yig‘ilgan maktublarni — shoir ijodi muxlislarining dil izhorlarini o‘qib berdik. Qutlovlar og‘aning muxlislari nafaqat yurtimizning shahar va tumanlari, chekka ovullari, tog‘li qishloqlarida, balki qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmanistonda ham ko‘p ekanligidan darak berardi. Ustozni O‘zbekiston radiosiga taklif qilib, suhbatlarini yozib oldik, qutlug‘ yoshlari bilan muborakbod etib, to‘n kiydirdik. Olloh nasib qilsa, 80 yoshlik yubileylari o‘zbek bolalar adabiyotining bayramiga aylanib ketishini niyat qildik. Chin yurakdan xursand bo‘ldilar, duo qildilar… Afsuski… endi armon bilan, sog‘inch bilan eslaymiz o‘sha kunlarni… Yelkasida toshkentcha to‘n, qo‘lida guldasta, ko‘zlarida mung, chehrasida siniqqina tabassum, adabiyotidek aziz O‘zbekiston radiosining ijodkorlari, salkam 60 yillik sadoqatli muxlislari davrasida qo‘llarini duoga ko‘targan ustoz… 

Tursunboy og‘aning noyob iste’dodi tufayli “Kamolning olmasi”, “Arslonbob sharsharasi”, “Olatog‘-lolatog‘”, “Oqbo‘ra to‘lqinlari”, “Olatovlik bo‘laman”, “Surnay”, “Nur daryo”, “Guldasta”, “Topishmoqli alifbe”, “Sovg‘a”, “Sichqonning orzusi”, “Oltin yolli tulpor qissasi”, “Orzularim — qo‘sh qanotim” kabi ajoyib kitoblari dunyoga keldi. Ustoz rus shoirlari K.Chukovskiy, A.Barto, V.Berestov, B.Zaxoder, gruzin adibi N.Dumbadze, tatar shoirlari N.Yusupov, R.Ming‘alim, yahudiy shoiri Ovsey Druz, polyak shoiri Yan Bjexva, arman shoiri G.Gabrielyan, uyg‘ur shoiri Uchqun, arab shoiri Bayon as-Safadiy, ingliz shoiri Uolter De La Mer she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi, jahon adabiyotining eng sara asarlari bilan o‘zbek adabiyoti xazinasini boyitdi.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan kitobxon mamlakatga aylanayotgan O‘zbekiston bolalarining eng sevimli shoirlari qatorida Tursunboy Adashboevning ham mo‘’tabar nomi bor. Agar hayot bo‘lganlarida bu yil umrlarining she’rga, nurga va gulga burkangan 80 bahorini qarshi olardilar…

Hammaga qo‘lidan kelgancha yordam berardilar. Adabiyot va ma’naviyat targ‘iboti yo‘lida tinim bilmagan, yuzlab yosh iste’dodlarning boshini silagan, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan Ustoz mehr-oqibat, odamgarchilik bobida ko‘pchilikka ibrat bo‘ladigan ziyo, nur qoldirib ketdi. Shundayin bolafe’l, oqko‘ngil, bag‘rikeng, shijoatli, fidoyi… adabiyotimizning haqiqiy jonkuyari, kichkintoylarning katta do‘sti, donishmand murabbiyi, shogirdlarining g‘amxo‘r murabbiyi edi Tursunboy Adashboev…

Hulkar HAMROYEVA,

filologiya fanlari nomzodi.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − seven =