Yuksak mehr bilan yo‘g‘rilgan mukofot

O‘zbek milliy jurnalistikasi astoydil rivojlanish pallasiga qadam qo‘ydi va uning tashlayotgan bugungi keng odimlari dadil va samarali bo‘layotir. Bu nafaqat, mamlakatimiz jamoatchiligining, balki xalqaro ekspertlarning ham fikridir. Bunday yutuqlarga erishish oson kechgani va kechayotgani yo‘q.

 Esingizdami, Xalqaro press-klub tashkil etilganida ayrimlar ajablangan edi: “Zarurat bormikan?..” Ma’lum bo‘ldiki, juda bor ekan. Zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan klubga “mehmonga kelgan” deputatlar, senatorlar, vazirlar, diplomatlar, raislar, direktorlar, sudyalar, prokurorlar, hokimlarning jurnalistlar bilan bevosita va ochiq muloqotlarini ko‘rib, bu boradagi barcha shubha-gumonlar tezda tarqab ketdi. Press-klubning tashkil etilishi oqilona ish bo‘lgani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. To‘g‘ri, dastlabki paytlarda ochiq muloqot chog‘ida ikki tomon o‘rtasida tortinchoqlikka, o‘zbekona isteholaga o‘xshash alomatlar sezildi. 

Bu — jurnalistlar bevosita savol berishga, rahbarlar esa javob qaytarishga ko‘nikmaganidan. Biz, hammamiz, erkinlik, ochiqlik-oshkoralik, demokratiya, xalqqa yaqin bo‘lish, el-ulusning dardi bilan yashash degan buyuk tamoyillarga amal qilib ishlash, yashash burchimiz, vazifamiz ekaniga endi ko‘nika boshladik. Bu bir kun, bir yil, o‘n yil emas, muttasil davom etadigan jarayondir. Bu xayrli jarayonga faol hissa qo‘shib kelayotgan Xalqaro press-klub jamoasining bugun, oradan qariyb ikki yarim yil o‘tgach, «Oltin qalam» Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda Bosh mukofotga sazovor bo‘lgani adolatli ishdir. Zero, klubning demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lida respublikamizda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida mamlakatimiz va jamiyatimiz hayotidagi dolzarb voqealar muhokamalariga bag‘ishlangan sessiyalari bugun barchaning e’tiborini qozongan.

O‘tgan vaqt mobaynida klubdagi suhbatlar orqali qanchadan-qancha olamshumul yangiliklar, jadal islohotlar berayotgan yuksak samaralaru, xalqimiz uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, haq-huquqlarimizdan xabar topdik. Adolatning tiklanishiga, hatto ko‘zdan panada bo‘lgan ayrim “sirlar”ning ochilishiga guvoh bo‘ldik. Oddiy misol, “JM-Uzbekistan”da ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarning har biriga xaridor qo‘liga yetib borgunicha kamida 10 litr benzin quyilishi shartligini “bilmas” edik. Buni bilmaganimiz mayli, o‘sha paytda xiyla kamyob, hozir g‘oyat serob tovarga aylangan, mashinaga yetkazganiga shukr qilib, hatto “shapkasini berib” olib ketaverardik.

Bunday yangiliklarning ko‘pini shu Xalqaro press-klub orqali bilib olmoqdamiz-ku! Bugun katta va’dalar berib, ertasiga aytgan gapini unutadigan ayrim mas’uliyatsiz rahbarlarning qanchasi shu dargohda yana savol-so‘roqqa tutilmoqda. Ularning orasida aholining muammolarini hal qilish o‘rniga, jurnalistlardan yozg‘irib yurganlari ham topiladi. Bundaylarni ko‘rib, atoqli ingliz jurnalisti va adibi Gilbert Chestertonning hikmatga aylanib ketgan gapi yodga tushadi: “jurnalistlarning ustidan arzi dod qiladigan rahbar dengiz to‘lqinidan fig‘oni falakka chiqadigan kema kapitaniga o‘xshaydi”.         

“O‘zbekiston-24” kanalining ochilishi mamlakatimiz media makonida unutilmas voqeaga aylanib, jamoatchiligimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingani-chi. Lekin 50 yildan beri “Axborot”dan boshqa narsani ko‘rmay, unga “umr yo‘ldoshidek” ko‘nikib qolganlar orasida ikkilanganlar ham uchragani rost. Bu ham tabiiy. Zero, yangilikni hamma bir xil — xushlab qabul qilavermaydi. “O‘zbekiston-24”ning telereportajlari esa “endi avvalgilarga o‘xshamas”. Tezkorlik, aniqlik, xolislikni o‘ziga shior deb bilgan telehamkasblarimizning faol intilishlari o‘laroq hozir xalqimiz kunu tun – 24 soat olamaro yangiliklardan xabardor. Yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni ro‘y-rost ko‘rsatish va hal etish yo‘llarini tahlil qilish telekanal jamoasining doimiy etiborida. O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosati, jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni, Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili maqsad-vazifalari ijrosi bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni tezkor  va tahliliy yoritib kelayotgan bu jamoa tanlovda Milliy mukofotimizning Bosh sovriniga loyiq ko‘rildi. Juda munosib.  

Aslini olganda, bunday yutuqlarning zamirida jurnalistlarimizning o‘z xalqiga, Vataniga cheksiz mehr-muhabbati va sadoqati, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga, voqelikka teran nigoh bilan qarashga intilishi, yuksak mas’uliyat hissi, faol fuqarolik pozitsiyasi bilan bog‘liq tushunchalar va tamoyillarga sidqidildan amal qilayotgani mujassamdir! Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev biz, jurnalistlar oldiga qo‘ygan vazifalar, talablar barchamizning dilimizda:  “Ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilishi zarur”. Bunday yuksak darajaga ko‘tarilish uchun katta bilim, tafakkur, mehnat, zakiylik va fidoyilik zarur. Hamkasblarimiz ana shunday ezgu maqsad yo‘lida dadil intilib, yuksak samaralarga erishayotganiga guvoh bo‘lish kishiga katta quvonch bag‘ishlaydi. 

Poytaxtimizda kecha «Turkiston» saroyida «Oltin qalam» XIV Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirda bu jihatlar yana bir bor namoyon bo‘ldi.     

3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan ta’sis etilgan mazkur xalqaro tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgani yurtimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga e’tiborning yuksalib borayotganidan dalolatdir.

Tanlov tashkiliy qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov va boshqalar keyingi uch yilda, barcha sohalarda bo‘lganidek, matbuot va ommaviy axborot vositalari yo‘nalishida ham ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilganini alohida ta’kidladi.

Ijodiy izlanishlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2006 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov ham jurnalistlarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborning yorqin misolidir. 

Tanlov yakunlari shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimizdagi bemisl yangilanishlar jarayoni teran va ta’sirchan yoritilgan materiallar, shuningdek, ijtimoiy muammolar tahliliy-tanqidiy ochib berilgan, ularni hal etish borasida amaliy ta’sir kuchiga ega chiqishlar soni ortib bormoqda. Bosma nashrlar, radio-televidenie va internet nashrlari o‘rtasida sog‘lom raqobat kuchaymoqda. 

Tanlovning muhim va o‘ziga xos jihati shundaki, unda barcha jurnalistlar qatnashishi mumkin. Biroq mukofot takroran berilmaydi. Qatnashchilar orasida gazeta-jurnallarda ilk ijodiy ishlari chop etila boshlagan talabadan matbuot sohasida allaqachon sochiga oq tushib, elning nazariga tushgan ustoz jurnalistlargacha bor. Bu omil har yili yangi g‘oliblar paydo bo‘lishiga, sovrindorlar safi yanada kengayib borishiga, ijodiy izlanishlar kuchayishiga xizmat qilmoqda. Shuning o‘zi, ayni paytda, mamlakatimizda matbuot va so‘z erkinligi mustahkam qaror topib borayotganidan dalolatdir. 

Bu yil mazkur nufuzli tanlov o‘n to‘rtinchi marta o‘tkazildi. O‘tgan yillar davomida tanlovda 6500 jurnalistning 100 mingga yaqin ijodiy ishi ko‘rib chiqildi va 280 ijodkor tanlov g‘olibi bo‘ldi. Mazkur tanlovlarni o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash uchun jami 3 milliard 165 640 000 so‘m  miqdorida pul mukofotlari ajratildi. 

Bu yilgi tanlovda 518 nafar jurnalist 6 ming sakkiz yuzdan ortiq ijodiy ishi bilan qatnashdi. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha hay’at a’zolari har bir ijodiy ishni, har bir materialni diqqat bilan ko‘rib chiqdi. Eng muhimi, ijodiy ishlar bugungi kunda hayot oldimizga qo‘yayotgan talablar — yuksak professionalizm, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, so‘z mas’uliyati va ifoda mahorati, ijodiy faoliyatga yangicha yondashuv  mezonlari asosida baholandi.

Bu yil mamlakatimizda demokratik jarayonlarni yanada kengroq yoritishni rag‘batlantirish maqsadida “Inson huquqlari mavzuidagi eng yaxshi material uchun” nominatsiyasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi mukofot egasi ham aniqlandi. 

Tanlov bilan bog‘liq sarf-xarajatlar, ikki yildirki, Prezidentimizning 2017 yil 9 avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilmoqda. Bu yilgi sarf-xarajatlar 689 million 400 ming so‘mni tashkil etmoqda. 

Qayd etilganidek, Bosh milliy mukofotga Xalqaro press-klub va “O‘zbekiston-24” telekanali jamoalari sazovor bo‘ldi. o‘olib jamoalariga maxsus diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va mamlakatimizda belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdoridagi pul mukofoti topshirildi. 

«Oltin qalam» — “xalqimizning yuksak mehri bilan yo‘g‘rilgan mukofot”, deb berilgan ta’rifu tavsifda katta hikmat bor. Ijod ahliga ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlikning amaldagi yorqin ifodasi sifatida ta’sis etilgan mazkur mukofot jurnalistlarimizni Vatanimizni yanada obod, xalqimiz turmushini yanada farovon ko‘rish yo‘lida katta mehr, ulkan mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilishga undayveradi.   

 

Qulman OCHILOV.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =