Har dilda bir cho‘g‘ bor… (Zomin tumanida Respublika yosh ijodkorlarining seminari muvaffaqiyatli o‘tdi)

Bizning havas qilsa arziydigan tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi.

Shavkat MIRZIYOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Aslida, iste’dodsiz insonning o‘zi yo‘q. Har bir inson dunyoga kelar ekan, Yaratgan qaysidir jihatdan qobiliyat ato etadi. Hamma gap uni tarbiyalashda, ro‘yobga chiqarishda, o‘z vaqtida e’tibor berib, nihol kabi parvarish etishdadir.

Davlatimiz rahbari tomonidan ana shu yo‘lda kelajak avlodga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘r­liklar shak-shubhasiz ertangi kun iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz ilgari surgan besh tashabbus zamirida ham ulug‘ g‘oya, mustahkam maqsad-muddaolar mujassam. Zero, yoshlarning komil inson bo‘lib voyagayetishida kitob, ya’ni adabiyot bilan bir qatorda, musiqa, rassomlik, teatr va san’at hamda sport sohasiga muhabbatini oshirish eng to‘g‘ri maslagu matlab. Bu borada hayotimiz ertasi bo‘lgan yoshlar uchun jamiki imkoniyatlar muhayyo.

Yurtboshimizning doimiy e’tiborida bo‘lgan adabiyot ahli uchun, shu qutlug‘ sohaga qadam qo‘yishni niyat qilgan yoshlar uchun o‘tgan hafta ham unutilmas voqealar, hayajonli uchrashuvlarga boy kechdi.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari. Bu — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan qayta jonbaxsh etilib, yosh iste’dodlarni kashf etishda o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tamoqda.

Joriy yilda yana an’anaga muvofiq, seminar tadbirlari 3-5 iyul kunlari go‘zal tabiatga esh Zomin tumanining O‘riklisoy oromgohida — sog‘lom tabiat bag‘rida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi va Jizzax viloyat hokimligi hamkorligida ushbu tadbirga alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Mamlakatimizda keng nishonlangan Yoshlar kuni bayramiga hamohang tarzda o‘tkazilgani — uzukka ko‘z qo‘yilgandek ma’no kasb etdi.

Poytaxtimizdan Zomin sari zamonaviy avtobuslarda yo‘l olindi. Yurtimizning atoqli shoir va yozuvchilari, taniqli publitsist va jurnalistlari hamda yosh ijodkorlar avval Jizzax shahrida, adib va jamoat arbobi Sharof Rashidov, elimizning suyukli shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim haykallari poyiga guldastalar qo‘yib, hurmat bajo etdi. Bu ulug‘ zotlar  hayotiga bag‘ishlab ochilgan muzeylarga tashrif buyurildi.

Bu ziyorat, shubhasiz, ijod ahli, ayniqsa, yosh iste’dodlarda unutilmas taassurot uyg‘otdi.

O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi raisi, Xalq shoi­ri Sirojiddin Sayyid boshchiligida Zomin seminari ishtirokchilari Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida ham bo‘ldi. Buyerdagi qizg‘in uchrashuvlarning o‘zi bir doston.

Betakror tabiati, sharqiroq soylari, purviqor tog‘lari, sehrli archalariyu orombaxsh havosi… bularning bari — ta’rifiga so‘z ojiz — juda go‘zal!

O‘riklisoy. Nomining o‘zi kayfiyatni ko‘taradi. Shu kuni tushlikdan so‘ng, ushbu go‘zal maskanda Zomin seminarining ochilish marosimi bo‘ldi. Unda so‘zga chiqqan Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenisbay Karimov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi, taniqli shoir Sa’dulla Hakim va boshqalar mamlakatimiz rahbarining adabiyotga, ma’naviyatga, yoshlarga e’tiborining nechog‘lik katta ekanini alohida qayd etdilar. Ijod ahliga bunday g‘amxo‘r­lik hech qachon bo‘lmagan.

Bu yilgi seminarda 200 dan ziyod yoshlar qatnashdi. Ularning bari respublikamizning turli hududlaridan. Barchasi iste’dodli, umidli g‘unchalar.

Seminarning ilk oqshomi yoshlar va ustoz ijodkorlar davrasi — qizg‘in mushoira kechasiga aylandi. O‘zbekiston xalq shoirlari Anvar Obidjon, Mahmud Toir, Enaxon Siddiqova, taniqli shoirlar Azim Suyun, Abduvali Qutbiddin, Nodir Jonuzoq, Sirojiddin Rauf, Xosiyat Rustamova, Rustam Musurmon kecha ishtirokchilari uchun yangi she’rlar o‘qi­di.

Yoshlar-chi, yoshlar! Ustozlardan aslo qolishmaydi. Buxorolik Dinara Umarqulova, Samarqanddan Charos Qozoqova, Xorazmdan Jahongir Normatov, Zumrad Abdullaeva, Surxondaryodan Alisher Muqimov, Jizzaxdan Gulbahor Ravshanova, Sirdaryodan Orzumurod Nurmatov, Mirzoozod Mirzane’matov, Namangandan Nodira Habibullaeva, Bibirobiya Saidova …

Ha, ularning ovozi baland, o‘tkir. Saflari ham keng.

— Bunday anjumanlarning iste’dodlarni kashf etishdagi ahamiyati juda katta. Chunki bu kabi uchrashuvlar yoshlarning ijod olamiga kirishida, o‘z o‘rnini topishida katta yordam beradi, — deydi taniqli shoir Abduvali Qutbiddin. — Albatta, birovga she’r yoki hikoya yozishni o‘rgatib bo‘lmaydi. Lekin ijodiy ta’sir, tarbiya degan narsalar ana shunday anjumanlarda shakllanadi, mustahkamlanadi.

Betimsol tabiatning sehrli quchog‘ida yosh ijodkorlarning adabiy sabog‘i boshlandi. Nazm ixlos­mandlari Azim Suyun, Abduvali Qutbiddin, Nodir Jonuzoq, Xosiyat Rustamova, Sirojiddin Rauf kabi shoirlardan she’riyat sirlarini o‘zlashtirib, ijodlariga baho oldilar. Erkin A’zam, Abdusaid Ko‘chimov, O‘tkir Rahmat, Nazar Eshonqul, Luqmon Bo‘rixon, O‘ktam Mirzayor, Sobir O‘nar, Bahodir Qobul, Norqobil Jalil kabi yozuvchi-adiblar yosh­larni nasrning nafis jihatlaridan xabardor etdilar. Adabiy tanqid, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti, badiiy publitsistika yo‘nalishlarida ham yurtimizning taniqli adabiyotshunoslari, yozuvchi, shoir va jurnalistlaridan sa­boq olish imkoniyati yaratildi.

… O‘riklisoydagi Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatining Yozuvchilar uyushmasi uchun homiylik yordamida ma’lum qismi ajratilgan yangi qurilgan sihatgohi amfiteatrida tadbirning tantanali yakuniy marosimi bo‘lib o‘tdi. Uch kun davom etgan adabiyot damlari go‘yoki bir onda kechgandek o‘tib ketdi. Bu bejiz emas. Elimizning taniqli shoiri yozganidek, har dilda bir cho‘g‘ bor, yoqmoq istasa, har ko‘ngil bir daryo, oqmoq istasa…

Darhaqiqat, yuraklarga bir olam orzular ulashgan ushbu anjumanning yuksak darajada tashkil etilganini e’tirof etmoq joiz. Bu xayrli ishda yaqindan yordam bergan Jizzax viloyati va Zomin tumani hokimligiga samimiy minnatdorlik bildirildi.

Seminar so‘ngida esa yosh ijodkorlarga sertifikatlar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jizzax viloyati hokimligi, homiy tashkilotlar, jumladan, O‘zbe­kiston Yozuvchilar uyushmasi “Do‘stlar klubi” — ATB “Xalq banki”ning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Zomin tog‘larida, O‘riklisoy etaklarida o‘tgan  adabiyot bayrami ko‘ngillarga cheksiz shukuh, unutilmas hayajon, boy taassurotlar tuhfa etdi.

A. JUMAYEV.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =