O'zbekiston

Chayqalib yotibdi nurli bir chaman,

Oy bilan oftobning buyuk vatani.

Tong kabi jilmayib baxti ochilgan,

Maysaga ko'milib nurli badani.

Osmon posbonidir bunda burgutlar,

Chumchuq chug'uridan teshiladi tom.

Bu o'lka ko'ksida yonar bulutlar,

Chinor shoxlariga qo'nganida shom.

Ne-ne daryolar bor, yugurib-elib,

Ummonda qolarlar bir umr yaxlab.

Bu chaman bag'riga daryolar kelib,

Zaminga singarlar g'o'zaday shoxlab.

Ko'zyoshdek tiniqdir bu elda osmon

Shaftoli shoxlari qayrilgan onda.

Naqsh olma yuziga yugurganda qon,

Oftob ham osilib tolar armonda.

Bu elning qadimiy har qo'shig'ida

Bejiz oltin deya atalmas tuproq.

Simyog'ochga qo'ngan qush tumshug'ida

Tilladay nurlanib turibdi boshoq.

Chayqalib yotadi nurli bir chaman,

Yulduzday sochilib olamga shoni.

Fidoyi o'g'ilman, yonib o'paman

Olam ostonasi — O'zbekistonni!

 Tilak Jo'ra

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =