Yoshlikda olgan bilim…
Prezidentimizning Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid imzolagan 2019 yilning 27 maydagi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida o'rta-maxsus kasb-hunar kollej va akademik litsey o'quvchilari hamda oliy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida o'tkazilgan “Yoshlar Vatan xizmatida rostgo'ylik va qonunlarni hurmat qilish tarafdori” mavzuidagi ijodiy ishlar respublika ko'rik-tanlovi ham yoshlarni korrupsiyaning salbiy oqibatlaridan xabardor etish, qonunlarga hurmat va itoatkorlik ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.
— Tanlov yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha bilimlarini yanada mustahkamlash, ularni Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarni aniqlab, jamiyat hayotidagi ijtimoiy faolligini oshirish hamda o'z iqtidorlari va ijod mahsullarini namoyish etishlari uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan edi. Shuningdek, yoshlar o'rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda huquqiy madaniyatni shakllantirishga qaratildi, — deydi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarmasi katta prokurori Karimjon Musashayxov.
Joriy yilning noyabr-dekabr oylarida o'tkazilgan mazkur tanlov Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan Oliy va o'rta-maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi hamda O'zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etildi.
Tanlovga jami 200ga yaqin ijodiy ishlar taqdim etildi, ularni baholashda mavzuning mazmun-mohiyati to'la ochib berilganligi, plakat chizish mahorati, ranglardan to'g'ri foydalana olish, tasviriy san'at elementlari va zamonaviy texnologiyalarni qo'llay olish qobiliyati, plakatdagi mantiqiylik, ishtirokchining dunyoqarashi, fikrlash doirasi va e'tiborni jalb qila olish xususiyati kabi mezonlarga alohida ahamiyat berildi.
BMT Taraqqiyot dasturining “O'zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof institutlar orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi doirasida o'tkazilib, moliyalashtirilgan mazkur tanlov g'oliblari “Eng yaxshi plakat” va “Eng yaxshi surat” nominatsiyalari bo'yicha noutbuk, planshet va “Samsung Galaxy A70” smartfoni bilan taqdirlandilar.
Nazokat Yusufjonova,
Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi
Ma'naviyat va ma'rifat markazi bo'lim boshlig'i.