Uy-joylar arzonlashadimi?..

Bugun har sohada yangilik bo'lgani kabi qurilish sohasida ham katta islohotlar kechmoqda. Aholining esa uy-joyga bo'lgan talabi kundan-kunga oshib bormoqda. Bu shub­hasiz, sohada sezilarli o'zgarishlar bo'lishini talab qiladi. Yangi qurilib topshirilgan uylar bo'yicha goh-gohida aholining haqli e'tirozlari ham hamon uchrab turibdi.

Ayniqsa, uylarning sifati narxiga mos emas degan haqli fikrlar bildirilmoqda. Bu borada yuzaga kelgan kamchiliklarni bartaraf etish tegishli tashkilotlarning zimmasidadir. Jumladan, qurilish vazirligi aholiga sifatli hamda arzon uy-joylar borasida qanday taklif va rejalar ishlab chiqmoqda?

Hozirda sohada to'planib qolgan ko'plab muammolar yechimi qanday hal etiladi?

Ana shu masalalar yuzasidan kuni kecha qurilish vazirligi mutasaddilari jurnalistlar va sohadagi malakali mutaxassislar ishtirokida davra suhbati o'tkazdi.

— Prezidentimizning tashabbuslari bilan arzon, energiya tejamkor bo'lgan ko'p qavatli uy-joylarni qurishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Mana bugun Toshkent shahri va barcha viloyatlarimizdan salohiyatli pudrat tashkilotlari mutaxassislarini tadbirimizga taklif qilib, ularni bir joyga jamladik. Tadbirda Turkiyaning “Mesa” kompaniyasi eks­pertlari tunel qolipli, manalitli uylar qurish bo'yicha o'z tajribalari bilan o'rtoqlashishdi. Taqdimotda ilg'or innovatsion texnologiyalarni qo'llash orqali arzon narxdagi, energiya tejamkor uy-joylarni qurish bo'yicha keng ma'lumotlar berildi. Pudratchi tashkilotlarimiz vakillari esa bundan kelgusi faoliyatlarida asqotadigan ko'plab qimmatli tavsiyalarga ega bo'lishdi — deydi Qurilish vazirining birinchi o'rinbosari Sherzod Hidoyatov. — Hech kimga sir emaski, butun dunyoda energiya tejamkor uylarni arzon narx­da va tez fursatda qurishga bo'lgan talab keskin darajada ortib bormoqda. Buning uchun avvalo, soha mutaxassislaridan ilg'or innovatsion texnologiyalarni o'zlashtirish talab etiladi.

Hozirgi kunda yurtdoshlarimiz uy-joy xarid qilayotganda xonadonning narxi uning kvadrat metri qanchaligiga qarab belgi­lanyapti. Bizning maqsadimiz esa zamonaviy uy-joylarni energiya tejamkorlik darajasiga qarab tasniflashdan iborat. Ko'pincha maishiy texnikalarda A, B, C, D toifadagi energiya tejamkorlik xususidagi yor­liqlar bo'ladi. Endilikda qurib bitkazilgan uy-joylar auditdan o'tkazilgandan so'ng uning sertifikatida aynan mazkur jihati ko'rsatiladi va tabiiyki, bino qanchalik energiya tejamkor bo'lsa, sifati ham shunchalik yuqori bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, keyinchalik quruvchi tadbirkorlarimiz uy sotayotganda narxni binoning hajmiga qarab emas, balki uning qanchalik zamonaviy qulayliklarni o'zida mujassam etgani va energiya tejamkorlilik darajajasiga qarab belgilashi kerak.

Soha mutaxassislarining aytishicha, uyning narxini chiqarishda binoning tashqi qismidagi qurilish materiallariga ham e'tibor qaratiladi. Masalan, bazalt O'zbekistonda ishlab chiqariladi. Agar devorlar qurilishida aynan bazaltdan foydalanilsa, bino pishiq g'ishtli uydan ham issiq va sovuqqa chidamli bo'ladi. Shuningdek, bino ichidagi isitish qozonlari va shu kabi texnikalarning energiya sarfi keskin qisqaradi. Agar qurilishda bazaltdan o'z o'rnida va to'g'ri foydalanilsa, 40 foizgacha energiya tejamkorligiga erishiladi. Ahamiyatlisi, bu turdagi uy-joylarni qurish nisbatan arzonga ham tushadi. Chunki uning qurilishida asosan milliy mahsulotlardan foydalaniladi.

Mutasaddilarga “Bu turdagi uylar yanada qimmatroq narxda bo'ladimi?” deya savol berdik.

— Yo'q, aslo unday emas, manalitli uylarni qurish nisbatan arzonga tushadi. Bunda ta'kidlaganimizdek, asosiy xomashyo bazaltdir. Qurilish jarayoni tezroq, xomashyo sarfi kamroq, sifat esa yuqori darajada bo'ladi. Sirg'ali, Olmazor va Chilonzor tumanlarida ko'p qavatli ko'plab turar- joylar bilan solishtirib aytadigan bo'lsak, taklif etilayotgan uylar g'ishtlilaridan ancha arzonga tushmoqda — dedi Sh.Hidoyatov.

O'z muxbirimiz.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 1 =