Har kishi “Alpomish”ni o'qisa…

— Har bir o'zbek “Alpomish”ni o'qishi kerak, chunki bu kitob Vatan haqida bebaho qasida, — degan insonning bolalari 80-yillarda bosh egib yashar edi, — deydi qishloq oqsoqoli Rahmonqul ota.

— Bu kunlarning qadriga yetinglar, men urushga ketib, jon olib-jon berib qaytganimda ko'ngil qo'ygan qizimni otasidan katta odamga uzatib yuborishgan ekan. Oh dedim, voh dedim, dardimni anglaguvchi bir zot topilmadi. Alam qilgani “kuyov” yuz tanish edi-da, — degan edi kurasha-kurasha oxir murodiga yetishgan sevishganlarning to'yida o'tirgan bir otaxon. — Kim nima desa desin, Istiqlol bizga tinchlik, baxt-saodat berdi, muhabbat berdi, yuzimiz yorug'ligini berdi deb qadrlanglar, — deya davrani tark etuvdi o'sha odam…

Vatan deganda biz, avvalo, uyimizni, ostonamizni tushunamiz. Sal es kirgach, ko'cha-ko'yga chiqqanimizda qishlog'imiz qiyofasida ona Vatanni tasavvur qilamiz. O'zimizcha hayratlanib, qiziqib, ardoqlab yuramiz. Bu tuyg'u bolaligimizning kunora o'ziga xos ishlari. Menimcha, Vatanni ardoqlash, sevish, himoya qilish, huv o'sha olis, kattalar, bizni “ha endi bola-da”, deb yurgan kunlardan boshlab kurtak yozgan bo'ladi. Har holda men shunday deb tushunaman. Dunyoda bola tasavvuridan buyuk narsa yo'q.

Saksoninchi yillarning oxirida devorlari nuray boshlagan binolar, qora mehnatdan ezilgan xalq, tongda uyg'onganiga ishonib-ishonmay qo'ygan odamlar va qadriyatidan ayrilgan el-ulus qolgandi. Vatan Mustaqil bo'ldi. Biz o'sha eski binoni butkul buzib tashlamadik, o'z navbatida shunchaki oqqa bo'yab ham qo'ymadik. Aksincha, uning yonida go'zal Vatan tikladik. G'ururimizni, unutilishga mahkum etilgan qadriyatlarimizni tikladik. Bugun qad rostlayotgan har bir binoga boqib, xuddi g'ururimiz ham shu qadar muhtasham bo'lib borayotganini his qilaman.

Hozir olamning har go'shasida xatar, har puchmog'ida tahlika. Dunyo dengizda bo'ronga duch kelgan kemaday chayqalib turibdi. Chetdan, tashqaridan ko'rinishi sipo, ko'zni quvontiradigan, o'zini do'st deb tanishtiradigan yoshlar ko'p kitob o'qishi kerak. Bilimdon, aql-zakovati mo'l, tafakkuri keng kishini dahanaki o'yinlar aslo chalg'itmaydi, o'zi tanlagan yo'lidan qat'iy borishga zamin yaratadi. Adabiyot paydo bo'libdiki, kitob insonning eng yaqin do'sti ekanligi har bir asrning gapi bo'lgan. Bundan keyin ham shunday bo'lishi, shubhasiz. Turli “izm”larning makriga uchib, yolg'on va'dalarga ishonmasligimiz joiz. Boshimizni silab, qanoti ostiga olib, kelajakka dadil qadam bos, sen bizning ishonchimizsan, deb yuragimizga quvvat beruvchi o'z el-yurtimiz bor.

Sanjar Tursunov

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − 13 =