Shunchaki qishloq sharoitimi?

Qiziriq tumani mutasaddilari “o'qishmasin!”

Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumanidagi “Gilambob” mahallasining Islom Karimov nomidagi ko'chada 4-umumiy o'rta ta'lim maktabi joylashgan. Eng ayanchlisi, ko'chaning maktabga yaqin joyida aholi tomonidan o'rnatilgan abgor va qo'lbola simyog'och “qo'lingni tekkizsang ag'nayman” qabilida bir tarafga qiyshayib qolgan. Hozircha bu sim­yog'ochni simlari qulab tushishdan saqlab turibdi, xalos.

Surxondaryoda ham elektr tarmoqlari bor, bu tarmoqning tuman bo'limlari ham yo'q emas. Ularga mutasaddi rahbarlar tayinlangan, ammo ular faqat, ishlatilgan elektr quvvati uchun pul yig'ish kerak bo'lganda ko'rinish beradigan boshliqlar, xolos. Nima qilsin, aholi iloji bo'lmagach, o'z imkoniyati darajasida simyog'ochlar o'rnatib, elektr tokidan foydalanadi-da. Mahalla raisi va faollari ham beparvo, shunchaki qishloq sharoiti, deb e'tibor berishmaydi. Avvalo, Xudo ko'rsatmasin-u, erta bir kun simyog'och ag'nab ketib, biror kor-hol ro'y bermasin-da…

Bo'lajak “dorbozlar” bilim oladigan maskan

Qiziriqdagi sobiq maishiy xizmat ko'rsatish kollejining bo'shab qolgan binosida 35-umumiy o'rta ta'lim maktabi tashkil etilgan. O'quvchilar maktabga katta zovur ustida o'rnatilgan suv quvuridan o'tib borishadi. To'g'ri,  yosh bola-da, chamasi yuz metrlar uzoqlikda qurilgan ko'prikdan aylanib o'tishga erinib, xavf-xatarli bo'lsa ham quvurning ustidan yurib o'tishni afzal bilishadi.

Qish, bahor fasllarining qorli, yomg'irli kunlarida bu “qil ko'prik”dan o'tish o'ta xavfli, chunki o'quvchi kiygan poyabzal sirpanib ketsa, Alloh saqlasin, ancha chuqur bo'lgan zovur ichiga tushib ketish hech gap emas.

“Kun chiqish” mahallasi faollari, maktab ma'muriyati o'quvchilarni kelajakda dorboz qilib tayyorlashga ahd qilishgan shekilli, aks holda haligacha bu holatga tomoshabin bo'lib turishmasdi.

To'ra Chorshanbiyev.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 17 =