Vatanga sadoqat tuyg'usi
Prezidentimizning 2019 yil 10 apreldagi “O'zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong'in xavfsizligini ta'minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to'g'risida”gi Farmoniga asosan Ichki ishlar vazirligi Yong'in xavfsizligi instituti Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o'tkazilib, o'quv dargohiga Akademiya maqomi berildi.
Akademiya tomonidan davlatimiz rahbarining 5 ta muhim tashabbusida belgilab berilgan — yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san'atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste'dodlarini yuzaga chiqarish, jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, aholi va yoshlar o'rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish, shuningdek, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish bo'yicha ham tizimli ishlar tashkillashtirilmoqda.
Aynan mazkur tashabbusning amaldagi ijrosini ta'minlashda tizimli o'qitish, to'garaklarga jalb etish yo'lga qo'yilgani bois yosh kursantlarimiz qator tanlovlar, musobaqalarda munosib qatnashib, sovrinli va faxrli natijalarga erishmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi va O'zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda o'tkazilgan teatr festivalida Akademiyada tashkil etilgan “Matonat” teatr jamoasi “Arslon hamlasi” nomli spektaklini sahnaga olib chiqdi. Sahna asarida ijtimoiy hayotimizda sodir bo'layotgan hodisalar, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash o'z aksini topgani bois “Dolzarb mavzuning sahnaviy talqini uchun” hamda “Eng yaxshi talabalar teatr studiyasi rahbari” nominatsiyalari bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritdi. “Eng yaxshi erkak roli uchun” nominatsiyasi bo'yicha esa havaskor ijrochilik darajasi, dramatik qobiliyati, xarakterni aks ettiruvchi imkoniyati, nutq madaniyatini namoyon eta olgani uchun 3-bosqich kursanti Sanjar Bahromov taqdirlandi.
O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan O'zbekiston Regbi federatsiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimida 2019 yilning 28 noyabrdan 4 dekabr kuniga qadar «Regbi-15» sport turi bo'yicha o'tkazilgan ochiq chempionatda Akademiya kursantlari ushbu chempionatdagi ilk ishtirokiga qaramay, «Eng yaxshi tartib-intizomga ega jamoa» nominatsiyasi kubogi bilan taqdirlandi.
Joriy yilning 12 yanvar kuni esa O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahrida bo'lib o'tgan 10 kilometr masofaga yugurish marafonida Akademiya kursantlaridan tarkib topgan terma jamoamiz vakillari ham munosib ishtirok etdi.
Albatta, davlatimiz rahbari tashabbuslari asnosida bugun harbiylarga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik tufayli yoshlarning ushbu sohaga bo'lgan qiziqishi va intilishi ortib bormoqda. Ta'lim muassasalarida o'tkazilayotgan tadbirlar, o'z navbatida, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yosh avlodda qat'iy hayotiy pozitsiya, Vatanga sadoqat tuyg'usini shakllantirishda o'rta maktabdan oliy o'quv yurtigacha bo'lgan davrda harbiy ta'lim va vatanparvarlik tarbiyasi bo'yicha yaxlit tizim yaratilgan.
Dilshod Toxtamuratov,
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Akademiyasi boshlig'i v.v.b., polkovnik.