Gullar shahrida — gullar bayrami

Namanganliklarning gulga mehri qonida bor. Xonadoniga kirsangiz, tomorqasining chor atrofi gul bilan o'ralgan, bahri-dilingiz ochiladi. Shundanmi, el ichida Namanganni gullar shahri deb atashadi.

Bugungi Namangan kechagi emas. Shaharga kiraverishingizdan bayram shukuhi, qayoqqa qaramang, turfa, nafis va bejirim gullar kayfiyatingizni ko'tarib yuboradi. Bir dam dunyo tashvishlarini unutib, go'zallik mamlakatiga tushib qolgandek his qilasiz o'zingizni. Yo'llarda, qo'llarda, dillarda gullar barq urayotgandek…

 

60-bor o'tkazilayotgan xalqaro Gullar festivalining mohiyati unga jalb etilgan 150 nafardan ziyod gulchi-tadbirkor, 300 nafar bog'bonning dilidagi orzu-umidi, istak-xohishlariga ulanib ketgan.

– Avvallari 2-3 sotixli maydonga gul ekib tirikchilik qilgan bo'lsak, endilikda 400 dan ortiq turdagi gullarni 20-30 sotix yerda o'stirib, ichki bozorga yetkazib beryapmiz, – dey­di Zohida Usmonova. – Prezidentimizning tashabbuslari bilan 2017 yilda mana shu istirohat bog'idan bizga sotish uchun yer ajratildi. 20 yildan beri gulchilik bilan shug'ullansam, bunaqangi sharoitlarni mana endi ko'ryapmiz. Gullar festivali yetishtirayotgan gullarimizga chet ellardan ham xaridor, hamkorlar topish, o'zaro tajriba almashish, yangi gul navlarini keltirib, iqlimimizga moslashtirish kabi juda katta imkoniyatlar bermoqda.

Hukumat chiqargan farmoyishning tub mazmunini gulchi opamiz aytdi-qo'ydi. Chindan ham, maqsad faqat gullarni chiroyli yasatib, tomosha qilishdangina iborat emas. Namangan viloyatida gulchilik an'analarini saqlash, qayta tiklash, sohada ilmiy o'rganish va izlanishlarni amalga oshirish, o'zaro tajriba almashish, gulchilik tarixi, xorijdagi gul navlarini yetishtirish tajribasini o'rganish, yangi gulchilar avlodini yetishtirish, shuningdek, sayyohlarni jalb etish maqsadida tashkil etildi bu fes­tival.

— Gullar bayrami 1961 yildan beri nishonlanib kelingan bo'lsa, 2018 yilda xalqaro maqomga ega bo'ldi, — deydi Namangan viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig'i Ayubxon Bobomirzayev. – Yubiley sanani nishonlashga juda katta tayyorgarlik ko'rildi. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi istirohat bog'ining o'ziga 10 million, Namangan shahri bo'ylab esa 25 million tupdan ortiq gul ekildi. Bu tadbirni yoritish uchun 50 dan ortiq xorijiy va mahalliy OAV jalb qilindi. Bu bayram bizga turizm magniti hisoblanadi. Kecha, bir kunning o'zida mingdan ortiq xorijiy, 15 mingdan ortiq mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi. Festival doirasida 500 ming sayyohni jalb etish ko'zda tutilgan.

— Bunday keng ko'lamli, mahobatli bayram bizda Spartada o'tkaziladi, — deydi turkiyalik investor Sezginbey Erken. – Namanganda gulchilik bo'yicha juda katta tajriba, imkoniyat bor ekan. Bu yerga investitsiya kiritish niyatida keldim.

Bayramning birinchi kuni 200 dan ortiq transport vositasida Namangan shahri bo'ylab o'tkazilgan gullar paradi nafaqat tomoshabinlarga, balki soha mutaxassislari, jumladan, xorijlik mahoratli gulchilar, landshaft dizaynerlariga, hamma-hammaga chin ma'noda quvonch, shodlik ulasha oldi.

Shuningdek, dastur doirasida hunarmandchilik buyumlari, kitoblar, fotosuratlar, milliy liboslar namoyishi ham bo'lib o'tadi.

Festival 31 mayga qadar davom etadi. Yopilish marosimida gala konsert tashkil etilib, “Eng yaxshi professional gulchi”, “Eng yaxshi korxona-tashkilot”, “Eng yaxshi tuman” nominatsiyalari g'oliblariga “Lacetti” rusumidagi avtomobillar va qimmatbaho sovg'alar topshiriladi.

Sevara ALIJONOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 3 =