Kitob — jamiyat qayig'i

G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi mamlakatimizning eng nufuzli nashriyotlaridan biri. Bu nashriyot bolangizning darslik kitobidan tortib, siz sevib o'qigan, o'qiydigan badiiy asarlar va nodir adabiyotlarning ham chop etuvchisi.Ularning zarvarag'iga kamtargina qilib “G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi” deb yozib qo'yilgan. Lekin o'sha kamtar yozuvlar zamirida juda katta ijodiy jamoaning fidokorona  mehnatlari yotadi.

Nashriyot tarixi haqida eslanganda, o'tgan asrning 80-yillari ko'p tilga olinadi. Bu bejiz emas. 80-yillar nashriyot tarixida  o'zining eng sara badiiy asarlarini, yozuvchilarning ko'p jildlik kitoblarini mahorat bilan chop etganligi bilan esda qolgan. Kitob javoningizni qarab ko'ring, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Usmon Nosir, Abdulla Qahhor, G'afur G'ulom, Oybek, Zulfiya, Mirtemir, Asqad Muxtor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov  va boshqa yozuvchi-shoirlarning kitoblari, to'la asarlar to'plamlari, asosan, shu nashriyotda chop etilgan. Bugina emas, ushbu nashriyotda kitob chop ettirish, uncha-muncha yozuvchi yo shoirning qo'lidan kelmagan. Nashriyot uyida jam bo'lgan kuchli ijodiy jamoa, badiiy kengash sabab ijodkor deganning hammasi ham nashriyot eshigidan mo'ralashga botina olishmasdi. Odil Yoqubov maktabi, Omon Matjon maktabi, Shavkat Rahmon maktabi… bu nomlar ortida nafaqat ularning o'z asarlari, balki o'zbekning yuzini, so'zini dunyoga ko'rsata olgan muhtasham kitoblar bor. Buni G'afur G'ulom nomidagi nashriyotning o'chmas tarixi shahodatlab turibdi.

Bugun aqlu hushimiz qisqalikka ko'nikma hosil qilib borayotgan bir payt­­da nashriyotning oldingi nufuzi saqlanganmi? Nashriyot mamlakatimiz o'quvchilari uchun qay darajada muhim adabiyotlarni nashrdan chiqaryapti? Nashriyotda chiqayotgan kitoblarning mehnati salmoqli, qiymati yengil bo'lib qolmayaptimi, degan savollar atrofida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining G'afur G'ulom NMIU  bosh muharriri Habib Abdiyevga yuzlandik.

— Keling, men gapni nashriyot tarixidan boshlasam.  Korxona “O'zdavnashr”ning adabiy-badiiy bo'limi negizida 1957 yilda Adabiyot va san'at nashriyoti, 1964-1966 yillarda esa “Toshkent” badiiy adabiyot nashriyoti,  1966 yildan esa G'afur G'ulom nomidagi “Adabiyot va san'at nashriyoti”  nomlari bilan faoliyat ko'rsatgan.

O'zbekiston Davlat matbuot qo'mitasining 2002 yil 10 apreldagi 30-sonli buyrug'iga binoan G'afur G'ulom nomidagi “Adabiyot va san'at nashriyoti”,   “Yozuvchi” hamda Rangli bosma fabrikasi negizida G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tashkil etildi. Nashriyotning asosiy faoliyat yo'nalishi mumtoz, hozirgi zamon va jahon  adabiyoti, ommabop va san'atga oid turli kitoblar, albomlar, buklet  va plakatlar chop etish bo'lgan. Nashriyot tarixiga nazar tashlasangiz, o'h-ho', kimlar ishlamagan bu dargohda. Va ana o'sha juda uzoq bo'lmagan vaqt ichida nashriyot o'zining imijini, o'ziga xos qiyofasini yaratishga erishgan.

— Habib aka, boya G'afur G'ulom nashriyotining asosiy yo'nalishi adabiyot va san'at ekanligini aytib o'tdingiz. Biroq keyingi yillarda badiiy adabiyotlar soni biroz kamaygandek?

— To'g'ri, hozir nomlanishida “Adabiyot va san'at” jumlasi ko'rsatilmasa-da, biroq shunday, nashriyotning asosiy yo'nalishi badiiy kitoblar tayyorlashdan iborat. Bozor iqtisodiyotidan kelib chiqib, barcha nashriyotlar qatori bizning nashriyot-matbaa ijodiy uyi ham bozor bilan biroz murosa qilishga majbur bo'ldi. Shu bois turli sohaga oid yaxshi kitoblarni, ya'ni eng sara kitoblarni chetlab o'tganimiz yo'q. Balki sizga shunday tuyular, ammo 2019 yil nashriyot ijodiy uyi 300 nomdagi badiiy adabiyotlar nashr etdi. Undan tashqari, noshir uchun sifat birlamchi bo'lishi kerak. Maqtansa arzigulik kitoblar bor. Masalan, “Besh tashabbus — besh kitob” loyihasi bo'yicha nashr etilgan beshta yirik kitob, shuningdek, 2020 yilda chop etilgan Alisher Navoiyning “Xamsa” (5 kitob) asarini shunday kitob­lar sirasiga kiritish mumkin.  Biroq  har qanday holatda ham me'yor saqlanadi. Nima bo'lganda ham o'z faoliyatimizni  oldimizda nihoyatda zukko va ziyrak kitobxon turganligini nazarda tutgan holda amalga oshiramiz. O'zbek xalq og'zaki ijodi yodgorliklarining 100 jildligi, Navoiy asarlari, Nazar Eshonqulning “Go'r o'g'li” romani, Usmon Azim, Halima Xudoyberdiyeva,  Matnazar Abdulhakim, Azim Suyun kabi el ardog'idagi ustoz shoirlarimizning “Tanlangan asarlar”ini biz hech ikkilanmay, yorug' yuz bilan o'quvchiga taqdim eta olamiz.

— Bir paytlar G'afur G'ulom nashriyoti adabiyotga gurillab kirib kelayotgan yosh avlod asarlarini chop etib, adabiy jamoatchilikni sehrlab tashlaganini hammamiz yaxshi bilamiz. Adabiyotga 70-80 yillarda kirib kelgan shoir va yozuvchilarning xalqqa tanilishida, asosan, nashriyotingiz birinchi darajali vazifani bajargani bor gap. Aytingchi, bu an'ana nashriyotda qay darajada davom etyapti?

— Yoshlarga e'tibor qaratmaslikning iloji yo'q. Ular o'z nomi bilan yosh axir. Shu ma'noda nashriyotimizda o'tgan yili bugungi kunda adabiyotimizga kirib kelgan 10 nafar yosh yozuvchining kitobi chop etildi. Bu kitoblarning dizayni ham, ko'rinishi ham o'ziga xos bo'ldi. Bilasizmi, bu yoshlarga qanchalar kuch ba­g'ishladi.

— Keyingi vaqtlarda nashriyotlar she'riy kitob chiqarishdan ha­yiqib turishadi. Buni nima bilan izohlash mumkin, odamlar she'r o'qimay qo'yishganmi yoki she'r kitob chindan sotilmaydimi?

— Bir paytlar “sariq matbuot”dek “sariq noshirlik” ham urchib, kitob bozorlarini turli oldi-qochdi kitoblar bilan to'ldirib tashlashgan edi. Bu bosqich tabiiyki asl she'riyatni o'quvchilardan ancha uzoqlashtirdi. O'z mablag'i hisobiga kitob chiqarayotgan havasmand shoirlar ko'paydi. Chinakam adabiyot esa bozordan yuz o'girdi. Ya'ni aytmoqchimanki, haqiqiy adabiyot kitoblarini olib nashriyotma-nashriyot yugurmadi, bozorga solmadi… Bu yog'i o'zingizga ma'lum. Bu holat marketingni ancha dovdiratib qo'ydi, ular bozorga betlolmay qoldi. Ana shu qo'rquv marketingchilarimizni hanuzgacha tark etgani yo'q. Qolaversa, kitob sotuvchi, kitobsavdo xodimining o'zi birinchi galda eng zukko  kitobxon, adabiyotsevar, adabiyot targ'ibotchisi  ham bo'lishi kerak. Afsuski, bugun hamma marketologlar haqida ham shunday deya olmaymiz. Bu ham kitob­larning o'quvchiga yetkazilishida soya tashlaydi, albatta. Lekin baribir, ke­yingi yillarda sohaga bo'lgan davlat darajasidagi e'tibor ta'sirida chinakam adabiyot muxlislari, didli va talabchan o'quvchilarning safi yana to'lib borayotganligi bizni xursand qiladi.

—  Demak, kitob bilan shug'ullanadigan har qanday odamning badiiy saviyasi yuqori bo'lishi kerak, demoqchisiz-da?

— Aynan shunday. Nashriyotning direktoridan tortib, oddiy ishchisigacha har biri kitobxon bo'lmog'i, kitobni tushuna olmog'i kerak. Bu gaplarim baland­parvoz tuyulishi mumkin, biroq gapning rosti shu. Yaxshi kitobning chiqishi birgina tahririyatga bog'liq emas. Bu yerda ishlab chiqarish bo'limi, marketing bo'limi bor – bularning har biri shu kitobning faqat moliyaviy tomonini emas, ma'naviy jihatlarini ham chuqur o'ylab ko'rmog'i kerak. Agar ishlab chiqarish yoki marketing bo'limidagilar kitob o'qimagan bo'lsa, qancha urinmang, rejalashtirilgan kitobning yaxshi va ijtimoiy, ma'naviy jihatdan zarur ekanini isbotlay olmaysiz, natijada u uzoq vaqtlar nashriyot portfelida qolib ketaveradi. Faqat bozorgir, xaridorgir kitobni chiqaraman, yuzaki shov-shuvlarga sabab bo'lgan asarlardan pul ishlab olaman,  degan nashriyot yutqizadi, xolos. Ertaga mamlakatning ma'naviy mehvarini, tafakkur umurtqasini  tashkil qilgan ziyolilar bu kabi nashriyotdan hafsalasi pir bo'ladi yoki shunday “tarozisi yengil nashriyot” bilan ijodiy hamkorlikdan yuz burib, unda kitobi chiqishini o'ziga lozim topmaydi.

—  Siz uzoq yildan buyon kitob va nashriyot sohasida ishlab kelayotgan mutaxassissiz. Bugungi kitobga munosabatni siz qanday baholaysiz?

— Mamlakatimiz rahbarining aynan kitob borasidagi ko'rsatma va takliflaridan keyin nashriyot va noshirlik sohasida jiddiy o'zgarishlar yuz berdi. Nashriyot  va kitob do'konlari o'rtasidagi aloqa yaxshilandi. Bu esa kitoblar adadi oshishiga jiddiy ta'sir o'tkazmoqda. Ishonasizmi, oldinlari nashriyotlar kitobni 1000-2000 nusxa chiqaradigan bo'lsa, buni ham jiddiy o'ylab ko'rardi. Bugun esa 5000 – 10000 nusxa kitoblarni ham ortiqcha hadiksiramay, bosmaxonaga tushiryapmiz. Bunga yaqqol misol “Biz yodlaymiz, tez yodlaymiz” ruknida 10 nafar bolalar shoirlarining kitob­larini 10000 nusxada chop etyapmiz. Qolaversa, oldinlari ijodkorlar nashriyot eshiklarida sarg'ayib yurishardi. Bugun nashriyotlarning o'zlari yaxshi-yaxshi mualliflarga kitobini chop etish taklifi bilan chiqyapti. Shuning o'ziyoq kitob va nashriyot sohasida jiddiy qadam qo'yilganligini bildiradi.

— Zamon ildamlab ketdi. Biz esa uning bilan baravar odimlamasak, ishimiz yuzaga chiqmasligi aniq. Nashriyotingizda qanday yangi texnologiyalar asosida ish yuritilmoqda?

— G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida, jajji bolajonlarning kitobga bo'lgan qiziqishini yanada orttirish maqsadida, O'zbe­kistonda ilk bor bolalar uchun o'zbek tilida “Aldarko'sa va boy” hamda “Ikki do'st” nomli tinglab o'qiladigan, ya'ni audioyozuvli-innovatsion yangi ertak kitobcha nashrdan chiqdi. Unda ertak qahramonlari, jonivorlar va afsonaviy jonzotlar tinglovchini qiziqarli, sehrli ertaklar olamiga chorlaydi.Jajji bolalar uchun nashr qilingan ushbu kitob xalq ertaklaridan tuzilgan bo'lib, unda rang-barang bezaklar o'quvchilarning kitob mutolaasiga bo'lgan mehri va qiziqishini orttirishi shubhasiz. So'zimni mutafakkir zotlarning purhikmat bir naqli bilan tugatmoqchiman: “Kitob — jamiyat qayig'i. Bu qayiqqa talpinmagan odam halokatga yuz tutishi tayin.” Bugun ana shu haqiqatni jamiyatimizning har bir a'zo­­si teran anglaydigan fursat keldi.

Go'zal BEGIM suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + fifteen =