O'kinch

Boshlang'ich sinf o'quvchilarining o'y-xayollari ham o'zlari kabi sodda va beg'ubor bo'ladi. Dars yarimlagandi. Adashmasam o'qish fani edi. Bolalarga qo'shilmaydigan, doim o'zining murg'ak dunyochasida yashaydigan Lola ismli o'quvchim qo'limga konvert tutqazdi. Qo'ng'iroq chalinganidan so'ng sinfda ikkimiz yolg'iz qolgandik. Konvertni ochsam, o'zi yozgan 4-5 ta she'r va 200, 500 so'mliklardan iborat jami besh ming so'mcha pul. Mendan viloyat gazetasining manzilini yozib berishimni iltimos qildi. Ota-onasi kunora beradigan pullarni gazetaga she'rlarini chiqarish uchun yemay-ichmay yig'gan ekan…

Xayoliga bu fikr qaerdan kelgan, bilmadim, lekin kimdandir gazetada chiqish pullik, degan gapni eshitgani tayin. Qo'limda konvert va g'ijim pullarni mahkam siqdimu, o'quvchimni bag'rimga bosib: “Sen ko'proq o'qi, mashq qil, hech ikkilanmay yozaver, yozganlaring yaxshi bo'lsa, albatta, gazetada chiqadi, pul shart emas”, demoqchi bo'ldim-u, negadir shu topda aytolmadim…

Marg'uba Rahmonova,

Namangan shahridagi 79-maktabning

boshlang'ich sinf o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × four =