Tenglik, bag'rikenglik, erkinlik asosi

Vatan ozodligini his etib yashash, mustaqillikning huzurbaxsh epkinidan bahra olish odamga halovat ato etadi.

Ta'kidlash joizki, ezgu amallarimiz, erishgan yutuqlarimizning asosiy manbai bosh qomusimiz — Konstitutsiyamiz ekanligi ma'lum. Bosh qonunimizda huquq va erkinliklarimiz kafolatlanganligi taraqqiyotimizga mustahkam poydevor bo'lib xizmat qilishiga shubha yo'q. Keyingi yillarda Bosh qonunimizning mazmun-mohiyati va ahamiyatini, uning hayotimizdagi o'rni, qadr-qimmatini teran ang­layotgan yurtimiz ahlining Bosh qomusimizga bo'lgan hurmat-e'tibori yanada ortayotgani sir emas.

28 yildirki, Konstitutsiya kunini katta bayram sifatida nishonlab kelamiz. Hammamizga ma'lum, sobiq ittifoq davrida Konstitutsiyani yuzaki qabul qilardik. Chunki, u mamlakatimiz mustaqilligini e'tirof etmasdi. Buning ustiga, “markaz”ning yagona manfaatiga xizmat qilardi. Bu hujjat qachon qabul qilinganligi ko'pchilikni qiziqtirmasdi ham. Sababi, shunchaki belgilab qo'yilgan tenglik, diniy bag'rikenglik, erkinliklar hayotda o'z ifodasini topmasdi.

Istiqlol tufayligina xalqimizning xohish-irodasini o'zida yorqin aks ettirgan mustaqil mamlakatimizning asosiy qonuni yaratildi. Endi har birimiz Konstitutsiya — baxtimiz qomusi, deya ulug'lashga haqlimiz. E'tibor bersangiz, Konstitutsiyamizning har bir moddasi, bandi yuksak insoniy tuyg'ularni o'zida mujassam etadi. Ezgufazilatlar o'z aksini topadi. Eng muhimi, Bosh qomusimiz asosida qabul qilingan qonun hujjatlari har gal yurtimiz ahliga yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochib, manfaatlarimiz ro'yobga chiqishi, tashab­buslar qanot yozishi, o'z salohiyatimizni namoyon etishga suyanch bo'layapti.

Mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, tarixan qisqa fursat ichida jahon hamjamiyatidan munosib o'rin egallagan jonajon O'zbekistonimiz bugungi kunda tenglar ichra teng bo'lib, jadal rivojlanayotgan, o'z kelajagini barpo etayotgan qudratli mamlakatga aylanib bormoqda. Xalqimizning yuksak tafakkuri, davlatchilik asoslari, umuminsoniy qadriyatlarni o'zida ifoda etgan Konstitutsiyamiz bundan keyin ham olamshumul yutuqlar sari ildam qadam tashlashimizga asos bo'ladi.

Jamoliddin NAJIMOV,

huquqshunos

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + thirteen =