Bayroqdagi vatan surati
Biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz!
Shavkat MIRZIYOYEV
18 noyabr — O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i qabul qilingan kun
Tarixdan ma'lumki, qudratli saltanatda davlat ramzlari hamisha aziz va muqaddas hisoblangan. Manbalarda keltirilishicha, bayroq atamasi eramizdan avvalgi 3-2 ming yillikda paydo bo'lgan. Avvalida ramzlar qabilalarni bir-biridan farqlovchi belgi sifatida yuzaga kelgan, keyinchalik yagona hukmronlikni anglatgan.
Har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas belgisi millat sha'ni va g'ururini uyg'otuvchi davlat ramzida jilvalanadi. Davlatimiz bayrog'i xalqimizning o'tmishi, buguni hamda kelajagini o'zida mujassam etadi. Bayrog'imizdagi ramzlar O'zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo'lgan davlatlar bilan tarixan bog'liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning an'analarini o'zida birlashtirgan. Shu bois, davlat bayrog'i har bir fuqaro uchun muqaddas va ulug'dir.
Shu tariqa, bayroq — mustaqil davlat ramzi sifatida qadrlandi. Davlatimiz ramzlari o'zida xalqimizning shon-shuhrati, tarixiy xotirasi va intilishlarini ifoda etib, yurtdoshlarimizga g'urur, faxr va iftixor tuyg'usini baxshida etadi. Shu sabab, mustaqillikning muqaddas ramzlari — davlat gerbi, bayrog'i, madhiyasi doimo e'zozdadir.
Jahon maydonlarida yurtdoshlarimiz ulkan g'alabalarga erishganda davlatimiz bayrog'i eng yuqoriga ko'tarilganda, g'olib yurtdoshlar uni o'pib, peshonalariga surtganda, davlatimiz madhiyasi yangraganda beixtiyor qalblarimiz junbushga kelib, ko'zlarimizga sevinch yoshlari keladi. Albatta, yuksak g'alabalar nashidasini nishonlashda barcha fuqarolar faxr bilan qo'llarini ko'ksiga qo'yib ta'zim qiladi. Chunki biz uchun bayroq ozodlik timsoli, milliy iftixor ramzidir.
Yaratganning inoyati bilan O'zbekiston quyoshli o'lka, buyuk ma'naviyat va madaniyat yaratgan diyor. Bugun barpo etilayotgan Yangi O'zbekistonni porlayotgan quyoshga qiyoslasak, undan taralayotgan ilmu ziyo nuri ko'hna zaminni yoritishi shubhasiz. Davlatimiz bayrog'i xalqimiz irodasini yanada toblab, ezgulik, ulug' va buyuk maqsadlar sari birlashtirib, elimizga ruhiy quvvat beradi, albatta.
Bundan tashqari, bayroq asrlar mobaynida ne-ne xalqlarni shonli zafarlarga ruhlantirib, g'alabalar sari yetaklab kelgan.
Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi qo'lida baland ko'tarilgan bayroq unga kuch-qudrat bag'ishlagan, Najmiddin Kubro mahkam tutgan yashil matoda ulug' vatanparvarlik mujassam, Amir Temur zakovati va sarkardalik mahorati uyg'unlashgan bayroqda xalq tinchligi va yurt osoyishtaligi o'z aksini topgan. Shu tariqa, davlat ramzi sifatida bayroq yorug' istiqbolni mujda qilayotgandek zalvorli hilpiraydi.
Ayniqsa, Vatan ozodligi yo'lida Vatanning shonli tug'ini osmon qadar tutgan To'maris, Spitamen, Muqanna, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ko'plab zotlar hayot yo'li bugungi kunda vatandoshlarimizga katta ibrat maktabidir.
Davlatimiz bayrog'idagi oq, moviy, yashil ranglar, yulduz va oy tasvirlari o'ziga xos tarzda mazmun va mohiyatni ifodalaydi. Bayroqdagi oq rang timsollar tilida — ezgulik, insonparvarlik, sofdillik, mehr-muruvvat ramzi, moviy rang — yaxshilik, donishmandlik, halollik, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog'ining rangi ham moviy rangda bo'lgan. Yashil rang — tabiatning yangilanish ramzi. U ko'pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Yarim oy tasviri bizning tarixiy an'analarimiz bilan bog'liq. Ayni paytda u qo'lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi hamdir. Davlat bayrog'imizdagi 12 yulduz tasvirini o'zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o'z tuprog'ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushuniladi.
Falakning bayrog'i ko'kda quyoshdir, u dunyoni o'z nurlari bilan yoritib, tiriklikni aks ettiradi. Inson ko'nglining bayrog'i esa muhabbatdir. Ongimizni tafakkur bayrog'i nurlantiradi. Tafakkur bayrog'i qanchalik yuksalsa, jamiyat ham shunchalik yuksalaveradi.
Mustaqil O'zbekistonimiz bayrog'i 1991 yil 18 noyabr kuni qabul qilingan edi. 1992 yilning 2 martida esa O'zbekiston to'laqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida BMTning Bosh qarorgohi peshtoqida hilpiray boshlagandi. Mana bugun bayrog'imiz xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, mustaqilligimizning jahoniy belgisi sifatida xalqimiz g'ururi va iftixori timsoli bo'lib xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda dunyoning 200 dan oshiq mamlakatida O'zbekiston bayrog'i hilpirab turibdi. Zero, bu bayroq ozodlikni, Vatanni sevishga da'vat etib, yuraklarda o'zbekcha g'urur, fidoyilik va yurtparvarlikni shakllantirishda bebaho imkoniyat, ulug' saodat timsolidir.
Mansur MUSAYEV,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat
markazi bo'lim boshlig'i,
siyosiy fanlar bo'yicha falsafa doktori