Navoiyning nabiralari

Tiriklikning bol, shiralari,

Biri ulug', kichik birlari,

Faxr etib yurgaydir bari,

Navoiyning nabiralari.

 

Yarqiraydi tillo uzukdek,

Shu uzukka qo'yilgan ko'zdek.

Biri Bobur, biri Ulug'bek –

Navoiyning nabiralari.

 

Ko'rkam bo'yu qaddu qomatlar,

Kulsa shunday kular omadlar.

Chiqmasin hech sizdan nomardlar,

Navoiyning nabiralari.

 

O'z ko'nglida ko'zlar Marslarni,

Gijinglatib yurar “Mers”larni.

Qoldirmasin ekan darslarni,

Navoiyning nabiralari.

 

Chinniday oq dorilfununlar,

Sizga – yillar, sizga bu kunlar.

Ilm ishqida bo'ling Majnunlar,

Navoiyning nabiralari.

 

Qadim zamon, Haq zamonidan,

Oltin chiqqan oltin yonidan,

Siz ham o'shal oltin konidan,

Navoiyning nabiralari.

 

Intilsangiz – bir kun yetgaysiz,

Manzillarga ziyo eltgaysiz.

Farhod-Shirin bo'lib ketgaysiz,

Navoiyning nabiralari.

 

Kurtak yozar payvandlaringiz,

Unutmang hech: dilbandlaringiz,

Tug'ilajak farzandlaringiz –

Navoiyning nabiralari.

 

Hazrat bobo So'zni o'ylagan,

Qancha qoshu ko'zni o'ylagan.

Asli ul zot Sizni o'ylagan,

Navoiyning nabiralari.

 

El-yurt omon, davron salomat,

Yaratgandan Sizga karomat.

Hayot o'zi aylar xushomad,

Navoiyning nabiralari.

 

Umr asli – nasib yo nasib,

Har dilga bir gul mutanosib.

Navoiyga bo'lsin munosib,

Navoiyning nabiralari.

Sirojiddin SAYYID,

                                  O'zbekiston xalq shoiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 3 =