Navoiy olmonlarni ham lol etmoqda

“Temur tig'i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher”

Abdulla Oripov

 

OLMONLARNING QARZI…

1998 yilning noyabr oyi, kechki payt soat 17.00 da Berlin Humbold universiteti Bollivur deb ataluvchi tantanalar saroyida O'zbekistonning Olmoniyadagi madaniyat kunlarining ochilish marosimi bo'ldi. O'shanda bu anjumanda ishtirok etish kaminaga ham nasib etgan edi. Minbardan O'zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari: O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov, adabiyotshunos olimlardan Naim Karimov, Shuhrat Rizayevlar, olmon turk­shunoslaridan professor Ingeborg Baldauf, Klaus Shyonig hamda Berlin shahar meri janob Eberhard Dibgen, shuningdek, Olmo­niyadagi O'zbekiston elchixonasining mas'ul vakillari joy olishdi. Zaldagi uch yuzdan ortiq ishtirokchilarning aksariyati Olmoniya va nemis tilli mamlakatlar universitetlari Markaziy Osiyo bo'limi bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari, tadqiqotchi va tarjimonlardan iborat edi. Dastlab, shoir Erkin Vohidov har ikki xalq dillarining bir-biriga yaqinligi, o'zbek-olmon adabiy aloqalaridagi azaliy an'nalar borasida mazmunli nutq so'zladi. Shundan so'ng marosimni olib boruvchi rais, Berlin shahar meri so'zni shoir Abdulla Oripovga bermoqchi bo'lib, yon-veridagilar va yig'ilishda tarjimonlik qilayotgan Ingeborg xonimga qaray boshladi. Negadir Abdulla aka ko'rinmay qolgandi. Shunda Baldauf xonim olmoniyalik o'zbekshunos do'stim Yakob Taubega, keyin menga qarab shoir qaerdaligini so'ray boshladi. Oradan 5-10 daqiqa o'tib, Abdulla Oripov zalga zalvorli qadamlar tashlab kirib keldi-da, to'g'ri minbarga chiqdi. Uning nutqi anjumanning chinakam kulminatsion nuqtasi (cho'qqisi)ga aylandi. Chunki o'zbek shoiri olmonlarga xos qisqa va lo'ndagina qilib shunday dedi: “Muhtaram anjuman qatnashchilari, kaminaning kechikib kelishimga jo'yali asoslarim bor. Men Dantening “Ilohiy komediya” asarini o'zbek tiliga tarjima qilib, G'arbiy Yevropa adabiyoti oldidagi qarzimni uzdim. Erkin aka esa Gyotening “Faust”ini o'zbekchaga o'girib, olmon adabiyoti oldidagi burchini bajardi. Endi savol tug'iladi: nima sababdan olmonlar buyuk mutafakkir Gyote Sharq adabiyoti, jumladan, Navoiy yashagan davr adabiyoti vakillarini o'ziga pir tutganligi va bu bilan o'z milliy adabiyoti taraqqiyotiga buyuk hissa qo'shganligini bila turib, Alisher Navoiyni qoyillatib tarjima qilishmayapti? Ana shu holatdan men xafaman va kerak bo'lsa, bunday yig'ilishga kechikib kelishga ma'naviy haqqim bor deb o'ylayman”.

Inkor qilib bo'lmas bundayin ashyoviy dalil oldida hangu mang bo'lib qolgan butun zal oyoqqa qalqdi, uzoq va guldurosli qarsaklar jarangladi. Ayni paytda Berlin shahar meri olmon turkologlariga qarata “olmonlarning qarzi”ni tezroq qaytarish lozimligini uqtira ketdi… Oradan ko'p vaqt o'tmay, 2003 yilda Olmoniyaning Vyursburg shahridagi “Ergon” deb ataluvchi nashriyotda Alisher Navoiy ijodi bo'yicha bir qator salmoqli tadqiqotlarni o'z ichiga olgan to'plam yaratildi. Kitobdan “Mir Alisher Navoiy — kechmishga (moziyga) bir nazar” (B.K.Haynkele), “Temuriylarga oid manbalarda o'zbeklar ifodasi” (Yu.Paul), “Boburnoma”da Navoiy obrazi” (K. Shyoning), “Markaziy Osiyo xalqlari ertaklarida Navoiy obrazi” (E.Taube), “XVI asr Chig'atoy usmonli lug'ati “Abushqa”da chig'atoy tilidagi fe'l shakllarining usmonlicha berilishi” (K.Ro'mer), “Navoiyning “Layli va Majnuni” (M.Kirhner), “Navoiy — benavo” (Z.Klaynmihel), “Navoiy davrida san'at va arxitektura” (Y. Girlihs) mavzuidagi maqolalar joy oldi.

Bugungi o'zbek tarjimonlari sa'y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan Hofiz Sheroziy, Jomiy, qolaversa, Navoiy asarlari tarjimalarining olmon adabiyoti va ma'naviyati hamda tafakkur taraqqiyotiga qo'shgan hissasi miqdoriy hodisa emas, balki hech narsa bilan taqqoslab bo'lmaydigan chuqur ruhiy boylik ekanligini unutmaslik kerak. Chunki ular bilan birga G'arb ma'naviyatiga bizning islomiy madaniyatimiz, ruhiy poklanish, bag'rikenglik, komillik kabi bunyodkor g'oyalarimiz ham kirib bordiki, bizningcha, G'arb olami olgan bundayin boylik qarzini hali veri qaytara olmasa kerak…

 

TARJIMA BO'LISh YO'LIDA

Tarjimashunoslikda she'riy tarjima imkondan xoli narsa, — degan aqida bor. Agar bu tarjima ona tilidan chet tilgaligi nazarda tutilsa, bu ishning iloji yo'q, deyiladi. Hatto ayrim tadqiqotchilar uni uddalab bo'lmas narsa, deydilar. Qaysidir ma'noda bu haq gap. Shuning uchun ham olmonlarda aynan she'riy tarjimaga nisbatan Übersetzung (tarjima) termini o'rniga Nachdichtung (qayta she'r yaratish) atamasi ishlatiladi.

Ayni paytda, yana bir “yozilmagan qoi­­da” borki, har bir she'r o'girmasi o'z o'rnida istisno bo'lishi va tarjima de­yishga daxldorlik kasb etishi ham mumkin. Biroq bu qoidani Sharq g'azaliyotini G'arb tillariga tarjima qilishga nisbatan qo'llab bo'lmaydi. Chunki har qanday tarjima muayyan maqsad-muddao va qabul qiluvchi tilning ehtiyoj hamda qiziqishlaridan kelib chiqadi. Har bir davrning o'z qo'shiqlari bo'ladi, — deganlaridek, har qanday adabiyotning ham muayyan vaqtda hukm suradigan adabiy an'analari bo'lishi muqarrar. Bu masalani ustoz G'aybulla as-Salom o'zlarining “Adabiy an'ana va badiiy tarjima” (qiyo­siy-tipologik tahlil) nomli doktorlik dissertatsiyalari (1983) va shu nomdagi monografiyalari (1983) bilan allaqachon asoslab berganlar.

Endi, Navoiyni hozirgi olmon tiliga tarjima qilish masalasiga kelsak, bu ham yuqorida ko'targan mavzuimizga daxldor muammo. XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida, aniqrog'i, olmon ma'rifatparvarlik adabiyoti hukm surgan kezlarda Gyote, Shiller, Haynelar yaratgan asarlar o'z davri jahon adabiyotining cho'qqisini zabt etishga muvaffaq bo'lganlar. Olmon adabiyoti ana shunday balandlikda turgan bo'lishlariga qaramay, xususan, ularning yetakchisi Yohann Gyote Hofiz Sheroziy va Sharq adabiyoti ulug'lari oldida o'zini murid, shogird sanagan payti bo'laturib, sharqona aruzni tarjima qilish o'ta qiyinligini e'tirof etgan.

 

NAVOIY ASARLARINI O'GIRISh MUAMMOSI QAERDA?

Butun dunyo tarjimashunoslari e'tirof etishlaricha, chinakam tarjimaga erishish uchun mutarjimdan 3 ta narsa talab qilinadi: asliyat tilini mukammal bilish, tarjima tilini yaxshi egallagan bo'lish hamda asliyatda aks ettirilgan voqe'likdan yaxshigina xabardorlik. Navoiy she'riyatini olmon tiliga o'girish uchun olmon sharqshunos va tarjimonlarining o'zbek tilini bilishlariga shubha qilmasak bo'ladi. Shuningdek, tarjima tili ularning ona tili hisoblanadi. Muammo faqat uchinchisida. Ya'ni, asliyatda Navoiy nima demoqchi bo'lgan? Ana shu jihatni tushunishda to'siqlar ko'p­ligidir. Bir so'z bilan aytganda, avvalo, G'arbda Sharq she'riyatini badiiy qayta yaratish an'anasining shakllanmaganligi bo'lsa, undan keyingisi olmon tili imkoniyatlarining asliyatni qayta gavdalantirishga ojizligi, desak ham xato bo'lmaydi.

Shu bois, Navoiy g'azallarini olmon tiliga nasriy tarjima qilish eng to'g'ri yo'l hisoblanadi. Hamonki, yuqorida biz ta'kidlab o'tgan haqiqiy tarjima bo'lishning uchinchi muammosini ijobiy hal qilishga olmon turkshunoslari qurbi yetmagan ekan, bunga o'zbek tarjimonlarining bel bog'lashlaridan boshqa yo'l ko'rinmaydi. Bunday jasoratga yetuk tarjimon, olmon tilida o'z ona tilidek ham so'zlab, ham yoza oladigan iste'dod sohibi, professor Xurram Rahimning jazm etganligi juda to'g'ri ish bo'lgan. Tabiiyki, Sharq mumtoz adabiyotining oliy namunasi bo'lmish Navoiy g'azallarini tarjima qilishdan avval amaliy tajribadan tashqari ruhiy tayyorgarlik ham bo'lishi lozim. Shu sababdan G'arb andazasiga muqobil bo'lishi kutilgan ushbu tarjimalarni boshlashdan oldin o'zbekistonlik tarjimon mavlono Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy, Sa'diy Sheroziy, Umar Hayyom kabi sharq shoirlaridan qilingan olmoncha tarjimalarni, qolaversa, Fridrix Ryukkert, Avgust fon Platen, Teodor Shtorm, Gott­friyd Keller, Detlev fon Liliynkron kabi olmonzabon g'azalnavis shoirlar ijodini o'rganib chiqdi. Tarjimada g'azallarning mazmuni, shakli va boshqa janr xususiyatlarini saqlashga baholi- qud­rat harakat qilindi.

Tarjimon va olim Xurram Rahimning ta'kidlashicha, Navoiy asarlarining 10 jildlik antologiyasi, to'rt jildlik Navoiy asarlari izohli lug'ati, o'zbek mumtoz adabiyot lug'ati, o'zbek tilining besh jildli izohli lug'ati va boshqa bir qancha manbalarni, jumladan, shu g'azallarning adabiyotshunos olimlar Aziz Qayumov, Alibek Rustamov, Najmiddin Komilov, Vahob Rahmonov, Ibrohim Haqqulov, Nusratilla Jumaxo'ja, Boqijon To'xliyev, Karomat Mullaxo'jayeva, Zigrid Klaynmixel, shoira Sharifa Salimova tayyorlagan nasriy bayonlar va maqolalarni o'rgansa-da, Hazrat Navoiy lisoniy uslubiyoti va ruhoniy salohiyatini daf'atan anglay ololmagan holatlari ko'p bo'lgan. Bularning barchasiga vaqt va ilmiy-ijodiy mehnat talab qilinadi. Besh yillik mashaqqatli urinish natijasi bo'y ko'rsata boshladi. Tarjima bo'lishning birinchi va ikkinchi shartlari nechog'li to'g'ri amalga oshirilganligini bilish uchun olmon tili sohib­lari va boshqa o'zbek tarjimonlariga murojaat qilindi.

Jumladan, Olmoniyaning Humboldt nomidagi Berlin universiteti navoiyshunos olimasi Zigrid Klaynmixel xonim, olmoniyalik folklorshunos olima va shoira — Nizomiy nomidagi TDPU faxriy doktori Gab­riele Keller xonim, o'zbek olimlari — navoiyshunos olima — filologiya fanlari nomzodi Roviyajon Abdullayeva, O'zbekiston davlat Jahon tillari universiteti professori marhum Shavkat Karimov, qolaversa, Otaboy Jumaniyozov, Zohidjon Sodiqov, Shuhratxon Imyaminova, Gulruh Rahimova, Odiljon Safarov, Mirzali Akbarov kabi tajribali va taniqli olimlar hamda tarjimonu tarjimashunoslar e'tiboriga havola qilinib, ulardan olingan taqriz va tavsiyalar asosida Navoiy g'azallari tarjimasi va tahriri ustida izlanish­lar bo'ldi. Natijada, Navoiy o'z g'azallarining olmon tilidagi tarjimalari bilan Gyote yurti bo'lmish uzoq Olmo­niyani zabt eta oldi. Alisher Navoiy tavallud kunining 580 yilligi arafasida Olmoniyadan xushxabar keldi. Berlin shahridagi nashriyotda g'azal mulki sultoni Navoiy bobomizning 100 ta g'azali olmon tilida Meine Schwarzäugige nomi bilan chop etilibdi. Yuqorida ta'kidlanganidek, g'azalni she'riy yo'sinda hozirgi zamon olmon adabiy tiliga o'girish qanchalik mushkulligini tasavvur qilish qiyin emas, albatta. Ayniqsa bu g'azallarni ona tilidan olmon tiliga amalga oshganini hisobga olsak, o'zbek tarjimonining jur'atini baholashga so'z ojiz. Birgina “Ne navo soz aylagay” deb boshlanuvchi g'azalni olaylik. Uning nomidayoq olmonlar tushunishi qiyin bo'lgan bir qator so'fiyona so'z va iboralarning tarjimasidagi qiyinchiliklar mavjudki, buni faqat o'zi o'zbekcha-olmoncha tarjima bilan shug'ullanadigan mutarjimlar aniqroq tasavvur qilish­lari mumkin. Agar so'zma-so'z olmon tiliga o'giriladigan bo'lsa, bu misradan Wie das Musikinstrumente musiziert eine Musik? (Musiqa asbobidan qanday qilib kuy chalinadi) degan ma'no kelib chiqadi. Mutarjim Xurram Rahim nazdida Navoiy muddaosi turganligi tabiiy. Shu bois u o'z ishiga ijodiy yondashib, “Wie kann die Nachtigall singen?” (Bulbul qandayin xonish qiladi?) tarzida go'zal tasvir yaratadi. Chunki, bulbul obrazi aynan Navoiyga xos va uningchalik tasvir hanuz boshqa bir shoirga nasib etmaganligi ham haqiqat.

 

TARJIMADAN ILHOMLANGAN olmon RASSOMI

Alisher Navoyining olmon tilida chop etilayotgan kitobiga musavvir Kris­tina Olmer xonim chizgan “Wie der Nachtigal die Liebeslieder gehören?” (Bulbulga muhabbat kuyi qanday nasib etdi?) nomli buyuk shoirimiz portreti ham kiritilgan. Bir qaraganda, olmon rassomi yaratgan Navoiy bizdagi an'anaviylariga o'xshamaydi. Aslida rassomlik ham badiiy tarjima kabi san'at. Olmon rassomi Kristina mazkur san'at asarining yaratilish tarixini quyidagicha izohlaydi: “2020 yilning dekabr oyida Alisher Navoiy g'azallarini olmon tilida chop etish ishlariga katta hissa qo'shgan frayburglik olima, doktor Gabriella Keller xonim menga Navoiy g'azallari olmon tilidagi nashriga surat chizib berishimni iltimos qildi. Men O'zbekistonda 2003 yilda bo'lib, bir dunyo taassurotlar bilan qaytganman. Navoiy siymosini yaratishimda kaminaning O'zbekistonga, xususan, Samarqandga qilgan sayohatim davomida olgan taassurotlarim muhim o'rin egalladi. Bundan tashqari, Navoiy g'azallarining olmoncha tarjimasi ham katta turtki berdi. Men Navoiy yaratgan satrlarni o'qir ekanman, uning siymosida bir vaqtning o'zida buyuk gumanist shoir, musiqachi, me'mor, faylasuf hamda donishmand so'fiy shaxsini ko'rdim va ana shu jihatlarni uning suratida aks ettirishga intildim. Kamina boshqa hamkasblarim kabi ta'sirchan, vizual (yaqqol ko'rsatadigan) rassomlar sirasiga kiraman. Mening maqsadimda Navoiy kabi buyuk siymolar makon va zamon tanlamaydi. Chunki ular abadiyatga daxldor.”

 

ADABIY AN'ANA DAVOM ETADI

O'rta asrlardayoq Alisher Navoyining “Sab'ai sayyor” dostoni turli tillar, adabiyotlar va sayyor syujetlar vositasida olmon diyoriga kirib borgan bo'lsa, olmon tilli sharqshunos Herman Vamberi, Martin Hartmanlar XIX asrdagi tadqiqot va tarjimalari bilan Navoiy ijodi olmon tilli mamlakatlarda yanada mustahkamroq o'rin egalladi. XX asrga kelib olmon adabiyotshunosi Alfred Kurella esa ilk bor “Farhod va Shirin”dan bir faslni vatandoshlariga tanishtirdi. Mazkur an'anani O'zbekistonda olmon tili muallimi Yo'ldosh Parda Alisher Navoiyning 20 ta g'azali va bir qancha ruboiylarini, bugunga kelib esa zabardast o'zbek tarjimoni Xurram Rahimov zo'r ishtiyoq ila davom ettirib, Hazrat Navoiyning yuzga yaqin g'azallarini nemis tiliga o'girganligi tahsinga loyiq. O'zi olmon tilida she'rlar yozib yuradigan va bu she'rlarini Olmoniyada chop ettirgan Xurram Rahimning tarjimalarida g'azallarning mazmuni va ma'nolarigina emas, ayni bir paytda g'azal janriga oid xususiyatlar nemis tilida imkon qadar saqlab qolingan. Demak, olmon-o'zbek va o'zbek-olmon adabiy aloqalariga ko'p­rik bo'lib kelayotgan tarjimachilikka yana bir mustahkam g'isht qo'yildi. Bugungi kunda Navoiy g'azallarini olmon tiliga o'girgan tarjimon endi Navoiyning shoh asari—“Xamsa”ning nas­riy variantini ham tarjima qilishga kirishgan. Ushbu mashaqqatli ishda unga omad tilagan holda ushbu ezgu va mo''tabar ishning bardavom bo'lishini istab qolamiz.

Zohidjon SODIQOV,

filologiya fanlari doktori,

Namangan davlat universiteti

kafedra mudiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

1 thought on “Navoiy olmonlarni ham lol etmoqda

  1. Uzbek tarjimachiligi vatanimizni dunyoga tanitmokda. Butun dunyo axli uzbeklarning xar tomonlama maxoratiga tan berishmokda. Albatta, biz buyuk mutafakkir olimlar avlodimiz. Tasanno, Ustoz Xurram Raxim! Ushbu muvaffakkiyat bilan tabriklayman!

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 19 =