Millatni uyg'otgan jadidlar haqidagi asar

O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali Xalqaro Amir Temur jamoat fondini boshqarishdek mas'uliyatli vazifa bilan bir qatorda, badiiy ijod olamini ham o'z asarlari bilan boyitib borayotgani quvonarli holdir. Yozuvchi qator respublika va xalqaro miqyosdagi mukofotlar bilan taqdirlangani adib ijodiga berilgan haqli e'tiroflardir. Jumladan, yaqinda yozuvchining Xalqaro Turkiy akademiyaning “Alisher Navoiy” oltin medali bilan mukofotlangani ham fikrimizning yaqqol isbotidir.

Professor Muhammad Ali qalamiga mansub Amir Temur hayoti va u hukmronlik qilgan davrga bag'ishlangan to'rt tomlik “Ulug' saltanat” roman-epopeyasi va boshqa ko'p tarixiy romanlari, she'r va dostonlari, dramalari, o'tkir publitsistik maqolalari, jahon adabiyotidan qilgan tarjimalari xalqimiz tomonidan sevib mutolaa qilinadi.

Shu yil boshida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adibning Alisher Navoiy haqidagi “Mangu quyosh” nomli yangi tarixiy romani taqdimoti bo'lib o'tgani ham madaniy hayotimizda alohida hodisa deya baholandi.

Muhammad Alining ijod laboratoriyasiga nazar tashlar ekanmiz, yozuvchi ilk ijodini she'riyat bilan boshlaganligini ko'ramiz. Adibning tarixga bo'lgan qiziqishi, muhabbati va munosabati o'zgacha ekanligini yozilayotgan asar xoh u she'riy bo'lsin, xoh nasriy asar bo'lsin, uning mavzu ko'lami turlicha, ammo ularning barchasida ijodiy yaxlitlik ko'zga tashlanganidan sezish mumkin. Tarixga va badiiy adabiyotga bo'lgan bunday qiziqish va intilishni uning bolalik davriga, tug'ilib o'sgan makoni bilan bog'lasak to'g'ri bo'ladi. Adib o'zining bolaligi haqida “O'zim haqimda” nomli tarjimai holida “…Ikkinchi-uchinchi sinfda o'qigan paytlarimda yoshu qari hammani og'zimga qaratib, “Kuntug'mish”, “Shirin bilan Shakar” kabi dostonlarni sharillatib o'qib berardim. Birinchi mashqlarimni o'n yoshdaligimda yoza boshlaganman. O'sha vaqtlarda men kelajakda ijodkor bo'lishimni aniq tasavvur qilardim va bunga qattiq ishonardim” tarzida bayon qiladi.

Yosh ijodkorga yigitlik yoshidayoq omad kulib boqib, 1960 yillarda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot institutiga o'qishga yo'llanma berilishi undagi imkoniyatlar eshigi ochilishiga sabab bo'ladi. Xuddi shu dargohda o'qish, Vatandan yiroqda, ota-ona diydoridan uzoqda, musofirlikda yashash ham insonda tug'ilib o'sgan ona yurtiga bo'lgan sog'inch va muhabbat, uning o'tmishiga bo'lgan qiziqish va hurmat tuyg'ularini yuzaga chiqarishga turtki bo'lgan deya olamiz.

Quyidagi mulohazalarimiz shoirning “Boqiy dunyo” she'riy romani haqida bo'ladi.

Asar 1970-1979 yillarda yozilgan. Dastavval “Sharq yulduzi” jurnalida e'lon qilingan. Shuni aytish lozimki, mazkur roman mustamlakaga qarshi kurashgan Dukchi eshon voqeasini, Andijon qo'zg'oloni mavzusini birinchi bo'lib adabiyotimizga olib kirganini ta'kidlash joiz. Bu endi boshqa mavzu.

Bizni muallifning obrazlarga qanday jonli ruh bag'ishlagani, qanday ijodiy konsepsiya tanlagani — hayotiy fakt va voqea-hodisalarni qanday anglab yetgani, qay tarzda hissiy idrok etgani bilan bog'liq nazariy qarashlar tizimi hamda yaqqol ko'zga tashlanib turgan ijodkor tayangan estetik tamoyillar qiziqtiradi. She'riy romanda xalqimizning ozodlik, erk uchun olib borgan kurashi tasvirlangan.

Tahlilga kirishishdan avval “Boqiy dunyo” she'riy romani yaratilgan davrga bir nazar tashlash foydadan xoli bo'lmas.

O'tgan asrning 60-yillari. O'zbek adabiyotiga bir guruh yorqin iqtidorlardan iborat yangi kuchli to'lqin kirib keldi. Husniddin Sharipov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Ali, Rauf Parfi, Omon Matjon, Oydin Hojiyeva, Halima Xudoyberdiyeva, Abdulla Sher va boshqa yoshlarning baralla ovozlari eshitila boshladi. Ularning ijodida Inson qalbini anglash birinchi o'ringa chiqdi, ayni paytda tabu qo'yilgan milliy tarixga yuz burish, o'rganish, qiziqish hollari kuzatildi.

Tarixni anglash, o'rganish, u bilan faxrlanish tuyg'usi har bir adabiyot vakili tomirida tepib turgan qon desak yanglishmaymiz. Bu tendensiya tengdoshlari ichida, ayniqsa, Muhammad Ali ijodida yorqin namoyon bo'ldi. U yigirma to'rt yoshida “Mashrab” (1966), “Gumbazdagi nur” (1967) dostonlarini yozdi. Holbuki, o'sha vaqtda Boborahim Mashrab, Amir Temur mavzularida yozish norasmiy taqiqlangan edi. Shundan keyin ijodkor jasorat ko'rsatib, xalqimizning ozodlikka, erkka erishish yo'llariga bag'ishlangan yirik janrda “Boqiy dunyo” she'riy romanini qog'ozga tushirdi. Asarga dadillik bilan, zamon mafkurasi ko'tarmaydigan, nomlarini mutlaqo aytib bo'lmaydigan Dukchi Eshon, jadidlar, ma'rifatparvar boylar obrazlarini kiritdi… Bu mutlaqo yangi mavzular edi, ular adabiyot ufqini kengaytirdi. Ayni shu davrda Erkin Vohidovning “O'zbegim”, Abdulla Oripovning “O'zbekiston” nomli mashhur she'rlari dunyoga kelganini ham aytib o'tamiz… Davr shunday edi.

“Boqiy dunyo” she'riy romani yozilganiga 46 yil bo'ldi. Asarda tarixiy haqiqat, voqelik Muhammad Alining realistik badiiy-ijodiy uslubini murakkab tarzda uyg'unlashtirishi negizida tasvirlangan. Shoir o'z asarini shunday boshlaydi:

 

Do'stim, senga aytar gapim bor,

Ermak uchun yozmayman aslo.

Ro'paramda turar barqaror

Kurashlardan boqiy bu dunyo.

Asr boshi sokin, ohista

Qirmizlandi kurash onlari.

Haqiqat deb, yorug' nur istab

Kamol topdi qahramonlarim…

 

Tarixdan ma'lumki, o'lkamizda 1916 yilning 25 iyulida Russiyaning bosqini bois oq poshshoning Turkiston aholisidan 250 ming kishini frontga qora ishga olish haqidagi farmoni e'lon qilinishi, yigitlarni askarlikka emas, qora ishga — mardikorlikka olinish voqeasi millatga bo'lgan ishonchsizlik, tahqir, g'ururni toptash bo'lgan hurmatsizlikning yaqqol o'zi edi. Ustiga-ustak, buni suiiste'mol qilish, poraxo'rlik, zo'ravonlik avj olib, xalqda norozilik paydo bo'lishi oqibatida, yurtda qonli to'qnashuvlar yuz berdi. Oqibatda 1916 yilning iyulida butun Turkistonni g'alayonlar qopladi. Aynan shu tarixiy voqelik “Boqiy dunyo” asariga asoslardan biri bo'lib xizmat qildi.

Shahrixonlik Azimboyning farzandi Qudrat Rossiyada o'qib, bilim oladi, ularning xizmatkori bo'lmish Nasriddin esa uzoq Sibir o'rmonlariga mardikorlikka jo'natiladi. Sarson-sargardonliklarni boshdan kechirgan Nasriddin ham har tomonlama o'ylaydigan, yurt qayg'usini chekadigan, o'zining kimligini anglashga intiladigan, xalqni boy, madaniyatli ko'radigan isyonchi-shoir timsolida namoyon bo'ladi:

 

Nazar qilgin bir Turkistonga:

Xalq ziyosiz, xat bilmas zarra,

Tamaddunu ilmu urfonda

Ortda qolur necha ming karra!

 

Yoki:

Bordir senga shunday savolim,

Havola et toza vijdonga:

Nega anov temirchi Soli

Yalchimaydi o'zi ketmonga?

Ochil novvoy nega uzzukun

Non yasarkan, elar ekan un,

Chehrasida olov o'ynaydi,

Ammo, qorni nonga to'ymaydi?

 

Nasriddin mashhur xalq qahramoni Namoz huzuriga keladi. Undan ham ko'ngli to'lmaydi, ta'qiblardan, sarson-ovoragarchilikdan charchab, baridan qutulish yo'li faqat “mirshab bo'lish”, dushman ichida — “ta'qibchilar safida” bo'lishga ahd qiladi Nasriddin.

Asarda Nasriddin obraziga muqobil ravishda yurt uzra keng quloch yoyayotgan jadidchilik harakatlari va ularning namoyandalari harakatlari batafsil badiiy talqin etilgan. Masalan, Azimboy o'g'li Qudrat ham dunyo ko'rgan, ziyoli, kambag'alparvar bo'lishiga qaramay, qo'rqoq, o'z tinchini o'ylaydigan farzand bo'lib o'sadi. Asarda unga qarama-qarshi qo'yilgan obraz — mardikorlik qiyinchiliklarini ko'rib, uyiga eson-omon qaytib kelgan do'sti Nasriddin yurtda hali ham eski, yo'qsil hayot davom etayotganini ko'rib, tengdoshi Qudratga qarata shunday deydi:

 

Nechun sening baxting ziyoda,

Azimboyning zuryodi, ayt-chi?

Nechun menga kamlik — omoda,

Ko'kka yetmas faryodim? Ayt-chi?

Nechun, bunday miri kam dunyo?

Nechun axir qotmishdir boshim?

Nechun… Javob topmadim ammo,

Turkistonim, dardim, darddoshim!…

Shoir qalbim o'rtanar hamon,

Yonmoqqa bir baxya qolmoqda.

Ona Vatan haqida doston

Xayolimda pishib kelmoqda!

Ulkan tog'day yaxlit bir doston,

Naq “Alpomish” taxlit bir doston,

Na ishqnoma, na bir jangnoma,

Tug'ilajak “Turkistonnoma!”

 

O'zini ma'rifatparvar boy deb hisoblagan, Maskov tomonlarda boylar xonadonlarida mehmonda bo'lganda shoirlar bilan suhbatlar qurgan Azimboy havas qilib, xizmatkori, shoirtabiat Nasriddinga “Turkistonnoma” yozishni buyuradi. Lekin Nasriddin hayot tashvishlari bilan bo'lib dostonni yozishga fursat topmaydi…

1925 yili Buxoroda katta anjumanda O'zbekiston Respublikasi e'lon qilinganda zalda o'tirgan Nasriddin shuurida o'zining bitmoqchi bo'lgan, Azimboy orzu qilgan o'sha doston yozilganini ko'radi. Ha, u xuddi shu “doston”ni yozishga intilgan edi! Umri zoe ketmaganiga guvoh bo'ladi. U dostonning nomi “Turkistonnoma” emas… “O'zbekiston” edi…

Bu she'riy roman bundan 46 yil burunmas, mustaqillik yillarida yozilgandek go'yo. Erk istagan xalq orzu-armonlarini, o'zi va o'zligini anglab yetishni istagan mardikorlikka ketgan yigitlar taqdiri va jadidlar haqida yoza olgan 60-70 yillar yozuvchilariga oson bo'lmagan. Bunday asar yozgani uchun ularning boshiga qora kunlar tushishi aniq edi. Ana shunday qo'rqinch hissi hukmronlik qilib turgan vaqtda Muhammad Alining bu mavzuda yozishi uning jasorati, qahramonligidan dalolat edi.

Jadidlarning yoppasiga boshlangan ozodlik harakati millatni yuksak maqomga ko'tarish, davlatni mustaqil va hur ko'rish, xalqni ma'rifatli qilishga ilm orqaligina yetadigan yo'l ekanligini anglaydi. O'zbek boylarining farzandlari ham Rossiyada, xorijda o'qib-o'rganib, ancha ilg'or fikrlay boshlaydilar. Xalqning bolalarini tekinga o'qitib, savod chiqarishiga bel bog'lagan ziyolilar mustamlakachilarda shubha uyg'otgan va ularning harakatlariga to'siq qo'yishgan.

 

El ruhidan, xalq imonidan

O'charmi hech erkning timsoli?!

Ko'hna zamin Sharq maydonida

Esib qoldi isyon shamoli…

 

Shoir Muhammad Ali “Boqiy dunyo” asarida tilga olingan o'zbek millatining guli hisoblangan toshkentlik Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, qo'qonlik Hamza Hakimzoda Niyoziy, andijonlik Abdulhamid Cho'lpon, samarqandlik Mahmudxo'ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy va Siddiqiy-Ajziylarning yurt kelajagi uchun olib borgan mehnatlarini dadil yoritadi:

 

Ilmu urfon — ko'ngil ro'shnosi,

Zimistonda chaqnagan uchqun.

Garchi uchqun va lek ziyosi —

Shu'lasidan poralanur tun!

Ravnaq tilab uchqunga oxir

Kelar debon yolqin zamoni,

Maktab ochdi Toshkentda shoir,

To'quvchining o'g'li Avloniy!

Abdulla Avloniy va u kabi jadidlarning mardikorlik mavzusida she'rlar turkumi paydo bo'ldi. “Mardikor ashulasi” 1917 yil Orifjonov litografiyasida bosilgan. Muallif shunday yozadi: “…Birinchi to'da mardikorlarni jo'natmoq uchun chiqishga yasalgan namoyishda Toshkentdagi teatruga maxsus “Turon” to'dasi tarafidan turli latif kuylarda o'qulg'on edi. Ko'b kishilar iltimos qiluvi sababli jam' qilinib, nashr qilindi. Va boshqa bir necha shoirlarning yozgan she'rlari o'zlarining ruxsatlari ila ushbu adabiyotga ilova qilindi”.

Abdulla Avloniyning “Mardikor ashulasi” kitobiga kirgan “Onaning o'g'liga aytgan so'zlari” she'ri xuddi Muhammad Alining “Boqiy dunyo” she'riy romanida mardikorlikka olingan Nasridinning onasi “ado bo'lgan”, “bamisoli qurigan daraxt” Oychuchuk kampir tilidan aytilgandek go'yo:

 

Jon bolam, jonim bolam,

Olloh sani yoring bo'sin,

Kecha-kunduz, yo'lda-cho'lda

Tangri g'amxo'ring bo'sin…

Chordevor ichra yotib, yig'lab sani yod etaman,

Qismati haq shul ekan —

man kimg'a faryod etaman?!

 

Romanda tasvirlangan Qudratning o'g'li Farhodning sevgilisi zamon qizi Sitoraning prototipi Abdulla Avloniyning jigarbandi Sora ekani ham xarakterlidir.

Adib Muhammad Alining mahorati shundaki, asar qahramonlari Azimboy, uning o'g'li Qudrat va xizmatkori Nasriddinlarning hayoti va faoliyatini yoritish barobarida xalq vakili sifatida Nasriddin obraziga ko'proq urg'u beradi. Ne-ne qiyinchiliklar o'tsa-da, yurtiga omon qaytgan Nasriddin sargardonliklardan o'zga inson bo'lib qaytdi. Uning xatti-harakatlari, kelajak uchun tuzayotgan rejalari Qudrat va shunga o'xshaganlarni qo'rqitib yuboradi. Nasriddin obrazida yangilikka intilgan va yurtning istiqbolini o'ylaydigan yangi zamon kishisi tasvirlanadi.

Muhammad Alining “Boqiy dunyo” she'riy romanining boshqa tarixiy asarlardan farqi shundaki, asar o'zbek xalqining bosib o'tgan murakkab va qiyin hayot yo'li haqida, mardikorlikka olinish voqealari hamda hurlik va ozodlikni orzu qilgan, bu yo'lda ortga chekinmagan millatning jadid farzandlari haqidaligidadir. Adib katta mahorat bilan birinchilardan bo'lib, erkin nafas olish qiyin bo'lgan mustamlaka zamoni ekaniga qaramasdan, chor zulmiga qarshi ko'tarilgan Andijon qo'zg'oloni, Jizzax qo'zg'oloni voqealarini fidoyi otashin jadid bobolarimiz, ma'rifatparvar boylarimiz faoliyatiga bog'lab omuxta qilgan holda o'sha davrning keng manzarasini chizib berdi, ularning badiiy obrazlarini adabiyotga olib kirdi.

Muhammad Alining “Boqiy dunyo” she'riy romani sho'rolar davrida xalqimizning ozodlik yo'lidagi kurashlarini o'zida yorqin aks ettirgan asar sifatida qadrli bo'lib qolishiga shubha yo'q.

Gulchehra QO'YLIYEVA,

Guliston davlat universiteti dotsenti,

filologiya fanlari doktori (DSc).

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + 5 =