Talabalik hayratlarim

yoki O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo bilan bo'lib o'tgan ijodiy uchrashuvdan keyingi o'ylar

Bundan ancha oldin Iqbol Mirzoning “Bonu” nomli kitobi qo'limga tushib qoldi. Qiziq, Iqbol Mirzoning she'rlarini o'qigan ekanman-u, lekin hech nasriy asarlari ham borligini bilmabman. Kitobning birinchi betini ochganimda, “Real voqealarga asoslangan qiziltepalik qizning hayoti” degan yozuv o'ziga qiziqtirib qo'ydi. Hozir Toshkentda oilaviy yashasak ham, asli buxorolikman. Qiziltepa esa bizga juda yaqin bo'lgan hududda joylashgan. Shu sabab bo'ldimi, bilmadim, qiziqishim yuz barobar oshib ketdi. Ishxonamning kutish zalini o'zimga makon qilib oldim. Kirganga ham, chiqqanga ham salom beraverganimdan, ba'zilarga hatto ikki-uch marta “Assalomu alaykum!” deb qo'yganimni ularning keyinchalik alik olmay g'alati qarab o'tayotganidan ham sezish qiyin emas edi.

Hammaga o'zimni ko'z-ko'z qilmaslik uchun ham xonaga kirdim. Ishxonadagi yigitlar: “Aqlli xonim endi ijodni bu yerda davom ettirmoqchilar”, deb piching qilishdi. “Ha, kulinglar, kulinglar!” deb jilmayib javob berdim men ham. Yaqin bir do'stim bor, mening ishga kirishimga sababchi bo'lgan qadrdonim. Shu o'rtog'im eshikdan kirib keldi-da, qo'limdagi kitobga ko'z qiri bilan qarab: “O'qigani boshqa kitob yo'q edimi?” — deb kinoya qildi. “Voy, kitobga allergiyangiz bormi, nima balo?” — deb hayron bo'lganimcha qoldim. E'tibor bermadim, ochig'i. Kitobdagi ajoyib voqealar atrofimdagi istalgan narsadan qiziqroq davom etayotgan edi. Yarim soatlar o'tganidan so'ng, esimga tushib qoldi: axir do'stim 5 yil yaxshi ko'rgan qizidan 2 hafta oldin ayrilgan edi va u qizning ismi aynan Bonu edi. Endi miyamga yetib keldi: uning kitob bilan emas, aynan shu nom, ism bilan bog'liq ruhiy iztiroblari bor. Esimga kelishga keldi-yu, kulishdan o'zimni to'xtatolmayman deng. Axir bunaqa mavzuda kimnidir yupatish menga emas-da, nima qilay?

Xullas, asosiysi bu ham emas. Uch kunda kitobni o'qib tugatdim. Eng yomoni, miyam shu darajada javobsiz savollarga to'lib ketdiki, yurgan yo'limda shu savolga javob beruvchi odam qidiraman. Bonu ismli qiz Iqbol Mirzoga yarim yil davomida o'z hayotini yozib boradi va yozuvchi buni asar holatiga keltiradi. Bu voqealar real hayotda bo'lganmi-yo'qmi, lekin qizning keyingi hayotiga juda qiziqdim. Uyga borib, Iqbol Mirzoning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini qidirishni boshladim. “Instagram”dan qaradim, yo'q! “Telegram”dan izladim, yana natija yo'q. Shunda “Iqbol Mirzoga maktublar” deb nomlangan va nofaol bo'lgan telegram-botini topib oldim. Va aynan shu botga 14 avgust kuni yozgan xabarimni o'z holicha keltirmoqchiman.

“Assalomu alaykum! Salomatmisiz? Bu botni kim yurg'izyapti, bilmadim-u, agar shoir Iqbol Mirzo o'zingiz bo'lsangiz, nihoyatda xursandman. “Bonu”ning hozirgi hayotiga qiziqdim. O'sha qiz bilan juda gaplashgim kelyapti. Iloji bo'lsa, kontaktini bera olasizmi? Agar iloji bo'lmasa, iltimos, hozirgi hayoti haqida ayta olasizmi?”

Bir hafta shu dardda yurdim, keyinchalik o'qish tashvishi, ishlar ko'pligi va yangi asar mutolaasi boshlanishi bilan bu o'y asta-sekin meni tark eta boshladi.

O'qishga kelgan kunlarimdan birida Go'zal Begim ustozimiz savol berdilar: “Ijodkorlardan kim bilan uchrashishni xohlaysiz?”. Shunda men Iqbol Mirzo va Husan Karvonli ustoz nomlarini aytdim. Husan Karvonlini nega hurmat qilishim alohida mavzu.

Ustozimiz: “Mayli, uchrashuvga Iqbol akani taklif etamiz”, dedilar. Oylar o'tib, Iqbol Mirzo universitetimizga kelishlarini e'lon qilganlarida, birinchilardan bo'lib qatnashishni maqsad qildim. Tadbirga kirdik, ko'tarinki kayfiyat hukmron, shoirimiz o'rtada.

Shoirlar har doim chiroyli she'r yozadi-yu, lekin chiroyli she'r aytolmaydi deb o'ylardim. Bunday deb  o'ylaganimga uyaltirdilar shoir. Barcha yozuvchilar telbanamo bo'ladi, o'z dunyosi bo'ladi, ular bilan gaplashganda zerikib qolasan, deb tasavvur qilardim, tasavvurlarimga-da uyalib ketdim. Iqbol Mirzo shu darajada chiroyli she'r aytar ekanlarki, hammasini telefonimga yozib oldim, ularni, albatta, “Instagram”dagi kitoblarni sharhlaydigan sahifamga joylamoqchiman. O'ndan ortiq she'r aytgan bo'lsalar ham charchamadik, zerikmadik.

Uchrashuvga kirishdan oldin bir dugonamga: “Bilasizmi, Iqbol Mirzoning ijodini Muhammad Yusufnikiga o'xshataman”, dedim. Chunki xuddi Muhammad Yusufdek barcha birdan tushunadigan, ortiqcha falsafasiz, ortiqcha bo'rttirishlarsiz, xalqona va borini yozadigan shoir sifatida hurmat qilar edim. Tadbirda shoir o'zlari ham Muhammad Yusufning shogirdi ekanliklarini aytib o'tdilar. Bu ma'lumotni bilmagan edim, shunchaki o'xshatgan edim, xolos. Iqbol Mirzoning shoir ekanligini bilmagan odam u kishini O'zbekiston xalq shoiri deb o'ylamaydi. Chunki u kishi shu darajada kamtarin, jaydari va odam gaplashsa zerikmaydigan inson ekanlar.

 

Tilla uzukka tilla

Ko'z bo'lmaydi hech qachon.

Qiz bolaga qiz bola

Do'st bo'lmaydi hech qachon! —

 

deb yozilgan satrlarni butun zal jo'r bo'lib aytdi. Eng qizig'i, men bu she'rni qiz bola o'rtog'imning yonida u bilan birga aytdim. U kimga atab aytdi, bilmadim-u, lekin men aniq unga aytmadim.

To'g'ri, Bonu haqidagi o'sha savolimni berishga yana ulgurmadim. Lekin, haytovur, shoirning “Facebook”dagi sahifalarini so'rab bilib oldim.

Uchrashuv juda mazmunli o'tdi.

Maryam MUSOYEVA,

O'zbekiston jurnalistika va

ommaviy kommunikatsiyalar

universiteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + sixteen =