O'zbek jurnalistikasi rivojining uzviy manzarasi

Ma'lumki, axborot asrida jurnalist qalami jamiyat tafakkurini uyg'otish, adolat mezonini mustahkamlash va davlat siyosatida belgilangan yangilanishlar ruhini xalqqa yetkazishda muhim o'rin egallamoqda. Taniqli olim, tarix fanlari doktori, professor Karim Normatovning “Yangi O'zbekiston bunyodkori” kitobi ayni shunday vaziyatda jurnalist shaxsining mohiyatini, uning jamiyatdagi o'rni va mas'uliyatini yana bir bor teran anglatib beruvchi asardir. Mazkur ilmiy-publitsistik kitobda nafaqat mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mafkuraviy asoslari, balki milliy matbuotning asosiy vazifasi — so'z orqali davlat va jamiyat o'rtasida adolat ko'prigini qurish g'oyasi ham o'z ifodasini topgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ­Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan shaffoflik siyosatining mazmun-mohiyati, milliy kadrlar tayyorlashga qaratilgan strategiya hamda media sohasidagi zamonaviy yondashuvlar asarda hayot haqiqati va ilmiy-amaliy tahlillar asosida namoyon bo'ladi. Shu o'rinda asarda O'zbekistonning xorijiy matbuotdagi obro'si va mediadagi e'tirofi ham alohida qayd etilgan. Xususan, “Janubiy Koreyaning “The Korea Time” jurnali O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni “2018 yil odami” deb e'lon qildi. Mamlakatimiz rahbari siyosiy yo'nalish bo'yicha g'olib deb e'tirof etildi” (33-bet).

Ta'kidlash joizki, “Yangi O'zbekiston ­bunyodkori” nomli mazkur siyosiy esse mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalari sohasida milliy kadrlar tayyorlash borasida Prezidentning strategik rahnamoligi, shuningdek, keyingi yetti yillik taraqqiyot istiqbollarining mohiyatini yoritib beruvchi muhim adabiy-ilmiy asar hisoblanadi. Kitobda inson tafakkuridagi yangi bosqich — haq so'z va adolat mezoniga tayanadigan milliy jurnalistikaning siyosiy-ijtimoiy vazifalari keng qamrovda tahlil qilingan. Muallif ayni jarayonda matbuot oldida turgan muammolarga ham to'xtalib, “birovni ko'ra bilmaslik, birov ustiga mag'zava ag'darish, madhiyabozlik…”ni (31-32-bet) qoralagan holda milliy jurnalistikaning haq so'z va pok niyatga tayanishini ustuvor shart sifatida ko'rsatadi. Shu o'rinda asarda keltirilgan Abdulla Qodiriyning matbuot va matbuotchilarga qarata XX asr boshida aytgan quyidagi fikrlari bugungi zamonaviy matbuot xodimlarimiz uchun dasturulamal bo'lmog'i joiz:

“Yaxshi bilish kerakki, qalam — o'qlov va matbuot — ketmon bozori emas. Yo'sinsiz ravishda xotirga kelgan har bir so'zdan jumlalar to'qimoq fazilat emasdir. So'z qolip, fikr uning ichiga qo'yilgan g'isht bo'lsin. Ko'pchilik xumdonidan pishib chiqqancha, yangi hayot ayvoniga asos bo'lib yotsin!”

Demak, muallif yuqoridagi fikrlar asosida jurnalistni faqat axborot tarqatuvchi emas, balki Vatan taqdiriga daxldor, xalq dardu orzusini yuragida his etadigan, so'z bilan adolat va haqiqat o'rtasida muvozanat qaror toptiruvchi ma'rifat posboni sifatida talqin etadi. Shu bois asarda jurnalistika qudrati haqidagi fikrlar nafaqat nazariy, balki tarix saboqlari va yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan uzviy bog'liq tarzda bayon etilgan. Ayni shu jihati bilan asar davlat siyosatining o'ziga xos mafkuraviy oynasi, milliy jurnalistikaning esa kelajakka yo'llanmasi sifatida yuksak e'tirofga loyiqdir.

Asar ikki bobdan iborat bo'lib, ular o'zaro mazmunan bog'langan holda zamonaviy O'zbekiston jurnalistikasi tamoyillari va ­bunyodkorlik g'oyalarini izchil yoritgan. Siyosiy essening “Haq so'z qudrati har qanday atomdan kuchli” deb nomlangan birinchi bobda so'zning ijtimoiy kuch sifatidagi roli, jurnalistning mas'uliyati va haqiqatni yoritishdagi matonati haqida siyosiy-falsafiy qarashlar bayon etiladi. Muallif so'z erkinligining tarixiy shakllanishi, jadidlar davridagi mafkuraviy uyg'onish, milliy matbuotning ilk qadamlari hamda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev islohotlari davrida so'zning yangi qudratini chuqur tahlil etadi. So'zning atomdan kuchli deb baholanishi — jurnalistning jamiyat rivojida haq so'zni ayta olishidagi jasorat va matonati ramzidir. Muallif bu bobda milliy matbuot taraqqiyotining o'tgan asr boshlaridan bugungi kungacha bo'lgan bosqichlarini tahlil qilar ekan, jadid allomalari, olimlar va soha fidoyilarining siyosiy va ijtimoiy illatlarga qarshi kurashda ilgari surgan g'oyalarning ahamiyatini yoritib boradi. Shuningdek, media sohasidagi davlat siyosati ham ilmiy-nazariy nuqtai nazardan baholanib, davlatimiz rahbarining milliy kontent borasidagi qarashlari alohida ta'kidlanadi. Zotan, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, “Milliy kontent — dunyoda ro'y berayotgan voqea-hodisalarga millat manfaatini asosli himoya qilish orqali munosabat bildirish, ochiq va haqqoniy fikrlarni bayon qilish degani” (53-bet).

Kitobning “Jurnalist — Vatan himoyachisi, umrini bunyodkorlik ishiga bag'ishlaydi” deb nomlangan ikkinchi bobida jurnalistning faqat axborot tarqatuvchi emas, balki mamlakat manfaatlari, uning istiqbollari yo'lida mas'uliyatli faoliyat yurituvchi tarixiy va zamonaviy shaxs sifatidagi qiyofasi yoritilgan. Bobda haqiqiy jurnalist shaxsiga oid chizgilar ham yoritilib, “haqiqiy jurnalist mukofot yoki sovg'a kutib ishlamaydi. Jurnalist — yolg'on va maddohlikdan hayo va nomus qiluvchi, rost so'zlashi va yozishi shart bo'lgan botir insondir. Matbuot va so'z erkinligi ta'minlangan yurtda tafakkur mushohadalari tez rivojlanadi” (107-bet), deya mazkur kasbning yuksak mas'uliyati yanada aniq aks ettirilgan.

Mazkur bobda jurnalist shaxsining ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etish, yangicha g'oya va innovatsiyalarni ilgari surish hamda ma'rifat va ma'naviy tarbiyani kuchaytirish vazifalari tahlil qilingan. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning quyidagi fikrlari Yangi O'zbekiston g'oyasi sifatida talqin qilinadi: “Jurnalist — bu nafaqat dunyo yangiliklari jarchisi, ayni paytda uning o'zi yangilik, har bir g'oya-fikri innovatsiya!” (58-bet).

Bugungi yosh avlod uchun “Yangi O'zbekiston bunyodkori” kitobining ilmiy-ma'rifiy ahamiyati shundaki, asar milliy matbuot tarixi bilan zamonaviy media siyosati o'rtasida mukammal bog'liqlikni namoyon etadi va jurnalist mas'uliyati, ma'rifat, haqiqat va adolat g'oyalari orqali yoshlarimiz qalbida fidoyilik hissini uyg'otadi. Ayni ma'noda, jadid allomalarimizning mafkuraviy merosini yangi davr strategik g'oyalari bilan uyg'unlashtiradi, jamiyat taraqqiyotida milliy jurnalistikaning asosiy vazifasini namoyon qiladi.

Umuman, professor Karim Normatovning “Yangi O'zbekiston bunyodkori” asari milliy matbuot tarixi, siyosiy esseistika va zamonaviy kommunikatsiyani birlashtirgan holda o'zbek jurnalistikasi rivojining uzviy manzarasini aks ettiradi. Asar jurnalistlar, siyosatshunoslar, media tadqiqotchilari, talabalar hamda davlat va jamiyat sohasida yuz bergan va yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga befarq bo'lmagan barcha o'quvchilar uchun muhim ilmiy-amaliy manbadir.

Sherzodxon QUDRATXO'JA,

O'zbekiston jurnalistika va

ommaviy kommunikatsiyalar

universiteti rektori,

siyosiy fanlar doktori (DSc),

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + six =