“Samarqandim” jurnalini o'qib…
Bir yil avval “Samarqandim” jurnalining nishona soni bilan tanishgandim. O'shanda jiddiy, salmoqli materiallar e'tiborimni o'ziga tortgandi. Rosti, o'sha paytda mazkur nashrni varaqlayotib, biron-bir tadbirga bag'ishlab faqat bir marta chop etiladigan nashrlar haqida o'ylagandim, xayolimdan “Samarqandim” — ham shundaylar sirasidan emasmikan” degan o'y o'tgandi.
Yo'q, bunday bo'lib chiqmadi. 2025 yilning o'tgan davri mobaynida “Samarqandim” — “My Samarkand” jurnalining ikkita soni bosmadan chiqib, keng jamoatchilik — ustoz jurnalistlar, siyosatchilar, ziyolilar-ijodkorlar qo'liga yetib ham bordi. E'tiborli jihati, jurnal joriy yildan boshlab nafaqat o'zbek, balki ingliz tilida ham nashr etilmoqda. Demak, “MY SAMARKAND”ni endi dunyo ahli o'qimoqda.
Chet elliklar bilan ko'p bor muloqotda bo'lgan jurnalist sifatida bilamanki, xorijliklar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda, jumladan, Samarqandda amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi ma'lumotlarni ishonchli manbalardan olishni istaydi. Endilikda ular bu jarayonda “MY SAMARKAND”dan ham foydalanadi, deb o'ylayman.
Texnika, internet jurnalistikasi rivojlangan, ijtimoiy tarmoqlar orqali hamma o'z fikrini bemalol bildirayotgan, sun'iy aql imkoniyatlaridan foydalanish kengayib borayotgan davrda yashayapmiz. Ayni kunda telefondan, kompyuterdan, planshet yoki noutbuk kabi zamonaviy texnika vositalaridan bo'shamayotgan aholi e'tiborini bosma ommaviy axborot vositalari — gazeta va jurnallarga qaratish oson ish emas. Ma'lumki, milliy media maydonimizda yuzaga kelgan kuchli raqobatga hamma gazeta va jurnallar ham dosh berolmayapti.
Milliy va dunyo media olamida ana shu kabi yangilanish va raqobat ta'siri hukm surayotgan bir paytda yangi gazeta va jurnallarning chop etila boshlagani, ular o'z o'quvchilarini topayotgani ko'ngilni ravshanlashtiradi. Ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma'rifiy, tarixiy, ommabop “Samarqandim” — “My Samarkand” jurnali bunga bir misol.
Mazkur nashrga, jurnal tahrir hay'atiga Samarqand davlat universiteti rektori, senator Rustam Xolmurodovning rahbarlik qilayotgani, jurnalistika nazariyasi va amaliyoti bo'yicha katta tajribaga ega jurnalist Farrux Hamroyevning “Samarqandim”ga bosh muharrirlik qilayotgani, jurnal tahrir hay'ati tarkibida mahalliy va xorijlik akademik va olimlar, siyosatchi va ekspertlarning borligi ham unda chop etiladigan materiallar saviyasi ne chog'liq ekanidan so'zlaydi.
“Samarqandim” — “My Samarkand”ning joriy yil 1- va 2-sonlaridan o'rin olgan “Prezident Shavkat Mirziyoyevning ozod tafakkur g'oyasi haqida o'ylar”, “Vatan va vijdon”, “Samarqand qalbi…”, “Qalbimda abadiy iz qoldirdi…” sarlavhali materiallar, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, senator Sirojiddin Sayyid hamda “Xalq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari bosh muharriri O'tkir Rahmatning ijod namunalari bilim va ma'naviyatingizni yanada boyitishga hissa qo'shadi.
Shu o'rinda bir mulohaza. “Samarqandim” — “My Samarkand” SamDU muassisligida chop etilmoqda. Nazarimizda, “Samarqandim”ga kamida viloyat va shahar hokimligi darajasida e'tibor zarur. Chunki mamlakatimizda shu paytgacha biror-bir tarixiy shahar nomida jurnal chop etilgani yo'q. “Samarqandim” — “My Samarkand” bu borada birinchi. Aslida, jahon tajribasida tarixiy shaharlar nomi bilan nashr etiladigan nashrlar bor. Bunga “Istanbul”, “Rim” kabi jurnallarni misol sifatida keltirish mumkin.
Nima bo'lganda ham o'z o'quvchisini topayotgan ushbu chiroyli jurnal ijodiy jamoasiga omad tilaymiz.
Xolmurod SALIMOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi raisi v.b.
