Ota haqidagi eng yaxshi asar

yoki Sayyora Samandarning
“Mening otam” kitobini o'qib…
Sayyora Samandar otasiga bag'ishlagan esse-xotira kitobini shunday nomlagan. Mazkur kitobda nafaqat o'z qiziga “bani yaxshiliklarni ilingan”, “shamollarga yelkasini tutib bergan, qahratonni mehri bilan qaytargan” ota, balki taniqli jurnalist, yozuvchi, shoir, davlat va jamoat arbobi Erkin Samandarning ijodiy faoliyati, insoniyligi mukammal, yurakdan, samimiy, o'ziga xos tarzda mehr bilan talqin qilingan.
Sayyora singlim, tabriklayman sizni. Ota to'g'risida yozilgan eng sara asar, eng yaxshi kitob bo'libdi. Men hali bunday kitob o'qimagan edim. Otasining munosib qizi sifatida mehrga to'la inju tergandek so'zlar kishini hayajonga soladi. Hammamizning ota-onamiz bor, bo'lgan. Kitob har bir farzand uchun noyob qo'llanma, benazir xotira, munosib maktab vazifasini o'taydi. Chunki uni mutolaa qilish jarayonida inson o'z otasini go'zal va betakror xotiralar bilan eslaydi, tahlil qiladi, xulosalar chiqaradi.
Kamina ham 1985 yilning 1 avgustida Erkin Samandarov bosh muharrirlik qilayotgan “Xorazm haqiqati” gazetasida ish boshlaganman. Ustozimizning maktabida, haqiqiy dorilfununda yana saboq olishni davom ettirdim. Muharririmizning o'sha yillardagi zalvorli yutuqlari, tashabbus va g'oyalari yurtiga, Vataniga muhabbati naqadar kuchli ekanligidan darak berardi. Negaki, ustozdagi yuksak ma'naviyat, ijodkorlik va rahbarlik salohiyati yangidan-yangi tadbirlarni, ibratli amallarni dunyoga keltirgan. Ana shu mehnat va zahmatlar ushbu kitobdan keng o'rin olibdi. Xursand bo'ldim. Chunki biz bu sa'y-harakatlarning guvohi bo'lganmiz.
“Xorazm haqiqati”da halol non yeyishni muharririmizdan o'rgandik. Chunki gazetaning halol noni juda barakali edi. To'g'ri, o'sha yillari tahririyatda tamagirlik bilan shug'ullanayotgan ba'zi xodimlar ham ishlashardi. Muharrir ularni halol ishlashga, qalamni haromga aralashtirmaslikka da'vat qildilar. Bu tartib va talabchanlikni xushlamagan ayrimlar rahbarga turli bo'htonlarni uyushtirib, sindirishmoqchi ham bo'lishgan, “lekin egilgan haqiqat aslo sinmadi. Unday kimsalarni hayotning o'zi joy-joyiga qo'ydi”. Mazkur kitobda ana shu sinmagan haqiqat bayon etilgan.
Erkin Samandar yosh kadrlarga o'ta talabchanlik va alohida e'tibor bilan qarardilar. Yoshlarning “jurnalistika qozonida qaynashlari” uchun ko'p mehnat qildilar. Tahririyat qoshida ishchi-dehqon muxbirlari universitetining faoliyati yo'lga qo'yilib, bu maktabda o'z davrida yuzlab insonlar saboq olganlar. Ular kelgusida gazetaning jamoatchi muxbirlari bo'lib shakllandilar. Bundan tashqari, ulardan tahririyatning doimiy ishlaydigan xodimlari ham yetishib chiqdi. Jamoatchilik asosidagi mazkur universitetga taniqli jurnalist, muharrir o'rinbosari Arslon Otajonov rektor, men prorektor sifatida faoliyat ko'rsatganmiz. O'quvchilar bilan, asosan, gazeta janrlari xususida suhbatlar olib borilardi. Erkin aka tez-tez mashg'ulotlarga kirib, o'quvchilar bilan yaqindan uchrashib, ularning savollariga erinmasdan javob berardilar. Bu esa ijodiy muhitni yanada jonlantirgan, gazetaning xalqchilligini ta'minlagan, unga ishonch yanada oshgan.
Erkin akaning har bir ishga ijodiy, vijdonan, adolat bilan yondashuvlari jamoani yanada jipslashtirgan, og'zibirchiligini ta'minlagan. Bugun men ham rahbar bo'lib, ba'zan ziddiyatli, goho qaltis va mushkul vaziyatlarda qanday ish tutishim kerakligini o'ylaganimda, ustozni eslayman. O'sha og'ir-vazminlik, sokinlik, sabr-bardosh muhim ekanligini bot-bot takrorlayman. Sayyora yozadi: “Otam 80 yoshdan o'tgan paytlar edi. Bir gal suhbatimiz orasida: “Ota, Sizga yomonlik istaganlarning hammasining holi ne kechganligini ko'rishingiz uchun ham Xudo Sizga uzoq yosh bergan”, dedim. “Ha, qizim, ko'rdim, ko'ryapman… Hayotiy xulosam shuki, yomonlarga qaytarib tosh otishning sira keragi yo'q. Ularga u tosh boshqa yerdan keladi. Men shunga amal qildim”, dedilar”. Men ham ishchi vaziyatlarda, mehnat faoliyatimda shu qoidaga amal qildim va to'g'ri yo'lda ekanligimni tushundim.
Afsuski, bugun ayrim amaldorlar orasida ustozimizga xos bebaho sifatlar, fazilatlar judayam noyob bo'lib borayotganligini ilg'ash qiyin emas. Ba'zi idora va tashkilot rahbarlaridagi manmanlikni, takabburlikni, korrupsiyaga yo'l qo'yilishi holatlarini ko'rib, diling vayron bo'ladi. Hayotini halollik, to'g'rilik, haqiqatni sevish bilan bezagan ustozdek insonlar bugun oramizda yetishmayapti. Shuning uchun ham ushbu kitobni har bir ziyoli rahbar tegishli xulosalar bilan o'qib chiqishi nihoyatda foydali bo'lar edi. Mutolaadan so'ng Xorazmning asl farzandi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, “Do'stlik” ordeni sohibi Erkin Samandarning hayotiy faoliyati, shaxsiyati munosib ota bo'lish uchun katta hikmat, vijdonli va halol rahbar bo'lish uchun esa havas qilgudek to'g'ri yo'l ekanligini anglaydi har bir o'quvchi. Faqat o'qish kerak, uqish kerak bunday kitoblarni. Qisqasi, tog'ning mahobatini, odatda, uzoqlarda turib ko'rib bo'lganidek, Erkin Samandarning tadqiqotlarga, tahlillarga boy ijodi va umr daftari yillar o'tgan sari yuksalib, sayqallashib boraveradi. Zero, yaxshilardan yaxshilikni anglab, unga ergashmoq buyuk ibratdir. “Mening otam” hammamizga yaxshi ibrat bitigi bo'libdi.
Dilbar BEKChANOVA,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.