Sahro avangardi
yoki qum ustidagi luvr
(Nukusdagi Igor Saviskiy muzeyida bir kun)
Qardosh Qoraqalpog'istonning Bosh kenti — Nukus shahrining markaziga kirib borarkansiz, katta yo'l yoqasida joylashgan uch qavatli ko'rkam bino yonida yirik harflarda “Nukus muzeyi” deb yozilgan lavhaga ko'zingiz tushadi. Bu binodan har kuni yuzlab, hatto undan-da ko'p san'at muxlislari va sayyohlarning qadami uzilmaydi. Nafaqat O'zbekiston, Markaziy Osiyo, butun dunyoga dong'i ketgan muzeyda bir marta bo'lgan kishi, beixtiyor unga mahliyo bo'lib qolishi tabiiy.
Muzeylar ajdodlardan meros bo'lgan boyliklarni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, ma'naviy-ma'rifiy xazina. Yillar davomida boyib, to'lib boraveradigan bu xazina faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina bo'lib qolmay, uzoq tarix sahifalaridan so'zlovchi bebaho kitob hamdir.
Nukus shahridagi Igor Saviskiy nomidagi Qoraqalpog'iston san'at muzeyi… Bu ajoyib, o'ziga xos san'at koshonasi zallarida yillar davomida katta mehnatlar evaziga yig'ilgan qadimiy osori-atiqalar, ajoyib san'at namunalari haqida ko'p yozilgan, “O'zbekiston gavhari” nomli hujjatli film ham yaratilgan muzey haqida. Dunyoda ko'p ming sonli obunachilariga ega Buyuk Britaniyaning “The Telegraph” gazetasi bu muzeyni dunyodagi “kuchli o'ntaliklar” sirasiga kiritgan, hatto 2015 yilda 2-raqam ostidagi muzey sifatida tan olgan. “The New Times” va “International Herald Tribune” gazetalari esa o'quvchilariga hayotlarida bir marta bo'lsa-da, albatta, Nukusdagi I.Saviskiy muzeyiga borishlarini maslahat bergan va hatto bu muzeyga “Nukus muzeyi” — “Qumdagi Luvr”, deya ta'rif berishgan.
Eng ko'p kolleksiyalarga ega, katta mehnatlar evaziga barpo etilgan san'at muzeyining qisqacha tarixi shunday: muzey 1966 yilda moskvalik rassom Igor Vitalyevich Saviskiy (1915-1984)ning tashabbusi bilan tashkil etilgan. Hozirgi Markaziy Osiyo hududidagi ulkan muzeyda to'rt ming yillik tarixga ega bo'lgan 100.000 nomdagi osori-atiqalar saqlanadi.
Muzeyning paydo bo'lishi Qoraqalpog'iston, Xorazm viloyati va Turkmaniston hududlarida mashhur arxeologiya-etnografik ekspeditsiyasining qadimiy Xorazm sivilizatsiyasini o'rganish maqsadida olib borilgan qazishma ishlari bilan bog'liq. Ekspeditsiya rahbari, dunyoda nom qozongan mashhur arxeolog olim S.P.Tolstov bu qadimiy zamin, undagi ulkan qal'alar va madaniy yodgorliklarni “O'rta Osiy Misri” deb atagan edi. Ekspeditsiya tarkibida faoliyat yuritgan, o'zi ham mustaqil tarzda qazishma ishlarini olib borib, Qoraqalpog'istonning ovul, qishloqlarida yayov kezib, juda katta mehnatlari evaziga muzeyni xalq amaliy san'ati namunalari bilan to'ldirgan, keyinchalik esa, Nukus muzeyining direktori bo'lgan I.Saviskiy ham bor edi. Rassomning sa'y-harakatlari natijasida tashkil topgan Qoraqalpog'iston san'at muzeyiga Saviskiyning nomi berilgan. U 2002 yili “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.
Bu kolleksiyalar muzeyning asosi bo'lib qoldi. Muzeyda bo'lgan kishi antik va o'rta asrlar davrida barpo etilgan shaharlarda olib borilgan qazishmalarning hosilasi — qadimiy artefaktlar, ulkan zardushtiylik assuarlari (dafn qilinganlarning suyaklari saqlangan tobut), oromiy yozuvi namunalari, kuydirilgan tuproqdan tayyorlangan madaniy haykalcha, o'zida asrlar turli sivilizatsiyalarining din va e'tiqod izini aks ettirgan sopol va bronzadan tayyorlangan buyumlarni ko'rib, hayratga tushishadi.
Aytish kerak, Qoraqalpog'iston xalq amaliy san'ati — bu hozirgi O'zbekistonning shimoli-g'arbiy hududida istiqomat qiluvchi, o'tmishda Qora dengiz orti cho'llari, Povoljye va Kavkazda ko'chib yurgan xalq madaniyati va o'zligini saqlagan o'ziga xos madaniy genofondidir. Muzey eksponatlari orasidagi qoraqalpoq ayolining to'ylarda kiyadigan bosh kiyimi, kostyumlarining ba'zi turlari sizga beixtiyor qadimiy amazon harbiy jangchilarini yodga soladi.
Muzeyning shakllanish tarixiga amaliy san'at kolleksiyalari yorqin sahifa bo'lib kirdi va uning dunyoga mashhur bo'lishiga olib keldi. Bu yerda nafaqat muzeyning bevosita ta'siri ostida shakllangan milliy maktab, shuningdek, O'zbekiston rassomlarining XX asr boshlaridagi asarlari, “Turkiston avangardi” deya nomlanadigan milliy amaliy san'atning tug'ilish va davriy shakllanishi taqdim qilingan.
Bu deyarli to'liq holda Nukusda shakllangan va tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg'otadigan ajoyib rus orientalistlari guruhidir. Masalan, A.Volkov, Usto Mo'min, N.Karaxan, M.Kurzin va boshqa taniqli mo'yqalam ustalari millionlab muxlislar e'tirofiga sazovor bo'ldilar va jahon madaniyati tarixiga kirdilar.
Muzeydagi asosiy kolleksiyalar 1920-1930 yillardagi Moskva avangardi, shuningdek, 1960-1970 yillardagi moskvalik andegraundning non-komformistik guruhiga tegishli. Sotsialistik realizm hukm surgan, sobiq SSSR madaniy hayotida formalizm va xalq dushmani tamg'asi bosilgan bir davrda mohir rassomlar rasmiy tarzda tan olinmadilar, ularning nafaqat yo'li to'sildi, balki yuzlab iste'dodlar qashshoqlik azobi va qochqinlikda o'lib ketishdi. Bundagi bebaho kolleksiyalar haqida faqat orqavoratdan eshitib yurishgan, chet ellik tadqiqotchilar va mutaxassislar uchun yopiq bo'lgan, sovet hukumatining aksariyat ziyolilarini qa'riga tortgan qatag'on zamonlarida bu iqtidorlarni yuzaga chiqargan birdan-bir rasmiy badiiy muassasa — uzoq Nukus bo'la oldi.
Shuningdek, muzeyda katta hajmdagi ikonalar, qadimiy manbalar, xalq amaliyoti san'ati namunalari saqlanadi. Bunda kattagina muzey kutubxonasi bo'lib, taniqli olimlar T.Jdanko, A.Gudkova, rassomlardan G.Sabaneeva, T.Gaponenko va boshqa ko'plab mualliflarning kitoblari bor.
Bir necha zalda esa fransuz rassomi Fernana Lejining bevasi Nadi Lejega sovg'a qilingan kolleksiyalari namoyish etiladi. Bu yuqori darajada dunyo miqyosida tan olingan shoh asarlar kolleksiyasi Parijdagi Luvr mohir rassomlari tomonidan bajarilgan.
Muzey zallari bo'ylab sayohat qilamiz.
Muzeyga tashrif buyuruvchilar bu yerda san'at asarlarining ajoyib, betakror namunalari qo'yilgan zallarni birma-bir aylanib, tomosha qilishmoqda. Taniqli rassomlarning chiroyli jihozlangan, sarishtali zallardan joy olgan ajoyib ijod namunalari har bir tashrif buyuruvchida havas uyg'otadi. Ayniqsa, muzey eksponatlari qatoridagi qoraqalpoq xalqining milliy kiyimlari, qadimiy kashtalari, so'zana, erkak, ayollar bosh kiyimlari, ayollar taqinchoqlari va qadimiy osori-atiqalarining xilma-xilligini aytmaysizmi…
Mana, taniqli rassom J.Lepesov chizgan “Qo'shiq” rasmida muxlislarning qo'shiqni miriqib tinglayotganlari jonli tarzda aks etgan. Rassom M.Nedbayloning mato, moybo'yoqda aks etgan “Yozgi dam olish kuni” rasmi ham juda ajoyib chiqibdi, bolalar onalari bilan ko'm-ko'k o'tloq va daraxtlarning ostida o'ynab yurishibdi. Ona tabiatning go'zalligi, jozibasi, tarovati shundayligicha rasmga ko'chgandek. Rassomning mahorati shundaki, bu san'at namunasi oddiy va juda tabiiy chiqqan. Yoki J.To'legenovning yog'ochdan mohirona ishlangan “Bobo va nabira”, A.Seytimetovning ham yog'ochga o'yib ishlangan “Chanqoq” asarlari tomoshabin va san'at muxlislarining e'tiborida bo'lishi tabiiy. Bulardan tashqari, bizga mashhur rassom O'.Tansiqboyevning mato, moybo'yoqda ishlangan “Chirchiq”, “Burchmulla vodiysi”, “Kurash”, “Karvon”, “Yo'l”, “Hovli” asarlari tabiiyligi, jozibadorligi, tasvirning atrof-muhit va tabiat bilan hamohangligi bilan juda ma'qul bo'ldi.
Yana boshqa zallardan joy olgan grafik rassom, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, Qoraqalpog'iston xalq rassomi Igor Saviskiyning ijodi badiiy tasvir uslubining dadilligi, bo'yoq qatlamining dag'al yotqizilishi bilan ajralib turadi; oqish ranglar uyg'unligi (jigarrang, qovoq hamda sabzi rang va boshqalar)ni afzal ko'rgan rassom asarlarida janub tabiati, Qoraqalpog'iston manzaralari o'zining yorqin aksini topgan. Rassomning “Xivadagi gumbazlar”, “Qavat qal'a. Minoralar”, “Eski Xivadagi ko'cha” asarlari shular jumlasidandir.
Shuningdek, V.Ufimsevning “Orol dengizi”, “Ishga chiqish”, Nikolay Karaxanning “Registonda” rasmlari ham mo'yqalam ustalari tomonidan mahorat bilan chizilganligi, jarayonni o'ziga xos, betakror tarzda aks ettirganliklari bilan san'at muxlislarida juda yaxshi taassurot qoldirgani, qoniqish hosil qilganini mamnun yuz-ko'zlaridan sezib olish qiyin emas, albatta.
— Muzeyimizga har kuni dunyoning turli burchaklari, shuningdek, mamlakatimizning viloyat, shahar va qishloqlaridan yuzlab sayyohlar, turli yoshdagi ayol-erkaklar, talabalar va maktab o'quvchilari tashrif buyurishadi, — dedi biz bilan suhbatda muzey direktori Gulbahor Izentayeva. — Ularning chehralarida mamnunlik, yuqori kayfiyat zohirligini ko'rasiz. Demak, bular muzey haqidagi ajoyib, xush taassurotlar belgisidan darakdir. Maktab o'quvchilari esa kundalik mehmonimiz, ularning muzeydan joy olgan turli davrlarda ijod qilgan mahoratli rassomlarning ajoyib ijod namunalarini ko'rib, olam-olam taassurotlar olib chiqayotganlari bizni ham quvontiradi, albatta. Davlat rahbarlari, atoqli olim, fan namoyandalari, taniqli shoir va yozuvchilar, madaniyat vakillari mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan ziyoli, turli kasb egalari, hatto oddiy fuqarolarning muzey haqidagi iliq fikrlari dilnoma daftarimizda qayd etilgan”.
Muzeyga kirishdagi stol ustida qo'yilgan salmoqli daftarda muzey zallarida bo'lib, san'at namunalari bilan obdan tanishgan muxlislarning turli tillarda bitilgan dil so'zlari o'z ifodasini topgan. Muzey, undagi noyob eksponatlar, mohir mo'yqalam ustalari tomonidan chizilgan betakror rasmlar haqidagi taassurotlar, ajoyib xotiralarni o'qib, ko'nglingiz tog'dek ko'tariladi. Beixtiyor mustaqil davlatimizning beqiyos, yuksak san'at maskanlari, haqiqiy rassomlik ijodining ajoyib namunalari jam bo'lgan ana shunday ajoyib muzeylari borligidan faxr va g'urur tuyasiz.
Yusuf HAMDAMOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.
Toshkent – Nukus – Toshkent.
