Gulzeboning dil maktublari

Gulzeboning “Dil maktublari” kitobchasini qo'limga olganimda, kichkinagina kitobcha bo'libdi-da, degan xayolga bordim. Lekin shu kichkina kitobdan o'rin olgan she'rlarni o'qib turib, katta bir sirli olamga kirib qolganday bo'ldim.

Mana, undagi “Shukrona” degan she'r:

Endi o'ylamayman, men uchun Rabbim

Hamma-hammasini o'ylab qo'yibdi.

Xayrdan-xayrli lahzalarini

Umrim soatiga joylab qo'yibdi.

Alhamdulillah…

 

Undan o'zgasiga yig'lamam endi,

Ko'zi yoshlaganni kim ham suyibdi?

Undan o'zgasini eslamam, aslo,

Men uchun hammasin eslab qo'yibdi.

Alhamdulillah…

Ana, kichkinagina she'rdagi satrlarga yashiringan katta gap, fikr. Bu yerda shoira barchasini bilguvchi va ko'rguvchi Zot haqida yozyapti. “Biz bandalar nimalarni o'ylamaymiz? Yaratganning o'zi bor. Hammasini ko'rib turibdi, hukm Undan!” demoqda Gulzeboxon. She'riyatni tushunadiganlarni, his qiladiganlarni o'ylantiradigan satrlar…

Yana bir she'r do'stlik haqida. Qo'liga qalam olgan shoir borki, do'st, do'stlik haqida yozgan, yozadi. Lekin bir-biridan farq qilmasa, o'xshash bo'lsa, unday she'rning kimga qizig'i bor? Takror bo'libdi, deb xulosa chiqaradi she'rxon.

Xastalanganimda yonimda bo'lgan,

Sog'aysam, quvonchli onimda bo'lgan,

So'zining ta'siri jonimda bo'lgan

Do'stim bor…

Ko'ryapsizmi, bunda haqiqiy shoiraning o'z so'zi bor. Haqiqiy do'st haqidagi haqiqat yarq etib ko'rinib turibdi.

Ona oldidagi farzandlik burchi… Bu burch qarzini uzmoq uchun ming urinmaylik, kuchimiz yetmaydi. Bu yerdayam shoiraning o'z aytar so'zi bor. “Ona sog'inchi” she'ri ana shu haqda. Shoira qarzni uzmoq uchun faqat Yaratganga murojaat qiladi. ­“Dunyo­ning tog'larini tilla etib ber”, deb iltijo qilyapti. “Sog'inch cheksiz, yulduzlar sonicha sog'inchim bor”, deb aytyapti. “Mehrdan bir dunyo bunyod etib ber, unda onam bilan kezayin, Rabbim!” degan satrlarini beparvo o'qib bo'ladimi? Ona sog'inchining o'ziga xos tasviri bor bu yerda. Faqat “bolam” deb yashaydigan, topganini bolasiga ilinadigan onalar haqida yozadi u.

Dardingni tabibdan o'zga bilmasin,

Ko'zlaringga aytgin, ko'z yosh qilmasin.

Haqning nazarida azizlik topgil,

Mayli, bandalari ko'zga ilmasin!

Bu yerda ojizlikka qarshi shoiraning aytar so'zi dadillik bilan jaranglab turibdi. Hatto ko'zga murojaat bor. Yashirin bir isyonni ham ko'rish mumkin. “Tabib bilsa bilsin-u, lekin dardingni o'zga bilmasin”, deya aytishning o'zi ijodkordan katta yurak, qalb izhori ekanini bilmoq, his qilmoq kerak. Shu yerda “Bandalari ko'zga ilmasayam mayli, Haqning nazaridan azizlik topgil”, degan xitob bor!

Xulosa o'rnida aytar so'zim: taniqli shoir Mirzo Kenjabek Gulzeboning kitobchasiga so'zboshidagi “shunday yozsangki, qog'oz qog'ozligidan pushaymon bo'lmasa, siyoh siyohligidan or qilmasa, o'rmonlar kitobga aylanganidan rozi bo'lsa…” degan so'zlarini tan olmoq kerak. Samimiy she'riyat haqidagi samimiy istaklar.

Gulzeboning she'rlari bilan tanishib chiqqandan so'ng, qog'oz qog'oz bo'lganiga xursand ekanini ko'rdim. Siyoh siyohligidan ko'ngli ko'tarilib, “endi aslo o'chmayman”, deyayotganday, daraxtlar-chi, “shunday satrlarni bitgan shoiradan mingdan-ming rozimiz”, deyayotgandek…

O'ta kamtar, kamsuqum, haq gapni aytganda, ko'plar endigina tushunayotgan, aslida, katta shoira singlimizning kichkinagina kitobchasi qo'limizga tegdi. Endi undan katta kitoblarni ham kutishga o'quvchi haqli.

Kitob “Dil maktublari” deb nomlangani ham bekorga emas. Maktublar, ayniqsa, “Dil maktublari” albatta o'qiydigan maktublar ekanligiga har bir o'qirman ishonch hosil qiladi.

Anvar ABDUVALIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − five =