Qayroqtosh

Odatda, ertaklar “… murod-maqsadiga yetibdi”, degan jumla bilan tugaydi. Bunday ijobiy mazmundagi xulosalar bilan tugaydigan badiiy asarlar ham ko'p. Ularning ham adabiyotda o'z o'rni, salmog'i, ahamiyati bor, albatta. O'quvchini zavqlantiradi, ilhomlantiradi, boringki, yaxshilikka yetaklaydi. Bu mazmundagi asarlarga hurmatimizni saqlagan holda javobsiz savollarga boy, yozuvchi o'rtaga tashlagan jumboq bilan bir muddat yashashga majbur qiladigan asarlarning qiymati balandroq ko'rinadi.

Yaqinda mana shunday zo'r bir hikoya o'qidim. U “Bir kishilik aviahalokat” deb nomlanadi.

Hikoya ardoqli yozuvchi Xayriddin Sulton qalamiga mansub. Adibning yaqindagina chop etilgan “Osmoni falaklarda” kitobidan o'rin olgan uch hikoyaning so'nggisi. Bu hikoya ham avvalgi ikki asar kabi uchuvchilar — “samo lochinlari” hayotidan olingan. Fojiali yakun topgan, o'tkir syujetli bu asarni zamonaviy va iztirobli muhabbat qissasi, deb baholaganlar yuz karra haq. Bunga qo'shimcha qilib aynan shu asarni qayroqtosh hikoya, deb atagan bo'lardim.

Nima uchun? Bu savolga javob berishdan avval hikoya mazmunini qisqacha bayon qilaylik.

Toshkentdan uncha olis bo'lmagan Iskandar qishlog'ilik Iskandar Isroilov va ingliz tili repetitori Sadaf Murodovna hikoyaning bosh qahramonlari. Hikoyada ular o'rtasidagi muhabbat mojarosi qalamga olingan. Voqealar ekipaj komandiri Iskandar Isroilov “Toshkent-Astana” yo'nalishi bo'ylab amalga oshirgan parvozi davomida birma-bir eslanadi. Hikoya kompozitsiyasi nisbatan sodda. Ammo, mohiyat bir qadar murakkab.

Iskandar Sadafni o'n ikki yil avval – aviatsiya litseyining uchinchi bosqichiga o'tib, ingliz tilidan repetitor izlab yurganida Internetdagi e'lon orqali topadi. Qalin, quyuq sochlari kalta qilib kesilgan, timqora, fatton ko'zlari kishiga kulib boqsa-da, tili zahargina bu qamarsiymo asli vodiylik, jahon tillari dorilfununini bitirgan, qariqizlikka ishonchli nomzod yoshida edi, deb yozadi muallif.

Iskandar o'zidan yetti yosh katta bo'lgan ana shu o'qituvchisi Sadafni sevib qoladi. Shu tariqa Riga va Toshkent o'rtasida uch yarim yil davom etgan pinhoniy va ertasi mavhum “internet-roman” boshlanadi.

Iskandar turli sabablarga ko'ra, mahbubasiga dil rozini izhor qilolmaydi. Sadaf ham taqdirga tan berib, o'zidan o'n yetti yosh katta, xotini o'lgan, Rossiyada yurgan mehnat muhojiriga turmushga chiqadi. Yigit hamqishlog'i, bir tomondan qarindoshi Yaxshigulga uylanadi. Bir qarashda hammasi risolada bitilganidek. Goho Sadaf esiga tushib, yuragi orziqib ketishini hisobga olmasa, dunyoda Iskandardan baxtli odam yo'qdek edi.

Ammo bir safar O'shdan Toshkentga uchayotgan yo'lovchilar orasida uning sobiq muallimasi ham bor edi. Elektron sigaret chekishini aytmasa, Sadaf deyarli o'zgarmagan edi. Shu tariqa, baxtga qarshi, ular yana uchrashib qoladilar…

Hikoya shunday davom etadi:

Har qalay, Iskandarning qalbida zig'irdek bo'lsa-da, insof saqlanib qolgan ekan, Sadaf, yaxshimi-yomonmi, bir bechora musofirning xasmi ekanini o'ylab, vijdoni qiynalardi. Ammo Sadaf bir og'iz gap bilan uning ko'zini moshdek ochib qo'ydi.

— Rahming kelyaptimi? – deb so'radi mahbubining qo'ng'iroq sochlarini silab yotarkan.

— Ha, – deb chin dildan iqror bo'ldi Iskandar.

— Agar u sening o'rningda bo'lganida, senga rahm qilarmidi?

— Bilmadim.

— Xotin kerak bo'lsa, uch yilda loaqal bir marta kelmasmidi? Nima, o'ylaysanki… Ko'nglingni to'q qilaver, hoynahoy, bironta Mashanimi, Dashanimi topib olgandir.

Sadaf chindan ham Iskandarni yaxshi ko'radi. Yo'qsa, aeroportning tibbiy ko'rigiga ishonmasdan, uning qon bosimiyu haroratini har gal o'zi qayta-qayta o'lcharmidi? Kitelining ko'krak cho'ntagini turli dori-darmonlar bilan to'ldirishni kanda qilmasdi. Bunga javoban Iskandar:

“Qo'rqma, bizni osmon emas, yer o'ldiradi”, – deb faylasuflik qilardi.

— Men ortiq bunday yasholmayman, – deydi bir safar Iskandar. — Bu o'g'rincha hayot jonimga tegdi.

Iskandar Sadafni eridan ajratib, o'zi ham xotinidan ajrashib, unga uylanishni reja qiladi. Ayol ko'nmaydi.

— Kel, nasiya qayg'uni o'ylamaylik. Faqat shu kun, faqat shu lahza haqiqat, qolgan hammasi yolg'on, – deydi Sadaf uchrashuvlarning birida.

Iskandar ma'shuqasiga “Astanaga borib kelay, hammasini uzil-kesil hal qilamiz”, deydi.

Biroq Astanaga borib, omon qaytish unga nasib etmaydi. Safarga bir kun qolganida jondan sevgan mahbubasini tasodifan xiyonat ustida qo'lga tushirib, Iskandar butunlay karaxt bo'lib qoladi…

Bu – Iskandar o'n ikki yildan beri biladigan, otashin bir muhabbat bilan sevib-suygan, ko'yida uni telba qilib qo'ygan, qalbining hukmdori, hayotining ma'nosiga aylangan Sadaf emas, yo'q, batamom boshqa – notanish, yetti yot begona bir ayol edi, deb yozadi muallif. Va yana davom etadi:

— Mana, Sadafning ahvolini ko'rding! – deb shivirladi u. — Xo'sh, ko'ngling joyiga tushdimi?

Dars tugadi. Bu oxirgi dars edi.

Yigirma to'qqizga qadam qo'yayotgan azamat kema sardori, tog'ni ursa tolqon qiladigan zabardast bu yigitning shu tobdagi dardu tug'yonini, ahvoli ruhiyasini dunyoda yolg'iz bir odam tushunar, majruh ko'ngliga malham bo'la olar edi. Ming afsuski, bu inson endi yo'q – o'tgan kecha tiriklayin yo'q bo'lgan edi. Har qancha sog'lom, jismonan baquvvat bo'lmasin, yigitning yuragi bu mash'um xiyonatni ko'tara olmaydi. Iskandarni muhabbat o'ldirdi.

“Samolyot g'ildiraklari qarsillab beton yo'lkaga” tekkan mahalda oliy toifali uchuvchining pult ustida joni uziladi.

“Uzbekistan airways” kompaniyasining Toshkent – Astana yo'nalishi bo'yicha 1386-reys bilan parvoz qilayotgan “Airbus-320” samolyoti aviahalokatga uchragani, halokat natijasida bir kishi qurbon bo'lganini bir yuzu yetmish sakkizta yo'lovchidan birontasi sezmadi..

Hikoya shunday tugaydi.

“Osmoni falaklarda” kitobi taqdimotida so'z olgan filologiya fanlari doktori Sultonmurod OLIM mazkur hikoya haqida fikr bildirib, juda o'rinli xulosa qiladi:

“Go'zal Sadafning baxtiqaro taqdiri kishini o'yga toldiradi. Uni uch yil so'ramagan, hatto o'z o'g'lini ko'rishga bir marotaba ham kelmagan eriga xiyonatini beixtiyor tushungandek bo'lasiz. Lekin uni yeru ko'kka ishonmay sevgan, xotini, farzandi, obro'-nufuzi qolib, butun borlig'ini unga bag'ishlagan Iskandarga xiyonati nimasi?

O'sha sharmandali vaziyatda ayol Iskandarga qarab: “Boshqa ilojim yo'q edi, tushunyapsanmi, yo'q edi!” – deb bo'zlaydi. Asarda buning sababi ochilmagan. Bu yog'i kitobxonning o'ziga qo'yib berilgan. Ammo o'quvchi Sadafning bu gapidan o'zicha nimalarnidir o'ylaydi, taxmin qiladi, xulosa chiqaradi. Uni tushungandek bo'ladi ham. Sadafning bu xatti-harakatini Iskandarni o'zidan bezdirib, butunlay uzoqlatishga, shu tariqa uning oilasini parokanda, kichkina Sadafni esa tirik yetim bo'lib qolishdan asrashga qaratilgan ojizona – ayolona bir urinish deb tushunish mumkin…”

Hikoyani o'qib, yana boshqacharoq yakun chiqarishga asoslar ham yo'q emas. Unashtirilgan yigitining qamalib ketishi, elektron sigaret chekishi, SMS yozishmalardagi chalasavodlik, Dasha va Mashalar va nihoyat “Faqat shu kun, faqat shu lahza haqiqat, qolgan hammasi yolg'on”, tarzidagi falsafasi Sadafni hayotdan, muhabbatdan o'ch olishga undamadimikin?

Shu o'rinda mashhur rus shoiri Mixail Lermontovning quyidagi satrlari esga tushadi:

Beorlarcha aldayman men ham,

Endi sira sevmaslik uchun.

Menga vafo qilmagach, sanam,

Xotinlarga hurmatim nechun?

Zero, Sadafda xorij kayfiyati va dunyoqarashi ustunligini anglab olish qiyin emas.

“Bir kishilik aviahalokat” – bu siru sinoatga to'la, go'zal va nafis hikoya. Nima bo'lganida ham, o'quvchi Sadafni qoralamaydi. U yorqin obraz sifatida kitobxon ko'z o'ngida gavdalanaveradi, o'quvchining mehrini qozonaveradi. Yo'qsa, kechagina go'shangaga kirgan yosh bir jurnalist yigit “Bir kishilik aviahalokat” hikoyasidan sira uzilib ketolmayapman, deb yozarmidi o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Asardagi voqealarning bu qadar chigallashuvi, ehtimol, mavjud muhit ta'siridandir. Hikoya tez va ravon o'qiladi. Lekin u bilan tez va ravon xayrlashib bo'lmaydi. Ketma-ket savollar paydo bo'laveradi. Bu savollarga har kim o'z tafakkur tarzidan, dunyoqarashidan kelib chiqib javob izlaydi. Ming o'quvchi — ming xil savol, yana shuncha yechim…

Haqiqatan ham, hikoya insonni o'ylashga, tafakkur qilishga undaydi. Qayroqtosh misoli idrokni charxlayveradi. Yozuvchining mahorati va jasorati aynan mana shunda.

Ushbu mulohazalarga so'nggi nuqtani qo'yish oldidan beixtiyor buyuk Abdulla Qahhorning quyidagi so'zlari yodga tushdi: “Janob Tolstoyning asarlari bamisoli qaziga o'xshaydi, chaynagan sari mazasi chiqaveradi…”

Rahmatilla ShERALIYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 2 =